O’zbekiston Xalq Harakati

Mirziyoev Andijon borasida nega sukut saqlamoqda?

Mirziyoev Andijon borasida nega sukut saqlamoqda?
16 Mayıs 2017 - 12:24 'da yuklandi va 1374 marta o'qildi.
Yelena UrlayevaRasmiylar bu yil Andijon qurbonlarini xotirlash marosimiga qarshilik ko'rsatishmagan.

O'zbekistonlik bir guruh inson huquqlari faollari 2005 yil 13 mayidagi Andijon voqealarining navbatdagi sanasini Toshkentdagi “Jasorat” yodgorligi poyiga gul qo'yish bilan xotirlashgan.

O'tgan yillardagidan farqli o'laroq, O'zbekiston rasmiylari bu safar kichik sondagi huquq faollarining Andijon qurbonlarini xotirlash marosimiga qarshilik ko'rsatishmagan.

Huquq himoyachisi Elena Urlaeva hamda yana bir necha faollar Andijonda namoyishchilarni o'qqa tutgan shaxslarni jazoga tortishni talab qilganlar.

Ayni sana arafasida Toshkentga tashrif buyurgan Birlashgan Millatlarning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn 2005 yil mayidagi Andijon voqealari qurbonlarini unutmaslik va bu voqealarga xolis baho berishga chaqirgan.

Avvalroq Prezident Mirziyoev bilan uchrashgan BMT mulozimining Andijon masalasini muhokama qilgani haqida ma'lumot yo'q.

Andijon voqealarining navbatdagi sanasi Mirziyoevning Xitoyga tashrifi paytiga to'g'ri kelgan.

Mirziyoev na Bosh vazir lavozimini egallab turgan 2005 yil va na Prezident bo'lganidan buyon Andijon voqealari haqida hech qanday bayonot bermagan.

Xo'sh, uning sukunati nimani anglatadi? O'zbekiston hukumati yuzlab insonlarning o'limiga sabab bo'lgan fojiali voqealar borasidagi mavqeini qayta ko'rib chiqishi mumkinmi? Andijon qirg'ini yuzasidan mustaqil tekshiruv o'tkazish ehtimoli qanchalik?

Andijon qurbonlari uchun adolat tiklanadimi?

Biz bu savollarni Olma-Otadan britaniyalik tahlilchi Joanna Lillis bilan muhokama qildik.

Joanna Lillis: O'tgan hafta Birlashgan Millatlar Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissarining O'zbekistonga tarixiy tashrifiga guvoh bo'ldik. Bu ayni darajadagi BMT mulozimining mamlakatga ilk tashrifidir. Bu shubhasiz, Prezident Mirziyoevning inson huquqlari borasida muloqotga tayyorligini ko'rsatadi. Bilasiz, bu kabi muloqot marhum prezident Islom Karimov davrida imkonsiz edi. Nazarimda, Mirziyoev O'zbekistonning dunyoda inson haqlarini eng ko'p poymol etuvchi davlat sifatidagi imidjini o'zgartirishni istaydi. Shuning uchun ham BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komisarini O'zbekistonga taklif qildi, deb o'ylayman. Mirziyoevning shaxsan o'zi Andijon voqealarining navbatdagi sanasi munosabati bilan hech qanday sharh bermaganiga ajablanmagan bo'lardim. O'zbek hukumati Andijon masalasining qanchalik og'riqli ekanini yaxshi biladi. Dunyo bo'ylab inson huquqlari jamoatchiligi bu yil ham qurbonlarni xotirladi va voqealar yuzasidan mustaqil tekshiruv o'tkazishga chaqirishda davom etmoqda. Ammo Mirziyoev bu kabi tekshiruvga rozi bo'ladi, deb o'ylamayman.

Bi-bi-si: BMT Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn Toshkentdaligida Andijon voqealari yuzasidan mustaqil tekshiruv o'tkazishga chaqirmadi. Nega?

Mirziyoev
Andijon voqealarining navbatdagi sanasi Mirziyoevning Xitoyga tashrifi paytiga to'g'ri kelgan.

Joanna Lillis: Ehtimol, BMT Oliy komissari o'z mezbonini noqulay ahvolga solishni istamagandir. Bu bir “real-politik” masalasi ham bo'lishi mumkin. Birlashgan Millatlar Oliy komissari O'zbekiston bilan inson huquqlari borasida muloqot o'rnatmoqchi. Karimov davrida bu kabi muloqot o'rnatishning imkoni bo'lmagan. Ehtimol, bu kabi chaqiriq hozirga bosqichda ana shu muloqotni boshlashni qiyinlashtiradi, deb o'ylagandir. Ammo albatta, huquq faollari Zayd Raad al-Husayn baralla gapirishi va Andijon yuzasidan mustaqil tergov o'tkazish talabini takrorlashi kerak edi, deyishmoqda.

Bi-bi-si: Andijon yuzasidan mustaqil tekshiruvning hozirgi o'zbek elitasi uchun qanday ehtimoliy oqibatlari bo'lishi mumkin?

Joanna Lillis: Ayonki, Andijon voqealari davrida hokimiyatda bo'lgan odamlarning ko'pchiligi hanuz qudratda. Andijondagi namoyishni bostirish chog'ida asosiy rol o'ynagan xavfsizlik kuchlari – SNBning rahbari o'zgargani yo'q. Shuning uchun ham mustaqil tekshiruvga ruxsat berilishi ehtimoli juda kam. Prezident Mirziyoev uchun bu kabi qadam juda katta tavakkal va xavf tashkil etishi mumkin. O'zbekistondagi boshqaruv tuzilmasi juda murakkab va shuning uchun ham ichkarida kechayotgan hokimiyat uchun kurashlar haqida uzil-kesil bir fikr aytish qiyin. Ammo shunga qaramay, Karimovning o'limi hukumatdagi qattiqqo'l va islohot tarafdori bo'lgan kuchlar orasida kurashni yuzaga chiqargani hozirda ayon. Taxminimcha, Mirziyoevning Andijon yuzasidan mustaqil tekshiruvga ruxsat berishi hukumatdagi qattiqqo'llik tarafdorlarini g'azabga keltiradi va hokimiyat uchun kurashning ochiq tus olishiga sabab bo'lishi mumkin. Mirziyoev Prezident etib saylanganiga hali ko'p bo'lgani yo'q va hokimiyatda qolish uchun muvozanatni ushlab turishga majbur. Andijon masalasi uning uchun juda ham qaltis bo'lishi mumkin.

Bi-bi-si: Mirziyoevning o'zi Andijon voqealari yuz bergan payt davlatdagi ikkinchi odam edi. Siz Andijon voqealarida uning shaxsiy mas'uliyati bor, deb hisoblaysizmi?

Joanna Lillis: Menimcha, ha. Shubhasiz, inson huquqlari tashkilotlari Andijondagi namoyishlar qonli bostirilgan payt bu kabi lavozimda bo'lgan har qanday shaxs javobgar deb aytishlari tayin. Mirziyoev Bosh vazir edi va Andijonga o'xshagan muhim bir masalada uning ishtirokisiz qaror olinganiga ishonish qiyin. Garchi xavfsizlik xizmati rahbari Karimovga ko'proq ta'sir ko'rsatish imkoniga ega bo'lgan esa-da. Menimcha, Andijondagi voqealar uchun o'sha payt hukumatda bo'lgan barcha shaxslar javobgar.

Andijon2005 yil 13 mayida Andijonda hukumat kuchlarining namoyishchilarga qarata o't ochishi natijasida rasman 187 inson halok bo'lgan.

Bi-bi-si: Sizningcha, O'zbekistondagi hokimiyat davomiyligi va Mirziyoevning Karimovni ulug'layotganining o'ziyoq Andijon masalasini qayta ko'rib chiqish ehtimolini istisno qilmaydimi?

Joanna Lillis: Shubhasiz, bu juda muhim omil. Mirziyoev birinchi kundanoq Karimov shaxsini ulug'lash orqali o'z hokimiyatini mustahkamlash va xalqni jipslashtirish maqsadida foydalanayotganini ko'ramiz. Garchi u amalda har doim ham Karimov merosiga sadoqatini ko'rsatmayotgan bo'lsa ham. Shu ma'noda Mirziyoev boshqaruvi O'zbekistondagi hokimiyatning davomiyligi tamoyiligi qurilgani to'g'ri. Islom Karimov olgan muhim qarorlarni savol ostiga olish Mirziyoevning o'zining hokimiyatini tahlika ostida qoldirishi mumkin. Bu Mirziyoev uchun bir ma'noda o'z-o'zini savol ostiga olish, degani.

Manba: Bi-bi-si O'zbek

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar