O’zbekiston Xalq Harakati

17-mart — SSSRni saqlab qolish referendumida O'zbekiston haybarakallasi

17-mart — SSSRni saqlab qolish referendumida O'zbekiston haybarakallasi
19 Mart 2017 - 9:13 'da yuklandi va 2557 marta o'qildi.

25 yil burun Kreml tarafdori Karimov so'nggi bor SSSRni saqlab qolishga uringan edi

1991 yilning 17 martida Islom Karimov boshchiligidagi O'zkompartiya SSSRni saqlash uchun 93.7 foiz ovoz tashkil qilib bergan edi.

Referendumga oid hujjatlarda (Gruziya, Estoniya, Latviya, Litva, Moldaviya va Armanistondan tashqari) butun Ittifoq bo'ylab jami 80 foiz, O'zbekistondan esa 95,4 foiz saylovchi ishtirok etgani iddao etiladi.

«Xalq so'zi», 1991 yil 16 mart soni

«Xalq so'zi», 1991 yil 16 mart soni

Karimov mafkurasi to'qigan ikki afsona

Qo'limizda 1991 yil 16 va 17 martda chop qilingan “Xalq so'zi” gazetasi. Oradan 25 yil o'tib gazetaning sarg'aygan sahifalarini varaqlar ekanmiz, so'nggi yillarda Karimov mafkurasi to'qigan ikki afsonaning yo'qqa chiqqanligini ko'ramiz.

Bulardan biri o'zbek nomenklaturasi va uning boshida turgan Karimovning “mustaqillik uchun kurashgani” haqidagi afsona bo'lsa, yana biri mustaqillikdan oldin “Navro'z taqiqlangani” haqidagi iddao.

Bundan 25 yil oldin chop qilingan “Xalq so'zi” gazetasida ikki mavzu tilga olinadi. Bulardan biri “Buyuk SSSRni saqlab qolish” va ikkinchisi “O'zbekistondagi Navro'z shukuhi” Xalq so'zi gazetasining 16 mart shanba kuni chop qilingan 54 sonining birinchi varag'ida “Buyuk Ittifoq davlatimizni saqlab qolaylik” degan bosh maqolaga ko'zimiz tushadi.

Gazeta manjetida esa “Ertaga fuqarolik burchimizni bajaramiz. Lotinchada referendum o'zbekchada dil izhori” degan shior o'rin olgan. Sahifaning o'ng tarafida “O'zbekiston SSR bilan Kirg'iziston SSR o'rtasida do'stlik” haqidagi shartnoma matni berilgan. Sahifaning qolgan yarmi esa. “Navro'z nafasi” va “Andijonning viloyat bo'lganiga 50 yil to'lgani” haqidagi maqoladan iborat.

«Xalq so'zi», 1991 yil 17 mart soni

«Xalq so'zi», 1991 yil 17 mart soni

“Bir tanu, bir jon bo'lib…”

Gazetaning 16 mart kungi soni “O'zbeklarni SSSRni saqlab qolish referendumida “ha” deb ovoz berishga” targ'ib qiladi.

17 mart kungi soni esa bu “targ'ibot mevasi” sifatida ko'rinadi. Obunachiga 3 sovet tiyini (uch quti gugurt narxi), do'kondan sotib olish uchun esa 18 sovet tiyini deya narxlangan “Xalq so'zi”ning 17 mart soni “Taqdir chegarasi” va “SSSR prezidenti ovoz beradi” degan maqolalar turkumi bilan ochiladi.

Ovoz beraëtgan hushnud o'zbeklar suratlari ilova qilingan bu maqolalarda o'zbeklarning SSSRni saqlash uchun “bir tanu bir jon bo'lib ovoz bergani” “mamnuniyat bilan” qayd qilinadi.

“Xalq so'zi” muxbiri O'zkompartiya mulozimi Dilmurod Maxmudovdan iqtibos keltirib, referendum arafasida Respublika rahbariyati SSSRni saqlab qolish uchun ulkan targ'ibot ishlari olib borganligini ta'kidlaydi.

Maqolalarda oddiy xalq vakillarining “SSSRni qanday sevishlari” haqidagi “insoniy hikoyalarga ham keng o'rin beriladi. “Bo'linganni bo'ri er, ayrilgani ayiq er” kabi shaklan milliy, mazmunan sotsialistik maqolu matallarga o'rin beriladi.

Maqolalardan birida to'shakka mixlanib kasal ëtgan o'zbek kampirning SSSRni saqlash uchun ovozini qay tarzda bergani hissiy hikoya qilinadi.

Gazetaning oxirgi sahifasida O'zbekiston SSR okruglaridagi referendum natijalari e'lon qilingan, bu ma'lumotlarga ko'ra o'zbek saylovchilarning 93.7 foizi “SSSRni saqlab qolish uchun ovoz bergan.

«Erk» DP lideri Muhammad Solih 1991 yil

«Erk» DP lideri Muhammad Solih 1991 yil

«Erk» partiyasi SSSRga qarshi ovoz berishga chaqirgan  

1991 yil bahorida bo'lgan referendumni boykot qilish borasida O'zbekiston «Erk» demokratik partiyasi qator tadbir o'tkazgan edi.

Eltuz.com tasarrufidagi ma'lumotlarga ko'ra, 1991 yil O'zbekiston parlamentida ozchilikni tashkil qilgan “Erk” demokratik partiyasi referendumda SSSRga qarshi ovoz berishga chaqirgan.

“Erk” demokratik partiyasi SSSRga qarshi varaqa chop qilib axoli o'rtasida tarqatgan.

1991 yilning 15 martda Urganch avtovokzalida SSSR referendumiga qarshi Erk varaqasini tarqataëtgan maxsus matematika maktabi o'qituvchisi Gulnora Qo'shboeva militsiya va KGB zobitlari tarafidan qo'lga olinib varaqalar musodara qilingani haqidagi protokol Eltuz.com da mavjud.

Bu protokolga ko'ra Gulnora Qo'shboevani SSSRga qarshi targ'ibot yuritdi, deb qamab qo'yilgan.

Marhum mufti Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf boshchiligidagi O'rta osië musulmonlar idorasi SSSRni saqlab qolish tarafdori bo'lgan

Marhum mufti Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf boshchiligidagi O'rta osië musulmonlar idorasi SSSRni saqlab qolish tarafdori bo'lgan

«Birlik» harakati va diniy idora SSSR tarafdori

O'zbekiston «Birlik» xalq harakatining referendum masalasidagi nuqtai nazari “Oldin demokratiya, keyin mustaqillik “ degan tezisda ifoda topgan edi.

Marxum mufti Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf boshchiligidagi O'rta osië musulmonlar idorasi (SADUM) SSSRni saqlab qolish tashabbuschisi ya'ni Kreml tarafida bo'lgan.

Bu referendumdan bir yil oldin O'zbekiston parlamenti deputatlari davlat mustaqilligi deklaratsiyasini qabul qilgan edi.

Shunga qaramasdan o'sha paytda O'zbekiston Kompartiyasi birinchi kotibi Islom Karimov bu referendumni o'tkazishning faol tashabbuskori bo'ldi.

1991 yilning 17 martida O'zbekiston SSRning refderendumda qatnashgan fuqarolaridan 93,7 foizi «SSSR qolsin», deb ovoz berdi.

Olti davlat bosh tortgan referendumda O'zbekiston hukumati «peshqadam» bo'ldi

Referendum byulleteni

Referendum byulleteni

Eslatib o'tamiz Gorbachev hurriyati mevasi o'laroq “mustaqillik paradlari” ortidan o'tkazilgan SSSRni saqlab qolish referendumida Boltiqbo'yi respublikalari qatnashishdan bosh tortgan edi.

SSSR Markaziy saylov komissiyasi e'lon qilgan referendum natijalariga ko'ra, saylovda qatnashganlarning 76,4% foizi Sovet Ittifoqi saqlanib qolinishi uchun ovoz berdi, oltita ittifoqdosh respublika (Litva, Estoniya, Latviya, Gruziya, Moldaviya, Armaniston) bu referendumda qatnashmadi.

Bu respublikalar o'z parlamentlari tarafidan mustaqillik baënnomasi e'lon qilganini sabab qilib bu referendumni boykot qilishdi.

Referendumda eng ko'p ovoz berishda o'zbekistonliklar faqat Turkmanistondan orqada qolishdi, xolos.

O'shanda Turkmaniston SSR fuqarolari 97,9 foiz ovoz berib, SSSR tarafdorligi bo'yicha rekord qo'yishdi.

Ammo oradan to'rt oy o'tib Sovet Ittifoqi quladi. O'zbekiston parlamenti 1991 yil 31 avgustda mamlakat mustaqilligini e'lon qildi. Rahbariyat SSSRdan ajralish masalasini yana referendum vositasida aniqlashga ehtiëj sezdi.

1991 yil dekabrida o'tkazilgan prezident sayloviga ilova sifatida referendum ham o'tkazildi. «Siz O'zbekistonning SSSRdan ajralib mustaqil bo'lishini istaysizmi?» degan savol qo'yildi.

Oradan bor-yo'g'i 9 oy o'tib endi o'zbekistonliklarning 97 foizi SSSRga qarshi ovoz berishdi.

Xorazmda Qo'shboevani «SSSRga qarshi» deb qamagan militsiya mulozimi o'sha kuni SSSR tarafdorlari bosh ko'tarmasin, deb tuni bilan postda turgan edi.

Botir Rajabov

Manba: Eltuz.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar