O’zbekiston Xalq Harakati

Balandparvoz pastlik

Balandparvoz pastlik
09 Haziran 2017 - 6:00 'da yuklandi va 1671 marta o'qildi.

(“Xalqning xotirasi” maqolasining yangilangan versiyasi)

Sovet davri va mustaqillikning ilk kunlarini qamragan xotiralarim – “Yo'lnoma” kitobining ilk qismini 1999 yilda chop ettirgandim. Voqealarning zichligi sabab, men uchun ikkinchi darajali ko'ringan voqealarni kitobga kiritmagandim. Xususan, Yozuvchilar Uyushmasidagi faoliyatimga oid davrning faqat siyosatga aloqador lahzalarinigina qalamga oldim, chunki kamina uchun Istiqlol mavzusi bosh mavzu edi.

Ammo Yozuvchi G'affor Xotamovning “Taqdir ajoyibotlari yoki Odil Yoqubov haqida” qissasini internetda o'qib, “Yo'lnoma”da tilga olinmagan yozuvchilar hayotiga oid ba'zi izohlar qilishga ehtiyoj sezdim.

Internet qo'llanuvchilari soni 9 millionga etganiga qaramasdan, O'zbekiston hali ham bir navi Xabarlashuvdan mahrum qilingan bir bo'lga sifatida qolishda davom etmoqda.

Yolg'on, dezinformatsiya haq so'zning oldida asosiy to'siq. Internet olamida yolg'on va dezinformatsiya faqat hukumat emas, g'arazgo'y va qoraniyatli kimsalar qo'lida ham muhim qurolga aylandi.

G'.Xotamovning “qissa”si – bir ibora bilan aytish kerak bo'lsa – balandparvoz bir pastlikdir.

Bu pastlikda eng yuksak kalimalar ham g'arib ko'rinadi: vatan, yurt, haqiqat va hatto diniy kalimalar. Ushbu maqolada men vazifamni kichik tutdim.

G'.Xotamovning shaxsimga qaratilgan ikkita yolg'oniga javob bermoqchiman.

Birinchisi – Odil Yoqubov, ikkinchisi Abulla Oripov bilan munosabatlarimizga oid.

Qissa muallifi (G'.Xotamov) haqda maxsus yozishga hojat yo'k, bu toifa kishilarining umumiy portretini chizish qulayroq: bular o'zlarini o'zbek adabiyotining o'zbek merosxo'rlari deb bilishadi. Adabiyotda milliylik tarafdorilar, milliylikni esa, ularning fikricha, faqat qishloqda tug'ilgan yozuvchi tamsil etishi mumkin.

O'zlarini jaydari o'zbek qilib ko'rsatishni va buning isboti uchun so'kinib gapirishni sevadilar. (Bu odatlari bilan ma'naviy otalari Karimovga o'xshab ketadilar). Adabiy totemlari ham shunga yarasha – jaydari Odil Yoqubov, jaydari Shukshin yoki, deylik, Rasputin. Ammo shiorlari – zamon senga boqmasa, sen zamonga boq. Ideallari – Komsomol mukofoti. Minbarlari – “Yoshlik” jurnali. Ya'ni abadiy yosh avlod, muttasil norasida zotlar. Butun davrlarda baxtiyor yashashni uddalay olgan, umrida iztirob chekmagan, farovonlikning tirik timsollari. Lablarida 24 soat tabassum, janozalarda ham.

Sovet davrida bu insonlar bilan hech ishim bo'lgani yo'q , ularga istehzo ham qilmadim. Yozganlarimning bari real hokimiyat sohiblariga qarshi edi, ularning yugurdaklariga emas. Shunga qaramay, kamina bu insonlarning doim g'ashini keltirganimni sezardim. O'zini muxolifatda deb bilgan, ammo zehniyati yukorida aytilgan toifaga yaqin bittasi mendan “o'zini xalqdan ko'proq yaxshi ko'radi”, deb xafa bo'libdi.

Albatta, o'zimni yomon ko'raman desam, yolg'on bo'ladi. Xuddi xalqimni yomon ko'raman desam yolg'on bo'lganidek. Ammo bir
musulmon sifatida o'z nafsimga, undagi manfiy jihatlarga qarshi baholiqudrat mujodala etmoqdaman. Bu mujodala mustabid hukmdorga qarshi kurashdan muttasilroqdir.

Modomiki, bu mavzuda hisob berish kerak ekan, berayin: urush-janjalni sevmayman, ammo 1984 yilda boshlangan milliy qadriyatlarimizga qarshi xurujlar tengdoshlarimiz qatorida meni ham urush-janjalga savq etdi. Bu g'avg'oda hech qachon birinchi bo'lib hujum qilmadim, doim hujumga qarshi mudofaa bilan mashg'ul bo'ldim. 1984 yildan boshlab yozgan butun maqolalarim mudofaa mazmunli matnlardir. Robbimga shukrlar bo'lsin, U menga hech qachon shaxsiy tashvishlarimni tilimga oldirmadi, doim xalqimning dardini ayttirdi: mudofaa etarkan, xalqimning manfaatlarini mudofaa ettirdi. Bu urush fonida men Yozuvchilar kotibligiga saylandim. Olloh shohid, bu maqomga aslo intilmadim, meni u erga voqealar tadriji olib bordi. Keyin ERKka rahbar bo'ldim. Buni ham orzu qilmagandim, vatanimdagi sharoit shu ishga kirishishga majbur qildi.

Ammo bu maqolani yozarkan, “men” kalimasini qo'llanishga majbur bo'layotganimdan xijolat chekmoqdaman. Xalq dardi emas, nafsimni mudofaa qilayotganimga g'ashim kelyapti.

Bugungacha bu xil yozuvlarga javob bermagandim, chunki muxoliflarimning hammasi el ichida shallaqiligi bilan tanilgan kishilar edi, ularni men aytmasam ham, odamlar yaxshi tanirdi. Bugungilarga javob berayapman, chunki bu kishilar xalq ichida “yozuvchi” sifatida bilinadi, (yozuvchiga xalqimizda hali ham ishonch bor).

Bu toifa shallaqilardan tahlikaliroq, chunki bular insonlarga – gapirganda tufuk sochadigan shallaqi toifadan farqli o'laroq – labida tabassum bilan murojaat qiladi. Ichlari zimiston bo'lgan holda, beg'uborlik haqda va'z o'qiydilar.

Bularning insonlar ishonchini suiste'mol qilib, qorani oq, oqni esa qora qilib ko'rsatishlariga jim turish mumkin bo'lmadi. (Ayni onda bularni yozarkan, meni bu insonlar holiga tushirma, ey, parvardigor, deyman. Chunki ba'zan jo'shib ketib, yolg'on so'ylab qo'yishdan bizni hech kim kafolatlay olmaydi. Ilhom kelganda, chiroyli so'zlar bilan mubolag'a aytish tahlikasi doimo mavjud.

Shu bois, ilhomning toyinchoq yo'lidan qo'rqaman, chiroyli gapdan, go'zal tashbihdan qo'rqaman. Ifoda etilgan har kalimani o'lchashga mahkumlik ham shundan.Chunki har kalima uchun javob berilishini bilaman).

Ammo “xalqimni o'zimdan yaxshiroq ko'raman” deya ko'kragiga urganlardan “xalqing uchun nima qilding?”, deb so'ralsa, beradigan javobi yo'qligini ham bilaman.

Masalan, kim xalqini sevib, kimning sevmasligiga hakamlik qilayotganlar 1984 yilda (Chernenko davri) ular sevgan xalq himoyasiga yozilgan “Politbyuroga xat”ga imzo qo'yishdan qo'rqib, bizdan yashirinib yurgan paytlarini eslasalar, balki hovuridan tushgan bo'lardilar.

1988 yilda (Gorbachev davri) gapirish uchun tepadan ruxsat kelganda, bular tillari biyron, bizni “hukumatga sotildi, o'zini xalqdan ko'proq yaxshi ko'rdi”, deya aynan ayblashgandi. Bular hech o'zgarmabdi. Sochlari oqargan, ammo ichlari avvalgiday.

Alxamdulilloh, U meni doim zaiflar tarafini oldirdi, kuchlilarga yoltoqlik ettirmadi. Xalqimni sevaman, deyishga jasoratim yuq, ammo xalqi va yurti hurriyati uchun bir kishining to'lashi kerak bo'lgan badalni to'ladim, mening to'lay olmaganlarimni ukalarim to'layapti O'zbekiston turmalarida.

Shunday bir sharoitda, bu zulm asrida bizlar o'zaro nafratga emas, o'zora sevgi va hurmatga muhtoj edik. Ammo bu yo'q, nafrat bor dasturxonimizda. Tepamizdagi Zolim o'sha nafratning moddiylashgan shaklidir. Bu nafratining manbai qaerda? Bizning misolimizda bu nafratning psixologik motivini ikki qismga ayirish mumkin.

Birinchi qism xulosasi shu: ODAMLAR ULAR QADRLAGAN NARSALARNI MENSIMASANGIZ, SIZNI ASLO KEChIRMAYDILAR.

Fikri ojizimcha, bizda, 80- yillarda milliy da'vo bilan maydonga chiqqan insonlarda aynan ana shu halokatli mensimaslik ro'y berdi.

Biz mansubi bo'lganimiz Adabiyot Ahlining qadriyotlarini mensimadik. Ular uchun qiymatli ne-ki bo'lsa, biz uchun bir chaqalik qadri yo'q edi. Adabiy totemlaridan tortib, Komsomol mukofotigacha – bari biz uchun masxara mavzusi edi. “Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq” mafkurasiga qarshi biz “Zamon senga boqmasa gar, sen ham boqma zamonga”, dedik. Ular kabi ko'prok gonorar olish uchun uzun matnlar, dostonlar bitishni o'zimizga haqorat deb bildik. Hatto, (yanglishmasam, 1976 yilda) Xurshid Do'stmuhammadning uyida – u tirik, tasdiqlasin – 7 kishi “kim bu mustamlaka xukumatdan mukofot olsa, erkak emas”, deya ont ichdik. Va Olloh eng omadlilarimizga ichgan ontimizni tutishni nasib etdi, alhamdulilloh.

Keyin siyosatga kirdik, taqdir chizgisi aynan davom etdi. 1992 yil 2 iyul kuni Karimov rejimi boshlagan repressiyalarga norozilik sifatida men Oliy Kengash deputatligidan iste'fo etdim. Va u erdagi go'yo bizning safimizda bo'lgan safdoshlarimizga ham iste'fo qilishni tavsiya qildim: “bu erda qo'l ko'tar, desa ko'tarib, tushir, desa tushirib o'tiradigan qo'g'irchoqqa aylanmasdan, nomus va sharafimiz bilan ketaylik”, dedim. Ular “siz xato qilyapsiz, biz ketmaymiz”, deyishdi. Yarim yil o'tmay, bu insonlarning hammasi kamina o'z ixtiyori bilan chiqib ketgan Kengashdan ixtiyorlariga qarshi haydaldilar. Endi bu insonlar ham bizdan nafratlanishadi. Nega? Chunki o'shanda ular uchun qiymatli bo'lgan Oliy Kengashni bir chaqaga olmadik. Nafratning psixologik motivini ikkinchi qismini shunday ifodalash mumkin: ODAMLAR ULAR QILIShGA JUR'AT ETMAGAN NARSALARNI SIZ QILSANGIZ, SIZNI ASLO KEChIRMAYDILAR.

Bunga misol: Bir guruh yosh adibning – yuqorida ham eslatgandik – 1984 yilda yozgan “Politbyuroga maktub”i mustaqillik g'oyasining amalga oshishiga inonmaganlarni g'azablantirdi. Bu g'azablanganlarning eng mashhuri Abdulla Oripov edi. “Bu yoshlarga nima kerak o'zi? Lenin bobo o'rnidan turib ta'zim qilsinmi bularga? Yoki atom bombasining knopkasini beraylikmi qo'llariga, nima istaydi bular o'zi?”, deya hayqirgandi u O'zbekiston kompartiyasi minbaridan. Ya'ni biz, 53 ta yosh adib, Oripov tengdoshlari jur'at etmagan aktsiyaga qo'l urib, ularning nafratini qozongandik.

1988 yil yozuvchilar kaminani Uzbekiston Yozuvchilar Uyushmasi kotibligiga saylashdi. G'.Xotam aytganidek, Abdulla Oripov “o'rniga” emas, bo'sh o'ringa saylashdi, chunki A.Oripov u payt ishdan bo'shatilgandi. Uning bo'shatilishiga mening hech bir aloqam yo'k. Hech qachon parda orqasi g'iybat, mansab uchun birovlarga qarshi tuhmat tarqatish kampaniyalariga qatnashmaganman, gapimni odamning yuziga gapirganman, orqadan gapirishni o'zimga or deb bilganman. Jumladan, Abdulla Oripovning ham yuziga aytganman u haqdagi fikrlarimni, yashirmaganman. 1980 yilda u “Sovet O'zbekistoni” gazetasida Sh.Rashidovga atab “Markazko'mga” deb she'r yozganida, unga buning iste'dodli shoir uchun uyat ekanini aytganman. Shundan keyin men bilan olti oy gaplashmay yurganini do'stlar bilishadi.

G'.Xotamov meni “Oripov o'lsa haykal qo'yamiz”, dedi, deya g'iybat qilibdi. Ajabo, bu gapini Ollohga qasam ichib ayta oladimi Xotamov? Agar qasam ichib, bu gapini takrorlasa, men aytdim deb bo'ynimga olishga tayyorman. Keyin buning hisobini nariyog'da beramiz u bilan.

Endi “Oripov o'lsa unga haykal qo'yamiz” degan fantaziyadan ochiqroq bir gapni aytay: men Oripovni iste'dodli she'r ustasi, ammo printsipsiz, zulm oldida tilsiz, nafaqat tilsiz, hatto zulmni oqlagan, doim xalqini oyoq uchi bilan ko'rsatgan, shuhrat va mansab ishqi bilan yongan, butun hukumatlarning oyog'ini yalab, kun ko'rgan bir zot deb bilaman. Endi Odil Yoqubovga o'taylik.

Mening “Odil Yoqubov ishdan bo'shasin, men o'rniga bo'layin” degan gapi endi kurakda turmaydigan, bezbetlarcha qilingan yolg'on.

Buni past(kash)likning eng yukori cho'qqisi deyish mumkin. Yoqubovni ishdan olib tashlashni gaplashadigan bo'lsam, sen bilan gaplashamanmi, ey, muftariy?…

1989 yil yanvar oyida SSSR Yozuvchilar Soyuzining Qurultoyida nutq qilib, kutilmagan tavajjuh ko'rdim, zal uzoq olqishladi. So'ngra yonimga mashhur rus shoirlari, Oljas Sulaymon, Onor kabi atoqli shoir va nosirlar kelib tabrik etdi, ammo o'zbeklardan shoir Shukrullo va yozuvchi Mamadali Mahmuddan boshqa hech kim kelmadi. Chunki kamina ular jur'at qilmagan narsalarni bilmay aytib qo'ygandi.

Bu majlisda ham Odil aka mendan xafa bo'lganini Mamadalidan eshitdim. Chunki nutqdan ta'sirlangan ba'zi “farosatsizlar” Odil Yoqubov nomzodi ko'rsatilgan SSSR deputatligiga mening ham nomzodimni ko'rsatishga urinishgan. Gapning qisqasi, odamlardagi bu majruh komleksni 20 iyun 1990 yilda Oliy Kengashga “Mustaqillik deklaratsiyasi”ni ko'tarib chiqqanimizda ham, 1992 yilda Karimovning “hukumatga kiring” degan taklifini rad etganimizda xam ko'rdik. Bu ikki holatda ham odamlar bizni kechirmadilar.

Mana, endi bu kompleks sohiblarining Yoqubov bilan oramizda raqobat, ko'rolmaslik bo'lganligi haqda mish-mish va sui'-zonlarini o'qib hayratga tushib o'tiribmiz.

Kaminaning Odil Yoqubov bilan hech qanday oldi-berdisi bo'lmagan, na u bilan raqobat, na unga havas bo'lgan. Isnod etilgan “oyog'idan chalish” so'zi kamina uchun eng tuban haqoratdir. Kin saqlash tabiatimga begona, fikrim bo'lsa, insonlarning yuziga aytganman. Odil Yoqubov ham bundan istisno bo'lmagan.

Odil Yoqubov bu “xotiralar”ni, muxlislari aytayotganday, ma'qullagan bo'lishi mumkinmi? Mumkin. Yoqubov umrining
oxirgi yillarida hukumatning unga loqaydligidan muztarib edi.

“Ozodlik” radiosiga bergan intervyularidan bu alamzadalik doim sezilib turdi. U ko'pchilik yozuvchilar qatori 1999 yil fevral portlashlariga baho berishda hukumat tarafida turib, “vatan xoinlari”ni (ular ro'yxatidagi ilk ism kamina edi) keskin qoralagan bo'lsa-da, Karimov oqsoqol yozuvchimizning say'-harakatlarini sezmadi yoki sezmaganga oldi. Odil Yoqubov “vatan xoinlari” haqda Abdula Oripov kabi jazavaga tushmasa ham, nafratini baholiqudrat ifoda qilib turdi.

O'sha mash'um fevralda mening uchta ukam bilan birga Odil Yoqubovga doim sodiq bo'lgan yozuvchi Mamadali Mahmud ham hibsga olindi. Mamadalining himoyasiga yozilgan maktubga imzo chekishdan bosh tortgan Odil Yoqubovning “Mamadali o'zi ahmoq edi”, degani bizga kutilmagan zarba bo'ldi. Ammo Olloh rozi bo'lsin, ustoz Shukrulloh aka va Gulchexra Nurulloh opamiz bu pisgan yozuvchilar fonida Mamadali birodarimizni himoya qilishdan qo'rqmay, mardlik ko'rsatdilar.

Baribir, Odil Yoqubov hukumatdan sadoqatiga loyiq e'tibor ko'rmadi, tushkunlikka tushdi, boya eslatganim kabi, umrining so'ng bosqichi iztirob ichida o'tdi, Olloh gunohlarini kechirsin.

Biz Odil Yoqubov bilan bir-necha yil Yozuvchilar rahbariyatida birga ishladik.

1988 yil may oyida men yozuvchilarning aksariyatining dastagi bilan uyushma kotibligiga saylandim. Bu saylanish Uyushma rahbariyati va yoki hukumat xayrixohligining natijasi emas, aksincha, ularga qarama-qarshi bir jabhaning harakatlari hosilasi edi. Uyushma tarixida kommunist bo'lmagan holda rahbarlikka saylangan ilk kishi edim. Bu g'ayrikommmunistni saylaganlar 1980 yillarning o'rtalaridan boshlab, milliy masalalarni ko'tarishga jur'at etgan yosh shoir va yozuvchilar va ularga xayrihoh katta yoshdagi adiblar edi. Nega aynan meni sayladilar? Vallohi, bunda mening gunohim yo'q. Balki, bu “saylanish”ga o'sha davrda Moskvada bosilgan maqolalarim va boshqa faolliklar zamin hozirlagandir. Yaxshisi, bu davrning xolis bahosini tarixchilar bersin.

Odil Yoqubovga kelsak, bu kishiga men doim hurmatda bo'lganman. Uning rahbarlik maqomini zadalaydigan biror harakat qilganim yo'q. Odil Yoqubov mening do'stim Mamadali Mahmud vositasida kamina haqda ba'zi manfiy taassurotlarini menga etkazib turgan. Buni doim hisobga olishga harakat qildim.

Yoqubovning kaminadan ilk ranjishi, yanglishmasam, Uyushmaga ishga kelganimning ikkinchi haftasida yuz berdi. Menga ta'sis etilgan kotiblik kabinetini isloh etarkan, kreslom uzra osilib turgan Lenin portretini olib, o'rniga jadid Abdulhamid Cho'lpon portretini osib qo'ydim. Bu portretni 1985 yilda rassom do'stim Islom (Vyacheslav) Oxunovga iltimos qilib chizdirgan edim. O'sha davrning ruhiga uyg'un, romantik bir portret edi. Odil Yoqubov bu portretning Uyushma faoliyatiga zarar berishini, Markazko'mning g'azabini qo'zg'ashini aytdi va Lenin portretini o'rniga qo'ying, dedi. Men bu istakni yumshoq bir shaklda rad etdim.

Odil akaning kaminaga nisbatan ikkinchi xafagarchiligi bizni Markazko'm Birinchi Kotibi Rafiq Nishonov chaqirgandan keyin paydo bo'ldi. 1989-yil fevralda O'zbekiston Oliy Sovetining anchagina deputati Sovet Ittifoqi Oliy Sovetiga saylandi va o'zbek hukumati bo'shagan o'rinlarga saylov e'lon qildi.

O'zbekiston hukumati odatdagidek, saylanishi lozim bo'lgan deputatlarning ro'yxatini tuzdi. Bu ro'yxatga kaminaning ham nomini kiritishgan edi. Mening hali bu “syurpriz”dan xabarim yo'q edi. Bir kuni ertalab Yozuvchilar uyushmasining Kompartiya kotibi Ibrohim Rahim, Odil Yoqubov birga Markazqo'mga chiqdik. O'zbekiston Kompartiyasi Birinchi Sekretari Rafiq Nishonov, Markazqo'mning 2-kotibi Vladimir Anishchev, 3-kotibi Mutal Xolmuhammedov qarshiladi. Rafiq Nishonov kaminani respublika Oliy Kengashi deputatligiga tavsiya etdi. Ammo men “deputat bo'lish niyatim yo'q, mabodo bo'lganida, xalq tarafidan ko'rsatilishimni afzal ko'rardim”, degan bahona bilan taklifni kabul etmadim. Odil Yoqubov, esa biz “bu masalani hal qilamiz, hammasi joyida bo'ladi”, deya so'z berdi. U yo'lda mening xato qilganimni aytdi, deputatlikni qabul qilishim kerakligini, aks holda, Uyushmaga tazyiq boshlanishi mumkinligini aytdi, ammo men qabul qilolmasligimni aytib, undan uzr so'radim. Albatta, bu Nishonovga “hammasi yaxshi bo'ladi”, deb va'da bergan Odil Yoqubovning nafsoniyatiga qattiq tegdi. Uyushmada rahbar bo'la turib, bir kotibga aytganimni qildirolmadim, degan bir ruhi-holiya ichida edi va o'zicha haqli edi. Lekin buning bir kuni kinga aylanib, Odil Yoqubov ixlosmandlarining “xotiralari”ga mavzu bo'ladi, deya xayolimga ham kelmagandi.

Albatta, xom sut emgan bandamiz, nuqsondan iboratmiz. Nuqsonlarimizdan bittasi odamlar bilan unsiyatdagi nuqson edi.

Biz patologik tarzda o'z mustaqilligiga bog'langan kimsalar edik. Bu bog'liqlik boshqalarni o'ylamaslik, xudbinlik darajasida edi. Bu xam etmaganiday, to'g'riso'zligimizdan g'ururlanardik.

To'g'riso'zni aytayapman, deb birovlarni xafa qilganimiz ko'p bo'lgan. Holbuki, jamiyatimiz mustaqil inson kabi, to'g'riso'zni ham kechirish uchun tayyor emas edi. Ko'rinib turibdi, bugun ham tayyor emas. Ammo gapirishga to'g'ri keladi.
Odil Yoqubovgacha Yozuvchilar Uyushmasiga raisi O'lmas Umarbekov edi. Uni bu maqomga Markazko'm kotibasi R.Abdullaeva keltirgandi. Yumshoq tabiatli, o'rtamiyona zako sohibi, yaxshi odam edi. Ammo uni Markazko'm qo'ygani uchun bu kishiga qarashimiz manfiy bo'lgan.

Adabiyot va san'at gazetasining muharriri Odil Yoqubov ancha liberal tushunchali, ochiq laganbardorlikdan yiroq bo'lgani uchun uyushma raisligiga uning nomzodini o'tkazish uchun yaxshigina kurashdik. Bizning tengqurlar ichida uning nomzodiga faqat Shavkat Rahmon qarshi edi va so'nggigacha qarshi bo'lib qoldi. (Shavkat rahmatli an'anaviy o'laroq Sarvar Azimov tarafdori edi).

Odil Yoqubov rais saylangandan keyin eski guruh va klanlar uzun nafasli hokimiyat marafonining yangi poygasiga start berdilar. Bu Laziz Kayumov, Hafiz Abdusamatov va hokazolar guruhi, Erkin Voxidov va O'tkir Hoshimov guruhi, Sarvar Azimov guruhi va yangi rais Yoqubov atrofida uymalashgan guruh. Biz garchand Odil Yoqubovni qo'llagan bo'lsak-da uning guruhiga yaqin emasdik.

Bizning guruh (agar guruh deyish joiz bulsa) guruhlarning eng kichigi edi: Miraziz A'zam, Rauf Parfi, Cho'lpon Ergash, Ibrohim Haqqul, Ahmad A'zam, Olim Otaxon, kamina, hali tanilmagan o'n-o'n beshtacha iste'dodli yosh shoir va shoiralardan iborat edi. Bu guruhda na kotiblik, na-da raislikni orzu qilgan bor edi.

Hokimiyat marafoni 1990 yilga kelib, nomenklaturaga yaqin Erkin Vohid guruhining ustunligini namoyish eta boshladi. Men ERK partiyasi bilan mashg'ul edim, Uyushma ishlariga vaqtim deyarli qolmagandi. Buning ustiga guruhlarning g'iybati va bir-biriga nafrati orasida yashash charchatgandi. Shu bois, uyushma Qurutoyida kotibligidan iste'fo qildim.

Tishlarini g'ijirlatib hokimiyat uchun talashayotganlar engil nafas oldilar. Ko'p vaqt o'tmay, uyushma ikkiga bo'lindi, fitna yana-da avj oldi. Va men yozuvchilardan tamoman uzoqlashdim.

Bugun xotiralar yozib, kinlarini qusayotgan kompleksli kimsalar qandaydir ma'noda o'sha mag'lubiyat kunlarining intiqomini ham olmoqdalar.

Holbuki, kamina na ularga, na-da ularning raqiblariga aloqam bor. Har ikkala uyushma xalq dardidan uzoq uyushmalar edi.

Bahsimiz mavzui bo'lgan toifalar mamlakatning muhim voqealarining hech birisiga o'z munosabatini bildirmagan, bildirishdan qo'rqqanlar. Ular kuch tarozisining pallasi qay tarafga og'sa, o'sha tarafga og'ishga doim tayyor turganlar. Parda orqasida pichir-pichir – ularning hayqirig'idir.

Tarix bularning Andijon voqealarida xalq tarafini olib, norozilik bidirganini yozmayajak, albatta. Chunki ular norozilik bildirmadilar. Ular xalq o'qqa tutilayotgan paytda, balki, Do'rmon ishratgohida kayfu-safo surayotgandilar. Rejimdan norozi muxolifat ustidan kulib, istehzoli matnlar tuzayotgan edilar.

Tarix bo'lgan narsalarni yozadigan fan esa, bularni yozajak. Chunki tarix insonlarning xotiralari emas, xalqning xotirasidir.

28.07.2012

P.S. O'zini “yozuvchi” deb taqdim qilayotgan G'.Xotamovning bu fasod guruhiga hech bir aloqam bo'lmagani holda, manfaatlarimiz kesishmagani holda, shaxsimga qarshi bu qadar tuban iftirolar qilinayotgan ekan, bu mag'zava “qissa”da tilga olingan boshka taniqli kishilar haqda aytilgan gaplarning yolg'on va tuhmat emasligiga hech qanday kafolat yo'q.

(168)
Muhammad Solihning 2013 yilda Istanbulda chop etilgan “Turkiston shuuri” kitobidan. (547-556-sahifalar.)

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort