O’zbekiston Xalq Harakati

Hamdon qabilasi elchilari

Hamdon qabilasi elchilari
28 Nisan 2017 - 9:00 'da yuklandi va 1168 marta o'qildi.

Alixonto'ra Sog'uniy

TARIXI MUHAMMADIY — 160
(davomi)

HAMDON QABILASI ELChILARI

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana Xolid ibn Validni Yaman viloyatiga yubordilar. U erda yashayotgan katta qabilalarning birovi shu Hamdon qabilasi erdi.

Hazrati Xolid u joyga borgach, olti oygacha xalq ichida yurib, ularni dinga da'vat qildi, lekin hech kim o'z ixtiyoricha dinga kirguvchi bo'lmadi. Bu xabar Rasulullohga etdi ersa, bir noma yozib, Hazrati Alini yubordilar. Xolid ibn Validni o'z oldilariga chaqirib oldilar.

Hazrati Alini kelayotganlarini anglashib butun qabila xalqi to'sishib chiqishdi. Shu chog'da qaysi bir namoz vaqti kirgan edi. Hazrati Ali azon aytib, takbir tushirib, o'z askarlari bilan saf bog'lashib namoz o'qidilar. Boshqa qabila xalqi ersa qarashib turdi.

Namoz o'qigandan so'ngra Hazrati Ali Rasulullohning bularga yozgan xatlarini saf oldiga chiqib turib, butun xalqqa o'qidilar. Bu muborak nomadagi so'zlarni anglashlari bilan barchalarining ko'ngillari Islomga moyil bo'lib, iymon keltirdilar.

So'ngra bu voqeani Hazrati Ali yozib, Rasulullohga chopar bilan yubordilar. Xatni o'qib, bu ulug' ne'mat shukronasi uchun darhol sajdaga bosh qo'ydilar. Yaxshilik ko'rilgan chog'da shukr sajdasini qilish shuning uchun ummatlariga sunnat bo'ldi. Rasululloh sajdadan bosh ko'tarib:

— Assalomu ala Hamdan, assalomu ala Hamdan, — deb ikki marta aytdilar.

Bu qabila Hazrati Ali qo'lida iymon keltirishgandan so'ngra qabila kattalaridan bir nechakishilarni boshchi qilib, Madinaga elchi jo'natmish edi. Shu orada ular ham kelishib qoldi.

Bularning raislari Ibn Molik degan kishi erdi.

Payg'ambarimiz bilan ko'rishgandan keyin, oldilarida turib arablar odatlaricha Rasulullohni, Islom dinini maqtab fasohat bilan kelishtirib bir qancha she'rlar o'qidi.

Chunki u zamon arablari o'qish-yozishdan har qancha yiroq bo'lsalar, yana ularning til o'suklari eng yuqori ko'tarilganlikdan qabila raislari shoir yoki notiq xatib bo'lishlari eng ulug' sharaf sanalur edi.

Shuning uchun Rasululloh arab odatlarini hurmatlab, o'z oldida o'qilgan she'rlarni zavq bilan eshitib, uni taqdirlar edilar.

Shu kabi muning o'qigan she'rini ham tinglab o'ltirib, o'qib bo'lgach, uniyaxshilab ruhini ko'tardilar va uni butun Hamdon qabilasiga amir qilib yubordilar.

Raziyallohu anhum.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar