O’zbekiston Xalq Harakati

Mahkumning o'z basharasidan ayrilig'i

Mahkumning o'z basharasidan ayrilig'i
20 Mart 2017 - 5:00 'da yuklandi va 1213 marta o'qildi.

(Suratda: Muhammad Solih Pragadagi Pankras turmasida, 7 dekabr, 2011)

Hibsga olinganlarga mahkamaga chiqqunlariga qadar ko'zgu bermaydilar. Menga ham berishmadi, va men o'z basharamdan ayrildim.

Har saboh soqolimni taroshlarkan, yuzimni qo'llarim bilan ko'raman, ammo qo'llarim ko'z kabi keskin ko'ra olmaydi. Shu bois, advokat bilan va yoki boshqa ziyoratchilar bilan ko'rishishga borarkanman, elkalarimda nazoratdan o'tmagan bir kallani ko'tarib kelayotganimni his etaman.

Hujra (kamera)dagi havo haddan tashqari quruq bo'lganidan (batariyaning ta'siri, balki) yuz terisi quroqlashib, xuddi boshga bir niqob, bir maska kiydirilgan kabi his etasan o'zingni va bu holat o'sha yuz bilan ayriliq tuyg'usini yana ham kuchaytiradi.

Tabiiy, bunday bir yuz (yoki chehra) kundalik turmushda zaruriy bo'lgan manevrlarga hech tayyor emas. Masalan, men panjara orqasidan ziyoratchimga kulimsirasam, mening yuzim ham kulimsiraydimi-yo'qmi, men buni bilolmayman. Yoki bu yuz meni ziyoratchiga olib kelgan soqchi kabi chetdan kuzatatib turadimi faqat? Va yoki masalan, men gapirarkan, bu yuz nima qiladi: mening aytganlarimni imo-ishora (mimika)lar bilan tasdiq etadimi yoki aksincha, inkor etadimi? Yoki bu yuz mendan ayrilganidan mamnun, nazoratimdan qutulganidan xursandmi?

Har holda, u endi ziyoratchimning tabassumiga javoban, sanoqsiz yuzlarga hibs etilgan-u millionlarcha kulimsirashlarga monand bir mahsulotni namoyish qilish uchun o'z paylarini charchatmayajak.

Tabassum haqida gapirayapman, chunki tabassum – ayniqsa, dunyomizning «madaniy» qismida – inson chehrasining eng ko'p ehtiyoj tuyadigan harakatdir. Insonlar tinmay kulimsirashga mahkumdirlar, ularning chehralari bu og'ir mehnatdan allaqachon charchab bo'lganlar.

Ehtimol, shu sababdan, o'liklar ichida tabassum qilganlari kamdan-kam uchraydi. Balki yuziga tabassum yoyilgan bir-ikki o'lik ko'rgan bo'lishingiz mumkin, ammo keyinroq ularning bir dindor bo'lganligidan ogoh bo'lasiz, ular bu hayotda ko'p yig'lab, oz tabassum qilganlari uchun va yoki Ollohning vasliga erishganidan quvonib, tabassum etganligiga shohid bo'lasiz. Ya'ni hatto o'liklarning tabassumi ham biz uchun emas. Kulimsirashga shunday nazar bilan qaraganim tufayli, balki bu ishni hayotimda hech to'g'ri qila olmaganimdan kelib chiqqan bo'lishi ham mumkin. Bu xususda doim oqsaganman. Masalan, yoshligimda shunday bir she'r yozgandim:

Chormix-la parchinlangan tabassum – Ikki burchagiga mix qoqib, basharaga parchinlangan tabassum. Men sizga yaxshi ko'rinmak uchun bundan battar og'riqqa ham chidashga hozirman. Haqiqatdan ham, xalq ichida bu qul mehnati, bu kulimsirash u loyiq bo'lmagan bir hurmat bilan tashviq etiladi. Deylik, bir siyosatchi ta'sirli shaklda kulimsirashni amallay olmasa, u «xalq ichidan chiqqan siyosatchi, o'zimizga o'xshagan kamtarin yigit» kabi reklamaga noil bo'la olmaydi.

Kulimsirash fetishizmi hayotimizga shu qadar o'rnashib olganki, hatto diktatorlar ham oyna oldida turib, yuzlarining paylarini o'ynatib, tabassum san'atini mukammal egallash uchun ishga kirishdilar. Bu mehnatdan yagona maqsad: Xalqqa yaqin bo'lish!

Va televizor ekranlaridan o'zining egallagan san'atini namoyish qilayotgan Xalqboshi Diktatorning yuzidan yoyilgan «tabassum» to'lqinlari o'sha Xalqning vujudini jimirlatib yuborganda, u bechora Xalq: «Inson zotining kulimsirashi bu qadar xunuk bo'lishi mumkin ekan-da!» deb yuboradi!

Shunga qaramay, men inson yuzining eng go'zal harakati bo'lgan tabassumni tomosha qilishni sevaman. Agar u bolalar yoki o'z chehrasini nazorat ostida ushlashni o'ylamagan dehqonning yoki uxlayotgan bir bokira qizning yo bo'lmasa, bir avliyoning tabassumi bo'lsa.

Bu xil kulimsirashlar go'yo «san'at san'at uchun» nazariyasi asosida yaratilgan bir intellektual asar misoli va yoki «raqs ichida raqs» misoli teran mazmunli harakatlardir. Ular, balki yana ham ko'proq, bir duoga o'xshaydi. Bu kulimsirashlar o'z ichlariga, ayni paytda tashqariga, koinotga, galaktikaga uzangan bir energiyadir. Bunday holatda, kulimsirash inson yuzini og'ritmaydi, aksincha, insonning yuzi o'z atrofida chizgan tabassumdan lazzat oladi.

Atrofini chizgan, dedim, chunki kulimsirashni inson yuzi yaratmaydi (u tashqaridan beriladi), inson yuzi tabassumga bir gardish, bir chorcho'p yasaydi, xolos.

Men Pankrats qamoqxonasida ikkinchi kunimni boshlarkan, «balki, bu erda na kulimsirashga va na boshqa bir imo-ishoratga hojat bo'lmagani uchun ham men o'z yuzimdan ayri tushdim», degan bir fikr keldi boshimga. Bu ko'p mantiqli bir fikr edi, aslida. Bu erda haqiqatdan ham inson chehrasining ozodlikda ehtiyoj tuyabilajagi hech bir mimikaga ehtiyoji qolmaydi.

Bu erda hech kim bir-birining ko'zlariga boqmaydi, bu erda senga murojaat qilsalar, go'yo sen shaffof bir borliq kabi, go'yo sen yo'q kabi, bir bo'shliqqa kabi murojaat qiladilar. Bo'shliqqa otilgan har kalima buyuk guldurosga aylanadi, har kalima dahshatli shaklda teran tushuniladi, ya'ni so'zlarni, tashqarida ko'nikilgani kabi, yuz mimikasi bilan to'ldirishga hech ehtiyoj qolmaydi.

Shu sababdan, bu erga kirgan har bir insonning o'z yuzini shaxsiy ashyolari bilan birga qamoqxona ma'murlariga topshirdim, deb o'ylashi zarur. Va bu fikrga o'zini ko'niktirishi kerak. Aks holda, inson bir necha kun qiynalishi turgan gap, bo'lar-bo'lmas xayollarga, eng yomoni, ozodlik haqdagi orzularga berilishi mumkin. Bu yaxshi emas. Shuni bilingki, istaysizmi-istamaysizmi, bu sovuq hujrada uyg'onajagingiz ilk tongdayoq sizning yuzingiz sizdan ayrilajakdir.

(5.12.01, Pankras Qamoqxonasi, 524 – kamera, Praga)

(86)
Muhammad Solihning 2013 yilda Istanbulda chop etilgan “Turkiston shuuri” kitobidan. (251-253-sahifalar.)

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar