O’zbekiston Xalq Harakati

Prezident devonining xatlar bo'limi O'zMTRKda joylashganmi?

Prezident devonining xatlar bo'limi O'zMTRKda joylashganmi?
20 Mart 2017 - 9:00 'da yuklandi va 1490 marta o'qildi.

Narzullo Oxunjonov 

MAMLAKATNI KIM BOShQARAYaPTI?
(qirq oltinchi maqola) 

PREZIDENT DEVONINING XATLAR BO'LIMI O'zMTRKda JOYLAShGANMI?

Tashqaridagi biron bir kishiga gapirsang inonmaydi. Ishonishi mushkul. Ammo bugungi kunda O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasida sodir etilayotgan bunaqangi g'alati ishlar u erdagi xodimlarni unchalik ham hayratlantirmay qo'ygan. Bir-ikkitagina misolga murojaat qilamiz. Mana masalan, Malohat Eshonqulova va Saodat Omonovalarning arz-dodini eshitadigan bironta hattoki, nomiga bo'lsa-da bironta tashkilot yo idora topildimi? Yo'q, albatta. Ularning yozmagan va bormagan joyi qolmadi. Prezident devonigacha borishdi. Yana shu O'ztvning xodimi Mastura Farmonovaning yozganlarini-chi? Unga javob quyidagicha bo'ldi. Ya'ni bu jurnalistning yozganlariga sen kimsan deb boqishmadi ham. Aksincha, bu yozganlariga javob sifatida u bir necha bor kaltaklanib shifoxonalarda qayd etilmasdan-kasallik tarixisiz davolanib chiqishga majbur bo'ldi. Deyarli har bir kanaldan bu kabi shikoyatlar yuqori tashkilotlarga yozildi. Lekin natija yo'q.

Masalaning eng qiziq va ajablanarli tomoni shundaki, yozilgan shikoyatlarning barchasi, yana asl nusxasi O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasida paydo bo'ladi. Yana kimda-nimada deng, albatta, yurist Muhayyo Qalqonovaning qo'lida.  Hech qachon ushbu arizalar yuqori tashkilot vakillari tomonidan uning muallifi ishtirokida o'rganilgan emas. Bundan shu narsani anglash mumkinki, shikoyat yozgan shaxslar odatda yo inson o'rnida ko'rilmaydi yoki bo'lmasa, yoki yozilgan arizalar tegishli manzilga o'z vaqtida va yoxud umuman etib bormaydi. Pochtaning o'zida konvertlarning barchasi amal-taqal qilib tinchitib yuborilishi ham hech gap emas.

Har bir xatning ortida inson taqdiri bilan bog'liq muammolar mujassam ekan, nega unga shunchalar befarqlik bilan qaralmoqda. Undagi ko'tarilgan masalalarni prezident devonidagilar o'qib ko'rmasa, o'rganmasa va unga tegishli munosabat bildirmasa unda bunday devonning-gu, oqsaroyning nimaga, kimga keragi bor deydigan odamning o'zi. Prezident va uning o'nlab maslahatchilari-yu va boshqa mulozimlari oppoq saroyda nima bilan mashg'ul bo'lib o'tirishidikan? Kantselyariya yoki xatlar bo'limi-chi?

Sen nohaqlikardan jabrlanaverib, ezilib oxirgi ilinjing sifatida nima qilishingni bilmasdan prezidentga ishonib bir noma bitsang-da u ham erda qolib ketsa. Yozgan arizangning asl nusxasi xuddi o'sha o'zing shikoyat qilgan tashkilot rahbarining qo'liga tutqazilib qo'yilsa. Bu ham etmaganidek, ana shu xat asosida undagi keltirilgan masalalar muhokama etilmasdan aksiga olib sening taqdiringni hal qilish uning hukmida bo'lsa.

Yuqorida ismi-shariflari keltirilgan dastlabki ikki nafar jurnalist ham hech bir asosga ega bo'lmagan holda ishdan haydalgan. Milliy teleradiokompaniyaning favqulodda chaqirilgan qirq kishilik majlisida ularning har ikkalasi ham o'rtaga olinib izza qilingan yoki qo'polroq aytiladigan  bo'lsa talangan. Ular yozgan arizadagi muammoli masalalar umuman muhokama etilmagan. Yana o'sha eski holat rais Xodjaev o'zining ustidan yozilgan shikoyat xatini o'zi ko'rib-o'rganib chiqib, o'zi kelgan xulosaga ko'ra majlis chaqirtirilib bu ikki xodim ustidan tegishli hukmni o'qishgan.

Endi bu erda ishlovchilarning nohaqliklardan bezib yozgan ariza-yu shikoyatlari yuqori idoralarda inobatga olinmasa va u mutlaqo o'rganilmasdan o'sha tashkilotning o'ziga qaytarib yuborilib uning hukmiga havola etilaversa, unda yuqori instantsiya tashkilotlarning nima keragi bor ekan, o'zi. Agarda fuqarolarning murojaatlariga quloq tutilmayotgan va bu murojaat ularning o'z vakolatlari doirasida ko'rib chiqilmayotgan ekan, unda qator vazirlig-u, idoralar, huquq-tartibot organlari nimaga faoliyat ko'rasatayapti? Ular kimga borsin? Kimga dardini aytsin?

Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, ya'ni jamoatchilik-aholi bilan ishlashni istashmayotgan ushbu tashkilotlar o'z faoliyatlarini to'xtatib qo'ya qolishsa ham bo'ladi. Yaxshisi, unda prezident apparatining kantselyariyasi yoki xatlar bo'limi aslida O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga qarashli, shuning uchun uning qoshida joylashtirilgan deb aytilsa, yozib qo'yilsa xodimlar ham hadeb ovora bo'lmasdi, balki. Yo'q, unday yo'l tutilsa, mantiqqa to'g'ri kelmay qolishini ular juda yaxshi tushunishadi. Shuning uchun ham uni yozib, aytib o'tirmasdan bu boradagi faoliyatlarini yopiq shaklda davom ettirilishi va shikoyat etuvchilarni vaqtini o'g'irlab ularni qanchalik sarsonini chiqarib holdan toydirishsa, shunchalik ular uchun eng maqbul va eng qulay usuldir bu.

Qolaversa, O'zMTRK rahbari A.Xodjaev prezident huzuridagi milliy xavfsizlik kengashi kotibining o'rinbosari bo'lib ishlagan. Shuning uchun uning hurmatini joyiga qo'ylishini ham nazardan chetda qoldirib bo'lmaydi. Bundan tashqari, prezident devonida faoliyat olib borayotganlarni barchasining ham orqasi toza deb aytib bo'lmaydi. Shuningdek, uning maxsus xizmat xodimi sifatida ularning har erda ham aynan ana shu aytilib bo'linmaydigan jihat-u nozik tomonlaridan har taraflama, kerak bo'lsa to'liq ma'lumotlarga ega ekanligini ham devondagilar juda yaxshi bilishadi.

Shuning uchun ular o'zlariga nisbatan tegib ketishi mumkin o'ta jiddiy sabablar borligi vajidan ham  balki lom-lim demasdan borgan xat-shikoyatlarni qo'sh-qo'llab asl nusxasigacha Xodjaevning o'ziga topshirishlariga majbur bo'layotganiga shubhalanmasa bo'ladi. Xullas, birma-bir sanayversangiz buning juda ko'p sabab-u omillarining adog'iga etish qiyin. Navbatdagi maqolalarimizda xuddi ana shu jihatlarga misollar asosida to'xtalamiz.

04.04.2015 y.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar