O’zbekiston Xalq Harakati

O'zbekistonda qiynoq taqiqlanadimi?

O'zbekistonda qiynoq taqiqlanadimi?
20 Mart 2017 - 11:02 'da yuklandi va 1613 marta o'qildi.

Mamlakatdagi Ichki ishlar vazirligi tizimidagi xodimlar faoliyatini tartibga soladigan qonun 2017 yil 17 martidan amal qila boshlagan.

Qonunda Ichki ishlar organlari zimmasiga fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibi va xavfsizligini ta'minlash, yuridik hamda jismoniy shaxslarning mol-mulkini himoya qilish vazifalari yuklatilgan.

“Ichki ishlar organlari to'g'risida”gi qonunda ushbu tizim xodimlariga qiynoqlarni qo'llash taqiqlangan.

Har qanday sabab bilan O'zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlarga zid keladigan amallarga qo'l urish ma'n etilgan.

“Ichki ishlar idoralari xodimlari o'z faoliyati davomida O'zbekiston Konstitutsiyasi, «Ichki ishlar organlari to'g'risida» qonun va boshqa qonunchilik aktlariga rioya etishlari shart. Ichki ishlar organlari xodimlari xizmat majburiyatlarini bajarishda o'zlarining noqonuniy harakatlarini oqlash uchun xizmat manfaatlarini ro'kach qilishi, iqtisodiy manfaat ko'rishi, noqonuniy talab qo'yishi, mansabdor shaxslarning qonunga xilof buyruq va ko'rsatmalarini bajarishlari mumkin emas”, deyiladi unda.

Qonun shuningdek, inson sha'ni va g'ururini poymol qiluvchi har qanday zo'ravonlik, tajovuz va boshqa turli harakat va usullarni qo'llashni ichki ishlar xodimiga taqiqlaydi. Ko'rsatilishicha, Ichki ishlar vazirligi bevosita Prezidentga, ayrim masalalar bo'yicha Vazirlar Mahkamasiga bo'ysunadi. Ichki ishlar vaziri bosh vazir tavsiyasiga binoan Prezident tomonidan tasdiqlanadi va Prezident tomonidan vazifasidan ozod etiladi.

Qonunda militsiya nomi o'zgarishsiz qoldirilgan. Ilgari militsiyani politsiyaga o'zgartirish borasida farazlar bildirilgandi.

Shu tariqa O'zbekiston sobiq sho'ro davlatlari orasida militsiya haqidagi qonunni qabul qilgan eng so'nggi davlat bo'lgan.

Bunga qadar O'zbekiston militsiyasi 1990 yilda qabul qilingan Nizom asosida ishlab kelayotgandi.

Huquq himoyachilari mamlakatda inson haqlari eng ko'p militsiya tomonidan poymol etilishini aytib, yillar davomida ularning vakolat va majburiyatlarini aniq belgilab beruvchi maxsus qonunni qabul qilishga chaqirib kelganlar.

Faollarga ko'ra, ichki ishlar organlari haqidagi qonunning yo'qligi xizmat vakolatlarini suiste'mol qilgan va qiynoq qo'llagan xodimlarni mahkamaga tortishni qiyinlashtirib kelgan.

Qonun O'zbekiston parlamenti quyi palatasi tomonidan 2016 yil 12 avgustida qabul qilingan, 24 avgust kuni yuqori palata – Senat tomonidan tasdiylangan edi.

2016 yil 16 sentyabr' kuni esa o'sha vaqtda O'zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev tomonidan imzolangandi.

Qonun 17 sentyabr' kuni «Xalq so'zi» va «Narodnoe slovo» ro'znomalarida e'lon qilingan va matbuotda e'lon qilinganidan olti oy o'tib kuchga kirishi ko'zda tutilgan edi.

Manba: Bi-bi-si O'zbek

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar