O’zbekiston Xalq Harakati

“Alvido, “Jasliq!” yohud siyosiy mahbusning kundaliklari

“Alvido, “Jasliq!” yohud siyosiy mahbusning kundaliklari
26 Temmuz 2017 - 14:20 'da yuklandi va 2273 marta o'qildi.

18 yil umrini O'zbekiston qamoqxonalarida o'tkazgan sobiq siyosiy mahbus Muhammad Bekjon tutqunlikdagi hayotiga bag'ishlangan birinchi kitobini yozib tugatgan.Taniqli shoir va marhum Islom Karimovning siyosiy raqibi Muhammad Solihning ukasi bo'lgan Muhammad Bekjon shu yil fevralida ozodlikka chiqarilgandi.

U 1999 yilda Toshkent portlashlarida ayblanib, Kievda hibsga olingan va O'zbekistonga ekstraditsiya qilingan. O'sha yilning kuzida Toshkentda o'tgan mahkamada Bekjon va boshqa ayblanuvchilar o'zlariga qo'yilgan ayblarni rad etishgan va qiynoqqa solinganliklarini aytganlar. O'zbekiston mahkamalari Muhammad Bekjonga chiqarilgan 11 yillik dastlabki mahkama hukmini uzaytirib kelganlar. Frantsiyadagi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti Muhammad Bekjonni “dunyoda eng uzoq muddat qamoqda o'tirgan jurnalist” deb atagan.

Hozirda Xorazmdagi uyida yashayotgan 63 yoshli Bekjon o'zining ozodlikka chiqarilishini O'zbekistondagi hokimiyat o'zgarishi bilan bog'laydi.”Karimov hayot bo'lganida hali ham qamoqda o'tirgan bo'lardim”, – deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasining faoli.

Muhammad Bekjon bilan suhbatni tinglang.

Quyida kitobdan boblarni e'tiboringizga havola qilamiz.

* * *

Alvido, “Jasliq!”
(1)

1999.18.03. Borispol. Aeroport.

Ertalab soat sakkizlarda bizni zekovozga chiqarishdi va to'rtalamizni UAZikning to'rtta boksiga[1] joylashtirishdi.

Hammamizning qo'llarimiz kishanlangan.

Mashina yo'lga tushgach, men boks eshigi tirqishidan qo'riqchilarga:

‒ Rebyata, est' pros'ba, mojno s vami dogovorit'sya?! ‒ deb baqirib so'radim.

Ulardan biri:

‒ Govorite, chto za pros'ba! ‒ deya baqirib javob berdi.

‒ Zdes', v Kieve u nas rodstvenniki, oni ne znayut, chto nas arestovali! Mojete pozvonit i soobshit' im, chto nas arestovali i otpravili v Uzbekistan!

Qo'riqchilardan biri rozilik bildirdi va men aytib turdim, u telefon raqamlarimizni yozib oldi.

Yusuf ham xotini Shoiraning telefon raqamini yozdirdi.

Yusufdan qaerda qo'lga olishganini so'raganimda, u bozorga ketishdagi yo'lda yayov ketayotganida ushlaganlarini aytib berdi. Xotini Shoira bundan xabarsiz ekan.

To Borispolga etib borgunimizcha o'zaro gaplashib, hazillashib ketdik.

Ichimizda Qobulgina boshimizga tushgan bu kutilmagan kulfatdan ozgina dovdirab qolgan, bizning hazil-huzulimizga qo'shilmay, sukut saqlab borar edi.

Yo'lda Yusufga qo'lga olinishimizgacha bo'lgan “oxirgi istakan aroq” voqeasini so'zlab berdim.

Ish qilib, aeroportgacha yaxshi kayfiyatda keldik.

1991.18.03. Toshkent – Kiev yo'nalishi, “Boing” uchog'i.

Uchoqqa chiqib olganimizdan keyin boshlarimizdan qoplarni chiqarishdi. Biroq qo'larimizdagi kishanlar qulflog'ligicha qoldi.

Qo'llarimiz orqaga qilib kishanlangani uchun, o'rindiq suyanchig'iga suyanib o'tirishning iloji yo'q edi. Bu ham etmaganday, qo'lingni ozgina qimirlatsang, kishan qisilib suyakkacha botib ketardi.

Yonimda meni qo'riqlab kelgan qo'riqchi-kuzatuvchidan (keyinchalik bu qo'riqchi IIV erto'lasida bizni tergagan kapitan Ilhom Turg'unov bo'lib chiqadi) kishanni bir oz bo'shatib qo'yishini so'rab besh-olti marta iltimos qildim. Hech ko'nmadi. Har gal:

‒ Chidash kerak, biron soatlarda manzilga etib boramiz, o'sha yoqda echamiz, ‒ deya takrorlar edi.

Shu uchoqda kishan qo'limda qoldirgan izlar keyin ham uch-to'rt yilgacha hech ketmadi.

O'zbekiston qamoqxonalarida chekkan dahshatli qiynoqlarim qatorida, suyakka botgan o'sha kishanlar azobini ham hech qachon unutolmasam kerak.

1999.18.03. Toshkent. Aeroport.

Tushdan keyin, soat to'rtlarda uchoq Toshkent aeroportiga qo'ndi. Boshlarimizga yana qaytadan qoplar kiydirildi.

Oldingi salondan ikki kishini olib chiqishadi. Menimcha, Qobul va Ne'matni bo'lsa kerak. Chunki Yusuf mening qarshimdagi o'rindiqda o'tirgan edi.

Ulardan keyin Yusufni, so'ngida meni olib chiqishdi.

Meni alohida mashinaga o'tqazishdi. Qolganlarni qanday va qaerga olib ketishganini bilmayman.

1999.18.03. IIV erto'lasi.

Kechki soat beshlarda bizni Ichki Ishlar Vazirligi erto'lasiga tushirib, boshimizdagi qoplarni echishdi. Tintuvdan o'tkazishdi, so'ng boksga qamab qo'yishdi.

Erto'lada faqat Yusufni ko'rdim. Nimagadir Qobul bilan Ne'mat ko'rinmas edi.

Uch soatlarcha boksda ushlab o'tirib, nihoyat tergovga olib chiqishdi.

Tergov haqni yuzaga chiqarish uchun emasligi birinchi qadamlardanoq ma'lum edi. Ya'ni, boshqa xonada “o'zbekchasiga tergov” boshlandi.

Erto'laning uzun dahlizi o'rtalarida chapda eshik bor ekan. U erdan kirilsa, bu dahlizga parallel boshqa dahlizga chiqildi. O'sha parallel dahlizning oxirigacha yurib bordik. O'ng tarafdagi eshik “tergov” xonasining eshigi ekan.

Ushbu labirint yo'lakning o'ng tomonidagi hamma xona “tergov” xonalari ekan. Ya'ni, o'zbekcha qilib aytsak, qiynoq xonalari!

Meni shunday xonalardan biriga kiritishdi. Qo'llarimga kishan solib, stol qarshisidagi to'rtburcha kursiga o'tirg'izib, yolg'iz tashlab chiqib ketishdi.

Xona devorlariga nazar soldim. Devorning hamma joyi qonga belangan; iskanja izlari…

Xona o'rtasida polga mixlab tashlangan taburetka, burchakda stol va stul. Stol qarshisida men o'tirgan taburetka.

Menimcha, so'roq oldidan meni qo'rqitish uchun atayin yolg'iz qoldirib ketishgan edi. Men ular kirgunicha devordagi qon, tepki izlarini ko'rib, vahimaga tushib turishim kerak.

Yarim soatlar chamasi vaqt o'tib, xonaga polkovnik kirib keldi.

Men uni taniyman ‒ Botir Tursunov edi.

U ham meni taniydi.

Bu odamga shaxsan Ichki ishlar vaziri Zokir Almatov “Erk” partiyasi faoliyatini nazorat ostiga olish vazifasini yuklaganidan xabarim bor edi.

Bundan tashqari, 1993 yili Akamni ta'qib qilib yurgan  ayg'oqchilari so'ngra mening izimdan tushishgan. Ular uyimiz oldida mashina ichida o'tirib, kecha-kunduz poylashar, hatto qizimiz Oygulni ham maktabigacha kuzatib (mashinadagi to'rt kishidan biri ayol) qo'yishar edi.

Botir Tursunov o'sha paytda kapitan lavozimida edi. ERK partiyasiga qarshi kurashda o'ta jonbozlik ko'rsatgan shekilli, olti yil ichida demak polkovnik darajasigacha ko'tarilibdi.

***

“O'ZBEKChA TERGOV”

1999 yil mart. IIV erto'lasi.

“Tergov” xonasiga polkovnik ketidan o'ttiz-o'ttiz besh yoshlar chamasidagi kapitan kirib keldi.

Men o'tirgan erimdan jilmay o'tiraverdim. Polkovnik menga qarab:

‒ Ofitser kirganda o'rningdan turmaysanmi?! ‒ deb do'q urdi.

Men qimir etmadim.

– Meni tanidingmi?

– Tanidim…

– Bir paytlar anavi qaynog'ang bilan do'st edik. U sizlarga sotildi, maraz. Hali u bilan hisob-kitobmiz oldinda. Oldin senlarni bir yoqlik qilaylik. Hammalaringni ushlab kelamiz. Solihing bormi, Tohiring bormi, hamma-hammangni shu erga olib kelamiz. Senlarga O'zbekiston melisasining kuchini bi-i-ir ko'rsatib qo'yaylik! Shundaymi, kapitan?

Kapitan boshlig'ining bu darajada molsifatligidan uyalib, pastga qaragancha jim turar edi.

Polkovnik mavzuni o'zgartirdi:

– Alfiya esingdami, Muhammad? Sen u bilan yurarding-a? Zo'r, ketvorgan qiz edi-da, a?

– Qanaqa Alfiya? Hech qanaqa Alfiyani tanimayman.

– Menga qara, Muhammad! Meni aldashga harakat qilma, tushundingmi!? Men akang Solihni TashDUda studentligidan beri taniyman. U g'irt panturkist, millatchi edi…

Mening jahlim chiqa boshladi va uning so'zini bo'ldim:

– O'rtoq polkovnik, meni bu erga so'roq qilishga obkeldinglarmi yoki kim ketvorgan, kim qanaqa odam bo'lganligi haqida gap sotganimi? ‒ dedim.

– O'-ho', menga nima qilish kerak, qanday gapirish kerakligini ham o'rgatarsan balki? Hali sendan gapirish uchun ruxsat olishim ham kerakdir, a?

Men o'zimni zo'rg'a tutib o'tiraman. Yana shunga o'xshash asabtegar gap gapirsa…

Polkovnik, mendagi ichki tug'yonni sezdi shekilli, chekkada murshayib o'tirgan kapitanga “chiqib ket” degandek ishora qildi.

Kapitan chiqib ketgach, Botir xona ichida u yoq-bu yoqqa yura boshladi. Menimcha, so'roqni nimadan boshlashni bilmay, boshi qotgan ko'rinar edi.

Va nihoyat birinchi bergan savoli bunday bo'ldi:

 – Akang qaerda?

Men ichimda: “Ahmoq, tomdan tarasha tushganday dabdurustdan so'ragan savolingni qara, “Akang qani?” emish”, deb qo'ydim.

– Sendan so'rayapman, ho'v! Qaerda u terrorist?!

Men qanday o'tirgan bo'lsam, shunday o'tirishda davom etdim. Mendan sado chiqavermagach, polkovnik g'azab to'la ko'zlarini tikib:

‒ Sen yaxshi gapni tushunmas ekansan, hozir bulbuldek sayrataman seni! ‒ dedi. Borib xona eshigini qiya ochdi. Tashqarida turganlarga: ‒ Kiringlar, manavi savollarimga javob berishni xohlamayapti, kak sleduet javob berishni bi-i-r o'rgatib qo'yinglar! ‒ dedi va o'zi erto'la dahliziga chiqib ketdi.

Xonaga to'rt nafar barzangi kirdi. Ulardan biri kamufulyajda edi. Shunisi qarshimga kelib:

‒ Tur o'rningdan! ‒ deya o'shqirdi.

O'tirgan joyimdan turishga ulgurmay, boshimga qattiq zarba kelib tushdi. Bu zarbadan bir oz gangib qoldim.

Boshimdan qon chiqibdi, yuzim uzra oqib polga tomchilayotganini ko'rdim. O'zimni tutib turolmadim:

‒ He onangni!.. ‒ deya baqirib oldinga bir-ikki qadam tashladim.

Bu payt xonaga yana ikki-uch nafar “spetsnaz”chilar kirib keldi va meni polga yiqitishdi va shahd bilan tepa boshlashdi.

Tepkilardan so'ng navbat rezina to'qmoqqa (dubinka) keldi. Oyoq kiyimimni echib, xona o'rtasida polga mihlangan taburetkaga o'tirg'izishdi. Qarshimga ikkinchi taburetkani keltirib, oyoqlarimni uning ustiga chiqarib qo'yishdi. So'ng ustiga bittasi o'tirib oldi.

Qo'llarimga kishan solib, ikkitasi ikki tomonimdan mahkam bosib ushlab turdi. Kamufulyajdagisi qo'liga rezina to'qmoqni olib, tovonimga bor kuchi bilan ura boshladi.

Birinchi kungi “tergov” shu zaylda tonggacha davom etdi. Lekin polkovnik hech narsaga erisholmadi.

Tergovning uchinchi kuni menga katta albom keltirishib (taxminan 100 varaq), ichidagi rasmlarni ko'rsatib chiqdi.

Albatta, albomning birinchi varag'ida Akam Muhammad Solih, Tohir Yo'ldoshev, Juma Namangoniy va boshqalar rasmlari aks etgan bo'lib, shu varaqdagi har bir rasm orqasiga ism-familiyasi bitilgan edi. Har varaqda o'ttiztadan rasm qo'yilgan.

Ular qo'limga tutqazgan bu albomni ikki soatlarcha varaqlab, faqat to'rt kishini, ya'ni Akam, o'zim, ukalarim Rashid va Maqsudni tanidim, xolos.

Albomni olib ketishganidan so'ng “tergov” yana davom etadi.

Bunday “tergov” bir hafta davomida ertalabdan kechgacha surardi.

Orada menga imzo chektirish uchun qandaydir qog'ozlarni keltirishar, men esam imzo chekishdan bosh tortar edim. Oqibatda meni shafqatsiz qiynoqqa solishar edi.

“Tergov”ning uchinchi kuni yurolmaydigan holatga tushdim. Oyoqlarim shishib ketganidan oyoq kiyimimga sig'may qoldi. Qo'llarim qoshiqni ushlay olmas, hatto boshimni ko'tarishga qurbim etmay qolgan edi.

Erto'ladagi navbatchi serjant (mendan to'rt-besh yosh katta) meni har safar koridorda uning oldidan sudrab olib o'tishganida ahvolimga achinish bildirib bosh chayqab qo'yar, ko'zlarini pastga tushirib, “Shundan bo'lak biron narsa qilishga ojizman”, deyayotgandek, boshqa tomonga qarab olar edi.

* * *

[1]    “Boks” – bir odam arang sig'adigan kichik kamera.

(davomi bor)

Manba: Bi-Bi-Si O'zbek

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano