O’zbekiston Xalq Harakati

Rossiya Turkiyaga nisbatan joriy etilgan cheklovlarni olib tashladi

Rossiya Turkiyaga nisbatan joriy etilgan cheklovlarni olib tashladi
04 Mayıs 2017 - 7:44 'da yuklandi va 1702 marta o'qildi.

Turkiya Rossiya harbiy uchog'ini urib tushirganidan keyin Turkiyaga nisbatan joriy etilgan deyarli barcha cheklovlar olib tashlandi, deb aytgan Prezident Vladimir Putin.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo'g'on va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 3 may kuni Qora dengiz sohilidagi Sochi shahrida muzokaralar o'tkazganlar.

Prezident Putin va Prezident Erdo'g'on matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob qaytarganlar.

“Siz bundan oldinroq cheklovlarni olib tashlash haqida qachon gapirishimiz mumkin degan savolni bergan edingiz. Bugun gapirishimiz mumkin”, deb aytgan Rossiya Prezidenti.

“Biz cheklovlarga bog'liq hamma muammolarni har taraflama hal etishga kelishib oldik”, degan janob Putin.

Moskva va Anqara o'rtasidagi munosabatlar 2015 yil noyabrida Suriya-Turkiya chegarasida Rossiya qiruvchi uchog'i urib tushirilgani sababli yomonlashgan edi.

Bu hodisani Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “orqaga urilgan pichoq” deb ta'riflagan edi.

2015 yil oxiridan Rossiya Turkiyaga nisbatan qator jazo choralarini joriy etdi.

Xususan, Turkiyada etishtirilgan meva-sabzavot, oziq-ovqat mahsulotlarini Rossiyaga olib kirish taqiqlandi.

Rossiyadan Turkiyaga samolyotlarning charter parvozlari bekor qilindi.

Turkiya fuqarolariga viza tartibi yana qaytadan joriy etilib, Turkiya sohillaridagi dam olish maskanlariga rossiyalik sayyohlarning borishlari taqiqlandi.

3 may kuni Prezident Putin Turkiya pomidorlarini Rossiyaga olib kirish taqiqi va Turkiya fuqarolariga viza talabi hozircha kuchda qolishini ma'lum qildi.

Bu cheklovlar qachon olib tashlanishini aytmagan Rossiya rahbari.

Prezident Putin aytishicha, rossiyalik dehqonlar Turkiya mahsulotlariga cheklovlar kiritilganidan keyin qishloq xo'jalik mahsulotlarini etishtirish uchun banklardan yirik kreditlar olganlar va hukumat o'z dehqonlarining kasodga uchrashini xohlamaydi.

“Mana endi biz aniqlik bilan Rossiya-Turkiya aloqalarini qayta tiklash davri tugagani haqida gapirishimiz mumkin. Biz normal sheriklik hamkorligiga qaytmoqdamiz”, degan janob Putin.

O'tgan yili Prezident Putin Rossiya hukumatiga Turkiya bilan munosabatlarni yaxshilash choralarini ko'rishga farmon bergan edi.

Sochidagi muzokaralar payti Turkiyada “Aqquyu”AESini barpo etish va Suriyadagi vaziyat ham muhokama etilgani xabar qilinmoqda.

Prezident Putin aytishicha, Rossiya AES qurilishiga 22 milliard dollar sarmoya kiritadi.

“Aqquyu” AESini 2017 yil yozida qurishni boshlash va ikki yil davomida foydalanishga topshirish rejalashtirilgani aytilmoqda.

Manba: Bi-bi-si O'zbek

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar