O’zbekiston Xalq Harakati

Fitnakoru soxtakoru “paxtakor”

Fitnakoru soxtakoru “paxtakor”
20 Nisan 2017 - 10:44 'da yuklandi va 2398 marta o'qildi.

Narzullo Oxunjonov 

MAMLAKATNI KIM BOShQARAYaPTI?
(ellik birinchi maqola) 

FITNAKORU SOXTAKORU “PAXTAKOR”

Buncha ko'pqirrali “fazilat” sohibi kim ekan deb qiziqayapsizmi? Tanishing: O'zMTRK xodimi Anvar Abduvaliev. Uning bu “qobiliyat”larini bilganimcha, imkon qadar qisqa va lo'nda bayon etishga harakat qilaman.

1. FITNAKORLIK

…2000-yillarning boshlarida mamlakatda, jumladan Toshkent shahrida ham yashirin tsexlarda standart talablariga mutlaqo javob bermaydigan sifatsiz yog'lar ishlab chiqarilib, savdo shoxobchalarida yashirin sotilayotganligi xususidagi xabarlar keng tarqala boshladi. Shu boisdan shahar bo'ylab jurnalistik surishtiruv uyushtirish zarurati paydo bo'ldi. Shunda “Axborot” bosh muharririyatiga yangi kelib ish boshlagan Nasriddin Bozorov bilan birgalikda ma'lum bir kunni belgilab, albatta, muharririyat rejasi asosida savdo shoxobchalaridagi ahvol va mazkur masala yuzasidan avvalo iste'molchilarning fikrini o'rganishga kirishdik. Natija juda qiziqarli va qoniqarli bo'ldi. Chunki, aynan yashirin tsexlarda katta miqdorda ishlab chiqarilgan yog' sotayotgan do'kon ham aniqlanib, olingan suhbat-muloqotlarimiz dalillar bilan yanada boyidi. Faqat ovozli yozuvlarni montaj qilib, ma'lumotlarni chiroyli tarzda efirga uzatish qoldi, xolos.

Ish vaqtim tugaganligi uchun men uyga qaytdim. Nasriddin uchun esa hali ish vaqtiga tugashiga ancha bor edi. Chunki “Axborot”dagilar so'ngi kelgan rasmiy xabar uzatilmagunicha yarim tungacha bo'lsa-da ishlashadi. Montaj-studiyalardan tunda ham foydalanish imkoniyatlari bor. Shu boisdan ham u tanqidiy, dolzarb materialni qaynog'ida tayyorlab berish uchun ishxonada qoldi. Uyga etib kelganimdan so'ng ko'p vaqt o'tmasdan telefon jiringladi. Trubkani olishim bilan: “Narzullo aka, tezda etib kelmasangiz bo'lmaydi! Meni bular eb qo'yishadi, har tarafdan shantajni boshlab yuborishdi, iltimos tezda keling!” deya sarosimali ovozni tuydim. Bu – o'sha “Axborot”dagi Nasriddin Bozorov edi. Hatto nima gapligini surishtirib ulgarmasimdan u trubkani shartta qo'yib qo'ydi. Bu yigit yaqinda Buxorodan kelib ish boshlagandi. Boshiga biror mushkul ish tushdimikin, deya darhol radio uyi tomon otlandim. Kelsam, hammayoq tinch. “Axborot”da ikki-uch navbatchi xodim o'z ishini davom ettirayapti. Nasriddin esa burchakdagi bir stulda ruhan cho'kkan, kayfiyatsiz holda o'tiribdi.

-Nima bo'ldi, tinchlikmi?-deb so'radim.

-O'zimizning “Axborot” muharririyatining bosh muharrir o'rinbosari Anvar Abduvaliev boshchiligidagi bir guruh menga nisbatan shantajni boshlab yuborishdi. Oralarida bir ayol kishi ham bor, -dedi u tushkun holatda.

-Nima istashayapti sizdan? Nega unday qilishdi?

-E, aka, ushbu tayyorlayotgan tanqidiy eshittirishni deb hammasi… Agar tanqid efirga beradigan bo'lsang ko'rguligingni ko'rasan, yo u yoqlik yo bu yoqlik bo'lasan, deyishayapti. Nima qilayotganingni bilasanmi o'zi, deya yoqamga yopishib ketishgacha borishdi. Siz bilan birga aniqlaganimiz – yashirin tsexda noqonuniy, hech bir hujjatsiz, sifatsiz ishlab chiqarilgan yog'ni sotayotgan do'kon mudiri bosh muharrir o'rinbosari A.Abduvalievning va boyagi shantaj guruhidagi ayol – Manzura Ahmadalievaning qanaqadir qarindoshi emish. Ularning orasida qaysidir sport gazetasining muxbiri ham bor edi. Ismi-sharifini Muhammadjon Ahmedov deyishdi. Xullas, ular ushbu materialni efirga bermaysan, yo'qsa ko'radiganingni ko'rasan, deyishdi. Men esa shu bugunoq berishim kerak, dedim. Shunda ular mening yoqamga yopishib ketishdi va har tomondan turlicha tahdid qila boshladilar. Ayniqsa, haligi ayol sharlatanlik qilib ustimgacha yopirilib kelib, “Sharmandangni chiqaraman va bu erdan seni butunlay quritaman!”- deya do'q-po'pisaga o'tib oldi. Yolg'iz o'zim nima qilishimni bilmasdan sarosimaga tushib qoldim va sizga qo'ng'iroq qilishga majbur bo'ldim. Bular meni qo'ymaydi, endi ishdan ham ketsam kerak. – Tarvuzi qo'ltig'idan tushgun ko'yi so'zladi Nasriddin.

Surishtirsam, bu o'rtada Anvar boshchiligidagi shantajchi guruh allaqachon uy-uyiga tarqalib bo'lishgan ekan.

Buxorolik bu yosh yigit har tomonlama himoyaga muhtoj edi. Chunki uning tajriba va malakasi kam. Ko'pni ko'rmagan, hali katta qozonda qaynamagan. Biroz g'o'rligi, soddaligi ham bor. Toshkentga yaqinda kelib radioda yangi ish boshlagan. Buning ustiga tog'dek suyanchi -otasini berib qo'yganligiga ham ko'p vaqt bo'lgan emasdi. O'sha kunlar azador edi, o'zini ancha oldirib qo'ygandi boyaqish yigit. Shu boisdan unga bunaqangi sharlatanlar xuruji va hujumi emas, balki ko'proq dalda, taskin, ruhiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlov zarur edi. Lekin buni qalloblar tushunarmidi. Afsuski yo'q. Undaylar hattoki, bu narsani tushunishni ham istashmaydi.

Kamina unga dalda berishga urindim. Temir tishni talab qiladigan jurnalistika atalmish bu mashaqqatli soha yo'lida hech qachon hech kimdan qo'rqmasligi, ortga chekinmasligi va bunaqangi tahdidlar qarshisida o'zini hech vaqt yo'qotib qo'yishi kerak emasligini tushuntirishga harakat qildim. U ancha o'ziga kelganday bo'ldi-yu, baribir biroz qo'rquv hissi bordek tuyuldi. Yana unga qo'limdan kelgancha taskin va maslahat berdim. Shundan so'ng u ham o'z uyiga qaytdi, men ham.

Ertasi kuni hech gap bo'lmagandek, barcha o'z ishida davom etdi. Ammo bu haqda o'sha shantajchilar guruhi boshlig'i bo'lmish Anvarga bir og'iz gapirib qo'ymasam bo'lmas edi. Yo'qsa ular Nasriddinni ezish-tahqirlashda davom etishlari mumkin edi. Ish kabinetimda edim. “Axborot” muharririyatiga qo'ng'iroq qildim. Shunda (rahmatli) Dilorom Umarova telefon go'shagini oldi. Salomlashgach, Abduvalievning bor-yo'qligini so'radim. Opa uning hozircha yo'qligini aytdi. Mening ish kabinetim birinchi qavatda va eshik doimo ochiq edi. O'tgan-ketganlar ko'rinib turardi. “Bo'pti, kelib qolsa aytarsiz”, deya trubkani qo'yishim hamono xonaga Nasriddin kirib keldi. Biroz o'tar-o'tmas biz izlagan Anvar ham o'tib ketayotganligiga ko'zim tushib qoldi. Uni ham chaqirdim. So'rashib bo'lgach, asosiy mavzuga o'tdik. Ishonasizmi-yo'qmi, bu Abduvaliev deganlari o'zini shu qadar sipo ko'rsatdiki, xuddikim kecha hech narsa ro'y bo'lmagandek. Qarasam, u o'zini bu sharlatanlar guruhiga hech ham aloqasi yo'qdek ko'rsatayapti. Uning bu gap-so'zlari, harakatlari oldida tulki ham ip esholmay qoladi-yov. Nasriddinga sekingina xonadan chiqib turishini va bizni holi qoldirishini aytdim. Shundan so'ng bu fitna bilan shug'ullanuvchi Anvar bilan ochiqchasiga gaplashib oldik. Unga bu yosh yigitga tazyiq o'tkazishni bas qilishini aytdim, hatto iltimos qildim. U aravani quruq olib qochishga rosa urinib ko'rdi, ammo hech ham “o'xshamadi”.

Ammo shundan so'ng ham o'rgangan ko'ngil o'rtansa qo'ymas deganliridek, Abduvaliev boshqa birlariga nisbatan ham o'zining sevimli mashg'ulotiga aylanib qolgan fitnasini to'xtatgani yo'q. Buni gapiraman, yozaman desangiz 1-2 maqolalarga sig'dirolmaysiz. Shu o'rinda o'zim ham bu fitnakorning fitnasiga nishon bo'lganligim xususida to'xtalmasam bo'lmas.

Bir kun ish vaqti tugab, uyimga qaytayotib metroga etay deganimda mobil telefonim jiringlab qoldi. Kim ekan, desam rais o'rinbosari qabulxonasidan navbatchi yordamchi yigit “Narzulla aka, tezda qabulxonaga etib kelar ekansiz”, deb qoldi. Ha bu ish vaqti tugagandan keyin ham qo'ymas ekan-da bular, dedim-da orqaga qaytdim. Qabulxonaga kirgan edim, u erdagi boyaqish yordamchi: “Bosh muharriringizga uchrar ekansiz”,-dedi. Bo'pti dedim-da, tepaga – to'rtinchi qavatga chiqdim.

Kabinetda bosh muharririmiz Muxtor Murodov va uning ro'parasida ikki ayol o'tiribdi. To'rda o'tirib olgan, to'ladan kelgan ayol kaminaga ishora qilib: “O'h-ho', ana keldilar, yurishini qarang buni, qo'lida sotka-telefonlar, ja olifta ekan-u bu” deya kesatiqlar bilan shang'illashni boshladi. Hali o'tirishga ulgurmay, “Nima gap o'zi, tinchlikmi?” deganimni bilaman, yana o'sha ayol o'rnidan turib,qo'lini bigiz qilib battar baqira boshladi. Qichqira turib, bir mahal kutilmaganda o'zini “tap” etib polga tashlab yuborsa bo'ladimi. Shu onning o'zida suv olib kelib, yuziga sepib o'ziga keltirishdi. “Hushdan ketish” ham bir “nomer” ekan shekilli, chunki u o'rnidan darrov tura solib yana shang'illab ketdi, jag'i hech tinmadi.

Birozdan keyin gap nimadaligini bilgach, u ayolning kimligi ham ayon bo'ldi. U bekorga shaytonlamagan ekan… Bir-ikki kun oldin qishloqdan kelgan bir yigitni do'konida kecha-yu kunduz ishlatsa-da, bir yildan oshiq vaqt mobaynida bir tiyin ham haqini bermagan “ishbilarmon” ayol bilan bog'liq shikoyat xati asosida jurnalistik surishtiruv olib borgandim. Bu o'sha do'konning asosiy sohibasi bo'lgan xonim ekan. Shunga chiday olmaganidan “Senimi, shoshmaytur, muxbir!” debdi-da, bizning radioga bostirib kelishga qaror qilibdi. Radio uyiga kirishning ham o'zi bo'lmaydi. Anvar Abduvalievga o'xshaganlar orqaligina xuddi shunday fitna-amaliyotlarni muvaffaqiyatli olib borish mumkin. Shunday ham bo'ldi.

Bosh muharrir xonasida bu opaxon “Men xalq maorifi a'lochisiman!” deb jar solishda davom etdi. Unga biror bir so'z aytishdan foyda yo'q edi. Qizig'i, bu “a'lochi” opaning yonidagi vositachi-qozicha “Sanam” jurnalining bosh muharriri Muborak Turobova ekan. Bu “Sanam”larning redaktori ham ancha abjir chiqib qoldi deng. Bir payt u menga qarab: ”Siz o'zi bu masalani qonuniy ruxsat olib o'rganishga chiqdingizmi yoki to'g'ridan-to'g'ri borib o'zingizcha ish boshlab yubordingizmi?” deya o'z va'zini dag'a-dag'adan boshladi. Men ham unga “Mana, yoningizda bosh muharririm o'tiribdi, bu masalani o'rganganligimning nechog'li qonuniy-noqonuniy ekanligini u kishidan so'ramaysizmi? Qolaversa, mening ish soatim tugaganligiga ikki soatdan oshdi. Ish soatimdan tashqari holatda sizlarning savollaringiz javob berishim lozimligi ham qonuniymikin? Oldin sizlar qonunga itoat qilgan holda mening ish soatimda kelinglar, o'shanda nima qonuniy-u, nima noqonuniy ekanligi haqida batafsil gaplashib olamiz”- dedim. Bu gapimdan keyin o'zini “tap” etib polga tashlab yuborgan “a'lochi” opa battar tutaqib, o'zini har yoqqa otib dod-voy qila boshladi. “Sanam”chi opa bo'lsa uning parvonasi-yu, ovorasi.

Muxtor aka sekingina “Sizdan iltimos, nima qilib bo'lsa ham amallab shularni kabinetdan tashqariga olib chiqib keting”, dedi. Shundan so'ng bu ikki opaga yuzlandim-da: “Nima qilish kerak, mendan nima istaysizlar?” – dedim. Shu on birdan do'kon va “Sanam”larning sohibasi bo'lgan opalar o'zlariga kelishib, “tuzalib”, hech narsa ko'rmagandek bo'lishib, darhol o'z talablarini qo'yishdi. Ularning talabiga ko'ra, men bu “qilmishim”-jurnalistik surishtiruvim uchun “a'lochi” va “Sanam”chidan Mirzo Ulug'bek tuman hokimining o'rinbosari Zafar Ubaydullaevichning kabinetida kechirim so'rashim hamda tekshir-tekshirlarni to'xtattirishim kerak emish?! Qarasam, bosh muharririmiz “Ha, sizlarniki ma'qul” deb tashqariga olib chiqib ketishimni iltimos qilayapti. Bu ikkovini zo'rg'a ko'ndirib olib chiqib ketayotib, shundoq liftning yoniga kelganimizda “Do'kon”chi va “Sanam”chi opalarimiz bizdan ikki-uch qadam narida turgan “Axborot” bosh muharririyatining bosh muharriri Anvar Abduvalievga xush tavoze'lar qilib: “Anvarjon, sizga kattakakon rahmat, bu yaxshiliklaringizni aslo unutmaymiz” deya quyuq minnatdorchiligini bildirib qolishdi. Bu bejiz emas edi, albatta…

Shunaqangi fitna-shantajlarga bosh-qosh bo'lish qurg'ur bu Anvarning-ku hayoti-turmush tarziga ulgurib bo'lgan, lekin bu O'zbekiston teleradiokompaniyasi raisining o'rinbosari bo'lgan Faxriddin (taxallusi Faxriyor) Nizomovga nima jin urdi, ekan, deb hayron bo'ldim. Chunki, men ishdan tashqari vaqtda rais o'rinbosari, xuddi shu F.Nizomovning qabulxonasi orqali chaqirtirib olingandim-da. Bu ikki opa Abduvalievning sa'y-harakati bilan rais o'rinbosarigacha chiqishib, “ishni bitirishgan”. Ya'ni Nizomov bilan ularni uchrashtirishda, chaqma-chaqarlik “o'yin”ida Anvarning qo'li bo'lgan. Oxiri borib-borib o'shanda unga ishongan sodda Nizomovning o'zini ham chuv tushirmay qo'ymadi, albatta. Yumaloq xat (anonimka) yozaverib, yana allambalo fitnalarni tashkillashtirib, Faxriddinning o'ta hijolatli ahvolga tushishiga va ishdan mosuvo bo'lishiga sababchi bo'lgan ham aynan shu Anvarning o'zginasi bo'lib chiqdi. “Chayon ishi chaqmoqdir”, deydilar-ku…

Xullas, boyaqish ikki ayol bilan tashqariga chiqsak, do'konchi opaning do'konchi qizi “Damas”da kutib o'tirgan ekan. “Damas”ga o'tirib, tuman hokimligiga bordik. Hokim o'rinbosariga uchrashdik. Bu o'rinbosar-Zafarboy ham bu “opa”dan kechirim so'rashim kerakligini aytib, boshimni qotira boshladi. Men esa qat'iyan rad etdim va kechirim so'rashim uchun asos bo'ladigan biror bir ishga qo'l urmaganligimni aytdim. Shunda uchchalasi ham o'zlaricha tashlanmoqchi bo'lishdi. “Raisingizga hoziroq qo'ng'iroq qilaman!” – deya kichik hokimcha qo'rqitish usulini ham qo'llab ko'rdi. Bundan hech bir natija-ish chiqmasligiga iqror bo'ldi, shekilli, “Boringlar, nima qilsanglar ham o'zlaring bilasizlar, meni tinch qo'yinglar” dedi oxir “opa”lariga qarab. Hokimlik binosidan chiqdik. Bu ikkala opaning qo'ltig'idan tarvuzi tushgandek, bir-biriga qarab qaqqayib qotib qolishdi. Sababi, stsenariy-o'yin ular o'ylagandek chiqmadi. Bundan g'azablangan O'zbekiston xalq maorifi a'lochisi, do'kon sohibasi bo'lgan opaxon “Sanam”larning bosh “sanam”i Muborak Turobovadan yuz o'girib, o'zining “Damas” mashinasiga o'tirdi-yu, qo'llab-quvvatlab, mehribonlik ko'rsatib yurgan sherigini katta ko'chaning qoq o'rtasiga tashladi-ketdi. Soat millari bu mahalda tungi 22.15 ni ko'rasatayotgandi. Shunda Turobova nima qilishini bilmasdan ko'zi mo'ltillab kaminaga yuzlandi-da, “Meni kuzatib qo'yarsiz”, dedi. Taksi tutdim-da, uni o'tqizib yubordim…

2.SOXTAKORLIK

“O'zbekiston” radiosida biror bir yangi nom-sarlavha ostida eshittirish boshlansa, albatta televideniyaning qaysidir bir kanalida xuddi o'sha nom ostida ko'rsatuv ham tayyorlash ishi Xodjaev degan bir noshud davrida allaqachon ana'naga aylanib ulgurgandi. Masalan, “Nuqtai nazar”, “E'tirof” va yana bir qancha eshittirishlar takrori shular jumlasidandir. Qizig'i shundaki, bundayin takrorlanishlar fosh bo'lib qolishidek sharmandalikdan cho'chib qolgan O'zMTRK rahbariyati “Sado” gazetasida haftalik teledasturni e'lon qildirib, radiodasturlarni e'lon ettirmaydigan bo'ldi. Sababi, radioda ham televideniyada ham bir xil nomdagi eshittirish-ko'rsatuv ketayotganligidan har qanday muxlis hayron bo'lishi mumkin-da.

Radioda “Axborot” bosh muharririyatidan deyarli har kuni efirga uzatiladigan “Oqshom to'lqinlari” eshittirishi ham aslida Farg'ona viloyati radiosi ijodkorlarining mahsuli ekanligini barcha ham bilmasa kerak. Ushbu dastur ham to'liq nomi o'zgartirilmasdan shundayligicha “O'zbekiston” radiosidan berila boshlagan. Buning ham bosh tashabbuskori Anvar Abduvaliev bo'lgan. Bu kabi noma'qulchilik-hurmatsizlik, mensimaslikdan Farg'ona viloyati radiosi xodimlari qattiq norozi bo'lishgan. Afsuski, bu noroziliklarga quloq tutilmasdan aksincha, viloyat radiosidagi “Oqshom to'lqinlari” eshittirishining faoliyatiga chek qo'yilgan, ya'ni viloyat radiosining dasturidan olib tashlangan. Mana sizga “mualliflik huquqi”! Buning nomini “tepa”dan turib bosim o'tkazish va yoxud “zo'ravon tegirmon yuritar” deydilar…

Bugun kunda to'rtta rasmiy “O'zbekiston”, “Mahalla”, “Yoshlar” va “Toshkent” FM radiokanallari mavjud. Bizga ma'lum bo'lishicha, shuncha qilgan “mehnat”lari evaziga Anvar Abduvaliev ayni paytda “O'zbekiston” radiosining rahbari etib tayinlangan. O'zi ilgari bosh muharrirlik qilgan “Axborot”da esa Abduvaliev va uning xodimi, quloqlardan biri Ahmad Buzrukov “Xizmat ko'rsatgan jurnalist”lardir. Bu A.Buzrukov deganlari ham qaysidir siyosiy partiyaning gazetasidan turib boshqa bir siyosiy partiyaga nisbatan xolis fikr bildiraman deb, “Xolis fikr” rukni ostida o'z nomidan saviyasiz bir maqola e'lon qilishi ortidan sharmandasi chiqqan edi. Tag'in o'sha maqolaning tagiga “Xizmat ko'rsatgan jurnalist – Ahmad Buzrukov” deb yozib qo'yilgan ekan. Noxolisona maqolasi bois “O'zbekiston ovozi” gazetasi “Xolislik niqobi ostida” deb nomlangan fel'etoni bilan Axmadning rosa “po'stagini qoqib” tashladi. Vaholanki, hali A.Buzrukov “Xizmat ko'rsatgan jurnalist” ekanligini tasdiqlovchi hujjatini olishiga to'rt oydan ziyodroq vaqt bor edi. Ayni pallada unvon haqidagi farmongina bor edi, xolos. Ushbu fel'eton orqali siyosiy jihatdan g'o'rligi va savodsizligi fosh etilgan Ahmadjon Buzrukovning naqadar soxtakor-jurnalist ekanligi yanada kengroq yoyilgandi. Qarang-a, Anvar Abduvaliev o'z xodimini “Xizmat ko'rsatgan”likka layoqatli qilib ko'rsatishga qanchalik urinmasin, baribir uning misi-makkorligi boshqa bir joydan “lip” etib chiqib qoldi. “Qing'ir ishning qiyig'i qirq yildan keyin ham chiqadi” deb bejiz aytilmagan. Bularning qing'irligi, soxtakorligi qirq yil emas, qirq kun ham emas, farmon chiqqandan so'ng hattoki to'rt kungaga etmasdan “qiyig'i” chiqib qoldi. Qolgan radiokanallarning boshqa birontasidan biron bir xodim “Xizmat ko'rsatgan jurnalist” unvonini olgan emas. Ayni paytda bunaqangi unvonu mukofotlar ko'pincha soxtakoru fitnakoru, “paxtakor”lik “xizmatlar”ini ko'rsatayotganlarga berilishi sir bo'lmay qolganligidan samimiy, halol ijodkorlar uchun u qadar qizig'i ham qolgan emas aslida..

Anvarning olg'irligi va o'ta abjirligini ko'pchilik juda yaxshi bilishadi. Qolaversa, bizda mukofot olish uchun hech ham jon kuydirib, o'lib-pishib ishlashi shart emas. Faqat rahbariyat va malaylari tomonidan qo'yiladigan shartga ko'nsang bas. Shuning o'zi etarli. Kerak bo'lsa, boshqa bir muallifning eshittirishi yoki ko'rsatuvi uchun ham senga xohlagan mukofotingni xuddi shu Anvar vositasida olish kafolati mavjud.

Bunga o'xshash voqeani avval ham bayon etgandik. Mastura Farmonovaning “Oltin qalam” mukofoti uchun berilishi lozim bo'lgan olti million so'mning qanday qilib kim tomonidan olib qochib ketilganligi bilan bog'liq voqea misolida aniq-tiniq qilib keltirgandik.

Yana bir yorqin misol: Uzoq yillar radioda ishlagan, o'ta malakali va tajribali ustozlarimizdan biri Muxtor Murodovning yillar mobaynida tayyorlab, uni elga manzur qilib kelgan “Shaxsiy fikr” eshitirishi uchun “Odamzod” nima degani?” – deya talmovsirab yuradigan bir gumashta – Shuhrat Yunusovga “Oltin qalam” mukofoti berilganida hamma hangu-mang bo'lib qolgandi. Muxtor aka haqiqatdan ham samimiy, oqko'ngil, sabr-toqatli bir inson. Shu boisdan ham bu haqda biron bir joyda “churq” etganlarini eshitmadim. Lekin ich-ichidan ezilgani, qorniga emas, qadriga yig'laganini sezmaslik, bir inson sifatida tushunmaslik mumkin emasdi. Vaholanki, u kishi sohadagi xizmatlari uchun har qanday mukofotga loyiq professional jurnalist edi…

3.“PAXTAKOR”LIK.

Bizning bir O'ljaboy Qarshiev degan ajoyib darveshsifat ukaxonimiz, samimiy-dilkash do'stimiz bor. Frantsuz tilini juda sevadi. Ba'zan shu tilda salomlashib qo'yishni ham xush ko'radi. Shoirlikda ham binoyi. Hikoyalar ham yozib turadi. Gapirganda chuqur ehtiroslarga berilib ketadigan odati ham yo'q emas. Lekin juda ochiq ko'ngil, kim bilan bo'lsa-da borini bo'lib, baham ko'rgisi keladi.

Kuz vaqti: beshinchimi yo oltinchi oktyabr' edi. O'ljaboy ukamiz “Narzullo aka, bugun radio bo'yicha rais o'rinbosari Faxriddin aka Nizomovning tug'ilgan kuni” deb qoldi. “Yaxshi, xo'sh?…” – dedim. U bo'lsa: “Topgan gul, topmagan bir bog' piyoz keltirirar”, deganday… uning uyiga borsak, nima deysiz?” dedi. “Qo'ysangiz-chi, O'ljaboy, chaqirilmagan joyga indamasdan kirib borish… qanday bo'larkin? Qolversa, u bizni qanaqa qabul qilarkin? Harqalay rahbar odam. Ko'ngliga har qanday gap kelib yurmasin tag'in”, dedim. O'ljaboy: “E aka, nimalar deyapsiz, u ham sizu-bizga o'xshagan oddiy odam aslida. Bilasiz-ku uning ham shoirligini. Ijodkorlar hammasi birdek, darveshga o'xshaydi. U ishxonada rahbar, uyida oddiygina inson. Shuning uchun keling, o'sha erga bugun kechqurun birga boraylik, menga hamroh bo'ling, so'zimni erda qoldirmang. Bu ham bir “hing”da, qani qanday bo'larkin?” – deya qat'iy oyoq tirab turib oldi.

Shunday qilib, kechga tomon ikkimiz bir “buket”ni oldik-da, shoir Faxriyorning tug'ilgan kunini nishonlash uchun uning uyiga bordik. Borsak, Nizomovning o'zi bizni iliqqina kutib oldi. Yoshlar uchun alohida, yoshi sal ulug'roqlar uchun boshqa bir xonada dasturxon tuzatilgan ekan. Meni shu “katta”lar o'tirgan xonaga boshladi.

Tug'ilgan kunda tavallud topgan kishining sharafiga tabrik aytish ham, boshqa bir hangomalar ham qizigandan qizib borardi. Eng to'rda Anvar Abduvaliev va Ahror Ahmedov o'tirishibdi. Ahror degani ham “xizmat ko'rsatgan”lardan… Biz quyiroqda, mendan yuqorida-yonimda yozuvchi Murod Muhammad Do'st qo'r to'kib o'tiribdi. Aftidan, davrani Anvar olib borayotgandi. Chunki u navbatdagi kishiga so'z berish uchun o'rnidan turib, bexosdan biz tomonga qarab gapira boshladi.

Uning dastlabki so'zi, jumladan, shunday bo'ldi: “Mana bugungi davramizda Faxriddinjonning eng yaqin kishilaridan biri Murod aka o'tiribdilar. U kishi Faxriyorning haqiqiy ustozi bo'ladilar. Sababi bu insonni men juda yaxshi bilaman…” Shu jumlaga kelganida Murod aka tomoq qirib o'rnidan bir qo'zg'alib qo'ydi. O'tirganlar “boshqa gap ortiqcha, endi so'z berilsa kerak”, deya diqqatini Murod akaga qaratishgandi. So'z berish qaerda deysiz? Anvar Abduvalievning gapi yangicha tonda yangray boshladi: “Murod akajonim, agar siz bo'lmasangiz Faxriddin “Faxriddin Nizomov” degan ulug' nom darajasigacha chiqa olmas edi. Bilasizmi, akajon, agar siz bo'lmasangiz, u hech qachon pog'onama-pog'ona ko'tarilib, bunchalik katta lavozimlarga o'tira olmagan bo'lardi. U faqat va faqat siz tufayligina “Faxriyor” degan shoir sifatida tanilib, teleradiokompaniyaday joyga rais o'rinbosaridek yuksak martabaga ega bo'ldi, akajonim. Yana so'zimni davom ettiradigan bo'lsam…” degan eriga kelganida Murod Muhammad Do'stning haddan ziyod hijolat bo'lib qattiq bezovtalanayotganligini sezish qiyin emasdi. U kishining yonida o'tirgan kamina ham adibning ancha noqulay ahvolga tushib qolayotganligini yaxshigina his qilib, o'zimcha “bu hamdusanoning oxiri baxayr bo'lsin-da”, deya xayolimdan o'tkazib turardim. Anvar o'z so'zida davom etar ekan, yana gapini “Murod akajonim, uning shunchalik bo'lishida sizning qilgan sa'y-harakatlaringizning juda katta ahamiyati bor. Bularning barchasi siz qilgan mehnatning samarali natijasi deb aytadigan bo'lsak, aslo mubolag'a bo'lmaydi. Endi akajon, sizdek obro'li insonning bunchalik e'tibori, unga bo'lgan mehringiz bo'lmaganida edi…” degan joyida Murod Muhammad Do'st gapni kesib: “Hammasiga biz sababchi bo'lmagandirmiz. Axir uni dunyoga keltirgan ota-onasi bor…” deb hali so'zini tugatmasdan yana gapni ilib ketgan Anvar takror “Akajonim, Murod akajonim, sizni juda yaxshi bilamiz, hurmat qilamiz. Akajon, menga qarang, agar sizday inson, sizday oliyjanob kishi bo'lmaganida baribir Faxriddinni shunday yuksakliklarda ko'rmasdik, akajonim…” deya so'zi oxiriga etar-etmasdan Murod Muhammad Do'st rosmanasiga “portladi”, toqatlari toq bo'lib ketdi! Jahl bilan shart o'rnidan turdi-da, stulda osig'liq kostyumini elkasiga olarkan, soqivoy-Anvar Abduvalievga g'azab va nafrat bilan qarab: “Bas, etar! Qanaqa odamsan o'zi? E, sandayin….“PAXTAKOR”ni…, sadqai odam ket-eyy!” dedi-da, shahd bilan eshik tomon yo'naldi. Bu yoqda Anvar-soqivoy anqayib, qizarib-bo'zarib, ko'zlari mo'ltirab nima deyishini bilmay, tili kalimaga kelmasdan dovdiragancha qoldi. Bu o'rtada Faxriddin “Murod aka, nima bo'ldi, o'tiring…” deyishiga ham qaramasdan adib tashqariga otilib chiqdi-ketdi. Bu “paxtakor”-xushomadgo'yni deb o'tirganlar ham g'alati ahvolda qolishdi. Xonaga jimlik cho'kdi. Kamina ham bu erda ortiq o'tira olmasligimni sezdim-da, dilga yaqin sherigim – O'ljaboy Qarshiboy yoniga, yoshlar o'tirgan xonaga borib o'tirdim va tug'ilgan kunning qolgan qismini ular bilan birga o'tkazdim.

Xullas, o'shanda bu Anvar Abduvaliev deganlarining nafaqat FITNAKOR, SOXTAKOR, balki yuqori lavozimdagilarga PAXTAKORlik “qobiliyat”ini ham ko'rgan, qosh qo'yaman deya ko'z chiqarib, qovun tushirib qo'yish odati ham yo'q emasligining guvohi bo'lgandim. Shundan so'ng uni ishxonadagilar “Ana, paxtakor kelayapti”, deya hajv qilishadigan bo'lishgandi.

24.10.2015 y.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar