O’zbekiston Xalq Harakati

“Ekstremizm uchun Rossiya fuqaroligidan mahrum qilamiz”

“Ekstremizm uchun Rossiya fuqaroligidan mahrum qilamiz”
12 Nisan 2017 - 12:40 'da yuklandi va 2117 marta o'qildi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ekstremizmga qo'l urgan insonlar Rossiya Federatsiyasi fuqaroligidan mahrum etilishi mumkinligi haqida aytgan.

“Rossiya Konstitutsiyasiga muvofiq biz hech kimni fuqarolikdan mahrum qilolmaymiz. Biroq biz Rossiya fuqaroligini qo'lga kiritishga asos bo'lgan tegishli qarorlarni o'zgartirishimiz mumkin. Biz yuristlarimiz bilan konsul'tatsiyalar olib boramiz va o'ylaymanki, bunday qarorlar tez orada qabul qilinadi”, deb aytgan Prezident Putin “Mir-24” telekompaniyasiga bergan interv'yusida.

Asli kelib chiqishi sobiq Sho'ro respublikalaridan bo'lgan Rossiya yashovchilarining fuqaroligi masalasi Sankt-Peterburgdagi 3 apreldagi portlashdan keyin ko'proq muhokama qilinmoqda.

Rossiya rasmiylariga ko'ra, Sankt-Peterburg metrosidagi portlashni Akbarjon Jalilov sodir etgan.

Uning Qirg'iziston janubida tug'ilgan o'zbek ekani xabar qilingan.

Akbarjon Jalilovning Rossiya fuqaroligini 2011 yilda olgani, bunga uning otasining Sankt-Peterburgda uzoq yillar istiqomat qilgani asos bo'lgani ma'lum bo'lgan.

Aksar tahlilchilarda Akbarjon Jalilov haqiqatdan ham Sankt-Peterburgdagi terrorchilik xurujining tashkilotchisimi, degan savollar ham yuzaga chiqqan, bu savollarga tergov yakunida javob topish mumkin, ammo ayrim kuzatuvchilar bu savollarga oydinlik kiritilishiga shubha ham qiladilar.

Akbarjon Jalilovga Rossiya fuqaroligi taqdim etilishi xato bo'lgani haqidagi fikrlar ham bildirilyapti.

O'z navbatida Rossiya Federal Migratsiya xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov Rossiyadagi terrorchilik guruhlarining asosini MDH mamlakatlaridan borgan migrantlar tashkil etadi, degan bayonot bilan ham chiqdi.

Sankt-Peterburg metrosidagi portlash 3 aprel' kuni tushki soat 14:30 larda ro'y bergan.

Metroning “Sennaya ploщad'” va “Texnologicheskiy institut-2” bekatlari o'rtasida borayotgan vagon portlagan.

Rossiya tergovchilariga ko'ra, xudkush hujumchi o'zining yonidagi portlovchi moddani portlatgan va bu xudkush hujumchi Akbarjon Jalilov bo'lgan.

Oqibatda 14 inson halok bo'lgan.

Bundan tashqari metroning «Qo'zg'olon maydoni» bekatida qo'lbola bomba ham topilgan.

Tergovchilarning taxminicha, portlashni tashkil qilishda gumon qilinayotgan Akbarjon Jalilov avval bombani «Qo'zg'olon maydoni» bekatida qoldirgan, so'ng vagon ichida o'zini portaltgan.

Rossiya tergovchilari ushbu tergov doirasida sakkiz kishi hibsga olingani, ular bir terrorchilik guruhining a'zolari deb gumon qilinayotgani haqida xabar tarqatganlar.

Qamoqqa olinganlarning olti nafari Sankt-Peterburgda, ikkitasi Moskva shahrida bo'lganlari, ularning hammasi Markaziy Osiyo respublikalari fuqarolari ekani aytilgan.

Sharhlovchilarga ko'ra, agar Akbarjon Jalilovning chindan ham aybdorligi tasdiqlansa, bu asli kelib chiqishi Markaziy osiyolik insonning Rossiya hududida ilk bor xudkushlikka qo'l urishi bo'ladi.

Manba: bbc.com/uzbek

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar