O’zbekiston Xalq Harakati

Qo'lida qalami va bir parcha qog'ozi bor kishining har qanday joyda yozish imkoni bor

Qo'lida qalami va bir parcha qog'ozi bor kishining har qanday joyda yozish imkoni bor
14 Mayıs 2017 - 6:00 'da yuklandi va 1133 marta o'qildi.

Bi-bi-si: Muhojirotda ijodkor bo'lishning o'ziga xosliklari nimada? Gashti, mashaqqati nazarda tutilganda…

Muhammad Solih: Bu savollarga javob berarkan, shoir roliga kirishga to'g'ri keladi. Va bu jarayonda qator nokamtarliklar yuz berishi muqarrar. Buning uchun oldindan uzr so'rab qo'ymoqchiman. Chunki shoirlik – maqtanchoqlikka mahkumlikdir. Ixtiyori o'zida bo'lmagan maqtanchoqlikka mahkumlik. Ashyoning tabiati shunaqa. Shoir zoti she'r haqida gapirarkan, tinmay “men” deb gapirishga majbur. Shu bois, hatto u kamtarlik qilsa ham “qara, men qanday kamtarin-oliyjanobman!”, deganday tuyulaveradi.

Bevosita savolingizga kelsak: “Muhojiratning o'ziga xosliklari” muhojir tug'ilgan yurt va muhojir yozgan kitoblarning o'quvchisi bo'lgan jamoaning jug'rofiy jihatdan uzoqligidir. Ammo bu “o'ziga xosliklar” ham muayyan vaqtdan so'ngra o'z originalligini yo'qotadi. Yozadigan odam xorijda ham Vatanida kabi yozaveradi. Qaerda yaxshi yozish odamning tabiatiga bog'liq.

Bi-bi-si: Muhojiratdagi ijodingizni sermahsul deb ayta olasizmi? O'zbekistondagi potentsialingiz darajasida ijod qila olayapsizmi?

Muhammad Solih: Hech “sermahsul” bo'lolmadim. Epik janrlarda yozish “potentsiali”ga sohib emasdim. Shu satrlarda buning iqrori bor:

Xatim qisqa bo'ldi, ona,
sening uyqung kabi qisqa.
Tabiat seni uyqudan, ona,
meni esa so'zdan qisgan…
(1975)

Miniatyura ustasi rassom Chingiz Axmar dorilomon 70-yillarning ustaxonasida biz yoshlarni mehmon qilarkan, “Muhammad Solih, siz badavlat odam ko'rinasiz,” degandi. “Nega?” desam, rahmatlik Chingiz og'a “Chunki she'rni juda qisqa yozasiz,” deb javob bergandi. Uning ishora qilgani aslida SSSRdagi nashr siyosati edi. Shoirlarning yozgan har satr “nazmi” uchun – shoirning vazniga qarab – 60 kopeekdan 1 rubl' 40 kopeykkacha gonorar to'lanardi. Satriga 1 rubl' 40 kopeyk xalq shoirlariga, 60 kopeyk esa bizga o'xshaganlarga to'lanardi. (Chingiz Axmar Sovet davlatining mukofotlarini olganiga qaramay, ruhida ziyoliga xos bir dissidentlik – tuzumga begonalik, hurriyatga tashnalik bor edi. Shu sabab , balki, yoshlarni tez-tez ustaxonasiga chaqirib, she'r haqida suhbatlashar, ularning ko'nglini olishga intilardi).

Xullas, bugun yosh oltmishdan o'tdi, butun she'rlarimning to'plangan holi 10 ming satrdan oshmaydi. Bu hajmni normal o'zbek shoiri ikki yilda yozib tashlaydi. Ammo, Xudoga shukr, menda mahsuldorlik kompleksi bo'lmagan. Doim qismatimdn rozi yashadim. Adabiyot ikkinchi planga o'tib, Payg'ambarimizning hadislari bilan tanishganimda esa, meni qisqa yozdirgan Yaratganga shukrim yanada ortdi. Payg'ambarimiz hadislarida men g'ofilga so'zning naqadar buyuk qurol ekanligini ko'rsatdi. Uchta so'zdan hikmat tug'ilishini namoyish etdi. Masalan:”Insonlar o'lganda uyg'onurlar”. Bu hadisning, bu 3 ta so'zning tafsiri – daryodir. Xo'p, bundan muxtasarroq,masalan, ikki so'z bilan hikmat aytish mumkinmi? Mumkin, agar bu ikki so'zni yana Payg'ambar aytsa. Masalan: “Tabassum sadaqadir”.

Men she'rlarimning so'nggi nashrini “Valfajr” nomi ostida to'plagandim. Ulardan anchasini kitobga kiritmadim va ancha engil tortdim.

Har bir she'r yozuvchisining bir professional qo'rquvi bor. Kaminada chiroyli gapirib qo'yish qo'rqusi edi. U meni ko'p ta'qib etdi:

“Men so'zlarni zo'rg'a engib yashayman.
Ishim shunday – so'zlarni engmoq.
Qorni to'q, boshi bo'sh,meshchan so'zlarni.
Agar sen ham engmoqchi bo'lsang,
Ularni aytma bir ilojin topib.
Lazzatlana bil,
Aytmay, chidab yashaganingdan…
“Bular-chi?” deysanmi?
Bu so'zlar – meni enggan so'zlar,
Iloj yo'q…”

(1977)

Bu qo'rquv sermahsullikning payini qirqib turadigan narsa edi.

Bi-bi-si: Muhojirat ijodkor sifatida sizga qanday imkoniyatlar berdi va sizni yana qanday imkoniyatlardan mahrum etdi?

Muhammad Solih: Imkonni va yoki imkonsizlikni muhojirat bermaydi. Qo'lida qalami va bir parcha qog'ozi bor kishining har qanday joyda yozish imkoni bor. Hatto, turmada ham. Albatta, o'zbek turmalarimiz bundan mustasno. O'zbekiston turmalari eng vahshiy qoidalar hukm surayotgan bo'lgalardir. Dunyoning hech bir turmasida biznikidagiday zulumot yo'q. Do'stim Mamadali Mahmud (Evril Turon) turmadan yozgan maktubida buni tasvirlagandi. Ammo Ovro'po turmalarida bemalol,istalgan narsani yozsa bo'ladi. Men Pankras turmasida o'tirganimda qog'oz-qalamim bor edi, u erda yozilgan bir matnni Vatslav Havelga hadya qilgandim.

Muhojiratda yozilgan narsalardan namuna istagan ekansiz, Havelga berilgan o'sha matnni bu erda keltirish mumkin:

MAHKUMNING O'Z BAShARASIDAN AYRILIG'I

Hibsga olinganlarga mahkamaga chiqqunlariga qadar ko'zgu bermaydilar. Menga ham berishmadi va men o'z basharamdan ayrildim.

Har saboh soqolimni tarashlarkan, yuzimni qo'llarim bilan ko'raman, ammo qo'llarim ko'z kabi keskin ko'ra olmaydi. Shu bois, advokat bilan va yoki boshqa ziyoratchilar bilan ko'rishishga borarkanman, elkalarimda nazoratdan o'tmagan bir kallani ko'tarib kelayotganimni his etaman.

Hujra (kamera)dagi havo haddan tashqari quruq bo'lganidan (batariyaning ta'siri, balki) yuz terisi quruqlashib, xuddi boshga bir niqob, bir maska kiydirilgan kabi his etasan o'zingni va bu holat o'sha yuz bilan ayriliq tuyg'usini yana ham kuchaytiradi.

Tabiiy, bunday bir yuz (yoki chehra) kundalik turmushda zaruriy bo'lgan manevrlarga hech tayyor emas. Masalan, men panjara orqasidan ziyoratchimga kulimsirasam, mening yuzim ham kulimsiraydimi-yo'qmi, men buni bilolmayman. Yoki bu yuz meni ziyoratchiga olib kelgan soqchi kabi chetdan kuzatib turadimi faqat? Va yoki masalan, men gapirarkan, bu yuz nima qiladi: mening aytganlarimni imo-ishora (mimika)lar bilan tasdiq etadimi yoki aksincha, inkor etadimi? Yoki bu yuz mendan ayrilganidan mamnun, nazoratimdan qutulganidan xursandmi?

Har holda, u endi ziyoratchimning tabassumiga javoban, sanoqsiz yuzlarga hibs etilganu, millionlarcha kulimsirashlarga monand bir mahsulotni namoyish qilish uchun o'z paylarini charchatmayajak.

Tabassum haqida gapirayapman, chunki tabassum – ayniqsa, dunyomizning “madaniy” qismida – inson chehrasining eng ko'p ehtiyoj tuyadigan harakatidir. Insonlar tinmay kulimsirashga mahkumdirlar, ularning chehralari bu og'ir mehnatdan allaqachon charchab bo'lganlar.

Ehtimol, shu sababdan, o'liklar ichida tabassum qilganlari kamdan-kam uchraydi. Balki yuziga tabassum yoyilgan bir-ikki o'lik ko'rgan bo'lishingiz mumkin, ammo keyinroq ularning bir dindor bo'lganligidan ogoh bo'lasiz, ular bu hayotda ko'p yig'lab, oz tabassum qilganlari uchun va yoki Allohning vasliga erishganidan quvonib, tabassum etganligiga shohid bo'lasiz. Ya'ni, hatto, o'liklarning tabassumi ham biz uchun emas.

Kulimsirashga shunday nazar bilan qaraganim tufayli, balki bu ishni hayotimda hech to'g'ri qila olmaganimdan kelib chiqqan bo'lishi ham mumkin. Bu xususda doim oqsaganman. Masalan, yoshligimda shunday bir she'r yozgandim:

Chormix-la parchinlangan tabassum – Ikki burchagiga mix qoqib, basharaga parchinlangan tabassum. Men sizga yaxshi ko'rinmak uchun bundan battar og'riqqa ham chidashga hozirman.

Haqiqatdan ham, xalq ichida bu qul mehnati, bu kulimsirash u loyiq bo'lmagan bir hurmat bilan tashviq etiladi. Deylik, bir siyosatchi ta'sirli shaklda kulimsirashni amallay olmasa, u “xalq ichidan chiqqan siyosatchi, o'zimizga o'xshagan kamtarin yigit,” kabi reklamaga noil bo'la olmaydi.

Kulimsirash fetishizmi hayotimizga shu qadar o'rnashib olganki, hatto diktatorlar ham oyna oldida turib, yuzlarining paylarini o'ynatib, tabassum san'atini mukammal egallash uchun ishga kirishdilar. Bu mehnatdan yagona maqsad: Xalqqa yaqin bo'lish! Va televizor ekranlaridan o'zining egallagan san'atini namoyish qilayotgan Xalqboshi Diktatorning yuzidan yoyilgan “tabassum” to'lqinlari o'sha Xalqning vujudini jimirlatib yuborganda, u bechora Xalq: “Inson zotining kulimsirashi bu qadar xunuk bo'lishi mumkin ekan-da!” deb yuboradi!

Shunga qaramay, men inson yuzining eng go'zal harakati bo'lgan tabassumni tomosha qilishni sevaman. Agar u bolalar yoki o'z chehrasini nazorat ostida ushlashni o'ylamagan dehqonning yoki uxlayotgan bir bokira qizning yo bo'lmasa, bir avliyoning tabassumi bo'lsa.

Bu xil kulimsirashlar go'yo “san'at san'at uchun” nazariyasi asosida yaratilgan bir intellektual asar misoli va yoki “raqs ichida raqs” misoli teran mazmunli harakatlardir. Ular, balki yana ham ko'proq bir duoga o'xshaydi. Bu kulimsirashlar o'z ichlariga, ayni paytda tashqariga, koinotga, galaktikaga uzangan bir energiyadir. Bunday holda, kulimsirash inson yuzini og'ritmaydi, aksincha, insonning yuzi o'z atrofida chizgan tabassumdan lazzat oladi.

Atrofini chizgan, dedim, chunki kulimsirashni inson yuzi yaratmaydi (u tashqaridan beriladi), inson yuzi tabassumga bir gardish, bir chorcho'p yasaydi, xolos.

Men Pankras qamoqxonasida ikkinchi kunimni boshlarkan, “balki, bu erda na kulimsirashga va na boshqa bir imo-ishoratga hojat bo'lmagani uchun ham men o'z yuzimdan ayri tushdim,” degan bir fikr keldi boshimga. Bu ko'p mantiqli bir fikr edi, aslida. Bu erda haqiqatdan ham inson chehrasining ozodlikda ehtiyoj tuyabilajagi hech bir mimikaga ehtiyoji qolmaydi.

Bu erda hech kim bir-birining ko'zlariga boqmaydi, bu erda senga murojaat qilsalar, go'yo sen shaffof bir borliq kabi, go'yo sen yo'q kabi, bir bo'shliqqa kabi murojaat qiladilar. Bo'shliqqa otilgan har kalima buyuk guldurosga aylanadi, har kalima dahshatli shaklda teran tushuniladi, ya'ni so'zlarni, tashqarida ko'nikilgani kabi, yuz mimikasi bilan to'ldirishga hech ehtiyoj qolmaydi.

Shu sababdan, bu erga kirgan har bir insonning o'z yuzini shaxsiy ashyolari bilan birga qamoqxona ma'murlariga topshirdim, deb o'ylashi zarur. Va bu fikrga o'zini ko'niktirishi kerak. Aks holda, inson bir necha kun qiynalishi turgan gap, bo'lar-bo'lmas xayollarga, eng yomoni, ozodlik haqidagi orzularga berilishi mumkin. Bu yaxshi emas. Shuni bilingki, istaysizmi-istamaysizmi, bu sovuq hujrada uyg'onajagingiz ilk tongdayoq sizning yuzingiz sizdan ayrilajakdir.

(5.12.01, Pankras qamoqxonasi, 524 – kamera, Praga)

Muhammad Solih: Nihoyat, so'nggi yillarda yozilgan she'rsimon matnlar:

MISh-MISh

“O'sha sizlar bilgan shoir M.Solih
allaqachon o'lgan, yo'q bo'lgan, singan!
Dunyoni tark etib darvesh misoli
berilgan emish u tamoman dinga!”…
Qani, to'g'ri bo'lsa avomning gapi,
avvalgi M.Solih o'lgan bo'lsaydi,
yuragi darveshlar yuragi kabi
dinga, faqat dinga to'lgan bo'lsaydi!
(2003)

MAShHAR KUNIDA

Orzu etmakdaman: Hisob kunida
Rabbim ko'rar ekan mening ishimni,
menga “qulim Solih” deyish o'rniga
“solih qulim” deya saslanishini…
(2004)

HAYo

Ollohim, avliyolar jannatni sendan
hayo etgani-chun so'ramadilar.
Men esa so'radim, so'ramaslikdan
hayo etganim-chun so'radim, yo Rab.
(2003)

QO'RQUV

Bu dunyo mastlikdir. Qo'rqyapman qarab:
Hech kimdan qo'rqmasmish inson mastlikda –
sendan qo'rqmaslikdan qo'rqyapman, yo Rab,
senga sig'inyapman sig'inmaslikdan!
(2003)

BOR

Och endi, ko'zingni Ochish Faslida
Kiprigingda Dunyo ishqi g'ubordir.
Ko'rib turganing olam – Yo'qdir aslida
Ko'rolmay turganing – yagona Bordir.
(2009)

TEJAM

Alanglama, isrof bo'lmasin bu ko'z,
dunyoga so'nggi bor boqayotganday boq –
tejab gapir, toki aytganing har so'z
Vido so'zi kabi bo'lsin qisqa, pok!
(2009)

UMURTQA

Yosh ekan, bu odam to'g'riydi g'oyat,
keksayib, to'g'riroq bo'ldi yanada,
chunki umurtqasi bo'lgan She'riyat,
umrining so'ngida Shariat bo'ldi.
(2010)

Muhammad Solih: Sizning so'nggi savolingizga pastdagi matn javob bo'la olar balki deb o'yladim:

VATAN

Na O'rta Osiyo, na-da Turkiston,
Na-da O'zbekiston mening vatanim,
Na-da Er kurrasi, na-da Qahqashon,
Na-da jannatidir Odam Otaning!
Men ojiz bir qulman atigi,
o'sha ojizlikka mosdir vatan ham –
Hu anavi darvesh qo'ltig'idagi
Yirtiq sajjodadir Vatanim manim!
(2007)

Bi-bi-si: Mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat.

VVS, 10.11.2010

(142)
Muhammad Solihning 2013 yilda Istanbulda chop etilgan “Turkiston shuuri” kitobidan. (463-469-sahifalar.)

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar