O’zbekiston Xalq Harakati

Maxsus “voiz”lar tayin bo'ldi

Maxsus “voiz”lar tayin bo'ldi
01 Nisan 2017 - 10:00 'da yuklandi va 2764 marta o'qildi.

Narzullo Oxunjonov 

MAMLAKATNI KIM BOShQARAYaPTI?
(elliginchi maqola) 

MAXSUS “VOIZ”LAR TAYIN BO'LDI

Maxsus yig'inga tayyorgarlik boshlandi. Albatta unda ma'ruza qiluvchi asosiy kishilar ro'yxati O'zMTRK raisi A.Xodjaev tomonidan ma'qullangan hamda tasdiqlangan. Qanchalik yashirish va sir tutishga urinilmasin, allaqachon bu haqdagi to'liq ma'lumotning bizga maxfiyligi ham qolmagandi.

Shunday qilib: birinchi bosh ma'ruzachi, bu – radioning “Axborot” muharririyatidagi bosh quloq va bosh muharrir Abduvaliev Anvar. Uning muloyimligi va o'zini sipo tutishi, musichadek beozor ko'rinishidan unga razm solgan har qanday kishi bir qarashda “Bu inson juda madaniyatli, tabitan yumshoq, muomalani joyiga qo'yadigan, o'z millati, xalqi uchun yonib- kuyadigan samimiy qalb egasi bo'lsa kerak”, degan xulosaga kelishi mumkin. Aslida esa buning butunlay teskarisi ekanligini ma'lum vaqt oralig'ida bilib olishi qiyin emas.

Chunki, “O'zbekiston” radiosida va umuman, radioda qanday noma'qulchiliklar bo'lsa; ya'ni birovga shantaj qilish, fitna uyushtirish va yana kimnidir qo'rqitish, yomonotliq qilish bilan bog'liq barcha manfur va qabih ishlarning boshida xuddi shu Anvar turgan bo'ladi. Kamina uning bu kabi  qilmishlariga guvoh bo'lganman. Sababi, menga nisbatan ham ana shunday bir shantajni uyushtirish va tashkil etishda shaxsan uning o'zi bosh-qosh bo'lgan. Buning isboti va tasdig'i sifatida shuni aytishim mumkinki, bir vaqtlar radioga kelib menga nisbatan shantaj qilganlar “Radio uyi”dan chiqib ketishayotib, Anvar Abduvalievga ushbu ishni tashkil qilib berganligi uchun mening ko'z o'ngimda chuqur minnatdorlik izhor qilganlar. Ayni paytda xuddi shu hatti-harakatlari bilan shantajchilar muloyimxunuk Anvarning bosh muharrirlik, katta “quloq”likdan tashqari yana qanaqangi manfur ishlar bilan mashg'ul ekanligini bildirgani holda uning haqiqiy qiyofasini fosh etib qo'ygandilar. Men bu holatni ko'rib juda ham hayron-u lol qolganman. Chunki, bir-ikki soat oldin senga kulib boqib, sen bilan go'zal muomala qilib turib, hayal o'tmay senga nisbatan shantaj uyushtirilishi uchun shart-sharoit yaratib berishning bevosita tashabbuskori va bu ishda o'zi birato'la kamarbastalik qilishi har qanday kishining aqlini shoshirib qo'yishi tabiiy.

Birgina menga nisbatan shunday qabih niyatli ishini amalga oshirgan bo'lsa mayli edi. Afsuski, boshqalarga ham, ayniqsa, millatimiz, xalqimizning kelajagi bo'lgan yosh, iqtidorli kadrlarga nisabatan ham mana shunday usullarni qo'llashdan tap tortmadi. Bunday nopok ishlar uning turmush tarziga, kundalik yumushiga aylanib ulgurgan. Bu toifa kishilar jamiyat uchun naqadar tahlikali ekanligini ko'z oldimizga keltirishimiz qiyin emas. Azalda ham, yaqin tariximizda ham millat fidoyilari, iste'dodli va bilimli farzandlarining boshiga Anvarga o'xshab pana-pastqamda fitna uyushtirib, yuzga kulib qarab, ko'zga cho'p suqadigan munofiq-pastkashlar etishgan. Pixini yorgan, o'ta makkor va ayyor Anvar Abduvalievning bu kabi fitnakorligi, soxtakorligi, paxtakorligiga oid ko'plab misollarni keltirishimiz mumkin. Yozaversak, gap ko'p…

Hozircha fikrimizdan chalg'imasdan ma'ruzachilar ro'yxatiga qaytsak. Ro'yxatdagi ikkinchi raqamli “maxsus” ma'ruzachi, bu – televideniedagi juda ko'p qing'irliklari va asl “quloq”lardan ekanligi fosh bo'lib qolganidan so'ng radioga “surgun” qilingan sobiq sport sharhlovchisi Po'latov Azim. Bu kishi ham o'zini katta bir ishni qotirib qo'ygandek, allanimalar bilan kuyib-pishgandek qilib namoyish qilishga usta. Lekin uning asosiy ishxonasi qaerda va u erga qachon, qaysi paytda borishini ko'pchilik juda yaxshi bilib qolishgan. Xususan, u ishlayotgan muharririyatdagi “Axborot”chilar ham uning ba'zi bir hatti-harakatlaridan shubhalanishgan va bu shubha bekorga emasligi o'z isbotini topgan. Chunki, bu sobiq sport sharhlovchisi bo'lgan Azimboy ishxonada tushdan keyin dabdurustdan yo'qolib qoladigan odat chiqarib qolgan. Qanchalik izlashmasin, er-u ko'kda qorasini ko'rishmagan. Shu boisdan ham uning tushdan keyingi har bir harakatini kuzatishga kirishishgan. Natijada  qay manzilga borib kelayotganligi jamoadagilariga ma'lum bo'lgan.

Ya'ni MXXning “Zarafshon” restorani yonidagi asosiy binosiga bemalol kirib chiqib yurishining guvohi bo'lishgan. Kunlarning birida kamina ham A.Po'latovga:“Sizni restoranning yonidagi kontoraga aloqangiz borligi borasidagi gap-so'zlar urchib ketdi, asosiy ish joyingiz o'sha ermi rostdanam?” – deya savol tashlab ko'rdim. Shunda u jazavaga tushib, asabiylashganidan qaltiray boshladi. Qattiq qizishib ketdi, bo'g'ila boshladi. So'ng: “Kim aytgan bo'lsa ham…” – deya o'ta qo'pol so'zlar bilan so'kina boshladi. Avvallari uni hech ham bunaqa holatda ko'rmagan edim. Muttahamning muttahamligini yuziga aytsang jazavaga tushgani kabi Po'latov ham bu holati bilan  o'zini o'zi fosh etib qo'ygandek bo'ldi…

Endi navbat uchinchi ma'ruzachiga keldi: Faqat rus tilidan tarjima qilish hamda ko'chirmakashlik bilan shug'ullanish ortidan siyosiy sharhlovchilik “maqom”iga amallab erishgan bu hovliqma odam o'zini savodxon qilib ko'rsatishga chunonam chiranadiki… Ba'zan shoshma-shosharligidan o'zining “quloq”ligini ham bildirib qo'yadi bu To'laganov Sharofiddin. U  “To'lagan” taxallusi bilan bir vaqtning o'zida ham “O'zbekiston” radiosida  ham xorij radiosida ishlagan. Savodsizligi etmaganday manmanligi, dovdirroqligi boismi yoki bo'lmasa qaysidir “kontora”ga aloqasi borligini sezdirib qo'yganligi boismi, ko'p o'tmasdan o'sha chet el radiosining Toshkentdagi byurosi rahbari bilan kelisha olmay qolgan. O'sha rahbarini sudga bermoqchi ham bo'lib yurdi. Eng so'ngida bu ishidan bir natija chiqmagach, u erdagi ishidan quvildi.

“Axborot” muharririyatining uch nafar xodimi-Ahmadjon Buzrukov, Azim Po'latov va Sharofiddin To'laganovgagina bir vaqtning o'zida ham davlat radiosida va ham xorij radiosida ishlashga ruxsat berilgan. Qiziq, tarixda bo'lganmikin shunaqasi? Va bu hol nimani anglatadi?… Tabiiyki, har kimga ham berilavermaydi bunaqa ayricha imtiyozlar. Faqat tegishli “idora” izni bilangina amalga oshiriladi bu “kelishuv”lar. To'laganovning kurakda turmaydigan so'zlari-yu, xurmacha qiliqlarining o'zi alohida bir mavzu.              

Muhtaram o'quvchi!

Agar yodingizda bo'lsa, men  ilgariroq e'lon qilgan “O'zbekiston” radiosidagi “gestapo”chilar deb nomlangan maqolamda ham bu uchala nusxaning “xos” xususiyatlariga misollar keltirganman.

Shunday qilib, har doim har fitna-atakaning boshida tayyor turguvchi bu uchala “Gestapo”chi-ma'ruzachilar safidan to'rtinchi ma'ruzachiga ham joy berildi. Bu kishi – “O'zbekiston” teleradiokanalining asosan televideniyadagi “Yangi jamiyat” siyosiy va huquqiy-ma'rifiy ko'rsatuv va eshittirishlar studiyasi bosh muharriri, o'zining “artist”ligi bilan mashhuru jahon bo'lgan Quddus A'zamovdir.

Xuddi shu studiyaning radiodagi bo'lim boshlig'i kamina edim va u mening bevosita rahbarim edi. Aslida bu odam bo'lar-bo'lmasga ishimga aralashavermasdi-yu, lekin radioda men bilan bir bo'limda ishlaydigan yoshi kattaroq kishi bilan quda bo'ldi-yu, daf'atan  kamina bilan “shug'ullanish”ni boshlab yubordi.

Bor kuchini ishga solib, har tomonlama jonbozlik va artistlik mahoratini ko'rsatib, nima qilib bo'lsa-da, ruhiy zarba berish asnosida kaminani “sindirish”ga tayyorlangan va tayinlangan ma'ruzachilar shulardan iborat edi. Aytish joizki, ularning barchasiga rahbariyat tomonidan katta imtiyoz va vakolatlar berilgan. Ya'ni, ular ishga hushi tutgan, xohlagan vaqtida kelib ketadi.  Istagan mavzusi va istagan sohasi bo'yicha eshittirish yoki ko'rsatuv tayyorlashlari mumkin. U talabga javob beradimi-yo'qmi, dolzarbmi yoki muhim emasmi bu tomonlari rahbariyatni mutlaqo qiziqtirmaydi.

Aynan shundan ham bilsa va juda yaxshi anglasa bo'ladiki, bu toifaning asosiy bajaradigan ishi butunlay boshqa bir narsaga yo'naltirilgan. Zarurat tug'ilgan mahalda ularning ana shu o'zgacha “salohiyat”lari – “xos” xususiyatlaridan foydalaniladi, qurol sifatida qo'llaniladi. Bu kimsalar butun ish faoliyati davomida o'zgacha fikrlovchi, mustaqil ko'z qarashga ega bo'lgan jurnalistlarga choh qazib kelganlar. Ayniqsa, jurnalist yo ijodkor o'z haqini edirmaydigan, tikka gapli bo'lib chiqadigan bo'lsa, undaylarning popugini pasaytirib qo'yishda o'zlariga xos shakldagi turli fitnalarda ishtirok etib, rahbariyat aytgan rolni qoyilmaqom qilib bajarib berishga bajonidil hoziru nozir turishadi.

Aslida mana shunday kir xususiyatli fasodchilarning jirkanch qilmishlari bois jamiyatda jiddiy o'zgarishlar, mamlakatda ilgari siljishlar bo'lmayapti. O'z shaxsiy manfaatini el-yurt manfaatidan ustun qo'yadigan, muttaham rahbarlar imo qilsa bas, zombiga o'xshab har qanday qabih ishlarni ham bajarib ketaveradiganlar millatimiz, xalqimizning ongu-tafakkurini zaharlamoqda va taraqqiyotning yo'liga g'ov bo'lmoqda.

21.09.2015 y.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar