O’zbekiston Xalq Harakati

Xalqning xotirasi

Xalqning xotirasi
15 Mayıs 2017 - 6:00 'da yuklandi va 944 marta o'qildi.

Internet Ollohning ne'matimi yoki balosimi? Ham ne'mat, ham balo. Internet virtual bir mahshar. Ammo u borgan sari Dajjol mahshariga mengzamoqda: bu maydonda hamma teng, fakat qip-yalangochlikda teng. Olomon uyat joylarini yashirishni unutgan.

Unutmaganlar bor, ammo ular ozchilikda. Bizni o'sha ozchilikdan ayirmasin robbimiz.

Yaqinda bir saytda O'zbekistonlik yozuvchining “Taqdir ajoyibotlari yoki Odil Yoqubov haqida” xotira-qissasi bosildi. Bu “qissa” o'quvchida o'lkamizning joriy yozuvchilari nostalgik xotiralar yozaboshlabdimi, sovuq urush davridagi kabi xorijdagi dissidentlarni qoralashga o'tibdimi, demak, vatanimizda yozuvchi hayqirishi kerak bo'lgan muhim masala qolmabdi, yurtimiz guli-guliston ekan, qabilida bir taassurot uyg'otadi.

Qissada Abdulla Qahhor va kaminaning marhum yozuvchi Odil Yoqubovning “oyog'idan chalganligi” tilga olinadi. So'zboshida bu jihatga alohida urg'u berib, reklama qilinganiga ko'ra, qissa nashridan keladigan obro' aynan shu jihatning tarannum saviyasiga bog'liq.

Qissa muallifi haqda maxsus yozishga hojat yo'k, bu toifa kishilarining umumiy portretini chizish qulayroq: bular o'zlarini o'zbek adabiyotining o'zbek merosxo'rlari deb bilishadi. Adabiyotda milliylik tarafdorilar, milliylikni esa, ularning fikricha, faqat qishloqda tug'ilgan yozuvchi tamsil etishi mumkin.

Adabiy totemlari ham shunga yarasha – Odil Yoqubov, Shukshin yoki, deylik, Rasputin. Shiorlari – zamon senga boqmasa, sen zamonga boq. Ideallari – Komosomol mukofoti. Minbarlari – “Yoshlik” jurnali. Ya'ni abadiy yosh avlod, muttasil norasida zotlar. Butun davrlarda baxtiyor yashashni uddalayolgan, umrida iztirob chekmagan, farovonlikning tirik timsollari. Lablarida 24 soat tabassum, janozalarda ham.

Sovet davrida bu insonlar bilan hech ishim bo'lgani yo'q , ularga istehzo ham qilmadim. Yozganlarimning bari real hokimiyat sohiblariga qarshi edi, ularning yugurdaklariga emas. Shunga qaramay, kamina bu insonlarning doim g'ashini keltirganimni sezardim.

O'zini muxolifatda deb bilgan, ammo zehniyati yukorida aytilgan toifaga yaqin bittasi mendan “o'zini xalkdan ko'proq yaxshi ko'radi”, deb xafa bo'libdi.

Albatta, o'zimni yomon ko'raman desam, yolg'on bo'ladi. Xuddi xalqimni yomon ko'raman desam yolg'on bo'lganidek. Ammo bir musulmon sifatida o'z nafsimga, undagi manfiy jihatlarga qarshi baholiqudrat mujodala etmoqdaman. Bu mujodala mustabid xukmdorga qarshi kurashdan muttasilroqdir. Modomiki, bu mavzuda hisob berish kerak ekan, berayin: urush janjalni sevmayman, ammo 1984 yilda boshlangan milliy qadriyatlarimizga qarshi xurujlar tengdoshlarimiz qatorida meni xam urush-janjalga savq etdi. Bu g'avg'oda hech qachon birinchi bo'lib hujum qilmadim, doim hujumga qarshi mudofaa bilan mashg'ul bo'ldim.

1984 yildan boshlab yozgan butun maqolalarim mudofaa mazmunli matnlardir. Robbimga shukrlar bo'lsin, U menga hech qachon shaxsiy tashvishlarimni tilimga oldirmadi, doim xalqimning dardini ayttirdi: mudofaa etarkan, xalqimning manfaatlarini mudofaa ettirdi.Bu urush fonida men Yozuvchilar kotibligiga saylandim. Olloh shoxid, bu maqomga aslo intilmadim, meni u erga voqealar tadriji olib bordi. Keyin ERKka rahbar bo'ldim. Buni ham orzu qilmagandim, vatanimdagi sharoit shu ishga kirishga majbur qildi.

Ammo bu makolani yozarkan, “men” kalimasini qo'llanishga majbur bo'layotganimdan xijolat chekmoqdaman. Xalq dardi emas, nafsimni mudofaa qilayotganimga gashim kelyapti. Bugungacha bu xil yozuvlarga javob bermagandim, chunki muxoliflarimning hammasi el ichida shallaqiligi bilan tanilgan kishilar edi, ularni men aytmasam ham odamlar yaxshi tanirdi. Bugungilarga javob berayapman chunki bu kishilar xalk ichida “yozuvchi” sifatida bilinadi, (yozuvchiga xalqimizda hali ham ishonch bor). Bu toifa shallaqilardan tahlikaliroq, chunki bular insonlarga – gapirganda tufuk sochadigan shallaqi toifadan farqli o'laroq – labida tabassum bilan murojaat qiladi. Ichlari zimiston bo'lgan holda, beg'uborlik haqda va'z o'qiydilar.

Bularning insonlar ishonchini suiste'mol qilib, qorani oq, oqni esa qora qilib ko'rsatishlariga jim turish mumkin bo'lmadi. (Ayni onda bularni yozarkan, meni bu insonlar holiga tushirma, ey, parvardigor, deyman. Chunki ba'zan jo'shib ketib, yolg'on so'ylab qo'yishdan bizni hech kim kafolatlay olmaydi. Ilhom kelganda, chiroyli so'zlar bilan mubolag'a aytish tahlikasi doimo mavjud. Shu bois, ilhomning toyinchoq yo'lidan qo'rqaman, chiroyli gapdan, go'zal tashbihdan qo'rqaman. Ifoda etilgan har kalimani o'lchashga mahkumlik ham shundan.Chunki har kalima uchun javob berilishini bilaman).

Ammo “xalqimni o'zimdan yaxshiroq ko'raman” deya ko'kragiga urganlardan “xalqing uchun nima qilding?”, deb so'ralsa, beradigan javobi yo'qligini ham bilaman. Masalan, kim xalqini sevib, kimning sevmasligiga hakamlik qilayotgan shaxs 1984 yilda (Chernenko davri) u sevgan xalkning himoyasiga yozilgan “Politbyuroga xat”ga imzo qo'yishdan qo'rqib, bizdan yashirinib yurgan paytlarini eslasa, balki hovridan tushgan bo'lardi.

1988 yilda (Gorbachev davri) gapirish uchun tepadan ruxsat kelganda, bular tillari biyron, bizni “hukumatga sotildi, o'zini xalkdan ko'proq yaxshi ko'rdi”, deya aynan ayblashgandi. Bular hech o'zgarmabdi. Sochlari oqargan, ammo ichlari avvalgiday.

Alxamdulilloh, U meni doim zaiflar tarafini oldirdi,kuchlilarga yoltoqlik ettirmadi. Xalqimni sevaman, deyishga jasoratim yuq, ammo xalki va yurti hurriyati uchun bir kishining to'lashi kerak bo'lgan badalni to'ladim, mening to'lay olmaganlarimni ukalarim to'layapti O'zbekiston turmalarida. Shunday bir sharoitda, bu zulm asrida bizlar o'zora nafratga emas, o'zora sevgi va hurmatga muhtoj edik. Ammo bu yo'q, nafrat bor dasturxonimizda. Tepamizdagi Zolim o'sha nafratning moddiylashgan shaklidir.

Bu nafratining manbai qaerda?

Bizning misolimizda bu nafratning psixologik motivini ikki qismga ayirish mumkin. Birinchi qism rezyumesi shu: ODAMLAR ULAR QADRLAGAN NARSALARNI MENSIMASANGIZ SIZNI ASLO KEChIRMAYDILAR.

Fikri ojizimcha, bizda, 80- yillarda milliy davo bilan maydonga chiqqan insonlarda aynan ana shu halokatli mensimaslik ro'y berdi.

Biz mansubi bo'lganimiz Adabiyot Ahlining qadriyotlarini mensimadik. Ular uchun qiymatli ne-ki bo'lsa, biz uchun bir chaqalik qadri yo'q edi. Adabiy totemlaridan tortib, Komsomol mukofotigacha – bari biz uchun masxara mavzusi edi. “Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq” mafkurasiga qarshi biz “Zamon senga boqmasa gar, sen ham boqma zamonga”, dedik. Ular kabi ko'prok gonorar olish uchun uzun matnlar, dostonlar bitishni o'zimizga haqorat deb bildik. Hatto ,(yanglishmasam, 1976 yilda) Xurshid Do'stmauhammadning uyida – u tirik, tasdiqlasin – 7 kishi “kim bu mustamlaka xukumatdan mukofot olsa, erkak emas”, deya ont ichdik.

Va Olloh eng omadlilarimizga ichgan ontimizni tutishni nasib etdi, alhamdulilloh.

Keyin siyosatga kirdik, taqdir chizgisi aynan davom etdi. 1992 yil 2 iyul kuni Karimov rejimi boshlagan repressiyalarga norozilik sifatida men Oliy Kengash deputatligidan iste'fo etdim. Va u erdagi go'yo bizning safimizda bo'lgan safdoshlarimizga ham iste'fo qilishni tavsiya qildim: “bu erda qo'l ko'tar, desa ko'tarib, tushir, desa tushirib o'tiradigan qo'g'irchoqqa aylanmasdan, nomus va sharafimiz bilan ketaylik”,dedim. Ular “siz xato qilyapsiz, biz ketmaymiz”, deyishdi. Yarim yil o'tmay, bu insonlarning hammasi kamina o'z ixtiyori bilan chiqib ketgan Kengashdan ixtiyorlariga qarshi haydaldilar.

Endi bu insonlar ham bizdan nafratlanishadi. Nega? Chunki o'shanda ular uchun qiymatli bo'lgan Oliy Kengashni bir chaqaga olmadik.

Nafratning psixologik motivini ikkinchi qismini shunday ifodalash mumkin: ODAMLAR ULAR QILIShGA JUR'AT ETMAGAN NARSALARNI SIZ QILSANGIZ SIZNI ASLO KEChIRMAYDILAR.

Bunga misol: Bir guruh yosh adibning – yuqorida ham eslatgandik – 1984-yilda yozgan “Politbyuroga maktubi” mustaqillik goyasining amalga oshishiga inonmaganlarni g'azablantirdi. Bu gazablanganlarning eng mashhuri Abdulla Oripov edi. “Bu yoshlarga nima kerak uzi?. Lenin bobo o'rnidan turib ta'zim qilsinmi bularga? Yoki atom bombasining knopkasini beraylikmi qo'llariga, nima istaydi bular o'zi?”, deya hayqirgandi u O'zbekiston kompartiyasi minbaridan. Ya'ni biz, 53 ta yosh adib, Oripov tengdoshlari jur'at etmagan aktsiyaga qo'l urib, ularning nafratini qozongandik. 1989 yil yanvar oyida SSSR Yozuvchilar Soyuzining Qurultoyida nutq qilib, kutilmagan tavajjuh ko'rdim, zal uzoq olqishladi. So'ngra yonimga mashhur rus shoirlari, Oljas Sulaymon, Onor kabi atoqli shoir va nosirlar kelib tabrik etdi, ammo o'zbeklardan shoir Shukrullo va yozuvchi Mamadali Maxmuddan boshka hech kim kelmadi. Chunki kamina ular jur'at qilmagan narsalarni bilmay aytib qo'ygandi.

Bu majlisda ham Odil aka mendan xafa bo'lganini Mamadalidan eshitdim.Chunki nutqdan ta'sirlangan ba'zi “farosatsizlar” Odil Yokubov nomzodi ko'rsatilgan SSSR deputatligiga mening ham nomzodimni ko'rsatishga urinishgan.

Gapning qisqasi, odamlardagi bu majruh komleksni 20 iyun 1990 yilda Oliy Kengashga “Mustaqillik deklaratsiyasi”ni ko'tarib chiqqanimizda ham, 1992 yilda Karimovning “hukumatga kiring” degan taklifini rad etganimizda xam ko'rdik. Bu ikki holatda ham odamlar bizni kechirmadilar.

Mana, endi bu kompleks sohiblarining Yoqubov bilan oramizda rakobat, ko'rolmaslik bo'lganligi hakda mish-mish va sui'-zonlarini o'qib hayratga tushib o'tiribmiz. Kaminaning Odil Yoqubov bilan hech qanday oldi-berdisi bo'lmagan, na u bilan raqobat, na unga havas bo'lgan. Isnod etilgan “oyog'idan chalish” so'zi kamina uchun eng tuban hakoratdir. Kin saqlash tabiatimga begona, fikrim bo'lsa, insonlarning yuziga aytganman. Odil Yoqubov ham bundan istisno bo'lmagan.

Odil Yoqubov bu “xotiralar”ni, muxlislari aytayotganday, ma'qullagan bo'lishi mumkinmi? Mumkin. Yoqubov umrining oxirgi yillarida hukumatning unga loqaydligidan muztarib edi. “Ozodlik” radiosiga bergan intervyularidan bu alamzadalik doim sezilib turdi. U ko'pchilik yozuvchilar qatori 1999 yil fevral portlashlariga baho berishda hukumat tarafida turib, “vatan xoinlari”ni(ular ro'yxatidagi ilk ism kamina edi) keskin qoralagan bo'lsa-da, Karimov oqsoqol yozuvchimizning sai-harakatlarini sezmadi yoki sezmaganga oldi. Odil Yoqubov “vatan xoinlari” haqda Abdula Oripov kabi jazavaga tushmasa ham, nafratini baholiqudrat ifoda qilib turdi.

O'sha mash'um fevralda mening uchta ukam bilan birga Odil Yoqubovga doim sodiq bo'lgan yozuvchi Mamadali Maxmud ham hibsga olindi. Mamadalining himoyasiga yozilgan maktubga imzo chekishdan bosh tortgan Odil Yoqubovning “Mamadali o'zi ahmoq edi”, degani bizga kutilmagan zarba bo'ldi. Ammo Olloh rozi bo'lsin, ustoz Shukrulloh aka va Gulchexra Nurulloh opamiz bu pisgan yozuvchilar fonida Mamadali birodarimiizni himoya qilishdan qo'rqmay, mardligi ko'rsatdilar.

Baribir, Odil Yoqubov hukumatdan sadoqatiga loyiq e'tibor ko'rmadi, tushkunlikka tushdi, boya eslatganim kabi, umrining so'ng bosqichi iztirob ichida o'tdi, Olloh gunohlarini kechirsin. Biz Odil Yoqubov bilan bir-necha yil Yozuvchilar rahbariyatida birga ishladik. 1988 yil may oyida men yozuvchilarning aksariyatining dastagi bilan uyushma kotibligiga saylandim. Bu saylanish Uyushma rahbariyati va yoki hukumat xayrixohligining natijasi emas, aksincha, ularga qarama-qarshi bir jabhaning harakatlari hosilasi edi.

Uyushma tarixida kommunist bo'lmagan holda rahbarlikka saylangan ilk kishi edim. Bu gayrikommmunistni saylaganlar 1980 yillarning o'rtalaridan boshlab, milliy masalalarni ko'tarishga jur'at etgan yosh shoir va yozuvchilar va ularga xayrihoh katta yoshdagi adiblar edi. Nega aynan meni sayladilar? Vallohi, bunda mening gunohim yo'q.

Balki, bu “saylanish”ga o'sha davrda Moskvada bosilgan maqolalarim va boshqa faolliklar zamin hozirlagandir. Yaxshisi, bu davrning xolis bahosini tarixchilar bersin. Odil Yoqubovga kelsak, bu kishiga men doim hurmatda bo'lganman. Uning rahbarlik maqomini zadalaydigan biror harakat qilganim yo'q. Odil Yoqubov mening do'stim Mamadali Mahmud vositasida kamina haqda ba'zi manfiy taassurotlarini menga etkazib turgan. Buni doim hisobga olishga harakat qildim. Yoqubovning kaminadan ilk ranjishi, yanglishmasam, Uyushmaga ishga kelganimning ikkinchi haftasida yuz berdi. Menga ta'sis etilgan kotiblik kabinetini isloh etarkan, kreslom uzra osilib turgan Lenin portretini olib, o'rniga jadid Abdulhamid Cho'lpon portretini osib qo'ydim. Bu portretni 1985 yilda rassom do'stim Vyacheslav Oxunovga iltimos qilib chizdirgan edim. O'sha davrning ruhiga uyg'un, romantik bir portret edi.Odil Yoqubov bu portretning Uyushma faoliyatiga zarar berishini, Markazqo'mning g'azabini qo'zg'ashini aytdi va Lenin portretini o'rniga qo'ying, dedi. Men bu istakni yumshoq bir shaklda rad etdim.

Odil akaning kaminaga nisbatan ikkinchi xafagarchiligi bizni Markazqo'm Birinchi Kotibi Rafik Nishonov chakirgandan keyin paydo bo'ldi. Bu vokeaning muxtasar variantini “Yo'lnoma” kitobidan keltiraman:

MARKAZQO'MNING ILTIFOTI

1989-yil fevralda O'zbekiston Oliy Sovetining anchagina deputati Sovet Ittifoqi Oliy Sovetiga saylandi va o'zbek hukumati bo'shagan o'rinlarga saylov e'lon qildi. Odatdagiday, bo'lajak saylov to'la mahalliy hokimiyat nazorati ostida o'tishi aniq edi. Moskva bu saylovlarning qayta qurish ruhida, demokratik ruhda o'tishiga ta'sir qila olmas, u o'zining ichki muammolariga g'arq bo'lgan edi. O'zbekiston hukumati odatdagidek, saylanishi lozim bo'lgan deputatlarning ro'yxatini tuzdi. Bu ro'yxatga kaminaning ham nomini kiritishgan edi. Mening hali bu “syurpriz”dan xabarim yo'q edi.

Bir kuni ertalab Yozuvchilar uyushmasining Kompartiya kotibi Ibrohim Rahim meni yuzida sirli bir tabassum bilan qarshiladi.

– Hozir Odil Yoqubov keladi, birga Markazqo'mga chiqamiz, – dedi jilmayib.

– Tinchlik ekanmi o'zi? – dedim men.

– Yaxshi xabar, yaxshi xabar, – dedi yanada sirliroq qilib Ibrohim Rahim.

Bir oz so'ngra Odil Yoqubov keldi va uning mashinasida uchovlon Markazqo'mga jo'nadik. Markazqo'mga kirib, 6-qavatga ko'tarildik. O'zbekiston Kompartiyasi Birinchi Sekretari Rafiq Nishonovning rus yordamchisi qarshiladi va hech kuttirmay, kabinetga boshladi.

Kabinetda – to'rda Rafiq Nishonov, uning stoliga perpendikulyar qo'yilgan stolning so'l tarafida Markazqo'mning 2 – kotibi Vladimir Anishchev, 3 – kotibi Mutal Xolmuxammedov o'tirishardi. Bizni qarshilarkan, uchalasi ham o'rnidan turib salomlashdilar.

Biz, uchta yozuvchi “perpendikulyar” stolning o'ng tarafiga o'tirdik. Nishonov ham sirli jilmayardi. Unga taqlid qilib, Anishchev ham kulimsiragandek bo'lar, ammo bu harakati zo'raki chiqqanidan asabiylashgani sezilib turardi. Lekin Xolmuxammedov uchinchi kotib sifatida jilmayish san'atini yaxshi egallagandi.

– Yaxshimisizlar? – dedi Nishonov kreslosiga yaslanarkan va javob kutmay, ruschaga o'tdi, – Muhammad Solih, qalay, saylovlar bilan charchamadingizmi?

Nishonov bizning SSSR Oliy Sovetiga saylov mojaromizni yaqindan kuzatib borgandi. Ikkinchi kotib Anishchev va Toshkent shahar kotibi Satinlarning saylovda menga to'siq bo'lish uchun ko'p g'ayrat sarflaganlarini ham bilardi.

– Rahmat, – dedim men, – men charchaydigan biron ish bo'lgani yo'q…

– Ha, bilaman, siz emas, sizning odamlaringiz charchashdi, – dedi Nishonov, – biz tarafdorlaringiz ko'pligidan xursandmiz, siz Ittifoq Oliy Sovetiga saylanishingiz mumkin edi, ammo sizning targ'ibotchilaringiz… Nishonov men uchun tashviqot qilgan do'stlarning faoliyatini tanqid qildi. Ularning saylov taktikasi xato bo'lganligini aytdi. Men kulib qo'yaqoldim.

– Ammo biz sizni respublika Oliy Kengashi deputati sifatida ko'rishni istar edik, – dedi Nishonov va Odil Yoqubovga yuzlandi, – A, Odil Yoqubovich, mana, Kirov okrugida bir bo'sh joy bor, marhamat, Muhammad Solih uchun barcha zarur hujjatlarni hozirlab, kampaniyani boshlang, vaqt oz qoldi…

Odil Yoqubov yozuvchilar nomidan “Markazqo'mga va shaxsan Rafiq Nishonovichga” rahmat aytdi. Yozuvchilar Uyushmasiga ko'rsatilayotgan “otalarcha g'amxo'rlik” uchun minnatdor ekanliklarini izhor etdi. Uyushma kotibiga Respublika deputati bo'lish faxr ekanini va shunga o'xshagan allanimalar dedi. Keyin menga qaradi.

Men ham Odil Yoqubovga taqlid qilib, bir necha tashakkur so'zi aytdim. Risoladagidek chiqmadi. Buni hamma sezdi. Ichimdagi gapni aytolmagandim. Lekin bir necha soniya so'ngra u gap chiqdi:

– Mening deputat bo'lish niyatim yo'q, – dedim men, – mabodo bo'lganida ham, men deputatlikka Kompartiya Markazqo'mi tarafidan emas, xalq tarafidan ko'rsatilishimni afzal ko'rgan bo'lardim. O'rtaga jimlik cho'kdi. Uni Odil Yoqubov buzmoqchi edi, faqat Rafiq Nishonov undan oldinroq:

– Azizim, deputatlik yo'lda yotmaydi, – dedi.

– Men ham yo'lda yotganim yo'q, – dedim men.

Javob avtomatik ravishda, hech o'ylanmasdan berilgan javob edi. Bu bilan Rafiq Nishonovni xafa qilmoqchi emas edim. Bu injiqlik yoki oliftalik ham emasdi. Sovet Ittifoqi Oliy Sovetiga saylov paytidagi hukumatning qilgan adolatsizliklariga qarshi ko'rsatilgan bir reaksiya edi. O'zimni haqiqatdan ham “yo'lda yotmaganlar”dan hisoblar va bunday nomenklatura o'yinlarini o'zimga haqorat deb bilardim.

Mening javobimdan so'ngra Rafiq Nishonov qip-qizil bo'ldi. Odil Yoqubov ham ozgina hijolat chekdi. Xolmuxammedov ham. Anishchev, faqat uning yuz ifodasi o'zgarmagandi.

– Rafiq Nishonovich, – dedi Odil Yoqubov, – biz bu masalani muhokama qilamiz, o'ylayman-ki, hammasi joyida bo'ladi…

– Ha, Odil Yaqubovich, – dedi Nishonov va o'rnidan turdi.

Hamma o'rnidan turdi.

Nishonov stolni aylanib o'tib, yonimizga keldi. Yuziga diplomat tabassumi yoyilgandi. Mening tirsagimdan tutib, Odil Yoqubovga yuzlandi:

– Odil aka, iltimos, uni tinchlantiring (“ugomonite”), va tezda hujjatlarni tayyorlang, – dedi do'stona ohangda Nishonov.

– Albatta, albatta, – dedi Odil Yoqubov.

Rafiq Nishonov kabinetidan hammamiz tabassum bilan chiqdik.

Yo'lda Odil aka mening xato qilganimni aytdi.

Deputatlikni qabul qilishim kerak, aks holda, Uyushmaga tazyiq boshlanishi mumkin, dedi.

Ibrohim Rahim ham ko'p yillik kommunist sifatida foydali maslahatlar so'yladi. Ammo men deputatlikni qabul qilolmasligimni aytib, uzr so'radim.” (3-jild, “Yo'lnoma”, Istanbul, “Bilgaog'uz” nashriyoti, 2007. 176-180 betlar).

Albatta, men so'zimdan qaytmadim. Va bu Rafik Nishonovga “hammasi yaxshi bo'ladi”, deb va'da bergan Odil Yoqubovning nafsoniyatiga qattiq tegdi. Uyushmada rahbar bo'laturib, bir kotibga aytganimni qildirolmadim degan bir ruhi-holiya ichida edi va o'zicha haqli edi. Lekin buning bir kuni kinga aylanib, Odil Yoqubov ixlosmandlarining “xotiralari”ga mavzu bo'ladi, deya xayolimga ham kelmagandi.

Albatta, xom sut emgan bandamiz, nuqsondan iboratmiz. Nuqsonlarimizdan bittasi odamlar bilan unsiyatdagi nuqson edi. Biz patologik tarzda o'z mustaqilligiga bog'langan kimsalar edik. Bu bog'liqlik boshqalarni o'ylamaslik, xudbinlik darajasida edi.

Bu xam etmaganiday, to'griso'zligimizdan g'ururlanardik. To'griso'zni aytayapman, deb birovlarni xafa qilganimiz ko'p bo'lgan. Holbuki, jamiyatimiz mustaqil inson kabi, to'griso'zni ham kechirish uchun tayyor emas edi. Ko'rinib turibdi, bugun ham tayyor emas.Ammo gapirishga to'g'ri keladi.

Odil Yoqubovgacha Yozuvchilar Uyushmasiga raisi O'lmas Umarbekov edi. Uni bu maqomga Markazqo'm kotibasi R.Abdullaeva keltirgandi. Yumshoq tabiatli, o'rtamiyona zako sohibi, yaxshi odam edi. Ammo uni Markazqo'm qo'ygani uchun bu kishiga qarashimiz manfiy bo'lgan.

Adabiyot va san'at gazetasining muxarriri Odil Yoqubov ancha liberal tushunchali, ochiq laganbardorlikdan yiroq bo'lgani uchun uyushma raisligiga uning nomzodini o'tkazish uchun yaxshigina kurashdik. Bizning tengqurlar ichida uning nomzodiga faqat Shavkat Rahmon qarshi edi va so'nggigacha qarshi bo'lib qoldi.(Shavkat rahmatli an'anaviy o'laroq Sarvar Azimov tarafdori edi).

Odil Yoqubov rais saylangandan keyin eski guruh va klanlar uzun nafasli hokimiyat marofonining yangi poygasiga start berdilar. Bu Laziz Kayumov, Hafiz Abdusamatov va hakozolar guruhi, Erkin Voxidov va O'tkir Hoshimov guruhi, Sarvar Azimov guruhi va yangi rais Yoqubov atrofida uymalashgan guruh. Biz garchand Odil Yoqubovni qo'llagan bo'lsak-da uning guruhiga yaqin emasdik. Bizning guruh (agar guruh deyish joiz bulsa) guruhlarning eng kichigi edi: Miraziz A'zam, Rauf Parfi, Chulpon Ergash, Ibrohim Haqqul, Ahmad A'zam, Olim Otaxon, kamina, hali tanilmagan o'n-o'nbeshtacha iste'dodli yosh shoir va shoiralardan iborat edi. Bu guruhda na kotiblik, na-da raislikni orzu qilgan bordi. Hokimiyat marafoni 1990 yilga kelib, nomenklaturaga yaqin Erkin Vohid guruhining ustunligini namoyish eta boshladi.

Men ERK partiyasi bilan mashg'ul edim, Uyushma ishlariga vaqtim deyarli qolmagandi. Buning ustiga guruhlarning g'iybati va bir-biriga nafrati orasida yashash charchatgandi. Shu bois, uyushma Qurutoyida kotibligidan iste'fo qildim. Tishlarini g'ijirlatib hokimiyat uchun talashayotganlar engil nafas oldilar.

Ko'p vaqt o'tmay, uyushma ikkiga bo'lindi, fitna yanada avj oldi. Va men yozuvchilardan tamoman uzoqlashdim.

Bugun xotiralar yozib, kinlarini qusayotgan kompleksli kimsalar qandaydir ma'noda o'sha mag'lubiyat kunlarining intiqomini ham olmoqdalar. Holbuki,kamina na ularga, na-da ularning raqiblariga aloqam bor. Har ikkala uyushma xalq dardidan uzoq uyushmalar edi.

Bahsimiz mavzui bo'lgan toifalar mamlakatning muhim voqealarining hech birisiga o'z munosbatini bildirmagan, bildirishdan qo'rqqanlar. Ular kuch tarozisining pallalari qay tarafga og'sa, o'sha tarafga og'ishga doim tayyor turganlar. Parda orqasida pichir-pichir – ularning haykirig'idir.

Tarix bularning Andijon voqealarida xalq tarafini olib, norozilik bidirganini yozmayajak albatta. Chunki ular norozilik bildirmadilar. Ular xalq o'qqa tutilayotgan paytda, balki, Do'rmon ishratgohida kayfu-safo surayotgandilar. Rejimdan norozi muxolifat ustidan kulib, istehzoli matnlar tuzayotgan edilar.

Tarix bo'lgan narsalarni yozadigan fan esa, bularni yozajak. Chunki tarix insonlarning xotiralari emas, xalqning xotirasidir.

2011

(143)
Muhammad Solihning 2013 yilda Istanbulda chop etilgan “Turkiston shuuri” kitobidan. (470-480-sahifalar.)

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar