O’zbekiston Xalq Harakati

777-77-77 raqamidan tahdidli qo'ng'iroq

777-77-77 raqamidan tahdidli qo'ng'iroq
28 Nisan 2017 - 11:00 'da yuklandi va 3276 marta o'qildi.

Narzullo Oxunjonov 

MAMLAKATNI KIM BOShQARAYaPTI?
(ellik ikkinchi maqola) 

777-77-77 RAQAMIDAN TAHDIDLI QO'NG'IROQ YoXUD “MEN KELDIM, EShIKNI OCh! AJALING…”

Ishdan uyga kelib endigina bir piyola choyimni ichar-ichmasimdan mobil' telefonim jiringlab qoldi. Yashil tugmachani bosib “eshitaman, labbay” deganimni bilaman, narigi tomondan qo'ng'iroq qilgan odam shu qadar shang'illab baqirdiki, uning nima deb gapirayotganligini tushunib bo'lmasdi. Qo'ng'iroq qilinayotgan telefon raqami O'zbekiston sharoitida uncha-muncha kishida bo'lishi mumkin bo'lmagan +99897-777-77-77 dan edi. Avvaliga hayron bo'ldim, bunaqangi “blatnoy” raqamdan kim qo'ng'iroq qilayaptikan deb. “Kimsiz o'zi, sal tushuntiribroq gapiring” desam, menga sensirab: “O', manga qaragin-o', san mani tanimavossanmi, hali. Nima qivotganingni bilasanmi, o'zi? Sani undoq qivoraman, sani bundoq qivoraman”, – deya og'ziga kelgan sharmandali so'zlar bilan haqoratlay boshladi. Endi uning tiliga olayotgan so'kinishlarini tinglagan har qanday odam bu nusxaning ruhan sog'lom ekanligiga ishonishi qiyin.

Fikru-o'yimcha, u o'zi nima deb gapirayotganligini bilmayapti yoki haqiqatdan ham anglamayotgandek edi. Bu qadar ruhan ojiz holga tushib qolganligidan unga avval rosmanasiga achindim. Uni to'xtatib bo'lmasdi, xuddi avtomatdan chiqqan ketma-ket o'q kabi so'zlashida biron bir pauza ham bo'lmayapti. Qani, bu oxirigacha bir o'tirib tinglay-chi, uning asl murod-maqsadi nima ekan? Nega u uyga kirib kelib hali oyoqni cho'zishimga fursat ham bo'lmasdan qo'ng'iroq qilib birdaniga asabga tegishga urinayapti-chiranayapti. Insonning nafsoniyatiga, shaxsiga tegadigan darajada gapni u yoqdan bu yoqqa aylantirib, so'zlarni ayqash-uyqash qilib poyintar-soyintarchasiga kurakda turmaydigan so'kong'ichligini rosa namoyish etishga tushayapti.

Xullas, yaxshilab tinglab turib, qo'ng'iroq qilgan kimsaning hovliqmaligi va tuturuqsizligidan O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasi hamda xorij radiosida ham ishlab, o'zining xuddi shu xarakteri-xulqi bilan yaxshigina tanilib qolgan-Sharofiddin To'laganov ekanligini bildim. U hamon o'ta qo'pol so'zlarni ishlatishda davom etardi. Gapining bir joyida u menga “Sen radioning falon miqdordagi gonorarini eb yotibsan. Nega sen bunchalik katta summadagi maosh-gonorar olasan. Hammadan ko'p pul ishlayotgan ekansan”, – deya xunobi chiqib jig'ibiyron bo'lib bo'g'ila boshladi. Shu erga kelganda shartta uning so'zini bo'lib: ”Ey inson, men shuncha mablag'ni ishlamasdan o'ynab topayotgan ekanmanmi? Agar ba'zi birovlarga o'xshab mehnat qilmasdan, erkatoylik qilib “gonorar” olayotgan bo'lsam, uni ayting va bunga asos keltiring!”- dedim. Yo'q, harchand urinmayin, uni to'xtatib, unga bir gap uqtirib bo'lmasligini tushundim.

Siyosiy sharhlovchilikni o'ziga “titul” qilib olgan, aslini surishtirsangiz, ruschadan tarjimani ham durust eplay olmaydigan bir qo'rqoqsifat, noto'g'ri gapirib qo'ymadimmikin deb atrofidagi har narsadan hadiksirayverib alang-jalang bo'laveradigan bir nusxaligini jamoaga namoyish etib bo'lganlardan biri edi u. Shuningdek, haqiqiy “quloq”lardan biri ekanligi ham barchaga ayon edi. Qolaversa, u hech vaqt birovga nisbatan bexosdan, favqulodda shunchaki tashlanib qolishga jur'at etmasdi. Qachonki, “zakazchik”lari orqasida turganligini aniq-tiniq his qilmaguncha… Qolaversa, dabdurustdan ettita etti raqamli telefondan qo'ng'iroq qilishining o'ziyoq uning orqasida “maxsus” birisi turganligiga jiddiy ishora va dalil edi. Xuddi shu holatning o'zi u qaysidir kuchlar tomonidan yaxshigina boshqarilib, yo'naltirilib turilganligi va undan qurol sifatida foydalanilayotligining dalolati deyishga asos bo'lardi. Bundayin hatti-harakatlar bekordan-bekorga amalga oshirilmayotganligi aniq edi.

Sharofiddin To'laganovni bunday holatga tushirishlari uchun eng avvalo u edirilib, to'ydirib ichirilgani aniq. Aljirashi va “sher” bo'lib qolganligiga qaraganda, anchagina kayfi oshib qolgandi. Sababi, shaxsan o'zim uning quyonyurakligiga qaramay, biror kishiga “maxsus” hujum qilish kerak bo'lib qolganda, ba'zi “kurator”larini orqa qilib, ana shunday ichib, “sher” bo'lib olib hamla qilib qolishiga bir necha marotba guvoh bo'lganman.

U tomog'i yirtilgudek bo'lib kuyib-pishib, bunchalik vajohatga tushib o'kirishi bilan o'zining ma'naviy darajasi-yu, ichi qoraligi oshib-toshib ketganligini bilib-bilmay fosh etayotgan edi. Yo'qsa, qancha miqdorda maosh-gonorar olishimning unga nima qizig'i, qanday og'ir-engilligi bor?

Qiziq, bu toifadagilar o'z umring, hayotingni o'zing bilganingcha, tinch-sokingina – har kuni ishinga borib-kelib, peshona tering bilan topgan rizqingi bola-chaqang bilan baham ko'rib yashashinga ham qo'yishmaskan. Farzandlaringni bag'ringa bosib, oddiygina hayotingni huzur bilib yashasang-da, shu shirin hayotinga zahar-zaqqumini sochmasa turolmaydiganlarning holini ko'rib ham ajablanasan, ham achinasan. G'alati, sen birovlarga zararing tegmasdan, imkoni bo'lsa kimlargadir yordam qo'lingni cho'zib, dardiga malham bo'lish istagida to'g'ri yashashni o'zingga shior qilib olasan-u, buyoqda ba'zi birovlarning paytavasiga qurt tushib, o'z hayoti qolib, sening hayotingni, hatto qancha maosh olishingni ham tiyinigacha hisoblab, taftish qilib yuradi. Kecha-kunduz seni kuzatishda, ta'qib etishda davom etadi. Ajablanarlisi va achinarlisi shundaki, bunday yugurdak “sher”lar davlatning millionlab, milliardlab mablag'ini talon-taroj qilib eb yotgan, xalqning rizqini “tuya” qilib yotgan korchalonlarning mushugini “pisht” deyishga yuragi dov bermaydi-yu, ammo tanqidiy qarashlari uchun shu korchalonlarga yoqmay qolgan hamkasbining ko'z nurini to'kib topgan bir luqma halol oshini og'uga aylantirishni, qorong'i-xuftonda uyiga begona telefonlardan qo'ng'iroq qilib, o'kirishni, muttaham korchalonlarning kerak bo'lsa iti bo'lib akkillab berishni qoyillatadi. Mana, bizning “jamiyat rivojiga hissa qo'shayotgan” qanday “ziyoli”, qora parda orqasida turib qahramonlik ko'rsatadigan “sher” hamkasblarimiz bor?…

Qolaversa, kamina tikkagapligim, tanqidiy ko'z qarashim uchun o'zim qolib, oilamning ham ortidan son mingta ayg'oqchilar qo'yilganligini, mehnatimiz evaziga davlatdan oladigan har bir tiyinimiz tugul, bosayotgan har bir qadamimiz, og'zimizdan chiqayotgan har bir so'zimizni “kerakli joy”larga etkazib turishlarini, buni hech qachon unutmasligimiz lozimligini bir bosh muharrir xonim “maxsus” majlis o'tkazib, tahdidli ohanglar bilan e'lon qilib qo'ygan va: “Men shunaqangi shantaj xotinmanki, sovunimga kir yuvmabsizlar hali. Shuning uchun men bilan zinhor o'chakisha ko'rmanglar, mendan “katta”roqlar bilan esa mutlaqo! Aks holda holingizga maymunlar yig'laydi”, – deya o'z-o'ziga va “kurator”lariga ham ta'rif-tavsif berishni esdan chiqarmagan…

Demoqchi bo'lganim: Ming “ekonom” qilsak-da, oylikdan-oylikka zo'rg'a etadigan maosh va gonorarimizni hisoblab, bosgan qadamimizni kuzatib yuradiganlar keragidan ortiq edi. Ko'plab hamkasblarimiz qatori ertalab yo'llar tirbandligi bois o'n daqiqa ishga kech kelsak, maoshimizdan kesish chorasi ko'rilishidan darrov ogohlantirilardik, ammo ish soatidan ikki-uch soat kech qolib ishlashimizga to'g'ri kelib qolsa, bu mehnat hech bir hisobga olinmasdi, qo'shimcha haq to'lash haqida og'iz ochilmasdi. Shunday bir vaziyatda qanday qilib kamina radioning “gonorar”ini “eb” qo'yishim mumkin? Men va rafiqam uchun, har birimizning ortimizdan ikki-uch mingtadan “kuzatuvchi” qo'yishganini majlisda ochiqchasiga tahdid bilan qichqirib aytishgacha borgan O'zMTRKning “xo'ja” va “xo'jacha”lari qo'yib qo'yishardi-ya?…

Radioda o'z dastur loyiham – muallifligim asosida tayyorlanadigan eshittirishlar soni ko'p bo'lganligi uchun ham gonorar o'shanga yarasha edi. To'g'ri, bunga ko'pchilik havas bilan qarashlarini bilardim. Biroq, oladigan maoshim Sharofiddinga o'xshaganlarning hasadi-yu g'azabini bu qadar toshirib yuborishini xayolimga ham keltirmagan ekanman. Chunki, bundayin chirkinliklar haqida o'ylashga menda aslo fursat yo'q edi. Vaqtdan unumli foydalanish maqsadida montaj, studiya, matn yozish-eshittirishlarimga ulgurish uchun tushlik mahali ham ko'pincha oilam-umr yo'ldoshim bilan ish kabinetimda birgalikda ovqatlanardik.

Xullas, Sharofidinning telefonda o'ta mast holatda aljirayotganini bilgach, shu bilan adi-badi aytishib o'tiramanmi, deya suhbatni qisqa qilib aloqani uzib qo'ya qoldim. Ertasi kuni u bilan ishda gaplashish qaroriga keldim. Lekin u bilan gaplashish qaerda deysiz, shu ketishda radioda bir-ikki hafta qorasini ko'rsatmadi. Kelgan bo'lsa-da, hoyna-hoy yashirinib yurdi. Sababi bir necha marotaba uni o'sha ”Axborot” muharririyatiga borib so'rab surishtirdim, har doim “kelmagan” degan javobni olganman. Ikki haftadan so'ng bu voqeani butunlay unutib, odatdagiday ishga sho'ng'ib ketdim.

To'g'risi, o'z hamkasbimning bu qadar hasadga to'la tahdidona qo'ng'irog'i menga yana boshqa bir masala bilan bog'liq voqeani eslatdi va diqqatimni o'ziga tortdi. Negaki, shundan bir-ikki oy oldin mobil telefonimga “Men keldim, eshikni och! Ajaling…” deb yozilgan SMS kelgandi. Manzili noma'lum edi, faqat SMS oxirida internet deb yozilgandi, xolos. Buni ham ichimga yutdim. Xavotirlanmasin deya, bu haqda oilamdagilarga bir og'iz ham gapirmaganman.

Sharofiddinning buyurtma asosida birovlarga shantaj qilish “qobiliyat”i borligi va “quloq”ligini yuqorida aytgandim. Bir kuni u ishxonaning yonida o'zidan-o'zi meni qo'yarda-qo'ymay “Iltimos, bir daqiqaga buyoqqa yuring, “Bahor”restoranining yonida bir kishi meni kutib turibdi. U juda yaxshi inson, ikkalangizni bir-biringizga tanishtirib qo'yishim kerak. Ko'p vaqtingizni olmayman”, deb qoldi. Qani, muddaosi nima ekan buning dedim-da birgalikda bordim. Haqiqatdan ham restorandan sal yuqorida o'sha vaqtdagi “Buratino” oshxonasi tomonga yaqinroq joyda sochlari oppoq, ko'rinishidan kavkazliklarga o'xshab ketadigan birisi kutib turgan edi. Hali uning yoniga unchalik ham yaqinlashmasimizdan Sharofiddin menga: “Shu erda biroz kutib turing” dedi-da, kutib turgan odamning yoniga shosha-pisha ketdi. Men bu holdan hayron bo'ldim va birdan xayolimdan: “U oldin men haqimda bir nimalarnidir aytib bo'lib, keyin tanishtiradi, shekilli”, degan gap o'tdi. Agar shunday bo'lmaganda edi, u meni to'xtatib qo'yib, uning yoniga o'zi bu qadar yugurgilab ketmasdi. Shuning uchun ham bu o'rtada baribir biror gap borday tuyuldi. Xuddi shu holatdan mening allaqachon hafsalam pir bo'lib, tanishish ishtiyoqim ham so'nib bo'lgandi.

O'sha oqsoch odam bilan ikkalasi ancha vaqt gaplashib bo'lgach, Sharofiddin meni imlab uning yoniga chaqirdi. Bordim. Uni “Bu kishi Mixail Ardzinov bo'ladilar. Juda bir shinavanda, dilkash, dardkash ajoyib inson. Yaxshilab tanishib oling” dedi-yu, Sharofiddinning o'zi dumini tugib qochib qoldi. Men borib hali ko'rishib, salomlashib ulgurmasimdanoq bu oqsoch kishi mening u bilan u qadar ham tanishish ishtiyoqida emasligimni, hafsalam pir bo'lganligini yuz ifodamdan juda yaxshi anglab turgandek edi. Shu boisdan ikkimiz ham bir-birimizga faqat qo'l berishib, sovuqqina so'rashgandek bo'ldik, xolos va birdan bir-biridan ixlosi qaytgan odamdek u o'sha xiyobon tomonga, men esa teskari tomon – radio uyi tomonga yura boshladim. Hattoki, uning ismini ham so'ramadim, o'z ismimni ham aytmadim. Chunki, biz ko'rishdig-u, xayrlashmasdan zudlik bilan teskari tomonlarga qarab yurib ketdik.

Sharofiddin uyushtirgan o'sha uchrashuv shunday g'aroyib kutilmagan va ajabtovur bo'lib o'tgandi. Shunda o'zimcha: “Yurak “jiz” etmasa, istamasa baribir unga zo'rlab biror bir narsani tiqishtirib bo'lmaskan. Nimadir borki, nimalarnidir chuqur his etdi, chuqur sezdiki qalb shuning uchun ham uni qabul etishni istamadi. “Qalb amri” degan tushuncha shunchaki aytilmagan”, deya xayoldan o'tkazdim. Keyinchalik esa u er-bu erdan, xuddi o'sha Mixail Ardzinovning “Inson huquqlari himoyachisi” niqobi ostida MXXga josuslik qilishi haqidagi gaplarni eshitdim.

Nega bu notanish odam bilan meni tanishtirishga harakat qilinganligi, bunga qanday zarurat bo'lganligi hamda bundan qanday maqsad ko'zlanganligi hanuz sirligicha qoldi.

Bundan oldin ham radiodagi “Gestapochi”lar guruhiga mansub Sharofiddin To'laganov kaminani ne bir balolarga yo'liqtirishning juda ko'p usullarini qo'llab ko'rgandi. Agar ularning har biriga to'xtalaman desam, tom-tom kitob bo'lib ketadi. Avvalgi qator “taktik” urinishlardan biror bir natija chiqmagani uchun ham qo'l telefonimga noma'lum manzilli-internetdan kaminani qo'rqitishga mo'ljallangan SMS yuborib ko'rishdi. Qarashdiki, unga unchalik ham parvo qilmadim. Shundan so'ng Mixail Ardzinov degan “huquqbon” bilan bog'lab qo'ymoqchi bo'lishdi, bundan ham bir ish chiqmadi.

Ushbu guruhning bu kabi “taktika”lar orqali mendan biror “muttaham” yasab, xohlagan tomoniga bura oladigan odamga aylantirishni maqsad qilganligini ma'lum vaqt o'tgandan so'ng angladim. To'g'rirog'i, mamlakat tashqarisiga chiqib ketishga majbur bo'lganimdan keyingina voqealar rivojini yana boshqatdan boshdan oxirigacha tahlil qilib ko'rdim va amin bo'ldimki, barcha urinishlarning tadrijiy oqibati “boshqariladigan”lar safidan o'rin olishim bilan yakunlanishi lozim ekan. Behisob shukurlar bo'lsinki, meni o'shanday toifadagilarning qo'liga tushib qolishdan Ollohning o'zi asradi! Bu qadar xilma-xil fitnalar to'foni ichra oson yashadim deya olmayman. So'nggida hijratga yuz tutishga majbur bo'ldim. Ammo Haq va xalq oldida, oilam, farzandlarim oldida vijdonimni toza asrab qolish baxtiga musharraf bo'ldim. Aynan shuning uchun ham Tangriga takror-takror shukurlar bo'lsin!

29.11.2015 y.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar