O’zbekiston Xalq Harakati

“Bir qavmning raisi, u qavmning xizmatchisi bo'lur”

“Bir qavmning raisi, u qavmning xizmatchisi bo'lur”
11 Mayıs 2017 - 9:00 'da yuklandi va 1532 marta o'qildi.

Alixonto'ra Sog'uniy

TARIXI MUHAMMADIY — 163
(davomi)

BANI SA'D ELChILARI

Bani Sa'd qabilasidan Nu'mon nomli bir kishi shundog' rivoyat qilurkim:

— Qabilamizdan bir necha kishilar bilan Rasulullohga elchi bo'lib keldik. U chog'da arab xalqi ikki sinf bo'lmish edilar. Bir qismi ersa o'z ixtiyoricha Islomga kirib, mol-jonlariga omon topmish edi. Islomni qabul qilmagan ikkinchi qismi qo'rqinch ostida qolmish edilar. O'z erimizdan chiqqanimizcha to'g'ri kelib, Madina shahri ichiga kirdik. Masjid eshigi oldiga kelganimizda qarasak, bir janoza hozir turmishdir. Rasululloh kelib janoza namozini masjidda o'qidilar. Biz ersak bir joyda bu namozga qatnashmay qarab turdik. So'ngra namozdan bo'shagach, bizga qaradilar. Bizni chaqirib:

— Qaysi qabiladan bo'lursiz? — deb so'radilar.

— Bani Sa'd Huzaymdan bo'lurmiz, musulmon erurmiz, — dedik.

— Andoq ersa, bu o'lgan birodaringiz janozasiga nechuk qo'shilmadingiz? — dedilar.

Anda biz aytdik:

— Yo Rasulalloh, sizga bay'at bermasdan ilgari mundog' ishlar joiz bo'lmagay, deb o'yladik.

Rasululloh aytdilar:

— Qaysi joyda iymon keltirur ersangiz, to'liq musulmon bo'lursiz. Butun Islom hukmi sizga lozim bo'lg'ay.

So'ngra barchamiz qo'llarini tutib, bay'at topshirdik va qaytib o'z o'rnimizga keldik. Ichimizda eng kichik yosh bir kishimizni qo'shxonamizga qo'yib ketgan edik, xiyol o'tmay ortimizdan odam yuborib, Rasululloh bizni qaytarib keltirdilar. Bu yosh kishimiz ilgarilab kelib, Rasulullohga bay'at berdi. Biz ani taqdim qilib:

— Yo Rasulalloh, bu kishi ichimizdagi eng kichigimiz va xizmatchimizdur, — dedik.

Anda Rasululloh:

— Sayyidilqavmi xodimuhum, ya'ni bir qavmning raisi, u qavmning xizmatchisi bo'lur. Alloh unga barakot bersin, — deb duo qildilar.

Shu onda duolari qabul bo'lib, barimizdan Qur'onni yaxshi o'qidi. Unga kun sayin qilgan ishlari barakotlik bo'ldi. Muni ko'rib, Rasululloh uni namozda bizga imom qildilar. Yosh bo'lsa ham aqli va axloqi ortiq bo'lganlikdan qabilamiz ustiga uni amir qo'ydilar. So'ngra har qaysilarimiz bir necha uqiya kumushdan hadyalar olib, o'z yurtimizga qaytdik.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar