O’zbekiston Xalq Harakati

Dindorlarga jazo muddati qo'shib berilyapti

Dindorlarga jazo muddati qo'shib berilyapti
15 Mayıs 2017 - 16:40 'da yuklandi va 982 marta o'qildi.

(Suratda: Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi yangi qamoqxona)

O'zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi etakchisi Sur'at Ikromovning 12 mayda tarqatgan xabariga ko'ra, O'zbekiston qamoqxonalarida so'nggi amnistiya qarori asosida ozod etilishi kerak bo'lgan dindorlar ustidan soxta “jinoiy ish”lar ochilib, ularning jazo muddati uzaytirilmoqda. ​Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkilotining so'nggi yillik hisobotiga ko'ra, Shavkat Mirziyoev prezident etib saylanganidan beri mamlakatda “inson huquqlariga oid o'ta yomon ko'rsatkich” ijobiy tomonga o'zgargani yo'q.​

Ozodlik bilan suhbatda Sur'at Ikromov jazo muddati uzaytirilgan mahkumlar soni, uning taxminiy hisob-kitobi bo'yicha, 500-600 nafarga etganini ma'lum qildi.

O'zbekiston Oliy Majlisi Senati 12 oktyabrda prezident Shavkat Mirziyoev taqdim etgan amnistiya to'g'risidagi qaror loyihasi asosida Amnistiya to'g'risida qaror qabul qilgandi.

Unda, jumladan, “taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilib, tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan shaxslarni ham jazodan ozod qilish” taklif etilgandi.

Biroq, amnistiya qaroriga muvofiq, “taqiqlangan tashkilotda faoliyat yuritib, uning tarkibida tinchlik va xavfsizlikka yoxud jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlarni sodir etgan, jinoiy guruhlarda o'ta xavfli jinoyatlarni sodir etgan va o'ta xavfli retsidivistlar deya tan olingan hamda jazoni o'tash tartibini doimiy buzib kelgan, shuningdek, amnistiya yoki afv qilish bilan ozodlikka chiqarilgandan keyin ham qasddan jinoyat sodir etganlarga nisbatan mazkur amnistiya akti qo'llanilmaydi.”

Kamida 500-600 mahkum

Sur'at Ikromovning aytishicha, jazo muddati uzaytirilayotgan dindor mahkumlarning aniq raqami ma'lum emas.

Bularning soni juda ko'p. Konkret raqam yo'q. Lekin, mening fikrimcha, kamida 500-600 mahkumga jazo muddati qo'shib berilayapti. Bu kamida, – dedi Sur'at Ikromov.

Uning ta'kidlashicha, jazo muddati odatda 3 yildan 6 yilgacha uzaytiriladi.

Ikromov aksar hollarda jazo muddati mahkum qonunan ozod bo'lishi arafasida uzaytirilayotganini aytdi.

Sur'at Ikromov O'zbekistonda Islom Karimov vafotidan keyin iqtidorga kelgan Shavkat Mirziyoev marhum prezident yuritayotgan siyosatni davom ettirayotganini bildirdi.

Manba: “Ozodlik” radiosi

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar