O’zbekiston Xalq Harakati

Shavkat Mirziyoev Moskvada Rossiya prezidenti Putin bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoev Moskvada Rossiya prezidenti Putin bilan uchrashdi
05 Nisan 2017 - 19:44 'da yuklandi va 2982 marta o'qildi.
O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev bugun Moskvaga qilayotgan davlat tashrifi doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Ungacha Mirziyoev Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev bilan ham muzokaralar o'tkazdi. Muzokaralarda O'zbekistonda gaz konlarini o'zlashtirish hamda shu kunlarda dolzarb bo'lib turgan terrorizmga qarshi kurash masalasi ko'tarilgan.

Vladimir Putin muzokaralar chog'ida Mirziyoev O'zbekistonda prezident bo'lganidan buyon o'tgan qisqa vaqt ichida ikki mamlakat orasida savdo aloqalari hajmi ancha kengaygani, tovar ayrboshlash 260 foizga ortganini aytdi.

– Biz uchun O'zbekistonning mintaqada tutgan mavqei muhim, – dedi Putin.

O'z navbatida O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoev Rossiya prezidenti Putinga Moskva markazida O'zbekistonning avvalgi prezidenti Islom Karimov nomi bilan ataluvchi maydon ajratgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

-O'ylaymanki bu yodgorlik, bu hiyobon ikki mamlakat orasida ko'prik bo'ladi, mamlakatlarimiz orasidagi aloqalarni mustahkamlaydi, – dedi Mirziyoev.

Mirziyoevning Moskvaga davlat tashrifi davomida Rossiya va O'zbekiston o'rtasida iqtisodiy sohadagi kelishuvlar bilan 55 hujjatdan iborat 12 milliard AQSh dollarilik sarmoyaviy, 3.8 milliard AQSh dollarilik savdo shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.​

O'zbekistondagi yirik temir konini o'zlashtirish, ikki davlat hamkorligida 1,5 milliard dollarga metall quyish zavodi barpo etish kabi loyihalar .

Muzokaralar chog'ida Rossiyaning “Aeroflot” shirkati uchoqlarining Samarqandga muntazam qatnovini yo'lga qo'yiga ham kelishilgan.

Rossiya Davlat Dumasi esa O'zbekiston va Rossiya o'rtasida harbiy-texnikaviy hamkorlik to'g'risidagi shartnomasni ratifikatsiya qilgan.

Kunning birinchi yarmida Shavkat Mirziyoev Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev bilan uchrashdi.

O'zA xabariga ko'ra, Medvedev Rossiya O'zbekistonni eng ishonchli hamkorlaridan biri deb bilishini aytgan.

Mirziyoev esa Sankt-Peterburgda ro'y bergan mash'um voqea munosabati bilan chuqur hamdardligini bildirgan.

– Terrorizm chegara bilmaydigan xavfdir, shu bois unga qarshi kuchlarni birlashtirgan holda kurashish lozim, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Shavkat Mirziyoev Moskvaga davlat tashrifi bilan borgan esa-da u aeroportda diplomatiya protokoliga nomuvofiq tarzda kutib olingan.

Odatda davlat tashrifi bilan borgan mamlakat rahbarlarini bosh vazir kutib olishi kerak.

Lekin, janob Mirziyoevni samolyot trapi oldiga Rossiya iqtisodiyot vaziri Maksim Oreshkin chiqqan.

Bu Shavkat Mirziyoevning Rossiyaga prezident lavozimidagi ilk tashrifidir.

Ungacha O'zbekiston rahbari Turkmaniston, Qozog'istonda bo'ldi.

Rossiya O'zbekistonning Xitoydan keyin turadigan ikkinchi yirik iqtisodiy hamkori hisoblanadi.

Rossiyaning O'zbekiston iqtisodiga kiritgan sarmoyasi hajmi so'nggi besh yil ichida 6 milliard AQSh dollaridan oshgan.

O'zbekiston tashqi savdosidagi Rossiyaning ulushi esa 17 foizni tashkil etadi.

O'zbekiston Rossiyaga asosan qishloq xo'jaligi maxsulotlari etkazib berdi.

O'tgan yili O'zbekiston Rossiyaga 150 ming tonnaga yaqin, ya'ni avvalgi yillardagiga qaraganda ikki yarim baravar ko'p miqdorda meva va sabzavot eksport qilgan.

Manba: “Ozodlik” radiosi

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar