O’zbekiston Xalq Harakati

“Ularni dorga osgandilar, o'tda yoqqandilar, suvga cho'ktirishgandi, ammo bugun qarasak, hammasi tirik ekan”…

“Ularni dorga osgandilar, o'tda yoqqandilar, suvga cho'ktirishgandi, ammo bugun qarasak, hammasi tirik ekan”…
15 Mayıs 2017 - 19:31 'da yuklandi va 1403 marta o'qildi.

Hasan G'oyib
(Tojikistonlik shoir)

Fikrlar uyqashligi va taqdirlar o'xshashligi

She'r xaqida tojik shoiri Bozor Sobir shunday deb yozadi:”Adabiyot adab kalimasidan olingan bo'lib hulq –atvor, ta'lim tarbiya va pand-nasihatni bildiradi. Shuning uchun mazhab tablig' oti, pand nasihat qilish adabiyotning ishi, ammo she'ru shoirlikning ishi emas. She'r kalimasining ildizi shuur bo'lib, aql-farosat, idrok, zavq va zehnu andisha ma'nosini bildiradi”;

“San'atning uch turi – tasviriy san'at, musiqa va nazm egizakdir”;

”She'r mo''jiza ham, sehru jodu ham emas. Odam barcha narsani o'rganishi mumkin, ishqdan bo'lak. Biror shoir she'r yozishni butunlay o'rgandim deb ayta olmaydi.

Bugun g'azallar zavq bermaydi, xuddi muzey eksponatlariga o'xshab. Klassiklar ixtirosi bo'lmish abro' kamon, zulfi sunbul, sarvi ravon, sarvi chaman kabi tashbehlar bilan mashuqaga xushomad qilgan odam primitiv hisoblanadi.

Chunki estetik did o'zgarib ketgan. Klassiklar qoldirgan meros bilan birgalikda jaxon she'riyati bizning ixtiyorimizdadir. Shuning uchun aqallan toza ibora va yoki yangi tashbex topib she'riyatda yangilik qilishimiz kerak”. (“Shoiru she're agar hast”,Dushanbe, “Adib”-2006).

Ustoz Bozorning ijtimoiy-siyosiy ruhdagi she'rlari kishiga o'zgacha zavq bag'ishlaydi.

Shoirning turli yillarda yaratilgan “Teg'i Sino”, “Devori Buxoro”, “Ahmadi Donish”, “Ayny”, “Qahramoni Navro'z”, “Shoiru she're agar hast” kabi she'rlarida tojik millatining orzu armonlari o'z aksini topgan.

Ustoz Bozor Sobir bilan ilk bor shoir Rahmat Nazriyning ish kabinetida tanishganmiz.

O'sha kuni biz Rahmat Nazriyning ish kabinetida kaxva ichib o'tirgan edik, shlyapasini bostirib olgan, soch-soqoli o'sgan shoir kirib keldi. O'rnimizdan turib salom alik qildik. 20-asr tojik she'riyatining mashhur shoiri bilan yuzma-yuz o'tirar ekan, xayolimda shoirning Jeksonvil shahrida yashagan chog'ida yozgan misralari aylanar edi:

“Az vatan raftam,
Valekin dur raftan az vatan imkon nadorad,
Mekashad xokash;
Az kashidanhoi xokash nabzi man kandast,
Zarbati nabzam murattab nest,
Zarbati qalbam murattab nest.
Az vatan raftam, valekin mekashad xokash,
Xoku xoshokash”.

Ushbu satrlar Vatan haqidagi eng go'zal satrlar hisoblanadi, nazarimda.

Raxmat Nazriy meni ustoz Bozor bilan tanishtirdi. U kishi diqqat bilan menga tikilib, hol-ahvol so'radilar. So'ngra “Regarho chi xel? “- deb qo'shib qo'ydilar. Shu paytda mening qo'l telefonim jiringlab qoldi. Uzr aytib, telefonga javob berdim, hamkursim Shokir Nazirov ekan, salomlashgach, meni qaerdaligimni so'radi. Men “ustoz Bozor Sobir bilan suhbatlashib o'tiribmiz”-deya javob berdim. Shokir ustozning she'rini qiroat qila boshladi:

Dar in zamin monandi man
Oshiq nameoyad digar.
Binshin ba ro'yi chashmi man
Loiq nameoyad digar.

Men “isted, hozir trubkaro ba ustoz mediham, bad'an mexoned” deya ustoz Bozor Sobirga telefonni tutqazdim. Ustoz she'rni tinglar ekan, kayfiyati ko'tarildi, Shokir bilan quyuq so'rashdi. “Siz ham shoirmisiz? Dushanbega biror kun keling” deya taklif qildi va menga xursand kayfiyatda telefonni tutqazdilar. Men “Regarda sizning muxlislaringiz ko'p, ustoz, qarang, shu erda ham sizni topib olishdi” dedim. Ustozning xursandligini ko'rgan shoir Rahmat Nazriy ham ancha engil tortdi.

U kishi “Biz borib ko'rishning o'rniga, ustozning o'zlari xabar olagani kelibdi”- deb xijolat chekib turgan edilar. Mening “aristokrat” jo'ram – Sotsialistik Mehnat qahramoni Kenja Nazirovning erka nabirasi, fors-tojik she'riyatining ashaddiy muxlisi Shokir Nazirov haligacha o'sha voqeani eslab yuradi.

So'nggi yillarda ustoz Bozor Sobirni yozuvchilar Ittifoqida va turli yig'inlarda tez-tez uchratib qolar edim. Shoir Nizom Qosim ustozni birga olib yurar edi. O'tgan yili Sadriddin Ayniy nomli muhtasham opera va balet teatrida bo'lib o'tgan Bozor Sobirning ijodiy kechasida zalga odam sig'mas edi.

Menga shoira Madina Azimiy joy olib qo'ygan ekan, bo'lmasa tikka turishga to'g'ri kelar edi. Bozor Sobir ijodiy kechani Tojikiston xalq artisti Saidqul Bilolov bilan birgalikda o'tkazdi. Otashqalb shoir o'zining mashhur siyosiy-ijtimoiy ruhdagi she'rlarini hamda ishqiy satrlarini o'qir ekan, zal jon qulog'i bilan tinglar edi. Esimda qolgani, ustoz Bozor kechada nafaqat o'z she'rlaridan o'qidi, balki fors klassik shoiri Nodir Nodirpur va Muhammad Iqboldan ham parchalar o'qidi. Bu ham biz yoshlarga ibrat edi. Haqiqiy san'at asariga aylangan she'r xalq mulkiga aylanar ekan:

“Shohkore ne agar, bayte bimonad yodbud
Dar zaboni millat xud…”

Erksevar shoir Muhammad Solih qayta qurish yillarida e'lon qilgan publitsistik maqolalari bilan xalq orasida mashhur edi. O'zbek yoshlarining, jumladan mening ham sevimli shoirim edi. Ustozning she'rlari va publitsistik maqolalari bugun њam eng o'qimishli va zamonaviy asarlardan sanaladi. Men Bozor Sobir bilan Muhammad Solih fikrlarida o'xshashlik ko'raman, shaxsiyatida emas. Ikki shoir ham “nimaiki yozgan bo'lsam vaqt o'tgach boshimga tushdi” deb aytadi. Urfiyatda har bir gapga “farishta omin deydi” degan naql yuradi. Ustoz Muhammad Solih ham she'riyat haqida gapirarkan: “She'r menimcha hikmat emas. Shoir ataylab aforizmlar bitmaydi. U she'r yozadi. Aforizmlar odamning idrokini yuksak muvozanatga chorlaydi, uning yagona quroli muvozanat. She'r aksincha, bizni muvozanatdan chiqaradi, junbushga soladi. Ruhimizni tinimsiz harakatga keltirib turadi”- degan edilar bir suhbatida. Ustozning xuddi shu suhbatda bildirgan quyidagi fikrlari њam e'tiborga molik: “She'riyat faqat boyib, o'zgarib boradi. Yo'nalishlarning ko'pligi, shakllarning rang-barangligi haqiqiy adabiyotga xos belgidir”.(“Poklanayotgan umid” , 1981-yil).

So'nggi yillarda ustoz bilan internet orqali suhbatlashish nasib etdi.

Mening iltimosimga ko'ra, ustoz olti tomlik asarlar to'plamini dasxat yozib jo'natdilar.

Shoir mustabid tuzum zulmi avj olgan davrda xalqimizning haq-huquqi uchun kurashdi, og'ir sinov pallasida xaq va adolat talashdi, istiqlol g'oyasini olg'a surdi, ammo yurt mustaqil bo'lgach, o'z Vataniga sig'madi.

M. Solih 1988-yilda «Yosh leninchi» gazetasiga bergan interv'yusida ibratli fikrlarni izhor etgan edi: «Yolg'on aytish to'g'ri so'zni aytishga qaraganda xavfsizrok. Zotan, insoniyat tarixida yolg'on so'zi uchun aziyat chekkanlarga nisbatan, to'g'ri so'zi uchun jabr tortganlar ko'proqdir. Ammo vijdoni butun odam yolѓon gapirib qutilishdan ko'ra, to'g'risini aytib tutilishni afzal ko'radi. Bu, albatta, telbalik emas, bu –uning tabiati. O'sha o'jar toifaga mansub zotlar tarixda ko'p uchraydi. Ularning ko'pligini ko'rib, eng tushkun kimsaning yuragida ham kelajakka umid uyg'onadi: shunday odamlar yashagan ekan, demak, bugun ham yashayapti, bundan keyin ham yashaydi, deb o'ylaydi u. Ularni dorga osgandilar, o'tda yoqqandilar, suvga cho'ktirishgandi, ammo bugun qarasak, hammasi tirik ekan. Ular ma'naviyat qasrining ustunlari, ular o'z yurtlarining haqiqiy grajdanlaridir».

Muhammad Solihning yuqoridagi suzlari uning o'ziga ham tegishli ekanligini vaqt ko'rsatdi.Muhammad Solihdek xalqning fidoyi farzandi, quvg'inda yurishi hech kimga obro' keltirmaydi. U kishining chetga chiqib ketganlarini yoqlamagan holda, xalqimizning sharafli farzandi Vataniga qaytishi uchun imkon berish vaqti keldi deb o'ylayman.

“Hurlik xaqida” nomli she'rimda shunday misralar bor edi:

Hurlik, ozodlik deb kurashib o'tgan
Azaldan millatning zo'r o'g'lonlari.
Biri g'olib bo'lib maqsadga etgan,
Biri quvg'in bo'lgan Vatandan nari.

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar