O’zbekiston Xalq Harakati

Mufti Mahmudxo'ja hazratlarining qanday shahid bo'lgani va uning vasiyatnomasi

Mufti Mahmudxo'ja hazratlarining qanday shahid bo'lgani va uning vasiyatnomasi
26 Mayıs 2017 - 9:00 'da yuklandi va 4332 marta o'qildi.

Mahmudxo'ja BEHBUDIY

MAQOLALAR
(72)

MUFTI MAHMUDXO'JA HAZRATLARINING QANDAY ShAHID BO'LG'ONLIG'I
VA ONING TOMONIDAN YoZILG'AN VASIYaTNOMA[1]

Turkiston taraqqiyparvarlarining ustozi va peshvosi bo'lg'on samarqandli mufti Mahmudxo'ja Behbudiy hazratlarining Turkistonda tanimayturg'on kishi bo'lmasa kerak.

O'z vatani va xalqi uchun, fikr va qalami ila yigirma yil chamasi xizmat qilg'on mana shunday peshvomiz, oxiri vazifa va xizmat yo'lida Buxoro tuprog'ida zolim beklar qo'lida vahshiyona suratda shahid etildi.

Behbudiy afandi 1919 yil 25 martda, yo'ldoshlari Mardonquli Shomahmud o'g'li va Muhammadqul O'rinboy o'g'illari bilan Samarqanddan Buxoro tuprog'ig'a o'tkan va shundan qaerg'a borg'onlig'i bilinmay, bu to'g'rida turli so'zlar so'ylangan va muxtalif gumonlar qiling'on edi. Oxiri xalq orasida shoyi' bo'lg'on so'zlardan gumon g'olib ila onglashilg'on edikim, Behbudiy afandi mazkur ikki yo'ldoshlari bilan zolim amir Olimxonning g'addor beklari qo'lida shahid bo'lg'onlar. Mana shul gumon g'olib ila muhtaram shahidlarimizning g'oyib bo'lg'onlarig'a bir yil to'lish munosabati ila 1920 yil 25 martda Samarqandda tantanali suratda ta'ziya marosimi ijro etilgan edi.

Bultur (1921 yil) mart oyida Buxoro tuprog'idan kelgan o'rtoq Hojimurod Xudoyberdi o'g'li Behbudiy hazratlari bilan yo'ldoshlari Muhammadqul Murodqul afandilarning Qarshi shahrig'a begi Tog'aybek tomonidan qanday shahid etilganligi haqida ma'lumot kelturdi.

O'rtoq Hojimurod Buxoro inqilobi boshlang'on kunda Samarqanddan hukumat tomonidan bir ma'muriyat ila Shahrisabz va Kitob taraflarg'a borib, onda bir ish ila Qarshi shahrig'a o'tgan va o'shal taraflarda 6-7 oy xizmat qilib yurg'on bu muddatda xeyli ishlar qilgan va ko'p voqealarni ko'rgan.

Hojimurod afandi Qarshi begida bir necha vaqt «mahramlik» xizmatida bo'lg'on farg'onali 17 yashar Sodiqjondan Behbudiy va oning yo'ldoshlari haqida ko'b ma'lumot olg'on.

Behbudiy afandi va yo'ldoshlari boshlab Shahrisabzda qo'lga tushub, taxminan ikki oydan so'ng Qarshi shahrig'a yuborilib, onda (zindonda) bir necha kun yotqondan keyin mazkur Tog'aybek tomonidan shahid qiling'on.

Behbudiy afandi va yo'ldoshlari Qarshi zindonida yotqon vaqtlarida, Qarshi begining birinchi mahrami ham zindonboni Ahmad ila 2-nchi mahrami Sodiqjon Behbudiy o'rtoqlari ila yoshurun musohaba etib alarning kim ekanliklarini bilganlar. Va har vaqt olarning ahvolidan xabardor bo'lib turg'onlar. Nihoyat, Behbudiy afandilarning suhbatlari ta'siri bilan mazkur ikki mahram bularg'a muxlis va mehribon bo'lg'onlar.

Hatto, bir kun mazkur mahramlarning rijo va xohishlari ila bek Behbudiy va yo'ldoshlarini o'z huzuriga chaqirib: «Sizlar na uchun qo'lg'a tushdingiz?» – deb so'rag'on. Behbudiy afandilar: «Bizlar Baytulloni ziyorat etmak uchun Samarqanddan chiqg'on edik, yo'lda amir ma'murlari «sizlar Jadid, kofir va tilchi, deb bizni qo'lg'a oldilar. Taftish qilinsun, bizning gunohsizligimiz shoyat ma'lum bo'lur», — deganlar.

Bek: «Sizlar jadid va kofirdirsiz. Buxorog'a janob oliyg'a tig' tortqon sizning maslakdoshingiz emaslarmi edi? Sizlarni o'ldurmak kerak. Sizlar qutulmoq uchun Baytulloga bormoqni bahona etib ko'rsatasiz», — degan.

Bekning birinchi mahrami va zindonboni Ahmad bekning bu haqsiz so'zlarig'a chiday olmay, Behbudiy afandilarni mudofaa uchun bekka qarab: «Taqsir. Ul bularning ishlarini haqiqatlab ko'ring. Agar gunohlari sabab bo'lsa, so'ngra o'ldurung», — deganda, bek achchiqlanib: «Emdi bildimki, sen ham jadid ekansan, chunki jadidlarg'a tarafdorlik qilasan. Uldurulaturg'on jadidlar uchta edi, endi sen bilan to'rtta bo'ldi, seni ham o'ldurmak kerak», — deb Ahmadni tahdid etkan, Ahmad ko'ziga yosh kelgan holda, qo'rqqonidan indamay turg'on.

So'ngra bek, odamlarig'a Behbudiy afandilarni ham mazkur Ahmadni zindong'a qamarg'a buyurg'on va amirdan yaqinda kelaturg'on farmoyish ila bularning o'ldurajagini bildirgan.

Behbo'diy afandi, oyoqg'a turub jasorat ila tubandagi so'zlarni so'ylagandan so'ng yo'ldoshlari ila yig'lay-yig'lay zindon sari borg'onlar:

«Bizlar o'lumdan qo'rqmaymiz. Balki haq yo'lida o'lmakni o'zimiz uchun bir sharaf deb bilamiz. Munday yo'lda yolg'iz biz o'lmagan, balki ko'p kishilar to'g'rilik va inqilob yo'lida shahid bo'lg'onlar».

Mundan bir necha kun o'tgandan so'ng, Sodiqjon amirdan bekka qatl buyrug'i kelganini Behbudiy afandilarg'a bildirgan. So'ngra Behbudiy afandi, o'zining hayotidan umidin uzib yig'lay-yig'lay tubandagi «Vasiyatnoma»ni yozib, Sodiqjonga tobshurmoq uchun Ahmadga bergan va har qanday yo'l ila bo'lsa-da, shul vasiyatnomaning Samarqandg'a yuborishini o'tingan. Vasiyatnomaning ostida boshlab Behbudiy afandining o'zi, so'ngra Mardonquli va Muhammadquli afandilar qo'l qo'yg'onlar.

Vasiyatnoma ushbudir:

«Ey, Turkiston maorif ishlarida bo'lg'on o'rtoq va o'g'lonlarim! Men o'zim garchand bandi bo'lsam-da, sizlarni esimdan chiqarmayman va sizlarga bir oz vasiyat qilib o'taman. Mani sevar o'rtoqlarim! Manim so'zlarimni quloqlaringizg'a olingizlar! Biz ikki oydan beri Buxoro shaharlarida bandi bo'lib yurub, axir o'n kundan beri bir erda (Qarshi shahrida) bu zolimlarning qo'lig'a tushib bandi bo'ldik. Jadid, kofirlik otini ko'tardik. Bu erdan qutulmog'imiz gumon bo'ldi. O'rtoqlarim Siddiqiy, Ayniy, Fitrat, Qori va Akobir Mahdum va o'g'lonlarim Vadud Mahmud, Abdulqodir Shakuriy!

Sizlarg'a vasiyat qilaman. Maorif yo'lida ishlaydurg'on muallimlarning boshini silangizlar! Maorifg'a yordam etingiz! O'rtadan nifohni ko'taringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qo'ymangizlar! Har ish qilsangiz jamoat ila qilingizlar! Hammaga ozodlik yo'lini ko'rsatingizlar! Buxoro tuprog'iga tezlik ila yo'l boshlangizlar! Ozodlikni tezlik ila yuzaga chiqaringizlar! Bizning qonimizni zolim beklardan talab qilingizlar! Maorifni Buxoro tuprog'ida joriy qilingizlar!

Bizning otimizg'a maktablar ochingizlar! Bizlar ul choqda qabrimizda tinch yoturmiz. Maning o'g'lonlarimg'a salom etkuringizlar. Bu hamrohlarimning avlodlaridan xabardor bo'linglar! Ushbu vasiyatimni yozib Ahmadga berdim».

Bu vasiyatnomadan 3-4 kun o'tar-o'tmas, Behbudiy afandi va yo'ldoshlarini ham Ahmadni o'ldururga buyurg'on va alar zindonning yonidagi podshohlik bir chorboqqa yuborilg'anlar. Shunda alarning qotillari o'zlariga bildirilgan va o'zlari uchun shu bog'da to'rt qabr qazdirilg'on. So'ngra Behbudiy afandi va yo'ldoshlari tahorat olib namoz o'qimoqchi bo'lg'onlar. Lekin shu choqda rahmsiz jallod muovinlari ila etishub kelib, alarni namoz o'qirg'a qo'ymog'on va eng avval Behbudiy hazratlarini joynamoz ustida boshini kesgan. Bu holni ko'rib Mardonquli, Muhammadquli va Ahmad afandilar tavhid va shahodat kalimalarini o'qib, o'limni kutib turg'onlar. Andin keyin jallod alarni bir-bir boshin kesgan. So'ngra bekning xizmatkorlari mazkur shahidlarning na'shlarini chiqarib, o'zlari qazg'on qabrlarg'a ko'mganlar va qabrlarni (bilinmasun deb) er ila tegiz etganlar.

Bekning mahrami Sodiqjon, bu voqeaning boshidin oxirigacha ko'rgan va bilgani uchun ham Behbudiy afandilarg'a muxlis bo'lg'onidan shu voqeani bir daftarchada yozib qo'yg'on va ondin o'rtoq Hojimurod ko'chirib olib, fojiani teatr shaklida tartib etub, otini «Maorif qurbonlari» qo'yg'on.

Uch pardadan iborat bo'lg'on mazkur risolani biz ko'rduk. Risola kerak ibrat, sahnaga qo'yish jihatidan xiyla nuqsonlidir.

Agar risola teatr olamidan xabardor bo'lg'on biror-bir kishining qalami ila tuzatilsa, birinchi teatru risolasi qatorig'a kirishi shubhasizdir.

O'rtoq Hojimurodning so'ziga ko'ra, mazkur Sodiqjon 1920 yil 21 dekabrda amir tomonidan Shahrisabz, Kitob va G'uzor taraflarida qo'zg'atilgan isyonchilar tarafidan Shahrisabzda o'ldirilgan. Shuning ila Sodiqjon yozg'an voqea ila vasiyatnomannng asl nusxasi-da o'shal choqda yo'qolib ketgan.

Samarqand, Hoji Muin Shukrullo o'g'li,
1922 yil, 7 yanvar

(Davomi bor)

[1] Ushbu “Vasiyatnoma” va maqola 1922 yilda “Inqilob” jurnalining 1-sonida bosilgan. 1988 yilda “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” haftaligida (16 sentyabr, nashrga tayyorlovchi Sh.Turdiev), 1993 yilda “Milliy uyg'onish” to'plamida (nashrga tayyorlovchi J.Xudoyberdiev) qayta chop etildi.

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort