O’zbekiston Xalq Harakati

Nima uchun qamashdi?

Nima uchun qamashdi?
16 Mayıs 2017 - 10:16 'da yuklandi va 1398 marta o'qildi.

Islom Xolboy

T A N A Z Z U L
(To'rt yuz to'qson sakkizinchi kameradagi mahbus xotiralari)

XaZiNA KaBi
                             Qo'RiQlAyDiLAr
Cho'ChqA KaBi
                         BoQaDiLAr
IT KaBi
                 taHqirlAyDiLaR 

T  U Z O Q
Birinchi kitob

(Muallif bevosita boshidan kechirgan voqea-hodisalarga asoslanadi)

Qo'rqoqlik xorlikka, mardlik oldinga boshlaydi.
Ikkilanish (hafsalasizlik) taqdir  hukmidan olib 
qololmaydi.
Muhammad payg'ambarning qilichiga o'yib yozilgan hikmat 

(7)

To'qqizinchi bob

Kun bo'yi g'alvadan boshi chiqmagan Bahrom kech tushganini sezmasdan qolgandi. Katalakning kuyib qolgan chirog'i yaroqlisiga almashtirilgandan so'ngra ichkari bir qadar yorishdi. Yorug'da u betonsuvoq devorningtekislanmaganini ko'rib, uning sovuq va dag'alligi boisini tushundi. Pol shishib ketgan, dimoqni yorgudek anqiyotgan siydik aralash mog'or hidi zaxdan edi.

Yangi kelgan tutqun oliftaroq chiqdi. U eshik yuqorisidagi tirqishdan dahlizga mo'ralash bilan faoliyat boshladi. Bu paytda birinchi katalakda uchta ayol bo'lib, o'rtadagi katalak tutqunlarga to'la edi. Tanish soqchi uchinchi katalakka iloji boricha hech kimni tashlamayotgandi. Kelganida bu joyda o'zidan boshqa hech kim yo'qligidan zerikkan Bahrom endi ularning ko'payayotganidan siqilardi.

Yangi tutqun dakang xo'rozday bo'ynini cho'zib qarayverishdan charchadi chog'i, qo'lidagi baqlashkani polga qo'yib, ustiga o'tirdi. Bahrom tikka turavergandan beli qotib, oyoqlari zirqirayotgandi. Nima uchun shunday qilmaganiga ichida hayron bo'lib, u ham polda yotgan baqlashkani tortib, uning ustiga o'tirdi. Elkasidan tog' ag'darilgandek bo'lib, butun tanasi yayradi. Huzurdan kerishib, oyoq-qo'llari chigalini yozdi. Etti qat ko'rpachagacho'zilganda ham u bunchalar rohatlanmagan bo'lardi.

– Mening ismim Aziz! – dedi unga qo'l cho'zgan tutqun.

– Bahrom!

– Nima uchun qamashdi?

– Firibgarlikda ayblashyapti!

Bahrom boshidan kechirganlarini unga qisqacha so'zlab berdi. Ular deyarli tengdosh edilar. Shu sabab, eshitganlari ma'qul bo'ldi shekilli, manziratni yig'ishtirib, birov so'ramasa ham, Aziz o'zi haqda gap boshladi.

– Men sizdan salgina nariroqdagi dahada turaman! – dedi u baqlashkaga o'rnashib o'tirib. – O'zim sobiq mirshabman. Ilgari ham o'g'irlik sodir etib qamalganman. Xotinim, uchta qizim bor. Kech uylanganim bois, qizlarim hali yosh. Qamoqdan chiqib kelganimdan so'ngra ish qidirib bosh urmagan joyim qolmadi. To'rt yildan buyon ishsizman. Ikki qo'lni burunga tiqib o'tirish er kishiga yarashmaydi. Bola-chaqa, uy-joy to'lovlari bor, deganday. Bo'lavermagach, “Parkent” bozori bilan “Yangiobod” bozorlarida eski-tuskilarni olib-sotishga urinib ko'rdim, bo'lmadi. O'lik og'ziga suv tomizgandek bir gap ekan. Topgan foydang hurkitgan qurbaqqangga arzimaydi.

Qamoqxonadan chiqib kelgan kunim qizlarimga 8 Mart bayramida qo'lbola shashlik pishirib beraman, deb va'da berib qo'ygandim. So'zimning ustidan chiqishim uchun to'rt yil kerak bo'ldi. Bu yil ham 8 martda ularga bergan so'zimning ustidan chiqolmagach, qanday bo'lmasin 9 May bayramigacha sizlarga albatta shashlik pishirib beraman, deya qa'tiy va'da berdim. May ham birpasda etib keldi. Topgan pulim non-choy, shakardan ortmagani sabab, nima qilishni bilolmay boshim qotdi. Ota farzadlarga bergan va'dasi ustidan chiqmaganidan yomoni yo'q ekan. Qizlarimning 9 mayni barmoq bukib sanashlari men uchun cheksiz azob-uqubatga aylanib borardi. Chorasi topilmasa, ellik dollarga odam o'ldirishga ham tayyor edim. 7 may tongida ham qo'limda bir tiyin pulim yo'q edi. Uchastka noziri bilan ishlab yurgan paytlarimizdan tanish edik. Uning mahallamizga uchastka noziri bo'lib o'tganiga ikki hafta bo'lmagan edi. O'z oyog'im bilan oldiga borishim uning uchun ayni muddao bo'ldi. Mayda-chuyda o'g'irlikni birga qilgan paytlarimiz ko'p bo'lgani sabab, unga yuragimdagi dardlarimni to'kib soldim. U ko'pdan ishlamay turgan bir oshxona boriligini, unda idish-tovoqlar va turli jihozlar juda ko'pligidan gap ochdi. Uni bir kishi o'mara olmasligini aytib, sherik topishni sha'ma qildi. Qaynimni ko'ndirib, tunda o'g'irlikka tushdik. O'marilgan buyumlarni barchasini ertasi kuni Yangiobod bozoridagi olib-sotarlarga pullab yubordim. Qo'lim yaxshigina mablag' ko'rdi. Menga o'xshagan odam besh yilda buncha pulni topolmaydi. Foydani uch qismga bo'ldik. Cho'mich, qoshiq va shunga o'xshash alyumindan yasalgan qiymati past narsalarni Parkent bozoridagi temir-tersak bilan shug'ullanadigan bolalarga topshirib yuborgandim.Mirshablar bilan bozorga tushgan oshxona xo'jayini buyumlarini tanib qolipti. 8 may kuni tushda qizlarim bilan shashlikxo'rlik qilib o'tirganimizda, ular uyga bostirib borishdi. Bo'lgan voqea mana shundan iborat. Ushlangan daqiqalarimdan beri qilgan-qilmaganimni bo'ynimga olib yotipman. Qizlarim shashlikka to'ydi. Xotinimning qo'lida to'rt-besh so'm puli bor. Bu yog'iga peshonadagini ko'raveramiz…

Uning hikoyasini tinglagan Bahrom qanday munosabat bildirishni bilmadi. Ajab qilipsan, desa, iqrori samimiy chiqmas edi. Chatoq qilipsan, desa, bu haqiqat sadosi insof nuqtai nazaridan teshik quloqqa erishtuyulardi. Muhtojlik, irodasi bo'shligi uni jar tubigacha etaklagandi.

Bu paytda narigi katalaklardagi tutqunlarning qovoqarilarnikiga o'xshash g'o'ng'illashlari devorlardan sizib o'tib, butun hibsxonaga taralayotgan edi. Qorishib ketgan gap-so'zlardan biror ma'no anglash qiyin edi.

Kechga borib, hibsxona eshigi tez-tez ochilib-yopiladigan bo'lib qoldi. Bozori qizigan mirshablar kimlarnidir ushlab keltirib katalakka tiqayotgan bo'lsalar, kimlar bilan imi-jimida hisob-kitob qilib, chiqarib yuborayotgandilar. Alqissa, Xotira bayrami munosabati bilan biroz sovigan oldi-sotti kechga yaqin qizigandan qizidi. Tutqunlar ko'paygan sari ovqat ustiga ovqat kirar, “qo'shnilar” Bahrom bilan Azizga ham ul-bul chiqarishni kanda qilmasdilar.

Katalakning eshigi yana ochila boshladi. Aziz, “qo'shnilar” ovqat kiritayotgan bo'lsa kerak deb o'ylab, qabul qilib olish uchun shaylanganda, soqchi etmish yoshlardagi bir cholni ichkariga kiritib yubordi.

Cholni tanigan Aziz:

– Sassiq chol, bu erlarda nima qilib yuripsiz? – dedi unga mensimagan ohangda.

– Tirikchilik! – dedi chol o'zini tanib qolgan odamni kimligini payqay olmay.

– Tirikchiligingiz Yangiobod bozorida edi-ku! Bu yoqqa chaqimchi bo'lib o'ttingizmi?

– Bayram kunlarida bu erlarda ovqat yaxshi bo'ladi!

– Qanaqa ovqat? – tushunmagan Aziz unga hayron tikildi. Chol Azizni tanigan onlaridan dir-dir qaltirayboshladi. – Sassiq chol, ochiq gapiravering. Men o'tgan kun jinoyat ustida qo'lga tushdim. Sakkiz yilga qamaladiganga o'xshab turipman. Sakkiz yil ichida kim bor, kim yo'q.

Shundan keyin chol qo'rqa-pisa sirini ochdi.

– Qirq yil bitta zovotda ishladim. Haliverin ishlayotgan bo'lardim, zavodni mustaqillik yillarida buzib tashlab, ostiga puldorlar mahobatli imoratlar qurib oldilar! – dedi u. – O'sha zamonlarda bitta o'zim ishlab, beshta qiz chiqarib, bir o'g'ilni uylapman, deng. Xotinim o'tganiga ancha bo'ldi. O'g'lim bilan turaman. O'g'limning beshta jo'jabirday farzandi bor. Ish yo'qligidan u ham shiftga boqib, tupigini yutib o'tiripdi. Sakkiz jon bitta mening nafaqamga ko'z tikkan. Yaxshi eb-ichib o'rganganmiz, eb-ichmasak turolmaymiz. Ilgarigivaqtlarda duch kelgan odam nahor oshlariga va to'y-tomoshalarga kirib qornini to'qlab ketaverardi. Bizning kunlarda to'y-ma'raka egalari kimligingni bilmasa, ko'chaning boshidan orqangga qaytarib yuboradi. Shu uchun beminnatroq ko'rib, bu joylarga goh-goh kelib turaman…

– Tushunmadim! – dedi Aziz uning gapini bo'lib. – Bu erlarda pishirib qo'yiptimi?

Chol bir zum muddaosini aytishga botinolmay turdi. U har yutinganda qari xo'rozning kekirdagiga o'xshash ajin bosgan tomog'idagi liqildog'i iyagining tagiga liqillab kirib, liqillab chiqardi.

– Ovqat uchun kelaman! – dedi axiri u.

– Qanaqa ovqat, bu er oshxona emas-ku?!

– Bu joylarda bayram kunlari ovqat oshib-toshib yotadi. Piyoz po'stiga aylangan oshqozonni yaxshilab bir marta to'lg'azgan odam, ul-bul chimdinib, bir hafta qaddini tiklab yuradigan bo'ladi. Qarini qorin asraydi, deganlaridek, uyga olib ketgan ovqatlarim nevaralarimga ham ikki-uch kun asqotadi!

– Voy tullak! – gap tagiga etgan Aziz hayratini yashirib o'tirmadi. – Yomonsiz, yomonsiz, shumtaka chol. Qari bilganni pari bilmaydi deganlari shu ekan-da. Shu iborani o'zgartirib, qari bilganni shayton bilmaydi,desak, qanday bo'lar ekan?

Chol mushuk changaliga tushgan chinoq sichqonday, elkasini qisib qaltirardi.

– Qolgan joyidan davom ettiring! – dedi kalakani bas qilgan Aziz.

– Bor gap shu, Azizjon! – dedi u yosh boladay iymanib.

– Bunaqangi joylarga qaysi yo'llar bilan kirib kelish usullarini tushuntiring? – qistaladi u.

– Oddiy! – dedi barchasini aytmasa osonlik bilan qutula olmasligini anglagan chol. – Kelgim kelganda viloyatlardan kelgan mardikorlar orasiga qo'shilaman. Bayramga yaqin metro bekatlari atrofidagi daydilarni yig'ishtiradilar. Men ham bildirmay ularning orasiga kirib olaman. Qo'shib meni ham haydab kelaverishadi.

– Kelgim kelganda, deyapsiz, qachon kelgingiz keladi?

– Tansiqroq taom egim kelgan paytlarda, bayramlarda, nevaralarimni xursand qilgim kelib, mehrim tovlanib ketganda, bozorda oldi-sotti yurishmagan kunlarda!

– Nevaralaringizni qanday xursand qilasiz, tushunmadim?

– Ortib qolgan ovqatlarni paketga joylab olib ketaman. Kelinim so'rab qolgudek bo'lsa, bozordan sotib oldim, deb aytaman. Nevaralarim mazali taomlarni xush ko'rib eyishadi. Bunaqa tansiq taomlarni uydatayyorlashga yo'l bo'lsin. Hammasi ham pul bo'lsa bo'ladi. Pul bo'lmasa, hech nima yo'q. Harakatda barakat, deganlaridek, etib turipti. Hech nima orttirolmaganimizday, o'lib ham qolmayapmiz.

– Nevaralaringizga shashlik ham olib borasizmi? – qiziqdi Aziz.

– Unaqa paytlar ham bo'lib turadi! – deya javob qaytardi chol. – Bayramlarda tutqunlarning yaqinlari shashlikdan ham mazaliroq taomlar olib keladilar…

Chol gapini tugatar-tugatmas Aziz uning ko'kragiga tovoni bilan tepdi. Boyaqish devorga orqasi bilan urilib, polga yonboshlab yiqildi.

– Urmang, urmang, o'ldirib qo'yasiz! – deya Bahrom Azizni darhol quchoqlab oldi.

U cholning nevaralariga shashlik olib borib edirib yuriganini eshitganda, alamidan quturib ketgandi.

– Iflos, haromi!.. – deya u cholni og'izga olib bo'lmaydigan so'zlar bilan so'ka boshladi. – Shu ishni menga o'rgatganingda, o'g'irlikka tushmasdim, beg'alva yurgan bo'lardim. Endi qamalaman. Buni piyonista deb yursam, ichidan pishgan tulki ekan. Qizg'anchiq, xudbin, yaxshigina biznesing bor ekan, birovga bildirmasdan, qulog'imga shipshitib qo'ysang  o'larmiding, baxil. Ikkovlashib ov ovlab yuraverardik…

Boshini changallab, bo'ralatib so'kayotgan Azizni qo'yib yuborgan Bahrom cholni tiklab qo'ydi. U qushdek engil edi. Shu payt eshik ochila boshladi. Soqchi eshikni lang ochib, yonidagi kimsaga:

– Tezroq gaplashib olinglar, yuqoridan tekshiruv bor. Kirib qolsa, muammo bo'ladi! – dedi.

Kimsaga ko'zi tushgan Aziz o'rnidan irg'ib turdi. U tugun to'la ovqatni Azizga uzatib:

– Hamma yoq tinchmi? – deya so'radi.

– Tinch! – dedi Aziz. – O'zlaringizda nima gap?

– U yoqdagilardan xavotir olma. Buyog'ini to'g'irlasang, u yog'i o'z-o'zidan to'g'ri bo'lib ketadi.

Bu kimsa Aziz aytgan o'sha uchastka noziri edi. Uning so'zlari zamirida “xotining bilan qayning miq etmaydi. Kaltaklarga chidab bersang, barchasi joyiga tushib ketadi”, degan ishora bor edi. Tafsilotlardan xabarsiz kimsa qochiriqlarni tushunmasdi.

– Mendan ko'ngling to'q bo'lsin! – dedi Aziz. – Rosa ta'zirimni berishdi. Chidadim. Qolganiga ham chidayman. Bu birinchi marta bo'layotgani yo'q.

Aziz hamtovog'i qoldirgan tugunni ochib ulgurmasdan, Bahromning uyidagilar ham ul-bul ko'tarib kelishdi. U tanish soqchiga qancha iltimos qilmasin, tekshiruvchilarni bahona qilib, uni yaqinlari bilan uchrashtirmadi.

Ikki tugunda ham Aziz yillar bo'yi orzulagan shashlik bor edi.  Azizning tugunidagi to'rt quti sigaret, xaltachalardagi nos, bir shisha aroqni hisobga olmaganda, tugunlar bir-biriga o'xshab ketardi.

Aziz bilan chol Bahromni qancha qistalang qilmasin, u bir qultum ham aroq ichmadi. Yarimtani ichib olgantanishlar birpasda yana apoq-chapoq bo'ldilar. Ikkovining boyagi ko'ngilsizlik uchun bir-biridan uzr so'rab o'pishishini ko'rgan odam ularning urushib qolganiga ishonmasdi.

– Kotta doda, ilgari biror marta qamalganmisiz? – deb so'radi Aziz choldan.

– Hech qachon qamalmaganman! – dedi u. – Qama-qamalar mustaqillik yillarida chiqdi. Ilgari birov bilan birovni ishi bo'lmasdi. Jinoyat qilmasang, hech kim tegmasdi. Hozir teskarisi bo'ldi.

– Qamalmagan bo'lsangiz, hali qamalasiz, ko'p quvonmang, doda! – dedi Aziz. – Sizga o'xshagan bir-ikki odamni aytmaganda, hamma qamaldi o'zi.

– O'sha kunlarga etkazsin! – dedi Azizning ko'nglini ovlamoqchi bo'lgan chol. – Ko'rmaganimiz bir qamoq qoldi, noumid shayton, o'lmasak uni ham ko'rarmiz.

– Men o'zimni aqlli deb yurardim, ammo mendan aqlliroq chiqdingiz. Sizni fahmingiz etgan narsaga mening fahmim etmaganini qarang. Piyonista, daydi, deb yurgan odaming ko'zlaring o'ngida buyuk insonga aylanib qolsa, erish tuyularkan. Bu yoqda men bo'zchi belboqqa yalchimay yuripman Men xumkalla sizdan bir og'iz maslahat so'ramaymanmi? Hech kimga bildirmasdan ikkalamiz tirikchilik etib yuravermaymizmi? Biznesning bu turini dunyoda siz bilan mendan boshqa hech kim bilmaydi. Qutulib chiqsam, aynan shu biznes bilan shug'ullanaman. Men sizga aytsam, bu biznesning qulay tomonlari juda ham ko'p. Rastarat bo'lmaysiz, hech joyga qo'l qo'ymaysiz, eng asosiysi, ish boshlash uchun sarmoya zarur emas…

Bu ish bilan shug'ullanishga qa'tiy qaror bergan Aziz, har bir detalni sir-asrorini puxta o'rganish maqsadida, ipidan ignasigacha surishtira boshladi. “Daho”ligini umri poyonida anglayotgan chol ham erinmasdan har narsaning ikir-chikirigacha aytib berishdan tashqari, unga foydali maslahatlar ham berardi.

Katalak aroq hididan battar sasidi.

Soqchilar bilib qolishidan xavfsirayotgan Bahrom:

– Sekinroq gaplashinglar, soqchi kelsa, aroq ichganlaringizni bilib qoladi! – dedi ularga.

– U kallavaramlar ichganimizni qaerdan biladi? O'zlari ham bo'kib ichib olganlar-ku! – Bahromga olaqarash qildi aroq ta'sirida tetiklashayotgan chol.

– Bemalol gapiravering! – dedi Aziz unga. – Mirshablar o'zimizniki, hammasidan xabarlari bor. Cho'talini olganlaridan so'ngra, qismasdan ilojlari qancha.

Bahrom biror narsa deyish ortiqchaligini tushungach, indamasdan o'tirib ularni tinglashni ma'qul deb topdi.

– Hamisha bitta tumanda “ishlaysiz”mi yoki boshqa tumanlarni ham aylanib chiqasizmi? – qolgan joyidan so'rovni davom ettirdi Aziz.

– Boshqa tumanda yashayman, bilasiz! – dedi ishbilarmonligidan daqiqalar sayin kekkayib ketayotgan chol. – Bugun bu tuman hibsxonasini tunadimmi, to'rt-besh oygacha bu erlarga yaqinlashmayman.

– Bo'ri ov ovlagan joyiga olti oygacha oyoq bosmaydi! – dedi zavqi oshib borayotgan Aziz.

– Ha-a, yashang! – dedi chol. – Tushungan odamni qurboni bo'lsang arziydi. Mirshablarning ko'ziga tushib, ish buzilishini kim xohlaydi? Shaharda nechta tuman bor? Har olti oyda bir martadan aylanib chiqsam, bir yilda o'rtacha yigirma to'rt marta bo'ladi. Sayr ham sayr, sargardon ham sayr, deganlaridek, ana tijorat, mana tijorat. Shu o'zi etib ortadi, boshqa narsa kerak emas.

– Bu ish bilan shug'ullanishingizni mendan boshqa birov ham biladimi?

– Birgina o'g'lim biladi! – dedi chol. – Qayoqqa ketayotganimni uydan chiqayotib unga aytaman. U tong saharlab, aqldan ozgan otasini qidirgan odamga o'xshab, qidirib keladi-da, pasportimni ko'rsatib, meni hibsxonadan chiqarib oladi.

– Mo'ljalingiz to'g'ri chiqmagan paytlar ham bo'ladimi?

– Uchrab turadi! Men ko'zlagan hibsxona tutqunlarga to'lib-toshsa, boshqasiga olib ketib qoladilar. “Panelniy”ga[1] o'xshagan nobob joyga tushsam, tezroq chiqish payida yo'lini topib o'g'limga qo'ng'iroq qilaman.

– Mening o'g'lim yo'q, hammasi qiz-da! – dedi Aziz uf tortib.

– Hechqisi yo'q, kuyinmang. Kuyovlar orasidan chaqqonrog'i chiqib qolar. Shirinkama mazasini bir marta olsa, orqangizdan qolmaydi! – derkan chol, o'z gapidan o'zi kuldi.

– Qizlarim turmushga chiqishga yoshlik qiladi! – dedi Aziz afsusga o'xshash ma'yus tovushda.

– Qizlar o'g'il bolalarga qaraganda tez etiladilar. Qamoqdan chiqquningizcha ular turmush qurishga ulgursa, omadingiz. Ha, aytganday, bu tijorat bilan jidiy shug'ullanmoqchi bo'lsangiz, hech qachon o'zingiz bilan pasportingizni ko'tarib yurmang. Pasportingiz kuyovingizda turgani ma'qul. Toshkentlik ekaningizni bilsalar, ketingizga tepib chiqarib yuboradilar. Unaqada na qorningiz to'yadi, na uyingizga ul-bul olishga ulgurasiz.

– Mirshablar sizni ikkinchi marta ko'rganda tanib qolgan paytlar ham bo'lganmi?

– Bugun uchradi. Sherigiga bildirmasdan besh yuz so'm qistirgandim, olib kelib yaxshi katalakka joyladi! – dedi uddaburroligidan xursand chol…

[1] “Panelniy” – shaxsi aniqlanmaganlarni va daydilarni ushlab turadigan vaqtinchalik hibsxona.

Davomi bor 

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar