O’zbekiston Xalq Harakati

Davlat qurilishi haqda o'ylar

Davlat qurilishi haqda o'ylar
19 Mayıs 2017 - 6:00 'da yuklandi va 954 marta o'qildi.

O'zbekistonni harobalardan gulistonga olib chiqamiz – 2.
(“Erk” partiyasining lideri Muhammad Solih bilan interv'yu.)

– Sizningcha qaysi davlat shakli O'zbekiston uchun eng uyg'un – Prezidentlikmi yoki Parlament jumuriyatimi?

– Hozirgi bosqichda biz uchun eng uyg'un davlat sistemasi – Prezidentlik sistemasidir. Faqat bitta shart bilan – bu sistemani nazorat qilish uchun impichment institutini kuchaytirish sharti bilan. Davlat boshlig'ining faoliyati impichment vositasida nazorat qilinishi lozim. Konstitutsiyaga yana bir modda ilova kilish mumkin: xalqning zulmga qarshi bosh ko'tarish haqqi to'g'risidagi modda. 1776 yilda Amerikaning 13 shtati kabul kilgan Mustakillik Bayonnomasida boshka moddalar katorida «xalqning zulmga qarshi bosh ko'tarish haqqi» to'g'risidagi modda ham bor edi.

Bu ikki mexanizm – impichment va «xalqning zulmga qarshi bosh ko'tarish haqqi» moddasi diktaura ishqibozlarini tizginlash uchun ancha effektiv vosita bo'lgan bo'lardi. Masalan, AQSh Konstitutsiyasida impichment haqida shu ifodalar bor: «AQShda Prezident, vitse-prezident va butun fuqoraviy ma'murlar vatanga hiyonat, poraxo'rlik va boshqa jiddiy jinoyatlar uchun impichment vositasida o'z vazifalaridan uzoqlashtirilishi mumkin». O'tish davrida demokratik davlatlarning bu tajribasidan foydalanish to'g'ri bo'lardi. Albatta, bu moddalarni to'g'ridan ko'chirish shart emas, ularni bizning sharoitimizga adaptatsiya qilish mumkin.

– Nega aynan Prezidentlik sistemasini tanlayapsiz?

– Chunki bizning boshqaruvda, idorada anarxiyaga moyillik hali ham kuchli. Insonlar buni tushunishadi va shuning uchun ham hech kim hech narsa uchun mas'ul bo'lmaydigan ko'povozli, majhul Parlamentni emas, davlatning har bir muayyan harakati uchun mas'uliyatni zimmasiga oladigan, real siyosiy figuralarni ko'rishni istaydilar.

Hatto 90 yilga yaqin Parlament jumhuriyati bulgan Turkiyada xam Prezidentlik sistemasiga o'tish xakda baxslar davom etmokda. Bunga sabab kilib, turk siyostachilari parlament sistemasining effektiv ishlamayotaganini ko'rsatishmokda.

– Mavjud siyosiy sistemani qaysi yo'nalishda isloh qilish kerak? Buni amalga oshirish uchun qancha vaqt talab qilinadi? Siz demokratiyaning paydo bo'lishi uchun 100- 200 yil kerak degan gapga qo'shilasizmi? Yoki uni tezroq, masalan, bir yil ichida qurish mumkinmi?

– Davlatning rejimi ijtimoiy-huquq va xalqoro huquq normalariga uyg'un, yangidan shakllantirilajak. Davlat hokimiyati o'zining barcha salohiyatlari bilan to'laligicha xalq egaligida bo'lmog'i lozim. Xalk o'z hokimiyatini parlament, ijro hokimiyati va mahkama vositasida qo'llashi lozim. Uning bironta salohiyatini hech kim xalq irodasiga zid ravishda egallab olishga haqli emasdir.

Bu davlatda inson davlat uchun emas, davlat inson uchun bo'lajak. Boshqaruv sistemasi egamanlik (suveren) haqqini xalqimizdan olajak. Bu ma'noda, davlat qarorlarida ko'pchilikning (jamoa, sho'ro) boshqaruv zehniyati asos olinajak. Bu davlat haqsizlik kimdan kelsa kelsin, kimga kelsa kelsin, mazlumning tarafini olajak, zolimga qarshi bo'lajak. O'zbekiston Jumhuriyati hokimiyatlarning (qonun chiqaruvchi, ijro hokimiyati, mahkama) mustaqilligi tamoyiliga asoslanajak. Xalqning bevosita, tashkilotli o'laroq boshqaruv ishlariga aralashuvini ta'minlaydigan rejim o'rnatilajak.

Millat hukmiga ehtiyoj sezilganda, ochiq saylov yoki referendumlar o'tkazish mumkin bo'ladi. Biz haqiqiy istiqrorning (stabillik) faqat boshqaruvdagi adolat bilangina ta'minlanishiga ishonamiz. Bu kontekstda, ijtimoiy qatlamlarning adolatli tamsili (qatnashuv) masalasi nihoyatda muhimdir. Qonun chiqaruvchi hokimiyat, Ijro hokimiyati va Mahkama faoliyatiga fuqoraviy tashkilotlarning sherik bo'lishlari uchun akkreditatsion sistema uyg'ulanajak.

Maqsadimiz kuchli, tashkilotlangan bir jamiyat qurishdir. Xalqning turli sohalarda o'z-o'zini boshqaruvda qoniqarli holga kelishi lozim. Xalqning vaqf, jamiyatlar, baynalminal jamoat tashkilotlari qurish tashabbuslarini qo'llab quvvatlayimiz. Bu qurilishlar orasida dialog va ishbirligini tashviq etamiz. Bu shaklda davlatchiligimiz asoslari nafaqat davlat organlari tarafidan, balki jamoat tashkilotlari, fuqoraviy institutlarning shaffof faoliyati vositasi bilan ham ihota etiladi.

Biz butun ijtimoiy qatlamlardan odil tamsilni ta'min etadigan saylov va siyosiy partiyalar yangi qonunini chiqaramiz. Bizning barpo etajagimiz davlatda qishloq, tuman va viloyat boshqaruvlariga maksimum darajada mustaqil maqom berilajak va ular har bir kichik masalada Markazga murojaat qilmaydigan bo'ladilar.

Davlat idoralari minimum sansolarlik va maksimium unumdorlik tamoyili bo'yicha ishlayajak. (Davlat idorasiga murojaat etilganida fuqaro pasporti asosiy hujjat hisoblanadi, qo'shimcha hujjatlar to'plash bo'yicha barcha ishlar davlat organlari zimmasiga yuklanadi. Har bir amaliyotning bajarilish vaqti aniq ko'rsatiladi va fuqarolarning murojaatlariga o'z vaqtida javob bermagan amaldorlar – nafaqasiz ishdan haydalishgacha – jazolanadi) Ma'murlar etarli darajada bugungi olayotganidan 10 marta kuprok maosh, ishdan ketganda esa minumum yashash standartidan oshiqroq nafaqa bilan ta'min etilajak. Poraxo'rlik va korruptsiya eng og'ir jazo bilan jazolanajak. Sud va Prokratura xalq tarafidan saylanib, mustaqil bo'lajak. Hibsga olish uchun sanktsiyalar mutloq shaklda mahkama salohiyatida bo'lishi kerak.

Davlat hakamlarning mustaqilligiga kafil sifatida maydonga chiqadi. Prokuraturaning asosiy vazifasi – qonuning bajarilishini nazorat qilish bo'ladi. Prezident taklif qilgan hukumatni Parlament tasdiqlaydi. Ijro hokimiyati Parlament oldida hisob berajak. Hukumat yilda ikki marta Parlament oldida hisob berishi lozim.

Konstitutsiya hukmlari – qonun chiqaruvchi hokimiyati, ijro hokimiyati va mahkama hokimiyatini, idora maqomlarini va boshqa qurilish va kishilarni ma'sul etguchi asos qoidalardir. Konstitutsiya ustunligi tortishib bo'lmaydigan bir etalondir. Hech bir buyruq yoki qarornoma qonunga, qonunlar esa Konstitutsiyaga qarshi bo'lolmaydi.

Bizning davlatda mafkura ko'pchilikning ideologik ko'rishiga asoslanadi. Va hech qaysi ideologiya hukumatimizning mafkurasi yoki majburiy ideologiya o'laroq belgilanmaydi. Siyosiy ko'ptaraflilik va ko'ppartiyaviylik asos bo'lajak. Hech kimga, oilaga, tabaqa yoki sinfga imtiyoz berilmaydi. Davlat faqat nogironlarga, bolalarini tarbiyalayotgan yolg'iz ayollarga va qariyalarga yordam berishi kerak.

Farg'ona,
07.02.2011

(147)

Muhammad Solihning 2013 yilda Istanbulda chop etilgan “Turkiston shuuri” kitobidan. (484-487-sahifalar.)

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar