O’zbekiston Xalq Harakati

Ko'ngli bo'linib o'lgan kishi qandog' bo'lur?

Ko'ngli bo'linib o'lgan kishi qandog' bo'lur?
02 Mayıs 2017 - 9:00 'da yuklandi va 1012 marta o'qildi.

Alixonto'ra Sog'uniy

TARIXI MUHAMMADIY — 161
(davomi)

TUJIB QABILASIDAN KELGAN ELChILAR

Tujib qabilasidan ersa, o'n uch kishi elchi bo'lib, Madinaga kelishdi. Zakotga chiqarishgan chorva mollarini birga haydab kelishgan edi. Bu qilgan ishlarini ko'rib, Rasululloh ulardan bek rozi bo'ldilar. Chunki bulardan boshqa hech bir qabiladan mundog' ish ko'rilmagan edi. Rasululloh bilan ko'rishib bo'lgach, alar:

— Yo Rasulalloh, chorva mollarimizdan Alloh buyurgan zakotlarimizni chiqazib sizga keltirdik, — deyishdi.

Anda Rasululloh:

— Ko'p yaxshi. Lekin har erdan olingan zakot mollarni shu erning chog'aylariga, kasb qilishdan ojiz qolgan muhtoj kishilarga berish kerakdir. Bir shahardan chiqqan zakotni, ikkinchi shaharga keltirib bermak loyiq emasdur. Bu mollarni o'z eringizga qaytarib borib, u erning faqir, miskin muhtojlariga beringizlar, — deb buyurdilar.

Anda:

— Yo Rasulalloh, o'z erimizdagi faqirlarimizni to'ydirdik. Alarni qanoatlantirib, ortiqchasini bu erda keltirdik, — dedilar.

Anda Rasululloh rozilik bildirib:

— Agar banda bir yaxshilik ish qilmoqchi bo'lsa, ul ishga chin ixlos, muhabbati bilan kirishmog'i lozimdur. Ul agar shunday qilur ekan, bilsinki, Allohdan unga tavfiq etmishdur. Bunday bo'lgach, Islomga uning ko'ngli ochilur, — dedilar.

Rasulullohdan bu so'zni eshitib, din ishlariga ko'ngillari yanada qizg'inlashdi. Qaytishga ko'p shoshilmay, Qur'ondan qiroat o'qishib, Islom hukmlaridan so'rashgani turdilar. Buni ko'rib, Rasululloh ulardan ko'p rozi bo'ldilar. Chunki bularning iymonlari yuzaki bo'lmay, ongli ravishda Islomga kirdilar. So'ngra o'z yurtlariga qaytmoqchi bo'lishib, Rasulullohdan ruxsat olgali kelishdi. Rasulullohning odatlari ersa, atrofdan kelgan elchilarga in'om qilmasdan qaytarmas edilar. Ul zot buyurdilarkim, bu qabila elchilariga boshqalardan ko'proq in'om berilsin. Alar sovrunlarini olib bo'lgach Rasululloh:

— Sizlardan hech kim qolmadimi? — deb so'radilar.

— Yo Rasulalloh, qo'sh poylab bir yosh bolamiz qoldi, — dedilar:

Anda ul zot:

— Ani kelturgaysiz, — deb buyurdilar.

Kelgandan so'ng ko'rdilar, bir yosh o'g'lon emishdir. Ul aytdi:

— Yo Rasulalloh, menim bu yo'ldoshlarimning barchalari o'z tilaklarini topdilar. Endi menim ham bir necha tilagim bordur.

Anda Rasululloh:

— Nima hojating bo'lsa aytgil, — dedilar.

Anda ul yosh bola:

— Birinchi, Alloh mening gunohlarimni kechgay. Ikkinchi, rahmatidan meni yiroq qilmagay. Uchinchi, ko'nglimga qanoat bergay, — dedi.

Rasululloh ham:

— Omin, shundog' bo'lsin, — deb duo qildilar. Yana unga ham hadya berdilar. Shu bilan ular ham o'z yurtlariga qaytishdi.

Shu yili Rasululloh hajga borganlarida, bu o'g'ilning yo'ldoshlarini ko'rib qolib, ul bolani so'radilar, ul ersa bu yili kelmagan edi. Ular aytdi:

— Yo Rasulalloh, bu erdan borgach, ul bolaning holi o'zgardi. Shunday qanoatli kishi bo'ldikim, agar dunyo xazinasi xalq ichida bo'linur bo'lsa, unga qarab qo'ymagay, — dedilar.

Anda Rasululloh:

— Andog' bo'lsa umid shuldurki, u kishining ajali etdi ersa, xotirjamlik bilan ko'ngli bo'linmasdan dunyodan ketgay, — dedilar.

Bir kishi turib:

— Yo Rasulalloh, ko'ngli bo'linib o'lgan kishi qandog' bo'lur? — dedi.

Rasululloh aytdilar:

— Inson ko'ngli dunyo ishlariga bog'lanib, oxirat ishlaridan parvosiz bo'lsa, g'aflat bosib, o'lim yodiga kelmagay. Mundog' odamlar ko'nglida Alloh muhabbati ham bo'lmag'ay. Agar shundog' odamga ajal etar ekan, dunyosining qaysi bir chuquriga yiqilib o'lsa Alloh ham, unga parvo qilmagay, — dedilar.

Rasulullohning bu so'zlari ersa, butun inson olami ichra ibratli so'zdir.

Rasululloh vafot topgandan keyin iymon, ko'ngillariga yaxshi o'rnashmagan arab qabilalaridan bir nechalari dindan qaytib murtad bo'ldilar.

Ana shu chog'da Islom dini haqida so'zga chiqib, Xudo va Rasulullohni yod qilib, o'z qavmiga shu o'g'il o'tkir bir va'z qildikim, shuning ta'siri bo'lib, ulardin hech kim dindan qaytmadi. Raziyallohu anhu.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar