O’zbekiston Xalq Harakati

Zo'ravonlik rag'batchisi

Zo'ravonlik rag'batchisi
13 Mayıs 2017 - 6:00 'da yuklandi va 1320 marta o'qildi.

(Bryussel' anjumanidagi nutq)

1990 yillarning boshida O'zbekistonda, siyosiy partiyalar bilan bir qatorda, diniy guruhlar ham tashkilotlana boshladilar. Bu guruhlarning aksariyati yosh avlodni iymonli tarbiyalash g'oyasi bilan o'rtaga chiqqandilar. Bu guruhlarning niyatlari xolis va eng ichida zo'ravonlik toshini yashirmagan edilar.

Masalan, Abdulla O'taev degan kishining tuzgan “Uyg'onish firqasi” mamlakatdagi mavjud siyosiy elpozaga (spektrga) bemalol integratsiya bo'lishi mumkin edi.

To'g'ri, o'z hatti-harakatlarida radikalizm ammoralarini tashigan marginal, norasida guruhlar xam yo'q emasdi. Masalan, “Tavba” deb nomlangan guruh shundaylardan bittasi edi. Keyinchalik bu guruhdan “O'zbekiston islomiy xarakati” degan tashkilot o'sib chiqdi. Ammo o'sha paytlarda bu guruhlarni xam aqlli bir siyosat bilan mavjud qonunlar romi ichiga tortish mumkin edi. Afsuski, bunday bo'lmadi. Bu guruhlar Konstitutsion maydondan surib chiqarilib, o'gay farzand maqomiga indirildilar, bu esa ularni rejimning ashaddiy dushmanlariga aylantirdi.

Albatta, bu fenomenning debochasi bor. Gap shundaki, kommunizmning yiqilishidan so'ngra, AQSh va G'arb davlatlarining yangi dushmani “islom fundamentalizmi” e'lon qilindi, bu esa bizning yangi paydo bo'lgan O'rta Osiyolik diktatorlarimizga ayni muddao bo'ldi.

Ular bu kon'yunkturadan erksevar muxolifat va mo''tadil dindorlarni yo'q qilish uchun intensiv shaklda foydalana boshladilar.

Diktatorlar ichidagi eng ashaddiysi, O'zbekiston xukmdori Islom Karimov o'z ajdodlari kommunistlarga o'xshab, o'ziga muxolifat qilgan xar kimga qarshi “qizil terror” boshlab yubordi. Bu “qizil terror” bora-bora radikalizm buqasini gij-gijlovchi qizil lattaga aylandi.

Karimov bu xavfli o'yinni 20 yil davomida o'ynayotgan taxlikali bir qimorbozdir.

O'tgan asrning oxirlarida Karimov AQSh prezidenti Bush idorasini o'zining Janubdan kelayotgan “islom ekstremizmi” ga qarshi bir qalqon ekanligiga ishontirdi.

Endi u Barak Obama idorasi bilan faol muloqotga o'tdi, ko'rinib turibdi-ki, uning mudxish maqomi yana saqlanib qolinadi.

Bu orada “islom esktremizm” sindromi Markaziy Osiyo o'lkalarida shu qadar chuqurlashdi-ki, butun o'zbek muxolifati shubxa va gumon ostida qoldi.

Biz insonlarning bu mudhish sindromdan qutilishlari uchun nimadir qilmog'imiz kerak edi. Shu azm va qaror bilan biz “13 may Ittifoqi”ni tuzdik. Bu Ittifoqqa O'zbekiston xukumati jon jaxdi bilan “diniy radikallar” qilib ko'rsatishga intilayotgan guruhlarni kiritdik.

Mana, ular biz bilan yonma-yon o'tirishibdi va biz bilan bir hur inson o'laroq, demokratik bir lisonda suhbatlashmoqdalar. Ular “Jaslik” kampida xam o'tirishgan bo'lardilar va Karimov nazoratchilarining, konvoylarining gapirgan tilida, zo'ravonlik tilida xam gapirishgan bo'lardilar.

Demak, integratsiya mumkin ekan, demak, insonlar hammasi hur tug'ilar ekan, demokrat yoki terrorist bo'lib tug'ilmas ekanlar. Siz insonlarning so'zini erkin so'ylash irodasini poymol qilmasangiz bo'ldi. Ularni sizning zulmingizdan ximoyalanishga majbur qilmasangiz bo'ldi, himoyalanish uchun qo'liga qurol olishga majbur qilmasangiz etar.

Inson haqlari Deklaratsiyasida shunday satrlar bor: “Inson haqlari shuning uchun ham Qonun hukmi bilan himoya qilinishi kerak-ki, toki inson zulm va istibdodga qarshi so'nggi chora sifatida qo'zg'olonga bosh urmasin.” (1948 yil 10 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tarafidan qabul qilingan “Inson haqlarining Umum deklaratsiyasi”) O'zbekistondagi ijtimoiy siyosiy vaziyat Shunchalik yomonlashganki, odamlar mavjud rejimga qarshi qo'liga qurol olish darajasiga kelganlar. Bu odamlar diniy ekstremistlar emas, muxolifatchi ham emaslar, oddiy ish odamlari, biznesmenlar, o'qituvchilar va ishchilar, hatto jurnalistlardir, deydi tadqiqotchi.

Bu erda Ovrupo Ittifoqi xo'jako'rsinga qilingan ramziy sanktsiyalarini O'zbekistondan olib tashlaylikmi, yo'qmi, deya munoqasha qilarkan, u erda Karimov o'zining qiynoq mashinasining tezligini surunkali ravishda oshirmoqda va bu bilan jamiyatimizda radikalizmni kuchaytirmoqda.

Bugun Karimov boshqarayotgan o'lkaning prokurorlari insonlarni ularning aybiga qarab emas, yuqoridan olgan planga qarab kupaytirmoqdalar. Ular “bu oy ichida 15 kishi muxolifatdan, 15 kishi dindorlardan qamashimiz buyurildi”, deb, buyruqni so'zsiz bajarayaptilar.

Bugun rejim jallodlari insonlarni 5 yil avvalgiga qaraganda ancha zamonaviy uslublar bilan qiynamoqdalar va o'ldirmoqdalar.

Jamiyatimizda borgan sari kuchlanayotgan radikalizmning siyosiy sabablari bilan bir qatorda iqtisodiy sabablari ham bor, albatta.

Masalan, Karimov bir yarim oy avval imi-jimida bir ish qildi, u fermerlarga o'z mahsulotlarini tashqariga chiqib sotishni konun yo'li bilan ta'qiqladi.

Bu shundoq xam barbod bo'lgan o'rta va kichik biznesga yana bir zarba demakdir. Endi xech kim qonuniy yo'l bilan meva, sabzovot va boshqa bog'cha mahsulotlarini sota olmaydi.

Bu xolat huquq organlari, bojxona xodimlarining noqonuniy boyishiga, kontrabandaga yo'l ochib beradi. Ammo hukumat bu olingan “tadbir”ni ichki bozordagi bahoning ko'tarilib ketmasligi uchun va xazinani to'ldirish uchun qilingan zaruriy qadam deb izohlaydi. Lekin asl sabab boshqa erda. Asl sabab – rejim insonlarning o'z mahsulatlarini istagan bozorida, istagan narxiga sotib, boyib ketishidan va hukumatdan mustaqil bir ijtimoiy qatlamga aylanishidan qo'rqadi.

Lekin hukumat bu “tadbir”dan alamzada bo'lgan insonlarning g'azabi ularni radikal xarakatlarga sudrashi ehtimolini idrok qilishdan ojizdir. Avval G'arb davlatlari O'zbekistonda yuritilayotgan zo'ravonlik siyosatiga, davlat terroriga nisbatan juda hassos munosabatda bo'lardilar. Endi ular o'zbek diktatorining qilg'iliqlariga ko'nikdi shekilli, avvalgi pozitsiyalaridan chekinib, uning jinoyatlarini ko'rmaslikka olaboshladilar.

Bugun 2009 yilda Ovrupa Birligi “musbat o'zgarishlar bor” deb, O'zbekistonga sanktsiyalarini bekor qilayotgan kunda, u erda siyosiy va diniy mahbuslar soni Ovrupa Ittifoqi o'z sanktsiyalarini joriy qilgan 2005 yildagiga ko'ra ikka marta ko'paygan.

O'zbekiston Ovrupa Ittifoqining sanktsiyalaridagi hech bir talabni bajarmadi. Bu ham etmaganiday, O'zbekiston tashki ishlar ministri Norov Bryussellda Xaver Solana bilan achomlashar ekan, uning qulog'iga “G'arb bizning kelajagi buyuk davlatimizning ichki ishlariga aralashmasin”, deb shivirlab qo'ydi.

Albatta, ministrning bu taxdidi nonko'rlikdan boshqa narsa emas.

Nega?

Karimov rejimi Birmadagi siyosiy rejim kabi mustabid, ammo Evropa Ittifoqining O'zbekistonga uyg'ulagan sanktsiyalar Birmaga qarshi joriy qilingan sanktsiyalarning o'ndan bittasi ham emas.

Aksincha, G'arb uzoq yillardan beri O'zbekistondagi mustabid tuzumga “islomiy ekstremizmga qarshi kurash” bahonasida moddiy va ma'naviy yordam berib kelmoqda. G'arb toki Karimov rejimi yashar ekan, bu mintaqadan ekstremiz aslo arimasligini anglashni istmaydi.

Ekstremizmning asosiy ta'minotchisi Karimovning o'zidir. Ekstremiz unga Ovrupo Xavfsizlik va Xamkorlik Tashkilotini, Ovrupo Ittifoqini va Amerikani qo'rqitish uchun kerak. Bu fojeaning yarmi, uning qolgan yarmi O'zbekistonga qo'shni jumxuriyatlarda yotibdi. Garchand O'zbekistonga qo'shni davlatlarning liderlari Karimovni jinidan battar yomon ko'rsalar-da, uning davlatni boshqarish uslubidan foydalanishdan hech jirkanmaydilar.

Ularning nazdida o'zbek diktatorining sistemali ravishda xalq tonobini tortib qo'yish usubi o'zini oqlagan uslub sifatida qabul ko'rdi.

Matbuotda yozilishicha, yaqinda Qozog'istonda Qur'on suralarini “ekstremistik adabiyot” qatoriga qo'shganlar. Astana shaxrining maxkamasi Qur'onning ba'zi suralarini guyo ularning vahhoboylik nazariyasini tashiganlari uchun ta'qiqlagan emish.

Bu mahkama hokimlari o'zlarining nima qilayotganini bilmaydigan joxillardir. Chunki ular bunday hukmlar bilan o'sha radikalizmni kuchaytirishga erishadilar xolos. Ya'ni Astana xuddi Toshkentga taqlid qilib shunday hukm chiqarmoqda, buning boshqa izohi bo'lishi mumkin emas.

Mintaqamizdagi Vaziyat tarangligining ikkinchi vektori bu energoresurs va suv muammolariga borib taqalmoqda. Bu muammolar mintaqa xalqlari o'rtasidagi aloqalarning taranglashuviga doim turtki berib turadigan omillardir.

Bu masalalarning yillardan beri xal qilinmayoganidan Markaziy Osiyo davlatlarining avtoritar idoralari, ayniqsa o'zbek hukumati, shaxsan Karimovning mintaqa siyosati mas'uldir. Karimov mintaqadagi istiqrorsizlikning bosh manbaidir. Qo'shni davlatlar bilan dushmanlik siyosatining me'mori aynan shu odamdir. Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini tikanli sim bilan o'rash tashabbusining boshida ham shu zot turadi.

U mintaqa liderlari sammitlarida boshqa rahbarlar bilan urishish va xalqlarimiz orasiga nifoq solish uchun mutlaqo bir bahona topadi.

Shunday ekan, jamiyatimizdagi radikalizatsiya muammosini uni keltirib chiqargan sabablar bartaraf qilinmasdan turib echish mumkin emas.

Demak, bu bo'xrondan bizni faqat siyosiy va iqtisodiy islohotlargina olib chiqish mumkin.Shunday tubdan islohotlarga bugungi hukumat hozirmi?

Men shasxsan uning hozirligiga va qachondir hozir bo'lishiga ishonmayman.

Bu vaziyatda biz, O'zbekistonga o'zgarishlar tarafdorlari bo'lgan kishilar nima qilishimz kerak?

Birinchidan, biz avval Karimov rejimini butun dunyo xuddi o'zbek xalqi ko'rganday yomon ko'radi, degan xayolparastlikdan qutilishimiz kerak.

Ikkinchidan, Karimov rejimining Markaziy Osiyo mintaqasini istiqrorsizlantiradigan asosiy faktorlardan ekanini dunyo afkor ommasiga sodda qilib anglatishimiz kerak. Va bu rejimdan qutilish faqat O'zbekiston uchun emas, butun mintaqa uchun xam buyuk qutilish bo'lajagiga dunyo jamoatchiligini ishontirishimiz lozim.

Uchinchidan, biz bugungacha olib borgan kurash uslubimizning (piketlar, shikoyat xatlari, monitoringlar va hakozo) effektivligi biz kutgandan ancha past bo'lganligini tan olib, ish uslubimizni o'zgartirishimiz, yangi strategiya qabul qilishimiz zarur. Ideallarimiz uchun effektiv kurash uslubini tanlagandan so'ng, harakatimiz jabhasini yurt ichiga ko'chirish, butun imkoniyatlarimizni yurt ichidagi kurashga safarbar etmog'imiz lozim.

Ilk qiladigan ishimiz rejimning informatsiyani o'tkazmaslik uchun tiklagan devorini teshib, xalqimizga o'zimizni yangidan tanitish va o'lkamiz kelajagi uchun nimalar qilishga tayyor ekanligimizni, rejalarimizni etkazish bo'lishi kerak.

Toki bu rejim hokimiyatda ekan, xalqimizni hech bir saylovda qatnashmaslikka da'vat etmaslikka chaqirishimiz lozim. Muxolifat nomidan saylovda qatnashish kerak, deya rejim tegirmoniga suv quyayotgan munofiqlardan uzoq turish lozim. Biz uchun xalq qatnashmaydigan har qanday saylov harom sanalishi kerak.

Bizning «13 may Ittifoqi» o'z saflariga terrorni la'natlagan, mamlakatimizning tinch yo'l bilan taraqqiy qilishini shior qilgan diniy jamiyatlarni ham ilova qildi. Chunki biz mo''tadil qarashdagi diniy tashkilotlarni umumdemokratik jarayonga integratsiya qilmasdan turib, o'lkada haqiqiy tinchlik va istiqrorning o'rnatilishi mahol deb bilamiz.

Shu kontekstda aytishimiz mumkin, biz bu erga 20 yil davomida dunyoni laqillatib kelayotgan Karimovning “islom fundamentalizmi” shiorining safsata ekanini isbot qilish uchun bu erga to'plandik.

Biz bu erga o'zbek jamiyatidagi radikalizm sabablarini islom dinidan emas, siyosiy rejimning totalitar mohiyatidan axtarmoq lozim, deyish uchun keldik. “13 may Ittifoqi» o'z mavjudiyati bilan bu aksilinsoniy rejimga qarshi turli zehniyatdagi guruhlar birlashishi mumkinligini ko'rsatmoqda.

Etarki, bu guruhlar ozodlik, adolat tarafdori bo'lsinlar, terror va zo'ravonlikka qarshi bo'lsinlar. Shu ma'noda, biz bu erga qolgan guruhlarni ham, butun erksevar insonlarni bir bayroq ostiga to'planib, rejimga qarshi kurashga chorlash uchun to'plandik.

Men, avvalambor, o'zbek davlati terroridan azob chekkan va chekayotgan yuzminglab insonlarimizga saslanmokchiman: Sabr yaxshi narsa, ammo bu sabringiz bilan faxrlanmang. Bu ahvolingiz tobora zolimga qullikni qabul qilishga o'xshab bormoqda. Boshingizni ko'taring, tiz cho'kkan joyingizdan turing, oyoqqa qalqing. Ishingizni, uyingizni yo'qotishdan qo'rqmang, chunki bu insoniy sharafni yo'qotishdan ham qo'rqinchli emasdir. Men 20 yildan beri rejim jallodlarining muxolifat va dindorlarni kanday yo'q qilayotganiga jim qarab turgan millionlarga murojaat qilmoqchiman: Yaqinda, juda yaqinda siz uchun Uyat Tongi otajak. Bu oydinlikda siz zulm oldidagi sukunatingizning qonli rejim bilan murosa ekanligini ko'rajaksiz.

Sizlar bu qo'rqinchli Tong otishidan oldinrok uyg'oning, o'zingizga keling.

Men jinoyatkor rejim dasturxoni atrofida uymalashayotgan bir hovuch ozchilikka murojaat qilaman: Ey, bechoralar, bu zulm kemasidan tezroq qoching, tavba qiling va o'z xalqingizning poyiga yiqiling, balki sizlarning xiyonatingizni avf etar.

Nihoyat, 20 yildan beri muxolifatning birlashuvi haqida sayrab, birlashuv boshlanganda, unga to'siq qo'yish uchun ming bahona uydirayotgan munofiqlarga saslanaman: Ey, ahli nifoq, sizlarning zotingizni Badrdan, Uhuddan, Xaybardan, Xudaybiyyadan beri bilamiz. Siz Oliy Adolatga inonganlarni o'sha paytlarda yo'ldan ozdira olmagandingizlar, bugun ham inshoAlloh yo'ldan ozdira olmaysizlar. Biz bu yo'lda manzilga etamiz inshoAlloh, O'zi bizga madadkor bo'lsa, bas.

29.10.2009

(141)
Muhammad Solihning 2013 yilda Istanbulda chop etilgan “Turkiston shuuri” kitobidan. (456-463-sahifalar.)

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar