O’zbekiston Xalq Harakati

Islom Xolboyning yangi romani va unga “Dunyo o'zbeklari” munosabati…

Islom Xolboyning yangi romani va unga “Dunyo o'zbeklari” munosabati…
19 Mayıs 2017 - 12:22 'da yuklandi va 1513 marta o'qildi.

“Dunyo o'zbeklari”dan:

1.
Tahririyat pochtasiga kelib tushgan “Tuzoq” nomli ismi sharifi notanish muallif asarini ilk bor ko'rganimda, havaskor yozuvchilardan bo'lsa kerak deb o'ylab, ajablandim. Chunki, har kuni o'nlab she'r va maqola, xat va xabarlar tinimsiz kelib turgan bir paytda roman e'lon qilish mutlaqo imkonsiz bir hol edi.

Shuning uchun ham dastlab bu asarga e'tibor bermadim. Ishim tig'iz, vaqtim juda kam. Ijodiy ishlarim boshimdan ham oshib ketgan bir paytda roman o'qishga vaqt topib bo'ladimi?

Qolaversa, uni yuborgan muallifning: “Yoqsa berarsiz, bo'lmasa shart emas…” deb yozgan ikki qator so'zini o'qib, bu asarni bermasligimizni o'zi ham yaxshi bilarkan deb o'yladim va xotirjam bo'ldim.

Oradan ikki uch kun o'tib, pochtani ko'zdan kechirayotib, yana o'sha ikki satrga ko'zim tushdi: “Yoqsa berarsiz, bo'lmasa shart emas…” Odatda boshqa birov avval saytni maqtab, keyin maqsadga o'tardi. Bu yigit esa mulozamatni yig'irtirib qo'yib, to'g'ridan to'g'ri maqsadga o'tgan. Va negadir romanini berishimga ishonmagan…

Xullas, o'qiy boshladim. O'qiy boshladimu, qanday qilib tugatganimni ham sezmay qoldim. Tez tugaganiga achindim ham.

Diqqatimni eng avvalo quyidagi so'zlar o'ziga tortdi: “(Roman muallif bevosita boshidan kechirgan voqea-hodisalarga asoslanadi)”, “Qo'rqoqlik xorlikka, mardlik oldinga boshlaydi. Ikkilanish (hafsalasizlik) taqdir hukmidan olib qololmaydi…” (Muhammad payg'ambarning qilichiga o'yib yozilgan hikmat), “Xazina kabi qo'riqlaydilar, Cho'chqa kabi boqadilar, It kabi tahqirlaydilar…”, “To'rt yuz to'qson sakkizinchi kameradagi mahbus xotiralari”…

Bu satrlar xayolimni o'zim qamalgan SNB va MVD ning ter va qon hidi anqib turgan er osti kameralariga etaklab ketdi, tutqinlikdagi mahzun xotiralarini yodimga soldi.

Islom Xolboy ismli muallif yozgan “Tuzoq” nomli romanning o'zi haqidagi muxtasar kirish so'zi ham e'tiborli edi:

2.
“Men 1961 yil 18-sentyabrning yakshanbasi kunduz soat o'n ikkida Qorako'l tumanining Qoraun qishlog'ida dunyoga kelganman.

Toshkent Davlat Universiteti jurnalistika kulliyotining kechki bo'limida o'qib yurgan kezlarimdan gazeta va jurnallarda faoliyat ko'rsatdim. “Birlik” xalq harakati tuzilgan kundan esa, uning faol a'zosiga aylandim. So'ngra ishni “Erk”da davom ettirdim, va bugungi kungacha uning saflarini tark etganim yo'q.

Meni 2007 yilning 9-mayida soxta ayblovlar bilan qamoqqa oldilar. Tergov jarayonida xalq tilida doston bo'lgan bedodliklarni o'z ko'zlarim bilan ko'rdim, qiynoqlarga tutindim, xorliklar tortdim.

O'tgan yillar davomida, men siyosiy faoliyatimni bir lahza to'xtatmagan bo'lsam ham, vaqtli matbuotda har xil nomlar bilan qarashlarimni faol e'lon qilib kelgan bo'lsam ham, hech qachon ismimni ochiqlashga oshiqmadim.
Mana, ko'pchilik e'tirof etayotgani kabi zolim Karimov o'lib, O'zbekistonda erkinlik shabadalari esa boshlaganga o'xshaydi.

Yangi prezident Shavkat Mirziyoev o'lkani Karimov mahdudligidan qutqarib, taraqqiyot manzillariga olib chiqish uchun bel bog'lagan ko'rinadi. (Iloyo, shu gaplar rost bo'lsin).

Demak, mening va menga o'xshaganlarning ham parda ortidan chiqib, ochiq maydonda kurashni davom ettirishi uchun zamin hozirlanmoqda. O'zbekiston oyoqqa qalqiydigan, millat haq-huqularini talab qila oladigan qutlug' kunlar yaqinlashmoqda…

Shu munosabat bilan omma e'tiboriga “Tanazzul” kitobining birinchi “Tuzoq” romanini havola qilishga jazm etdim. Kitobni ko'zim bilan ko'rib, jabrdiydalarning o'z og'izlaridan eshitgan voqea-hodisalarga tayangan holda bitdim.

Men yashab turgan zamonimiz yoki prezident Karimov haqida yozmadim. Biz kecha ham shunday yashardik. Bugun undan ham beshbattar yashayapmiz. Ertaga…
Turkistonliklarning o'tmishi va kelajagi haqida yozdim. Millat va dinni sotgan podsholar, ruhiy rahnamolar va o'zim haqimda yozdim. To'rt yuz yildan buyon zanjirband etilgan, toptalgan or va nomus haqida yozdim. Orzularim va armonlarim, yiringga aylangan yuragimning qonlari haqida yozdim.

Bizda sotqinlar bilan fidoyilar bir-birlaridan farqlanmaydilar. Qaytanga, xiyonatkorlar ko'proq qadrlanadilar. Shuning uchun bitta mustabidni taxtdan yiqitgan bilan bizning kasalni davolab bo'lmaydi. Katta dushmanimiz bo'lmish jaholat bizning ichimizda ekan, yurt tuzalishi uchun avvalo o'zimizni tuzatishimiz kerak. Bu masala bitta, o'nta, yuzta mustabidni taxtdan ag'darishdan qiyinroq.

Mustabidlar kelib ketaveradilar, jaholat bir yopishsa ketkazib bo'lmaydi.
Men uchun bani basharning ham begonasi yo'q, hamma ham Odam Otaning farzandi. Zamin esa, butun insoniyatning umumiy uyi. Ammo, har bir odamda o'z ota-onasi, oilasi – bola-chaqalari bo'lgani kabi o'z millati, vatani ham bor.

Turkiston g'oyasi islom g'oyasi bilan chambarchas uyg'un bir g'oya. Islom rahbar bo'lsa, milliy tuyg'u tirik bo'lsa, men tirikman, ular o'lgan kun men ham o'laman.

Turkiston hali tirik, islom abadiydir…

Ota-onamning, bolalarimning, nevara-chevaralarimning dunyoda ming yillar yashab qolishi mana shu ikki jihatga bog'liq. Bu millatning ota-onalari mening otam, mening onam, bolalari bolalarim, nevara-chevaralari nevara-chevaralarim! Bu dunyoda mening ulardan boshqa kimsam yo'q. Biroq ular Turkistonni va islomni o'z qiyofasida tanimaganlari kabi buni ham bilmaydilar.

Millatning ko'zlari ko'r, tillari soqov… Ziyolilari va rahnamolari millatni shu ko'yga tushirdilar. Mansabni, dunyoni deya, or-nomuslarini – kelajaklarini sottilar. Ular Turkistonni emas, islomni emas, o'zlarini xorladilar. O'g'illari va qizlarini, nevaralarini tahqirladilar. Ota-bobolarining yuziga oyoq bosdilar. O'zlarining yo'llarini o'zlari kesib qo'ydilar.

Ochko'zlik, kaltafahamlik, og'ziolalik bizlarni balchiqqa botirdi…
Balkim mening yozganlarim bir chaqaga arzimas. Bularning o'zimdan o'zgaga qizig'i yo'q bo'lishi ham mumkin. Ammo men qalbimning buyurganini yozdim. Soxtakorlik va yolg'onchilik etmadim. Birovdan mukofot kutmadim. Men uchun ideallarim bilan yashashdan ko'ra buyukroq mukofot yo'q.

Alloh menga din, millat va til nasib etgan ekan, men bu ulug' yo'lda to o'lguncha sobitqadam bo'laman. Har bir millatning fidoyilari singari Uning roziligiga intilaman…

Muallif”

3.
Men qamoq va u erdagi hayotning asl basharasini ro'y rost ko'rsatishga uringan, tutqinlik manzarasini baholi qudrat chizishga tirishgan juda ko'p kishilarning asarlarini o'qiganman.

Lekin Islom Xolboy uslubi – ularning hech qaysiga o'xshamasdi. Uning yozganlarida yolg'on yo'qligi, muallifning samimiy va rostgo'yligi shundoqqina ko'rinib turardi.

Asar qisqa, lo'nda, sodda va tushunarli tilda yozilgan. Eng muhimi – asarda, biz jurnalistlarda etishmaydigan mahorat – badiiy tasvir kuchli edi.

Bunga o'zingiz ham ishonch hosil qilishingiz uchun asarning qisqagina muqaddimasini e'tiboringizgn ga havola etishni lozim topdik:

4.

* * *

Oppoq gullarini echib, yashil yaproqlarga burkangan olam – xushmanzara va xushhavo. Ruhiyatda yangilanish boshlangan. Qorli-qirovli kunlardan etganlar baxtiyorliklarini ichlariga sig'dira olmaydilar. Uyg'ongan iforlar dimoqni mast qiladi. Yomg'irlardan yuvingan ko'chalar ko'zlarni quvontiradi, dillar yayraydi. Ishsizlikdan, pulsizlikdan qiynalgan damlar yoddan ko'tarilib, sarxush qalblar hayot qo'shig'ini kuylaydi. Gullagan daraxtlar yozdan meva kutgani kabi bokira orzular sohir buloqlardek tovlanadilar…

Yoz, yoz ortidan kuz keladi. Borliq sarg'ish ranglarga evriladi. Yaproqlarni elvizaklar o'ynaydi…

Jamiyat qishga ro'baro' bo'ladi. Hech narsa o'zgarmagan… Yana alamli iztiroblar o'sadi. Alamzadalikdan jaholat bosh ko'taradi. Tuzum yana aldaydi. Armonlar barglaridan mosuvo daraxtlarday uvishib, orzular xazonrezgi yaproqlarday to'kiladilar. Ko'zlar ufqqa karaxt boqadilar. Shuurni tushdagi kabi g'aflat uyqusi elitadi. Umidning yuragiga tushkunlik xanjar uradi. Hukumatning va'dalari puch bo'lgach, xiyonatlarga yo'l ochiladi…

Tabiat esa hech kimga va'da bermaydi, bir og'iz ham so'zlamaydi. U Qudrat egasi avvalida yaratganidek burchiga sodiq, va'dasida sobit turadi, xiyonatni bilmaydi…

Turkistonda to'rt asrdan buyon ahvol tang… Tuzumlar – ko'hna charxpalakka o'xshaydilar, qishin-yozin bir xil aylanadilar, tafakkurga suyanmaydilar, hech bir ishning uddasidan chiqa olmaydilar. O'zlarini ta'mirlashni xohlamaydilar, yolg'onni suyadilar, to'g'ri so'zni yomon ko'radilar. Ular oqar suv ta'mini unutgan qurbaqalarga o'xshaydilar. Shuning uchun bir xilda valaqlaydilar, bir xilda qo'shiq kuylaydilar. Ularning dushmani – turfalik, ular o'zgarishlardan ajaldan qo'rqqanday qo'rqadilar.
Oqavaga o'rganib qolganlarning chirkin vujudlari toza suvda yashay olmaydi…

Tabiat qonunlari olamdagi barcha narsalarni idrok etishga, shuurni toblashga undaydi. Jamiyatdagi qonunlar kishilarni chalg'itish uchun, go'zalliklarni toptash uchun yoziladi.

Kimlardir qonunlar yozgani uchun qo'shimcha imtiyozlarga ega bo'ladilar. Aslida qonunlar nomigagina yozilishini ular yaxshiroq biladilar. Nima bilandir mashg'ul bo'lish ular uchun baxt bo'lib tuyuladi, ma'no va mohiyatning sariq chaqachalik qadri yo'q. Ularning qorinlari to'yib, egnilari bitsa bo'lgani. E'tiqodsiz odam uchun och qolishdan ko'ra dahshatliroq narsa bo'lmaydi…

Ezgu maqsadlar bayrog'i ostida nafas olayotgan munofiq tuzum o'zini o'zi aldash bilan ovora. Uning tanlagan yo'liga zulukdek yopishishdan o'zga chorasi yo'q, u bir kunga bo'lsa ham umrini cho'zishga tirishadi, ixtiyori bilan jon berishni istamaydi, yashashni ham eplay olmaydi, qo'lidan bo'lak ish ham kelmaydi.

Unga ham oson emas, ta'sir ko'rsatadigan, to'g'ri yo'lga majburlaydigan kuchlar yo'qligini u o'zining baxti deb hisoblasa-da, bu baxtsizligining boshi ekanligini anglashga tirishmaydi.

Jamiyatni yangilaydigan kuchlar yo'q. Kurtaklar har kuni sindiriladi, haqiqatni toptash, o'zgalar haq-huquqlariga bolta urish tuzum yashovchanligini ta'minlaydi. Nafsilambirini aytganda, yaxshi ham, yomon ham o'z go'riga o'zi g'isht qalaydi, boshqa birovning emas. Etmagaysan, topmagaysan, har kim ekkanini o'radi…

5.
Xullas, asar menga yoqdi.

Uni e'lon qila boshladim. Birinchi bobni nashr etgan zahoti muallif uning davomini – bobma bob yuborib turdi. Bizda asarni har kuni berib borish imkoni yo'q edi, oradan uch-to'rt, ba'zan besh olti kun o'tkazib bo'lsa-da, lekin muntazam berib bordik. 9 bobga qadar paydar pay e'lon qildik.

Ajoyib kunlarning birida, kutilmaganda internet tarmog'ida kirib, biz e'lon qila boshlagan asarni negadir boshqa sayt ham qaytadan bera boshlagani diqqatimizni tortdi.

Odatda asar bir manbada nashr etilishi lozim. Boshqalar e'lon qilsa, uning dastlabki manbasini ko'rsatishi kerak bo'ladi. Muallif bilan bog'lansak, biz har kuni va uzluksiz berib borolmaganimiz uchun boshqa nashrda e'lon qila boshlaganini aytdi. Lekin minnatdorchilik bildirishni unutmadi.

Nima ham derdik. Bu dunyoda har kimning o'z muxlisi bo'lgani kabi, har bir nashrning ham o'z o'quvchisi bor. Biz bugun muallifning o'ninchi – “Dunyo o'zbeklari”dagi eng so'nggi bobini e'lon qilar ekanmiz, qadim Buxoroning Qorako'lida tug'ilib o'sgan talantli adib Islom Xolboyga ulkan ijodiy yutuqlar tilab qolamiz…

Ismat Xushev,

“Dunyo o'zbeklari” Bosh muharriri,
13 may, 2017 yil, Toronto shahri, Kanada…

TUZOQ (Roman) 10 – Bu erni Mustaqiliston – jannatiston, to'rt fasli but bahoriston deydilar!

O'n ikkinchi bob

Bugungi kun ham tuman hibsxonasida o'tdi. Bu joylarda nimalar ro'y bermaydi deysiz. Kimlarnidir olib chiqib ketadilar, kimlarnidir olib kiradilar. Kirdi-chiqdining ko'pligini ko'rgan kimsa bu o'lkada qamalmagan biror odam qolmagan bo'lsa kerak, deb o'ylaydi. Hibsxonaga kirib-chiqayotganlarni hisobini olmoqchi bo'lganlar ikki soat o'tmasdan sanoqdan adashib ketadilar.

Bu erlardagi muhit o'zgaruvchanligi hisobga olinsa, vaziyatni chamalab ish ko'rib bo'lmasligi ayon bo'ladi. Har bir tutqunning o'ziga xos fe'l-atvori bo'lgani kabi, har bir mirshabning ham o'ziga yarasha injiqliklari bor. Muhit havosi buqalamunday turlanib turadi. Vaziyatni bir qolipda ushlab turishga mo'ljallangan qonunlar, kayfiyat hukmbardor bo'lgach, mutlaqo ish bermaydi. Barcha xavfsizlik tashkilotlari tizimlari hukumat talablari hududlarida faoliyat ko'rsatishga moslashtirilgani singari, mirshablar o'zlaridan yuqorida turgan boshliqlari ilgari surgan tamoyillardan kelib chiqib, yozilmagan qonunlar bilan faoliyatlarini izga solib turadilar. Bu jarayonda ularning saviya darajalari hal qiluvchi o'rinni egallaydi. Ular uchun qonunlar – teatr devorlariga yopishtirilgan shunchaki afishalar, g'aflat loyiga botgan idroklari – panjara bilan to'silgan teatr chegaralari, xolos. Ularning ilinjlari elka nishonlarini oshirishdan va harom boylik orttirishdan iborat bo'lgach, nari yog'i qop-qora tun bo'lib, mavhumotlar olami qo'rg'onlaridan narida had-hududsiz sarobliklar saltanati boshlanadi. U yoqlarda nimani xohlashini bilmaydigan tuzum, jamiyat ichiga suqilib kirib, hayot realliklaridan ovloqlarda arvoh singari izg'ib yuradi. Chalasavodlar barcha zamonlar va makonlarda yorug' olam kengliklarini buzuq aql tarozilari bilan o'lchaganlari misoli, bu devorlar orasidagi ishonchli vositalar pul oldi-berdi muomalasi orqali vujudga keladi. Xiraligidan odam-odamni zo'rg'a ko'radigan qorong'i va sovuq burchaklarda eng sehrli, eng yoqimtoy ashyo bo'lgan pul so'zga-so'zni qovushtirib, ko'ngillarni ilitib turadi.

Tanish soqchi almashib, Bahrom qanoti qirqilgan qushga o'xshab qoldi. U fursat topib yangi soqchiga ikki ming so'm qistirishga muvaffaq bo'lgandi, qaqrab yotgan dashtga bahor yomg'irlari shivalaganday, unga bo'lgan e'tibor tubdan o'zgardi. Orqasidan ovqat va xat-xabarlar kela boshladi. U endi istagan paytida hibsxonadan xat chiqara olardi.

Prokuraturadan qaytgach, Azizni o'rtadagi katalakka tashladilar. Uchastka nozirining undan xabar olmay qo'ygani soqchilarning munosabatini o'zgartirgan edi. Uning ko'kragi naqshli mahbus yonida o'zini qanday tutayotgani Bahrom uchun qiziq edi.

Ko'p vaqt o'tmadi. O'rtadagi eshikni kimdir qattiq tepdi. Shunda, hamma yoq qattiq gumburlab, osmon o'pirilib tushganday bo'ldi. Chopib kelgan soqchi eshikni ochganda:

– It bilan bir katalakda nafas olish erkaklarga nomus! – degan ovoz yangradi.

Bu ko'kragi naqshli mahbus edi. Bahrom uni darrov tanidi. (Kimdir Azizning sobiq mirshabligini bilib qolgan edi, shekilli.)

Soqchi uning so'zlaridan hayratga tushib:

– Qanaqa it, esing joyidami? Katalakda it nima qiladi? – deb so'radi.

– Senlarga o'xshagan it! – deya ko'kragi naqshli mahbus kimningdir ketiga tepib, dahlizga itarib yubordi.

Tepki egan kimsa devorga boshi bilan urilib, voy, deb ingradi.

Bu Aziz edi. U “mujik”lar orasidan sharmandalarcha quvib solingandi. Gapning indallosini anglagan soqchilar sholkaltaklar bilan yopirilib, ko'kragi naqshli mahbusni savalashga tushdilar. Oradan yarim daqiqa o'tmay ko'makchi kuchlar yordamga etib keldi. Bechorani o'zlari urdilar, o'zlari qo'ydilar.

Ko'mak kuchlari orasida tanish podpolkovnik ham bor edi. U soqchiga mahbusning hujjatlarini olib kelishni buyurdi.
– Kandratov Yuriy Nikalaevich. 1946 yil, Toshkent shahri, Oktyabr tumani, General Uzoqov ko'chasi, 114-uyda tug'ilgan. Rusiya fuqarosi. 1999 yil Toshkent shahrida sodir etgan jinoyati uchun xalqaro qidiruvga berilgan. 2005 yilning 16 oktyabrida Moskvada qo'lga olingan. Oilali. Xotini, ikki farzandi bor! – deya polkovnik ma'lumotlarni hijjalab, o'zidan qo'shib-chatib zo'rg'a o'qirdi. – Besh marta sudlangan, uch martasida jazo muddatini o'tagan, juvonmarg. Besh martasida ham bosqinchilik sodir etgan, muttaham. Toshkentda Politexnika institutini tugatgan…

Shu joyga kelganda podpolkovnik jimib qoldi. Hibsxonada pashsha uchsa bilinadigan darajada tinchlik hukm surardi. Bor vujudi quloqqa aylangan mahbuslar nafaslarini ichlariga yutib, hodisaning nima bilan yakuniga etishini kutardilar.

Yarim daqiqadan so'ngra ovoz yangradi:

– Essiz senga Sovet hukumati sarflagan pullar! – dedi u achinish hissini ifodalashga urinib. – Bir o'zbek paxtakori bolasining rizqini qiygansan, sassiq o'ris bo'lmay har balo bo'l, tekintomoq ochofat. O'rningga o'sha mehnatkash bolapaqir o'qiganda, kommunistik partiyaga sidqidildan xizmat etardi. Vladimir Ilichga munosib voris bo'lardi. Shunda jahondagi eng qudratli va adolatli davlat SSSR parchalanib, sochilib ketmasdi. Senga o'xshaganlar kasridan shunday buyuk davlat inqirozga yuz tutti-ya. Bir qadam olg'a bossang, manglaying Sultonmurodboy Nazarboevning qovug'iga uriladi. Orqangga ikki qadam tashlasang, Imomali Rahmonali jo'vachasining kallakchasi bilan ketingga turtadi. O'ng elkangga salom bersang, avtomat o'qtalgan turkmanga ko'zing tushadi. Boshingni chap elkangga burib, nazaringni bu balolardan olib qochmoqchi bo'lganingda, elkangga shaytondek chiqib olgan qirg'izga ko'zing tushib, damingni ichingga yutasan. Yosir Arofat o'lib, Shariel Aro'n er yuzini jin-ajinalar uyasiga aylantirdi. Sababi ne ekanligini Saddam Husayin bilan Jo'rj Bushning o'g'li tushunmasa, Putin bilan Lukashenkaning aqli hech narsaga etayotgani yo'q. Dunyoda zig'ircha bo'lsin adolat qolganmi o'zi? Nima qilsa bu balolardan qutuladi odam? Nima qilsa…

Bahrom podpolkovnik qo'llarini gap ohangiga moslab o'ynatayotganini ko'rmasa ham, so'zlaridan tasavvur etardi.

– O'zingni ossang, barchasidan qutulasan! – dedi unga polda dumalab yotgan mahbus.

Mirshablardan kimdir pishqirib kulib yubordi.

Mahbuslar ham o'zlarini zo'rg'a tutib turardilar. Bahona sabab, xoxolashga tushdilar.

– Falonimga kulasizlarmi? – dedi turgan joyida to'rt tomoniga alanglagan podpolkovnik. – Onangni falon qilaylar, shim-pimimni yirtilgan joyi bor ekanmi?

Uning g'azabidan qo'rqib hamma jimib qoldi.

Bundan ruhlangan podpolkovnik polda ingrab yotgan ko'kragi naqshli mahbusga:

– Yuriy Nikalaevich, bir nima deb gapirsangchi, oliy ma'lumotli, tuppa-tuzuk odam ekansan! – dedi ozroq shashtidan tushib.

– Nimani gapiraman? – dedi u inqillab.

– Qonun va tinchlik posbonlari bo'lmish beminnat va sharafli kasb egalari – mirshablardan uzr so'rash uchun o'zingda bir oz kuch topolmaysanmi, qadrdonginam? Yoki ikki-uch og'iz so'z aytish shunchalik qiyinmi?

– Yo'q, bu unchalik ham qiyin ish emas!

– Barakalla, barakalla, Yuriy Nikalaevich! – dedi xursand bo'lgan podpolkovnik. – Qani bo'lmasa, boshla-chi, bo'tam!

– Sening onangni Ekatirinaning palaxmoniga boylab qo'yib falon qilayin, it! Endi ko'ngling joyiga tushdimi? – dedi dabdurustdan u ham.

Qolganlar, go'yo o'zlari so'kib qo'yganday, ichlaridan zil ketdilar. Mirshablar unga tashlanmoqchi bo'lganlarida, podpolkovnik darrov qulochlarini ikki yonga kerib:

– O'zim! – dedi. – O'zbek o'g'lonlari jannatdan quvilib, er yuziga tushganlaridan buyon, haliga dovur onalarini birovlarga shunchaki so'ktirib qo'ygan emaslar. Endi ham mehnat va jabr-zulmdan ro'shnolik ko'rmay o'lib ketgan onajonlari qabrlari ustiga chang qo'ndirmaydilar.

U shunday deya mahbusning biqiniga zarb bilan tepgan edi, u:

– O'lgan onangni Ekatirinaning otni boylab qo'yib kayf qiladigan manjalaq do'koniga solib, besh marta falon qilayin! – dedi.

Borho g'azab otiga mingan podpolkovnik o'zini bosolmay, tutoqib ketdi. Mahbusni to'yguncha tepaladi. Mirshablardan kimdir:

– O'ldirib qo'yasiz, o'rtoq podpolkovnik. Bir sassiq o'risni deb boshingizga tashvish ortirmoqchimisiz? – degan edi, u sal bo'lsa ham o'zini bosib oldi.

So'ngra cho'ntagidan mashhur ro'molchasini chiqarib, avval yuz-ko'zlari, so'ngra yog' bosganidan do'ppayib chiqqan ensasining terini ishqab artdi. Yoqasi tugmalarini echib, shoshmasdan ko'kragini, qo'ltiqlarini obdan siyirdi. Dastro'molini siqqan edi, undan polga yomg'ir tomchilari singari dona-dona bo'lib suv tomchiladi. Tutqunlar buni ko'rmayotgan bo'lsalar ham, tomchilarning chikillashidan manzarani ko'zlari oldiga keltirayotgan edilar.

U ro'molchasini cho'ntagiga tiqib, qoniga bo'yalgan ko'kragi naqshli mahbusga:

– Bu er senga Rusiya emas. Bu erni Mustaqiliston – jannatiston, to'rt fasli but bahoriston deydilar! – dedi. – Shahar bedarvoza emas, bu zaminda har bir narsaning egasi bor. Eng asosiysi, qonun-qoida bor. Yaratganga shukr, boshimizda qat'iyatli rahbar bor. Kuchli davlatdan – kuchsiz fuqarolik jamiyatiga “xush kelibsiz” “O'zbek – modeli” degan demokratik tamoyillarimiz bor. Bu obod va ozod yurtda har kim istaganini qilib ketavermaydi. O'zingni yig'ishtirib ol, bo'lmasa it o'limida o'lib ketasan, bo'tam. O'lganingda ham seni birov yo'qlamaydi. Yo'qlagandayam, qo'lidan hech vaqo kelmaydi. Bu erni bilganlar do'zaxiston, bilmaganlar bog'i bo'ston, guliston deydilar. Sening qilg'iliging tuzni ichib, tuzliqqa tupirgan ko'rnamakning qilmishiga o'xshaydi…

Islom Xolboy,
“Dunyo o'zbeklari” uchun maxsus

Manba: dunyouzbeklari.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar