O’zbekiston Xalq Harakati

Tabassum uchun so'nggi imkon

Tabassum uchun so'nggi imkon
17 Mayıs 2017 - 8:00 'da yuklandi va 1092 marta o'qildi.

Islom Xolboy

XAYoL ETMAS MANZILLAR

Tabassum uchun so'nggi imkon

1
Ko'zoynakdan echib, ko'zlarni bir dam,
Telpakdek olayin, elkamdan boshni.
G'alvalardan bezdim, charchadim, biram,
Ular ham ko'rsinlar, men ko'rgan tushni.

2
G'iybatga dum bo'ldi, bir kuni shov-shuv,
Quyuq kulrang tuman tutdi dunyoni.
Bo'ri it bo'ldi-da, itlar tortdi uv,
Jinlar bosib ketdi, biydek sahroni.

3
Vagonlardek qisqa umr ichinda,
Kaftda kitob ushlab, hecham charchamang.
Reles bo'lib suning ko'hna ochunda,
Daryolardek shoshing, eldek ochqamang.

4
Telefon qanchalar, beminnat dastyor…
Unga dard aytadi yaxshi va yomon.
Qancha yuk bo'lmasin, tortishga tayyor,
Buningdek hammolni ko'rmagan jahon.

Bir joydan jilmasdan bitta dastakda,
Sirlar sandig'iga bosadi quloq.
Qizlarning lablari quloqlarida,
U dildan dillarga oqguvchi buloq.

5
Qayisi makonda yashaydi og'riq?
Suratini chiza olurmi, vujud?
Taassurotlar magar shunchalar dimiq,
Demak-ki, og'riqning shakli ham mavjud.

Taassurotlar sovuq bo'lsa ham barbir,
Og'riqni chekkaga chiqarish qiyin.
Dardlarsiz, yashashlik – bo'shliqdek dolg'ir,
Og'riq xumor etar, ulg'aygan sayin.

6
Bobom qurgan bino qartayib qoldi,
Izg'irinni avval qilmasdi pisand.
Yillar bo'ronida, karvondek toldi,
Oddiy shabada ham, endi unga dard.

Eh-e, nimalarni ko'rmadi, bu uy,
Chivinlarga qal'a bo'ldi to'rt devor.
Kimlar, bunda yig'lab, kimlar chaldi kuy,
Endi uning o'zi, tuzalmas bemor.

7
NUJga qiziqsinib qaragan kabi,
Maymunni tomosha qildi odamlar.
U ham odamlarga tikildi, g'amli,
Odamdan tarqagan, deya maymunlar.

Qalbini bir zumda, qopladi nafrat,
Kaftiga tikildi, maymun uzoq vaqt,
Qo'li toza edi yuqmagandi gard.
Odamzot – qizil qon ichida, xilqat.

8
Yasamalikni yashiradigan achchiq tabassum,
Bir kun emas bir kuni lablarda qotib qolajak.
Soxtakorliklar tabiiylikni qilganidek gum,
Chin arafa yolg'onlarni kafanlarga solajak.

* * *

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar