O’zbekiston Xalq Harakati

Qahatchilik ko'tarildi

Qahatchilik ko'tarildi
18 Mayıs 2017 - 10:00 'da yuklandi va 1095 marta o'qildi.

Alixonto'ra Sog'uniy

TARIXI MUHAMMADIY — 164
(davomi)

BANI FAZORA QABILASINING ELChILARI

Bani Fazora qabilasidan o'n necha kishi elchi bo'lib kelmish edi. Raislari esa Horija ibn Hisn degan kishi bo'lib, ozg'in tuyalarga minib kelgan edilar. Chunki bir necha yillardan beri bularning erlarida yomg'ir bo'lmay, qahatchilik balosi hukm surmoqda edi.

Rasululloh bilan ko'rishganlaridan keyin, ulardan hol so'radilar.

Anda raislari:

— Yo Rasulalloh, bizning yurtimizga yomg'ir yog'may, bek qahatchilik bo'ldi. Chorva mollarimiz qirilib, xotin-bolalarimiz och qoldi. Duo qiling Rabbingizga, bizlarga yomg'ir bersin, Rabbingizga sizni shafei' keltirdik, sizga Allohni shafei' qildik, — dedi.

Rasululloh muning bu so'ziga ajablanib:

— Subhonalloh, sening bu so'zing qandoq bo'ldi? Men Allohga shafe' bo'lsam yarashur. Alloh menga qandoq shafe' bo'lur, bu ersa adabdan tashqari so'zdur. Ulug'lik, azamatlik, yolg'iz Allohga yarashur, — dedilar.

Bu so'zni aytguvchi odam ersa, o'zlarini qanday qattiq og'irchilikka qolganliklarini Rasulullohga bildirmoqchi edilar. Och kishidan aql chiqmas degandek, o'rinsiz so'z qilsa ham, Rasululloh uni kechirdilar. So'ngra ularning holiga yarasha aytdilarkim:

— Sizlarga suyunchilikdur. Mehnat kunlari tugadi, najot vaqti keldi, Alloh kulib turadi, — dedilar ersa, bular ichidan bir a'robiy turib:

— Mundog' kulib turgan Allohdan sira ajramaylik, — dedi.

Rasululloh uning so'zidan kulib, darhol minbarga chiqib, qutlug' qo'llarini eng egiz ko'tardilarkim, qo'ltiq oqlarigacha (taglarigacha) ko'rindi. Boshqa vaqtlarda ersa, mundoq odatlari yo'q edi. So'ngra ushbu duoni o'qidilar:

«Ey bor Xudoyo, rahmat suviga bizni serob qilgil. O'lgan erlaringni tirgizgil, chanqoqlikda qolgan bandalaringni, hayvonlaringni yomg'ir suvi bilan qondirgil. Erlardan insonlar uchun ekinlar unsin, hayvonlar uchun o'tlar o'ssin, yaylovlar ko'paysin, yoqqan yomg'ir barcha erni qoplasin, tez yog'sin, keng yog'sin, foydalik bo'lsin, ziyoni bo'lmasin. Kelgan yomg'ir biz uchun rahmat bo'lsin. Azob-mehnat bo'lib, uylar buzilmasin, mol-jon g'arq bo'lmasin, botrog' yog'sin, — dedilar.

Anda ansor sahobalardin Abu Luboba degan kishi o'rnidan turib:

— Yo Rasulalloh, xirmonlarimizda yoyilgan xurmolarimiz ko'p edi, — deb uch yo'l aytgach, Rasululloh:

— Yo Rabb, tezroq yog'dirgil, Abu Luboba xirmonini suv bossin. Izorini echib xirmonda suv kirgan teshiklarni u bilan to'ssin, o'zi yalang'och qolsin, — dedilar.

Bu duoni qilib bo'lishlari bilan Sal'a tog'i ortidan chiqib, bir parcha bulut paydo bo'ldi. Osmon o'rtasiga kelganida ko'k yuzini bulut qoplab, shunday yomg'ir yog'gali turdikim, shanba kundan boshlab yoqqan yomg'ir kelgusi shanba kunigachalik to'xtamasdan yog'di.

Abu Luboba qarasa, Payg'ambarimiz deganlaridek xurmo xirmonini suv qoplab oqizgudek bo'lib turibdur. Shoshilganidan yalang'och bo'lib, boshqa narsa topishga ulgurmay kiyimlarini echib, suv teshiklarini to'sgali turdi. Yog'in ko'pligidan kishilar zerikkudek bo'lgach, boyagi yomg'ir so'ragan kishi yana keldi:

— Yo Rasulalloh, yomg'ir ko'pligidan, sel yurib, yo'llar buzilishga boshladi. Qatnov ishlarimiz qiyinlashdi, — dedi.

Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbarga chiqdilar ersa, duoga qo'l ko'tarib:

— Yo Rabbiy, endi ustimizga yog'masdan, tog'-cho'llar, qirlarga, o'tloq-yaylov, to'qaylarga yog'sin, — deyishlari bilan Madina ustidan bulutlar so'kulib, atrofga tarqala boshladi.

Rasululloh qayoqqa qarab ishorat qilsalar, bulutlar shu yoqqa yugurishar edi. Uzoq-yaqin Madina atrofida yomg'ir yog'magan hech bir er qolmadi. Bir oygacha yog'ingarchilik bo'lib, hamma joydan qahatchilik ko'tarildi.

Bu ulug' mo'jiza ersa, necha minglab Arabiston xalqining ko'z oldida bo'lib o'tgan birkaromatdur. Mundan boshqa ham mo'jiza to'g'rilik Payg'ambarimizdan bizga etganso'zlarning barisi haqdur. Bularning bo'lib o'tganligini hech kim gumon qila olmagay.

Chunki bunday xabarni «mutavotir xabar» deydilar. Bu ersa ishonishlikda ko'z bilan ko'rgandek bo'lur. Yolg'on chiqishi mumkin bo'lmagan xabarlarni mutavotir deb aytiladi. Buning misoli shulki, Makka shahrini borligiga dunyoda ishonmagan musulmon yo'q. Ko'pchilikning bergan xabarlariga binoan, ko'rgan-ko'rmagan hammasi barobar munga ishonadilar. Shunga o'xshash Payg'ambarimizning mo'jizalari ham yuzlab, minglab ko'pchilik ichida bo'lganligidan buning xabarini beruvchilar ham ko'pchilikdur. Bunga ishonuvchilar ersa, o'z ko'zim bilan ko'rmadim, deb Makka shahrining borligiga ishonmagan kishilar kabi bo'lurlar. Aqli o'zida odamning shunday deyishi mumkin emasdur.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar