O’zbekiston Xalq Harakati

Xitoy yangi tashabbusi: kim tarafdor, kim qarshi?

Xitoy yangi tashabbusi: kim tarafdor, kim qarshi?
17 Mayıs 2017 - 10:35 'da yuklandi va 1498 marta o'qildi.

Xitoy qadimgi Buyuk Ipak yo'lini qayta tiklamoqchi. Shu maqsad yo'lida taklif etayotgan “Bir belbog', bir yo'l” g'oyasi dunyoda xavotir, shubha va inkorlar bilan ham qarshi olinmoqda.

Ingliz tilida “One Belt, One Road”, rus tilida “Odin poyas, odin put'”, o'zbek tiliga esa “Bir qutb, bir yo'l”, “Bir belbog', bir yo'l” yoki “Bir makon, bir yo'l” deb tarjima qilinayotgan g'oyaning muallifi Xitoy Prezidenti Si Tszinpin ekani xabar qilinmoqda. Xitoyning davlat axborot agentligi Sin'xua ushbu loyiha mazmuniga bag'ishlangan qisqa video e'lon qilgan, bu videoda Prezident Si Tszinpin Sharqning qadimgi donoligini bugungi dunyoning farovonligi va taraqqiyoti yo'lida ishlatishga chaqiradi.

Prezident Si Tszinpin Buyuk Ipak yo'lini qayta tiklash taklifini ilk bor 2013 yili Markaziy Osiyo mamlakatlari va Indoneziyaga safarlari payti ko'targan.

Ushbu g'oya bilan bugungi Xitoy rahbariyati qadimdagi karvon yo'llari bo'ylab tovarlarni Sharqdan G'arbga etkazishni ko'zlagan.

Xususan, Xitoy ikki yo'lni taklif qilmoqda. Quruqlik orqali o'tadigan yo'nalish uchta yo'lakni o'z ichiga olgan. Bu yo'lakning birinchisi Xitoy-Markaziy Osiyo-Rossiya-Evropa yo'lagi. Keyingisi Xitoy-Markaziy Osiyo-G'arbiy Osiyo-Fors ko'rfazi-O'ra Er dengizi. Janubiy yo'nalish Xitoy-Janubi-g'arbiy Osiyo-Janubiy Osiyo-Hind okeani.

Dengiz yo'li esa Xitoyning sharqiy sohillaridan Janubiy Xitoy dengizi orqali Janubiy Tinch okeani mintaqasiga chiqish hamda Xitoy sohillaridan Janubiy Xitoy dengizi va Hind okeani orqali Evropaga chiqish maqsadlarini ko'zlagan.

Ipak yo'li xaritalari

Pekindan Moskvaga poezdda ikki kunda

Xitoy “Bir belbog', bir yo'l” tashabbusi doirasida yangi avtomobil' va temir yo'llarini, ko'priklar va sanoat parklarini, bandargoh va neft' quvurlarini qurishni, yo'l-yo'lakay yangi konlarni o'zlashtirishni taklif qilmoqda. Yangi tashabbus tovarlar va kapital eksportini ko'paytiradi, yangi ishlab chiqarish va ish o'rinlarini barpo etadi, qaysi davlat ushbu tashabbusga qo'shilgan bo'lsa, undan manfaatdor bo'ladi, demoqda Xitoy rahbarlari. Xususan, Pekindan chiqqan tezyurar poezdni bir kunda Olma-Otaga, ikki kunda Moskvaga etib boradigan qilishmoqchi. O'zbekistonning Qamchiq dovonidagi temir yo'l tunneli ushbu tashabbus tarkibidagi loyiha bo'lgan.

Xitoy rahbariyati o'zining ushbu yangi g'oyasi jahonning 65 mamlakatini qamrab oladi, deb biladi. Gonkongda joylashgan Fung Business Intelligence tadqiqot markazi hisob-kitobiga ko'ra, bu dunyo aholisining 60 foizi, dunyo Yalpi Ichki mahsulotining 30 foizi deganidir.

Temir yo'l

Saxovatli Xitoy

14-15 may kunlari birinchi “Bir belbog', bir yo'l” xalqaro forumi bo'lib o'tdi. Anjumanda dunyoning 29 davlati rahbari, 130 mamlakat vakillari ishtirok etdi. G'arb matbuoti forumga dunyoning 65 mamlakati rahbarlari taklif etilganini, biroq 40 dan ortig'i qatnashishdan bosh tortgani haqida yozdi. Ishtirokchilar orasida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo'g'on, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboev, Qirg'iziston Prezidenti Almazbek Atamboev, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, BMT Bosh Kotibi Antoniu Guterrish, Jahon Banki, Xalqaro Valyuta jamg'armasi va boshqa xalqaro tashkilotlar rahbarlari bor edi. Mehmon prezidentlar Xitoy tashabbusini qo'llab-quvvatlashlarini bildirdilar.

O'zining yangi tashabbusiga Xitoy qo'shimcha 124 milliard dollar sarflashga va'da berdi. “Bir belbog', bir yo'l” tashabbusidagi ayrim loyihalar aniq bo'lsa, ayrimlari noaniq. Bu narsa Pekinga o'z hay'atini yuborishni istamagan Hindiston bilan Xitoy diplomatlari o'rtasidagi dahanaki jangga ham sabab bo'ldi. Xitoy Shinjon orqali Pokistonning nazorati bo'lgan, biroq bahsli hisoblanadigan Kashmir hududi orqali Xitoy-Pokiston Iqtisodiy yo'lagini barpo etishga bel bog'lagan. 50 milliard dollar deb baholanayotgan loyiha Hindistonning noroziligiga sabab bo'lgan. Hindiston Yaponiya bilan hamkorlikda o'zlarining bir necha infrastrukturaviy loyihalarini boshlamoqchi bo'lib turibdilar.

Prezident Mirziyoev Pekinda Prezident Mirziyoev Pekinda “Bir belbog', bir yo'l” xalqaro forumida ishtirok etdi.

Janob Si qayg'usi nima – dunyomi yo o'z mamlakati?

Tahlilchilar, Xitoy chindan ham dunyo bo'ylab qashshoqlikni bartaraf etib, farovonlikka eltuvchi yangi tashabbusni boshlayaptimi yoki bu ishlab chiqarish haddan ziyod ko'payib ketib, iqtisodiy o'sishi sekinlashayotgan Xitoy rahbarlarining o'z mamlakati vaziyatini yaxshilash harakatlarimi, degan savollarga javob topishga intilmoqdalar.

Londonda nashr qilinadigan “Financial Times” ro'znomasi ushbu tashabbus Xitoy manfaatiga xizmat qiladi, deb yozadi. Bu mamlakatning yotqizadigan sarmoyalari ham bor, yirik loyihalarni ro'yobga chiqarish borasida tajriba ham orttirgan. “Xavotirli tomoni shuki, bu reja Xitoy iqtisodining eng yomon narsalarini ham tashqariga eksport qiladi, shundoq ham hozir bosim ostida qolgan mamlakatning moliyaviy tizimiga taranglikni kuchaytiradi”.

“Financial Times”ga ko'ra, Xitoy bir necha o'n yillik davomida iqtisodiy ekspansiyani amalga oshirib keldi. Davlat boshqaruvi ostidagi ishlab chiqaruvchilar sarmoyani har doim ham oqilona yo'naltirganlari yo'q, oqibatda ko'pgina sanoat sohalarida ishlab chiqarish quvvatlari talabdan ziyod bo'lib ketdi.

Agar loyihalar qurilishida mahalliy va xalqaro shirkatlar band bo'lsa, bu Xitoy rahbariyatining bayonoti rostligini isbotlaydi, agar qo'shni mamlakatlarda boshlangan qurilishlardagi ishlarni xitoylik mutaxassislar bajarishga kirishsalar, bu Xitoy o'zi yo'naltirgan sarmoyani o'zi o'zlashtirishdan manfaatdorligini ko'rsatadi, deya xulosa qiladi ro'znoma muxbiri.

Milliardlik barbodlar

Amerikada joylashgan Bloomberg nashri Xitoy so'nggi yillarda boshlagan bir necha milliard dollarlik loyihalar to'xtatilganini yodga oladi. Xitoy Venesueladan qarz evaziga neft' olishga kelishgan va bu loyiha 20-24 milliard dollarga baholangan. Shuningdek, 7,5 milliard dollarlik tezyurar temir yo'l barpo etishga kelishilgan. Venesueladagi so'nggi yillardagi iqtisodiy mushkulliklar bois bu loyihalarni to'xtatib qo'yishga to'g'ri kelgan. Kongodagi 1 milliard dollarlik yog' zavodi, Ugandada 1,5 milliard dollarlik erkin savdo zonasi va Myanmarda 3,6 milliard dollarga baholangan to'g'on qurilishi ham to'xtab turibdi.

Xitoyning yangi tashabbusiga shubhalanayotganlar fikricha, kambag'al qo'shnilariga qarz berish bilan Pekin tobora ko'proq o'z ta'siri doirasiga tushirishni, ish hajmi kamayib borayotgan o'z shirkatlarini yangi ishlar bilan ta'minlashni ko'zlamoqda.

Prezident Si Tszinpin g'oyasini dastaklayotganlarning fikricha, ushbu loyiha ro'yobga chiqarilsa, Evroosiyoning aksar hududida iqtisodiy imkoniyatlarni ochadi.

Manba: Bi-bi-si O'zbek

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar