O’zbekiston Xalq Harakati

Yashirin yig'in

Yashirin yig'in
31 Mart 2017 - 11:25 'da yuklandi va 3617 marta o'qildi.

Narzullo Oxunjonov 

MAMLAKATNI KIM BOShQARAYaPTI?
(qirq to'qqizinchi maqola) 

YaShIRIN YIG'IN
yoxud
“SIR”I  KO'ChGAN  “SIR”LAR…

O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasidagi tang ahvol va unga  rahbarlik qilayotgan A.Xodjaevning mutlaqo layoqatsiz kadr ekanligi borasidagi “Bildirishnoma”ning eng yuqori instantsiyalarga yuborilgan asl nusxasi kompaniyada paydo bo'lganligini ta'kidlagandik. Undagi ba'zi bir jihatlar rahbariyatning jig'iga qattiq tegib, suyak-suyagidan o'tib, botib ketganligi bois menga yurist, radiokanal direktor muovini, kadrlar boshqarmasi boshlig'i ishtirokida o'zlariga xos va mos tarzda dag'dag'a qilinganligi haqida ham alohida to'xtalgandik.

Shundan so'ng nima bo'ldi? Voqea qanday rivojlanganligini bayon etsam… Milliy teleradiokompaniyaning butun kanallari, boshqarma, departamentlari rahbarlarining “haybarakalla”si bilan yana boshqa bir ko'rinishdagi – albatta yopiq tarzda yashirin va o'ta sirli bo'lgan – yig'in o'z ishini boshladi. Ya'ni, ushbu yig'inlar kun tartibidan asosan kamina yozgan “Bildirishnoma”da keltirilgan qator muammolarni inkor etish, yo'qqa chiqarish yo'lida nimalar qilish zarurligi masalasi joy olgandi. Qizig'i shuki, ayni shu maqsadni ko'zda tutgan yig'ilishlar bir emas bir necha kunlab davom etdi. Yig'ilishda “O'zbekiston”, “Yoshlar”, “Sport” (ilgari “Mash'al, ayni paytda “Mahalla” deb nomlanadi) va “Toshkent” kanallari rahbarlari va ba'zan soxtakorlik, fitnakorlikda tajriba- malakasi yuqori bo'lgan bosh muharrirlar ham ishtirok etishdi. Oddiy xodimlar kanal rahbarlarining qabuliga ham kirolmasdan ishi bitmay xunobi oshadi, deng. Ammo ular bilan kimning ne ishi bor? Muhimi: muttaham rais janoblarini u tayinlagan rahbarchalar jam bo'lishib. “oqlab” olishlari kerak. Chunki shunday qilishsa, katta muttahamni “oqlash”, ko'zbo'yamachilik bilan bu o'rta muttahamlar ham topayotgan nonlarini “oqlagan” bo'ladilar-da…

“Iblisxona“ga aylantirilgan “Majlisxona”ga hech kimsa yaqinlashtirilmaydi, ba'zi hollarda ichkaridan mahkam qulflab ham olishadi. Ushbu yig'inlar shu qadar yashirin, shu qadar sirli hamda davomli o'tkazilayotgani u erdagi xodimlarning qiziqishini orttirdi “Xodimlardan yashirincha qanday muhim masalalar muhokama qilinayapti ekan bu yopiq eshiklar ortida?” –deya bir-biroviga savol beradiganlar soni ortib borayotgandi. Birisi: “Raisning ustidan va kompaniyadagi ahvol haqida kimdir “yuqori”ga yozgan ekan, shuni bartaraf etish uchun qanday chora ko'rish kerakligi xususida maslahatlashilayapti”, desa; yana boshqasi:”Yo'q, unday emas, o'sha arizani yozgan odamni yo uyoqlik yo-da buyoqlik qilish masalasi ko'rilayapti”, deydi. Shunday qilib, sirli yig'ilishlar jarayoniga har kim o'zi bilganicha “diagnoz” qo'yadi.

Attestatsiya o'tkazilaverilib, shu bahonada xodimlarning ko'zi qo'rqitilaverganidan bezori chiqib ketgan yana boshqa birovlari esa yurakzada bo'lib qolganligini yashirolmaydi. “Shu suhbatga tayyorgarlik hamda undan o'tish uchun kimlargadir yaltoqlanish, yalinib-yolvorish jonimizga tegib ketdi, ishqilib yana attestatsiya o'tkazilmasin-da…” – deya bezillaydi.

Xullas, bir yarim haftadan ko'proq vaqt davomida o'tkazilgan bu maxfiy yig'inlar o'z ko'lamining kengligi va bardavomligi bilan ko'pchilikning qiziqishiga, ancha-muncha shov-shuvli mish-mishlarning urchishiga sabab bo'ldi.  Yozilgan xat kim tomonidan  edi, qaerga va kimga yozilgandi, hattoki, uning hajmi qancha edi?… Bu haqda oddiy texnik xodimlardan tortib, kattaroq ijodiy xodimlargacha axborot almashishga kirishib ketishdi. Oqibatda, ba'zi biri rost, ba'zi birlari esa haqiqatga mos kelmaydigan, bo'rttirilgan ma'lumotlar ham tarqala boshladi. Chunki, bir kuni yoshi mendan ancha ulug'loq operator opaxon (ismlarini ataylab keltirmadim, u insonning xavfsizligini o'ylaganim holda) “Narzullo, siz Xodjaevning ustidan yuqori tashkilotlarga sakson varaqli shikoyat xati jo'natibsizmi? Hamma shunday deb gapirib yuribdi. Ayniqsa, bizning “Radiouyi”dagi xodimlarimiz ham yozilgan xatning bu qadar yirik hajmda ekanligini eshitishib hayron qolishmoqda. Shuning uchun ular: “O'sha Oxunjonov degan yigit ko'pgina muammolarni ko'tarib chiqqan emish. Mabodo, yozgan arizasida naqd pul u yoqda tursin-ku, loaqal plastik kartochkamizga pulning vaqtida tushmayotganligi bilan bog'liq muammoni ham ko'tarmagan ekanmi?…” –  deya yuraklaridagi dardlarini menga to'kishmoqda”, deb qoldi.

Chindan ham naqd pul va plastik kartochka bilan bevosita bog'liq bo'lgan muammo butun teleradiokompaniyadagilarning bosh og'rig'iga aylangan bo'lsa, xodimlarning o'sha halollab olayotgan maoshlarini qanday qilib bo'lsa ham ko'proq ushlab, kechiktirib turish orqali uni boshqa bir tomonlarda aylantirib, o'zining cho'ntagi va nafsini qondirish masalasi O'zMTRK raisi Alisher Xodjaevning asosiy va muhim ishiga aylangandi. Sababi, minglab ishchi-xizmatchi xodimlar ishlayotgan kompaniyada ming yoki million emas, milliardlab mablag'lar aylanadi. Undan kelayotgan foiz hisobiga ham  mo'may daromadni qo'lga kiritayotgan raisning neqadar haddan oshib, insof va qonunga “tupurib” qo'yganligidan ko'plar xabardor edi. Nopok yo'llar bilan yig'ilayotgan xarom pullarning A.Xodjaev tomonidan nimalarga va kimlarga, qaerlarga sarfalanayotganligi haqidagi ma'lumotlar kengroq tafsilotlari bilan bugun bo'lmasa-da, erta yo indin nafaqat teleradiokompaniyadagilarga, balki butun mamlakatdagi aholi, xalqimiz, kerak bo'lsa, xalqaro jamoatchilikka ham sekin-asta oshkor etilishi va u bu boradagi hatti-harakatlari uchun javob berishi kerakligi rais janoblari hamda “majlischi”larini bezovta qilib qo'ygan edi.

Tag'inam, “Bildirishnoma”da masalaning bir uchiga  to'xtalgan edim, xolos. Chunki, hech bir vaqt teleradioda ishlovchilar A.Xodjaev  rahbarlik qilgan davrdagichalik xor etilmagan, oyoqosti qilinmagan, ishdan nohaq haydalmagan. O'z xodimini “Ishdan bo'shatilding!” deya, aslida ishdan bo'shatmasdan uni ko'chaga quvib chiqarib, kirishga ruxsat beruvchi hujjati bo'lsa-da, kompaniya hududiga kiritmasdan maoshini “tuya” qilib, eb-yutib, harom luqmani tomog'idan kiprik qoqmay o'tkazish darajasigacha borib etmagandi hech bir rahbar. Bu qadar o'g'rilik-o'zlashtirish, tilanchilik va talonchilikka yo'l qo'yilmagandi.

Operator opaning gaplarini tinglab, bu masala ”Radiouyi” rahbarlari tomonidan ham jiddiy muhokama qilinayotganligini bildim. Shuningdek, xayolimdan o'tkazdim: Uzuq-yuluq gaplar bir-biriga ulashib, chuvalashib xatning hajmi 4-5 baravarga oshirib ham yuborilibdi-da… “Bildirishnoma” yozgan kishini “yozg'uchi”ga chiqarish uchun ataylab  ham shuncha miqdor-hajmda ekan, degan mish-mishlar tarqatilgan bo'lsa, ehtimol. Chunki, MXXdan chiqqan bu raisning ish uslubi xuddi shunday zaminga tayanilib olib borilishi hech kimga sir bo'lmay qolgan.

Ha, aytganday, haftalab davom etgan yashirin yig'in ba'zan ish soatida, ba'zan ish vaqtidan ancha erta yoki barcha xodimlar ish vaqti tugab, uy-uyiga ketganlaridan keyin kechki paytlarda va ba'zan favquloddagi hollarda: hattoki tushlik mahallarida ham o'tkaziladigan bo'ldi. Sirli majlisning kun tartibiga qo'yilgan masala boshqalarga ochiqlanmayotganligida gap bor edi. Chunki, kaminaga uyushtirilayotgan navbatdagi fitna haqida hamkasblarimga hech qanday ma'lumot sizdirilmasligi shart edi. Bundan faqat rahbariyat va “shestyorka-quloq” bosh muharrirlargina xabardor va manfaatdor edilar. Lekin, ularning bugun bir yuzini yashirib  “sirli majlis” o'tkazib, ertaga boshqa yuzi bilan jamoaga yuzlanib, “ochiq majlis” o'tkazish “taktika”si ortida nimalar bo'lishi mumkinligini hamkasblarim juda yaxshigina taxmin va tahlil qila olardilar.  

Eng muhim jihati shundaki, yig'ilayotgan bu sirli guruh “Bildirishnoma”dagi dallillarni iloji boricha inkor etish asnosida o'z “xo'ja”larini yana suvdan quruq chiqarish uchun kuyib-pishib, ter to'kib, “Bag'dodda hammayoq tinch…”ga o'xshash kulgili va soxta ma'ruzalarini birgalikda o'tirib yozib, uni navbatma-navbat, qay ohangda o'qishni  “repititsiya” qilib olishga erishishdi, harholda. Axir, hazilmi sizga, bir kishi ko'targan muammolarni inkor etish  uchun shuncha kishi to'dalashib, haftalab tayyorgarlik ko'rishi?!

Alal-oqibat, ko'tarilgan muammolarni bartaraf etish biryoqda qolib, bu muammolarni yozgan kaminani kompaniyaga “muammo” qilib ko'rsatish uchun puxta “repititsiya”lar yopiq eshiklar ortida bo'lib o'tgach, endi go'yoki ochiq bir majlis o'tkazishga kelishishdi. Kelgusida o'tkazilishi rejalangan bu  majlisda mening masalamni kun tartibiga qo'yib, qanday bo'lmasin masalani o'z manfaatlariga muvofiq “hal etish”ni bosh maqsad qilib olishdi. Shu tariqa o'tkazilishi lozim bo'lgan fitna-majlisga ham puxta hozirlik ko'rilganligidan boxabar bo'ldik. Albatta, ushbu fitnaning bosh rejissyori – yillar osha ko'p tajriba va malaka to'plagan, faqat teleradiokompaniyadagina emas, balki mamlakat bo'ylab shu sohada olib borgan amaliyotlari bilan tanilgan Alisher Xodjaevdir. Undan boshqasi bo'lishi ham mumkin emas.  

Shunday qilib, radiodagi yashirin majlis qatnashchilari tomonidan o'tkazilishi mo'ljallanayotgan fitna yig'inda kaminaga qarshi va kaminani yomonotliq qilish uchun minbarga chiqib, ma'ruza qiluvchilarning alohida ro'yxati tuzilganligi va ular allaqachon shu yo'sindagi harakatlarini boshlab yuborganligi xususidagi muhim xabar ham mengacha etib keldi. Qarangki, “mutlaqo hech kim bilmasligi zarur va shart” bo'lgan maxfiy majlis tafsiloti kaminagacha etib kelishining oldini olishda fitnachi guruh a'zolari ojiz qolishdi. Ya'ni, “sir”ni uzoq saqlay olishmadi va bu ish qo'llaridan kelmadi. Axir, qing'ir ishning qiyig'i bir yondan bo'lmasa, ikkinchi yondan chiqib turadi-da. Umrida to'g'ri so'zni so'zlamagan, to'g'ri yo'l qolib, egri yo'ldan yuradigan “uddaburon”, “aqlli”lar buning fahmiga borardi deysizmi? Eng qizig'i, panada pay talashadigan bu qashqirlar ochiqda-da olg'irligini namoyish etib qo'yishardi: Ba'zi masalalarda manfaatlari uyg'un kelmay qolsa, hech ikkilanmay, bir-birlarini arzon-garovga sotishardi. Shu boisdan ham “sirli majlis” tugar-tugamas uzog'i bilan bir soatning ichida uning “kirli majlis” bo'lganligi osongina ayon bo'lardi-qolardi… Ba'zan bu “sir”larning ko'chaga o'rmalashi uchun  yuz gramm aroq yoki pivo yoxud bir quti sigareta ham kifoya qilardi.  “Xo'ja”lari erkalatib, hatto ishxonada ham bemalol alkogol' ichimliklarini iste'mol qilishlariga ruxsat berib qo'ygan bu shovvozlar “zormanda”dan bo'kib olganidan so'ng iyak-jag'lari bo'shashiiib qolardi.  Hayal o'tmay o'sha majlis ishtirokchilari-yu, uning uyushtiruvchilarini so'kib-haqoratlay boshlardi. Hatto ba'zi bir topshiriqlarini “a'lo” darajada bajarib berishgan bo'lsa ham, evaziga va'da qilingan masalaga kelganda “Xo'ja”si so'zining ustidan chiqmay qolgan paytlari bo'lganligini ham “gullab” yuboraverishardi…

Ularni ham tushunish mumkin. Axir, nimayam qilishsin, nafsi balo bo'lib ojiz qolganligidan tumshuqlaridan ilinishgan. O'lganining kunidan, noilojligi-majburligidan ana shu tuban yo'lni tutishgan. Teleradiokompaniyadagi shunday MXXcha boshqaruv usullaridan o'zlari ham bezib, bezori chiqib ketganligini “yuzta-yuzta”dan otib, yuztuban tushgan paytlarida yashirolmay qoladilar. Ichidagi borini to'kib sochardilar. Chunki, odamning o'zi qing'irlik qilsa ham, ichida vijdoni sizlab-yig'lab turadi. Buni bilganlar biladi, bilmaganlar esa…

Darvoqe, “o'yin”ga tortilganlar orasida vijdonini sotmaslikka harakat qiladiganlari ham yo'q emasdi. Shu toifadagilari agar yo'l-yo'lakay uchrashib qolsak, insof yuzasidan  ochiq-oydin bu borada nima gap bo'layotganligini aytar va hushyorlikka chorlab ham qo'yishardi. Hatto ularning ichida o'z qudasini ham ayab o'tirmay, uning shu qing'ir qilg'ilig'idan uyalib ketayotganligini arz etgan birisi ham bor…

Hozircha shu erda maqolaga tin berib, fitnachi-ma'ruzachilarning ismi-sharifi va ularning aslida kim ekanligini fosh etuvchi qator dalillarga to'xtalishni biroz keyinga qo'ysak. Sababi, bu boradagi tafsilotlar cho'zilib ketib o'quvchini zeriktirib qo'ymasin.

27.08.2015 y.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar