O’zbekiston Xalq Harakati

Yigirma birinchi asr ovqat texnologiyalari asri

Yigirma birinchi asr ovqat texnologiyalari asri
13 Mayıs 2017 - 18:30 'da yuklandi va 1519 marta o'qildi.

Bizni yurtimizni ko'ra olmaydigan noshukurlar: «keyingi 25 yilda nima o'zgarish bo'ldi?! O'zbeklar biror narsa ixtiro qildimi? Butun dunyo rivojlandi lekin bizni yurtda hech qanday o'zgarish bo'lmadi», deyishadi.

Xolis yondashish yo'q! Nima emish, Yaponiya texnikada aql bovar qilmas yangiliklar qildi, 850 km tezlikda yuradigan poezd ishga tushdi. Shunday robotlar yaratdiki guruchdan o'sha mashhur sushisini robotlar tayyorlayapti. Nima qilipti endi shunga?

Bizda mustaqillikdan oldin o'sha guruchdan tayyorlanadigan oshimiz bir xil bo'lar edi, sariq yoki qizil sabzidan, tepasida ikki bo'lak go'shti bor oddiy osh, eslasalaring kerak-a? Xozirchi? Oshni o'zini yuz xildan oshiq turi bor, masalan: pistali osh, qazilik osh, qiymalik, kavataklik, bedanali va bedanatuxumli, oddiy sabzini sarig'i ham qizili ham qo'shiladigan osh.

Koreyslarni maqtashadi avtomobil'sozlik, mobil telefonlar va hokazo. Baliqchilikda etakchi o'rinda ekan. Ha uni ovlagan bilan ish bitadimi? Shuncha baliq ovlagani bilan bitta shu «xe» qilib eyishni biladi holos. Uni bizga ber, ming bir hil qilib pishirib eymiz.

Yoki dunyoga dong'i ketgan Amerikani olaylik. Neft' sohasida, qurol aslaxada, avtomobil'sozlikda erishayotgan yutuqlarini gapiradi… Bundan 25 yil avval Amerikani kinolarida professorlarini ko'rsatar edi, stolni ustida bir dunyo kitob, kitobdan ko'zini uzmasdan vaqtini qizg'onib “xot dog” zakaz qilsa, oddiy bulochkani orasiga bitta sosiskani tiqib, kur'er olib kelib berardi. Hozirgi kinolarida ham shu ahvol, hali ham stolni ustidagi kitobdan ko'zini uzmasdan o'sha “xot dog” eb o'tiradi.

Bizdachi: “Bitta “hot dog” bervoring” desangiz, “qanaqasidan? oddiymi? dvoynoymi? syrlimi? chips solaymi? go'shtligidanmi? Obi nonga tayyorlab beraymi yoki bulochkagami?”, degan savolni beradi.

Xo'randaham chakana emas: “dvoynoyiga, chips bilan syr qo'yib, ozgina go'shtdan ham sovoring”, ko'rdingizmi? “srazu” yangi ixtiro! Oshpaz hayron: “ie, bu qanaqasi bo'ldi endi?” desa, «miks», deb qo'ying deydi. Oshpaz ham xursand. 25 yil oldin kaboblar ikki hil bo'lardi: “kuskovoy” yoki qiymali! Bo'ldi, boshqachasini hech kim ko'rmagan ham eshitmagan ham. Hozirchi? O'rama, burama, burda, cho'pkabob, jigar, tovuq xullas ming hil, ko'ryapsizlarmi u xalqlar eshakdek ishlab eb turgan narsasini, bizda ishlamasdan turib shohona dasturxon. Mana buni rivojlanish deydi, birodar! Yigirma birinchi asr texnika asri emas, aksincha, yigirma birinchi asr ovqat texnologiyalari asri.

Marosimlarimizda avval ikki hil taom tortilgan. Biri suyuq, biri quyuq. Tamom! Hozir esa salat bilan boshlanadi. Uyog'i ketdi… Somsa, suyuq, norin, qazi-qarta, tovuq, baliq, kabob ikki xilidan… So'nggisi desert bilan tugaydi. Eng qizig'i esa hammasini eb yuboramiz.

Ancha oldin eshitgan edim. Hattoki 1 kilosi yuz dollardan osh bor ekan. Amerikada minimal oylik qanchaligini bilmaymanu lekin bizda yigirma dollarga etib bormaydi. Shu darajada ovqatga mehr qo'ydikki, eng kam ish xaqqi oladigan insonni besh oyda oladigan pulini bir o'tirishda eb yuboryapmiz! Eng maqtanadigan narsamiz eb turgan ovqatimiz, ijtimoiy tarmoqda ham boshqa millat vakillarini juda kamdan kam eb turgan taomini rasmga olib qo'yganini ko'ramiz, bizdachi? Har uchinchi odam qandaydir milliy taomimizni rasmini ko'z-ko'z qiladi. Yoki, o'zgalarda ko'rganmisizlar, “tog'ora.ru”, “shashlik.ru”,“tort.ru”, “svadebnyy plov” degan saytlarni?

Dardimiz ovqat, «sichqon sig'mas uyiga, g'alvir bog'lar dumiga».

“Topganimiz to'ylarga buyursin, dasturxonimiz to'kin-sochin bo'lsin”, degan ota-bobolarimizni duosi ijobat bo'ldi. Topganimiz to'ylarimizdan ortmayapti. Dasturxonimizga arang etyapti. Etmaganiga qarz ham olyapmiz.

“Kuningdan bir kuning qolsa ham osh e, pulingdan bir puling qolsa ham osh e” maqollarimiz ham o'zimizga yarashgan. Odam tug'ilganda ham, o'lganda ham osh qilamiz. Yig'ilsak osh atrofida yig'ilamiz.

Faqat eyish-ichishni, qorinni o'ylaydigan odam qo'rqoq bo'ladi! Ertaga boshiga bir ish tushib hijrat qilishi kerak bo'lib qolsa, yoki qamalib qolsa, qochqinda qiyinchilik ayriliqda yurishdan, yoki qamoqda kaltaklanib kamsitilishdan emas, qorni och qolib ketishidan tashvish qiladi xolos.

Ochofat odam to'kin dasturxonni ustida balandparvoz gaplarni gapiradi: «bitta mayizni qirq kishi bo'lishib eymiz» degandek. Yo'qchilikda qolsa qirq kg mayizni birovga bergisi kelmaydigan bo'lib qoladi.

Oshqozon har doim to'la bo'lsa miya yaxshi ishlamaydi, ovqatdan boshqa sohalarda ham ixtiro qilishga bel bog'lamasak, farzandlarimizga ilm uchun sharoit yaratib bermasak yuz yildan keyin ham, Olimlarimiz boshqa yurt olimlarini ixtirosini tahlil qilib, qandaydir «banket» uyushtirgan, eng ilg'or bo'lgan yoshlarimiz ko'rik tanlovda, aksariyat xalq to'rtta bokschimizni olgan medalini osh qilib nishonlab, mayda narsalarni atrofida o'ralashib yurgan bo'lamiz.

Qaysi qavm o'zini o'zgartirmaguncha Alloh ularni o'zgartirmaydi! Oshqozon bilan emas kalla bilan o'ylamagunimizcha jamiyatda bir katta o'zgarish bo'lishidan umid qilmaganimiz ma'qul.

Biz “ovqat egin”, degan emas “ilm olgin”, degan payg'ambar ummatimasmidik?

Biz qorniga tosh boylab yurgan rasul ummatimasmidik?

Qachon ovqatdan boshqa sohada yangilik ihtiro qilamiz?

Biz “chinga borib bo'lsa ham ovqat eb kelgin”, degan emas, “chinga borib bo'lsa ham ilm olgin”, degan payg'ambar ummatimasmidik?

Dunyo lazzatlariga qanday erishishni emas, jannat lazzatlariga etishish yo'lini chizib bergan payg'ambar, bizni payg'ambar emasmidi?

Hazrat Buxoriy egan taomlari bilan emas, olgan ilmlari bilan bizni dunyoga buxoriylar deb tanitmaganmidi?

Yoki Termiziy bobomiz Termizni pishgan go'shtlari bilan emas, hadis ilmi bilan bizni mag'rurlanishimizga sabab bo'lmaganmidi?

Yoki sahobiylar: “falon sahobani uyida o'n besh hil taom edik”, deb yozib ketishganmidi?

Qachon ovqatdan boshqa sohada ham yangilik ixtiro qilamiz? Qachonki Xalqaro musobaqalarda osh qilishdan emas, Matematika, fizika, ximiya va boshqa ilm-fan musobaqalaridan yuqori o'rinlarni olsak.

P.s Kamroq ovqat esangiz sog'lom yurasiz, engil harakat qilasiz. Birorta ixtiro qilmagan taqdirizda ham hech bo'lmaganda tobutingizni ko'targanlarga malol kelmaysiz.

Sayyid Islom

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar