O’zbekiston Xalq Harakati

Mahkama

Mahkama
29 Temmuz 2017 - 6:00 'da yuklandi va 2266 marta o'qildi.

MAHKAMA

«UYuShGAN JINOIY GURUH»

1999 yil iyuli.

Meni Toshturmaning tergov bo'limiga chaqirishdi va shu erdagi mahbuslarni vaqtinchalik kutib turishlari uchun mo'ljallangan kameralardan biriga kiritishdi.

Bir soatlar vaqt o'tib, kameraga Ichki ishlar vazirligi katta tergovchisi kapitan Ilhom Turg'unov ukam Rashid Bekjonni keltirdi. Rashid bilan diydorlashib olganimizdan so'ng, men Ilhomdan:

– Nega shu paytgacha ukam bilan uchrashtirmadinglar? –deb so'radim.

– Muhammad aka, to'g'ri tushuning, qanday qilib uchrashtiraman? Menda sizlarni uchrashtirishga huquq berilmagan-ku, axir. Mana, bugun “delo”ni keltirdim, hammangiz (guruhdagi olti kishini nazarda tutadi) bir xonada o'tirib tanishib chiqasizlar. “Delo” olti tomdan iborat, o'zaro gaplashib, maslahatlashib o'tirasizlar. Sizlarga hech kim xalaqit bermaydi.

– Ilhom, ayt-chi, umringda hech birovga yaxshilik qilganmisan? Hozir sen hech qanday gunohimiz yo'qligini bilaturib shunday og'ir aybni bizning gardanimizga yuklayapsan. Xudodan qo'rqmaysanmi?

– Muhammad aka, gunohingiz yo'qligini bilaman, tan olaman, lekin yuqorining buyrug'i shu. Men qo'limdan kelgan yaxshilikni qildim, boshqasiga ilojim yo'q.

– E-ha! Yaxshilik qildim de? Nima yaxshilik ekan u? Bilmay qolganimiz chatoq bo'libdi o'sha yaxshiligingni. Qani, eshitaylik o'sha yaxshilik haqda!

– Mana, Rashid aka aytsin…

– Ilhom, men sendan qilgan yaxshiligingni aytib ber, deyapman.

– Qilgan yaxshiligim – “delo”dan terrorizmni (JKning 155-moddasini nazarda tutadi) olib tashladim. Qolgan stat'yalar erunda. Xudo xohlasa, olti oyga qolmay chiqib ketasizlar, Muhammad aka!

– Shumi bizga qilgan yaxshiliging? O'zing bilasanmi nimalar deyayotganingni? Nima, bizga yuklangan boshqa ayblarga iqrorlik bildirishimiz kerak ekan-da, shundaymi?!

– Muhammad aka, aytdim-ku, yuqorining buyrug'i bilan sizlarga shu ayblarni qo'yishga majburmiz, deb.

– Kim o'sha yuqoring? Karimovmi?

Mening so'nggi savolimga tergovchi Ilhom bosh irg'aydi. Men tergovchiga:

– He, o'sha Karimoving…

– Muhammad aka, meni ham so'king, mayli men roziman…

– Sen ham…

Bu payt kameraga kirib kelgan xabarchi sabab, “suhbat”imiz uzildi. Xabarchi hujjatlar xonaga keltirilganini aytdi. Bizni “delo” bilan tanishtirishga olib chiqib ketishdi.

Avgust oyi boshida meni yana IIV erto'lasiga olib kelishdi. Ertasiga tongda guruhimizni zekovozga chiqarib, Yangiyo'l shahri melisa bo'limiga olib borishdi va kameralarga tarqatishdi. Bu kameralarda bor-yo'g'i bir soatcha vaqt bo'lganimizdan so'ng guruhimizni Yangiyo'l tuman sudi binosiga olib borishdi va to'g'ridan-to'g'ri sud zaliga olib chiqishdi. Sud zaliga ko'chada kutib turgan odamlar ham kirib kelishdi. Bu odamlar ichida Mixail Arzinovdan[1] boshqasi bizga notanish edi.

Zalga sud hay'ti kirib keldi. Hali sud raisi o'z joyiga o'tirib ulgurmasdan, Mixail Arzinov sud raisini savollar bilan ko'mib tashladi:

‒ Janob rais! Sizga bir-nechta savolim bor edi, ruxsatingiz bilan ularni o'qib eshittirsam: Nima sababdan ayblanuvchilarning qarindosh-urug'lari bugungi sud majlisi to'g'risida xabardor qilinmagan? Nima sababdan bu sud majlisi yashirin va favqulodda tarzda o'tkazilmoqda? Yoki bu yopiq sudmi? Bir qiziqib ko'ring-chi, janob rais, ayblanuvchilar nimada ayblanayotganlarini bilishadimi, yo'qmi?..

Sud raisi o'rnidan turib:

‒ Nima gap? Haligacha sizlarga ayblov xulosasi berilmadimi? – deya so'radi.

Hammamiz sud majlisi bugunga belgilanganini hozir eshitayotganimizni aytdik.

Rais go'yo xuddi shu javobni kutib turgandek, “bunaqasi ketmas”ligini aytib, sud kuni noma'lum muddatga kechiktirilishini ma'lum qildi va bizni yana orqaga ‒ IIVga olib ketishadi. IIVda bizni yana 14 kun davomida ushlab o'tirishdi.

17 avgust kuni erta tongda guruhimizni kameralardan chiqarishdi, biroq nima uchun chiqarishayotganini aytishmadi. Bu safar ham biz sud bo'lishi haqida konvoylarning o'zaro gaplaridan bilib oldik.

1999 yil 17 avgust.

Bu kuni Chilonzorda joylashgan Toshkent viloyat sudi binosida bizning guruhimiz sudlovi boshlandi.

Konvoylarning kattasi bizni IIV erto'lasida birma-bir tintuv qilib chiqdi. So'ngra IIV hovlisida kutib turgan zekovozga chiqarishdi. Hammamiz zekovozga joylashganimizdan so'ng mashina o'rnidan qo'zg'oldi. IIV hovlisidan tashqariga chiqqanimizda “saf”ga yana bir nechta mashina qo'shildi.

Orqa va oldindagi mashinalar sirenalarini yoqdi.

Har ikki-uch daqiqada bizni qo'riqlab ketayotgan konvoylarning kattasi ratsiya orqali: “Falon joydamiz, hammasi joyida!”; “Falon burilishdan o'tdik, hammasi yaxshi!” deb xabar berib borar edi.

Mashinalar sud binosi hovlisiga kirib, bizni pastga tushirishganida, bizni yana ikki mashina soldat va bitta BTR kuzatib kelgani ma'lum bo'ladi.

Hovlida soldat va melisa xodimlaridan tashqari, bir to'da fuqaro kiyimidagilarni ham ko'rdik.

Harbiylar bizning kishanlangan qo'llarimizni orqaga qayirishib, bo'yinlarimizni pastga bosishib, ikkinchi qavatdagi sud zaliga olib kirishdi va “obezyanka”ga kirishda qo'llarimizdagi kishanlarni echishdi.

Sud majlisi zaliga sanoqli odamlar kiritilgan edi. Xonaning yarmini bizni qo'riqlayotgan harbiylar egallab olgan, qolgan joylar deyarli bo'sh edi.

Qarindoshlarimizdan bittadangina odam kiritilganini ko'rib, advokatimiz Hamid Zayniddinovga boshqa qarindosh-urug'larimizni ham sud majlisiga kiritishini talab qilishini so'radik. Agarda sud raisi bu talabimizni bajarishdan bosh tortsa, biz o'z noroziligimizni bildirishimizni aytdik.

Hamid aka bizning talabimiz masalasida sud raisiga murojaat etdi. Biroq sud raisi bu talabimizni inkor etadi.

Shunda advokat Hamid Zayniddinov sud raisiga, sud majlisi ochiq bo'ladi deb e'lon qilingan edi-ku, deb eslatdi. Lekin rais o'z bilganidan qolmay, shu erdagilardan boshqa hech kim kiritilmaydi, dedi.

Biz Hamid akadan qalam-qog'oz berishini iltimos qildik va undan bu narsalarni olib Amerika, Angliya, Olmoniya va Fransiya rahbarlari nomiga O'zbekistonda inson huquqlari poymol etilayotganligi va bu erdagi haqsizliklarga, diktatorlik rejimiga munosabat bildirishlarini so'rab murojaatnoma-hujjat yozdik. Hujjat tagiga hammamiz imzo qo'yib, Hamid akaga topshirdik.

Advokatimizdan bu murojaat matnini tashqarida turgan jurnalistlarga o'qib eshittirishini iltimos qildik.

Sud majlisi birinchi kunining birinchi yarmi shunday tortishuvlarga boy tarzda o'tdi.

Guruhimizning jipsligi va qat'iyati boshida oyoq tirab turib olgan sud raisini qarindosh-urug'larimizning qolganlarini ham sud zaliga kiritishga majbur qildi. Pastdan to ikkinchi qavatdagi sud zaligacha bizning qo'llarimizni orqaga qayirib, boshimizni erga bukib, “yugur-yugur”gilatib keltirgan harbiylarning ham bizga nisbatan muomalasini o'zgartirdi. Ya'ni ular ham bizga xayrxohlik bildira boshlashdi.

Tanaffus paytida bizni birinchi qavatdagi kameralarga tarqatishdi.

Men tushgan kamerada toshkentlik ikki yigit o'tirgan edi. Ular «Hizbut tahrir»dan ekanliklarini, sudlari ikkinchi qavatdagi zallardan birida o'tayotganini aytishdi.

O'z navbatida mendan ham qaysi oqimga mansubligimni so'rashdi. Men ularga ERK partiyasidan ekanimni aytdim.

Shunda yigitlardan bo'yi uzuni:

– Ha, bilaman sizlarning partiyangizni. Kattalaring anavi demokrat Muhammad Solih-ku. Mejdu prochim, yaqinda u Rossiyaning TV-6 kanalidan chiqib Eltsinga yolvorganini ko'rdim.

– Yo'g'-e, – dedim men. – Nima deb yolvoribdi?

– “O'zbekistonga rahbarlikni menga olib bering, keyin siz nima desangiz shu bo'ladi”, dedi.

– Qachon aytgan ekan unday deb, ancha bo'ldimi?

– Mana, yaqinda. Hali ikki hafta ham bo'lgani yo'q.

– O'z qulog'ing bilan eshitding, o'z ko'zing bilan ko'rding-a shunday deb gapirganini?

– Albatta-da! Nima, birovning ko'zi bilan, birovning qulog'i bilan eshitishim kerakmidi?

– Sening isming kim, yigitcha?

– Yigitchamas. Zaharxanda qilmay gapiring.

– Mayli, zaharxanda qilmayman, isming kim edi?

– Meniki Botir, bratishkaniki Shuhrat, ‒ dedi u bo'yi kaltaroq yigitga ishora qilib.

– Xo'sh, Botirvoy, qachon qamalgansan? Ancha bo'lgandir?

Hisoblab chiqib:

‒ Ikki oyu 19 kun, – dedi u.

–Qaerda, Toshturmada bo'ldinglarmi?

Shuhrat gapga aralashdi:

‒ Yo'q, bizni “upravada” saqlashdi.

– Upravada televizor ko'rishga ruxsat bormi? Men Toshturmada to'rt oydan oshiq o'tirdim, lekin televizori bor kamera haqida eshitmadim.

– Upravada televizor tugul radio eshitish katta problema, aka. Upravada faqat dubinkani ko'rganmiz! ‒ dedi Shuhrat.

– Qani, endi ayt-chi, Botirvoy! Sen hali Muhammad Solihni TV-6 kanalida Eltsinga yolvorganini bundan ikki hafta oldin o'z ko'zing bilan ko'rganingni aytding, shundaymi? Sening hizbut tahriringdagilarni hammasi senga o'xshagan bo'htonchimi yoki ularning ichida bitta senmi shunday?

Botir surbetlarcha, otdan tushsa ham egardan tushgisi yo'q edi:

– To'g'risi, o'zib ko'rmaganman, birodarlardan eshitganman. Biznikilar yolg'on gapirmaydi, haqni gapiradi, ularga ishonaman, shuning uchun ham smelo o'zim ko'rganday gapiryapman! Sizlar hokimiyat tepasiga kelsanglar, sizlarga ham qarshi bo'lamiz, sizlarni ham ag'daramiz!

– O'-ho', zo'rsan-ku! Kimni hokimiyatdan ag'darishga ulgurding, Karimovnimi? Karimovni ag'dargan bo'lsang, seni kim qamadi?

– Aka, iltimos, bu kishiga e'tibor bermang, xarakteri shunaqa. Bo'lmag'ur gaplarni gapiradi-da, boshqalar uning uchun javob berishga majbur, ‒ dedi Shuhrat.

Endi bahs Shuhrat bilan Botir o'rtasida boshlandi.

Botir:

– Shux, nima deyapsan o'zi? Qaysi bo'lmag'ur gapni gapiribman men?

Shuhrat:

– Birinchidan, sen yolg'on gapirding, yolg'oning oshkor bo'lganidan so'ng o'zingni asrash uchun aybingni boshqalarga, shu jumladan menga ham ag'daryapsan. Senga necha bor aytildi, tashla shu fantazyorligingni deb. Sen yana o'z bilganingdan qolmayapsan. Qara lekin, oxiri chatoq bo'ladi shu ketishingda!

Botir:

– Nima deb yolg'on gapiribman men, Shux?

Shuhrat:

– Sen shu qilig'ing bilan hamma hizbchilarni sharmanda qilyapsan, Botir. O'zing ko'rmagan, ishonmagan narsa to'g'risida valdirashni bas qil! Hali suddayam “e” yo'q, “be” yo'q, prava kachat qilyapsan. Qisib o'tirmaysanmi senga so'z bergunicha!

Botir:

– Hoy Shux! Til ekan deb erk beraverma, yomon bo'ladi!

Shuhrat:

– Vot-vot! Tilim bor deb har baloni valdirayvermaslik kerak. Juda to'g'ri aytding, yomon bo'ladi. Qis, koroche, tushundingmi!

Botir ishtonini ho'llab qo'ygan bola misol jimib qoldi. Yonida o'tirgan Shuhrat o'rnidan turib mening yonimga o'tirdi va:

– Aka, aybga yo'ymang endi. Bunga o'zimiz tushuntirib qo'yamiz. Besh-olti yil qamoqda o'tirsa, o'ziga kelib qolar. Uzr, aka…

Tanaffusdan so'ng sud majlisida arzigulik gap bo'lmadi. Ya'ni guruhimiz a'zolariga IIV tergovchisi qo'ygan ayblov xulosasini sud raisi o'qib eshittirdi va shu bilan keyingi majlis kuni e'lon qilinib, sud majlisi yopiq deb e'lon qilindi.

Bizni yana IIV erto'lasiga olib kelishdi.

Sudning ikkinchi kuni hammamiz bizga yuklangan ayblarni tan olmadik. IIV erto'lasidagi qiynoqlar to'g'risida gapirdik. Sud majlisiga bizni tergov qilgan IIV katta tergovchisi kapitan Ilhom Turg'unovni guvoh sifatida chaqirtirib oldik. Bizning bu harakatlarimiz sud hay'atiga mutlaqo ta'sir qilmadi.

Shunday qilib, Toshkent viloyat sudi raisi tanaffusdan so'ng hukmni o'qib eshittirdi.

Hukmga ko'ra sudlanuvchilar:

1.Sharipov Ne'mat. Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida tug'ilgan. Hech qaysi partiya yoki harakat a'zosi bo'lmagan. Qamalguniga qadar Ukrainaning Kiev shahri Troeshina bozorida savdo-sotiq bilan shug'ullangan. Kiev shahrida qo'lga olingan.

 Toshkent viloyat sudi tomonidan qo'yilgan ayblov:

“Taqiqlangan “Erk” gazetasini O'zbekiston hududida tarqatgan; Uyushgan jinoiy guruhga a'zo; O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy tuzumini kuch ishlatish yo'li bilan ag'darmoqchi bo'lgan”ligi uchun 8 (sakkiz) yilga ozodlikdan mahrum etildi.

2.Diyorov Qobul. Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida tug'ilgan. “Birlik” xalq harakati faoli. Qamalguniga qadar Ukrainaning Kiev shahrida tijorat bilan shug'ullangan. Kiev shahrida qo'lga olingan.

Toshkent viloyat sudi tomonidan qo'yilgan ayblov:

“Taqiqlangan “Erk” gazetasini O'zbekiston Respublikasi hududida tarqatgan; Uyushgan jinoiy guruhga a'zo; O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy tuzumini kuch ishlatish yo'li bilan ag'darmoqchi bo'lgan”ligi uchun 10 (o'n) yilga ozodlikdan mahrum etildi.

3.Begjonov Rashid. Xorazm viloyati Yangibozor tumanida tug'ilgan. ERK partiyasi faoli. Toshkentga ko'zini davolatishga borganida qo'lga olingan.

Toshkent viloyat sudi tomonidan qo'yilgan ayblov:

“Taqiqlangan ERK partiyasiga a'zo bo'lgan; Chorvoq GRES ini portlatishni mo'ljal qilgan; Uyushgan jinoiy guruhga a'zo; O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy tuzumini kuch ishlatish yo'li bilan ag'darmoqchi bo'lgan”ligi uchun 12 (o'n ikki) yilga ozodlikdan mahrum etildi.

4.Mahmudov Mamadali (Evril Turon). Taniqli yozuvchi. Jizzax viloyati Zomin tumanida tug'ilgan. Madaniyat fondi raisi lavozimida ishlagan. Yozuvchilar Uyushmasi a'zosi. Qamalguniga qadar Toshkent shahrida yashagan, Toshkentda qamoqqa olingan.

Toshkent viloyat sudi tomonidan qo'yilgan ayblov:

“O'zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov joniga suiqasd uyushtirishni rejalashtirganligi; taqiqlangan ERK partiyasini qo'llab-quvvatlaganligi” uchun 14 (o'n to'rt) yilga ozodlikdan mahrum etildi.

5.Ro'zimurodov Yusuf. Jurnalist. Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida tug'ilgan. ERK partiyasi a'zosi. Qamalguniga qadar Ukrainaning Kiev shahrida tijorat bilan shug'ullangan. Kiev shahrida qo'lga olingan.

Toshkent viloyat sudi tomonidan qo'yilgan ayblov:

“Taqiqlangan ERK partiyasiga a'zoligi; O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy tuzumini kuch ishlatish yo'li bilan ag'darmoqchi bo'lganligi; Prezident Karimovni OAV larda haqorat qilganligi; Uyushgan jinoiy guruhga a'zoligi” uchun 15 (o'n besh) yilga ozodlikdan mahrum etildi.

6.Muhammad Begjonov. Menga qo'yilgan ayb ham guruhimizdagilar bilan deyarli bir xil. Tayinlangan jazo muddati – 15 (o'n besh) yil.

ETAP. QIZILTEPA ZONASI

Suddan keyin Toshturmada yana uch oy yotishimizga to'g'ri keldi. Yozgan shikoyatlarimizga javob kutdik.

Nihoyat, meni 1999 yil 9 dekabrda kuni Qiziltepaga etap[2] qilishdi. 15 kunlik karantindan so'ng zonaga chiqdik.

Toshturmada o'tirganimizda “Zonaga chiqsangizlar, u erda sharoitlar yaxshi, ishga chiqasizlar, toza havo, kunlar o'tganini bilmay qolasizlar”, deyishardi. Zonaga kelib bu gaplar quruq safsata ekanligiga amin bo'ldik. Qiziltepadagi zonada oltmish kishiga mo'ljallangan barakda yuzdan ortiq kishi yashar ekan.

Tunda, uxlashga ruxsat tekkanidan so'ng barakda yuradigan joy bo'lmaydi. Joy etishmasligi sabab o'tish joylarini ham mahbuslar ishg'ol etishgan. Yarim tunda hojatga chiqish zarurati tug'ilsa, polda yotganlar ustidan hatlab o'tishingizga to'g'ri keladi.

Xudo ko'rsatmasin, behosdan oyog'ingiz bironta odamning yuziga tegib ketib uyg'onsa bormi, ur-to'polon boshlanishi tayin. Qiziltepada bor-yo'g'i to'rt oy bo'lib, to'rt marta shunday to'polonning guvohi bo'lganman.

Qiziltepa zonasining diqqatni tortadigan yana bir joyi ‒ bu erda bitlamagan odamni topish amrimahol edi. Ishonish qiyin, lekin barak devorlarida ham bitlar o'rmalab yurganini o'z ko'zim bilan ko'rganman.

Bu zonaning ishlab chiqarish hududidagi sharoitni ham yaxshi deb bo'lmaydi. G'isht ishlab chiqarish zavodi uch smenada, betinim ravishda ishlaydi. Har bir smena 10.000 dona g'isht ishlab chiqarishi kerak.

Zonaning yashash hududida ham, ishlab chiqarish hududida ham ovqat sifati o'ta past, hatto yaroqsiz.

Ovqatga tuz, yog' solinmaydi. Oshxonada ishlaydiganlar yog'ni barakma-barak yurib pullaydilar. Puli borlarga guruch, kartoshka, go'shtni ham pullashadi.

Pulsizlar oshxonada tayyorlangan balanda bilan kun kechirishga majbur.

Lekin bu zonaning boshqalaridan afzallik tomoni ham bor edi: yaqinlaringiz uchrashuvga kelganida nima olib kelsa va u qancha bo'lsa ham, ichkariga olib kirishga ruxsat bor edi.

Shuning uchun ham bu zona “zelyonyy” deyilardi.

***

Murod aka (Murod Jo'raev) bilan karantindan chiqqan kunimning ertasiga uchrashganmiz. U o'sha paytda g'isht zavodida vagonlarga g'isht ortish brigadasiga javobgar edi. G'isht zavodning bir burchagida o'ziga eni bir yarim, uzunligi uch metr keladigan kapa qilib olgan edi. Yonida ukasi Shavkat ham shu brigadada mashinalarga g'isht ortuvchi bo'lib ishlardi.

Zavodda ishlaganimda, tushlik paytida meni kapasiga chaqirib mehmon qilib turardi. Gap siyosat to'g'risida ketganda, o'zimiz yo'l qo'ygan xatolarni ham aytardi. Kimning oldida turishidan qat'iy nazar, Karimov to'g'risida o'zining salbiy fikrini ochiq-oydin bildirar edi.

Bir kuni kapaga chaqirdi.

‒ Ahmadjon Odilov siz bilan ko'rishmoqchi. Hozir u sanchastda, menga erta yo indin olib kel degan edi. Shunga qanday qaraysiz? Rozi bo'lsangiz, men bugun kechqurun uning oldiga borib aytaman, ‒ dedi.

Men rozilik bildirdim.

Ertasi kechqurun Murod aka bilan sanchastga bordik. U erga kirganimizda menga: “Kutib turing, men hozir”, deb o'zi qaergadir borib keldi va “Ketdik” dedi.

Qaysidir palataning eshigini qoqdi. Ichkaridan “kiring” degan ovoz eshitildi. Kirdik. Ahmadjon Odilov kelib men bilan quchoqlashib ko'rishdi. “Haliyam baquvvatman” degandek belimni quchib ko'tarib ko'rdi va og'irligim bo'yimga mos kelmasligini aytib:

‒ Ko'chada necha kilo edingiz? ‒ deb so'radi.

Men to'qson, to'qson bir kilo bo'lganimni aytdim. Ahmadjon Odilov Murod akaga:

– Murodjon, mana 500 so'm, ushlang. Ertagayoq o'zingiz oshxonaga borib Muhammadjonni dietaga yozdirasiz. Shuncha gavda bilan ellik kilo chiqmaydi-ku! Noinsoflar, yaramaslar!..

Men Odilovga:

– Ahmadjon aka, pulingizni oling, menga dietik ovqat shart emas. Zonaning oshxonasiga faqat nonimni olib kelish uchun boraman. Ovqatni barakdagi gazo'choqda o'zimiz pishiryapmiz. Yaqindagina uydagilar kelishdi, pul ham, egulik ham etarli, – deyman.

– Unday bo'lsa, pulni o'zingiz oling, go'sht, u-bu sotib olasiz, – deb Murod akaga bermoqchi bo'lgan 500 so'mini mening qo'limga tutqazdi.

Murod aka ham:

‒ Oling, oling, Muhammad, qo'lini qaytarmang! ‒ dedi…

Murod aka bilan Ahmadjon Odilov o'zaro suhbat bilan mashg'ul bo'lishdi. Men palatani ko'zdan kechira boshladim.

Katta palatada ikkita karavot, ularning tagida sakkiz-to'qqizta katta-katta sumka. Burchakda katta muzlatgich, ustida bir pachka pul…

Ahmadjon aka Murod aka bilan suhbatni tugatib, mendan:

– Raisimiz ham siz kabi novchami, baquvvatmi? – deb so'radi.

– Akam mendan novcharoq, baquvvatroq, – dedim.

– Tohir, Jumaboylardan darak bormi? Ular bilan aloqa qilib turarmikan?

Men Murod akaga qarayman, Murod aka menga. Odilov bizga qarata:

– Shubhaga bormanglar. Ikkisiyam mening yigitlarim. “Adolat”ni (“Adolat” jamiyatini nazarda tutadi. ‒ M.B.) birga qurganmiz, ishonchli yigitlar. Rais bilan aloqa qilarmikanlar? – deb qayta so'radi.

– Akam bilan 1998 yil yozida ko'rishganmiz, shungacha aloqasi yo'q edi. Shundan keyin ham bo'lmagan bo'lsa kerak, chunki Akam Germaniyada yashayotgan edi…

Tashqariga chiqqanimizda Murod akaga deyman:

– Bu odamning  savollarini qarang. To'g'risi, bu kishi menda shubha uyg'otdi. Siz qanday fikrdasiz?

– Men ham shunday fikrga keldim. Berayotgan savollari g'alati tuyuldi…

Oradan uch kun o'tib, Odilov yana chaqirganida men bormadim. G'isht zavodda Murod akaga bu haqda gapirgan edim, to'g'ri qilibsiz, men ham u bilan aytishib qoldim, bo'lmag'ur odam ekan, agar yana chaqirsa bormang, deb maslahat berdi.

Ularning nima haqda tortishib qolishgani sababini so'rab o'tirmadim.

 

JASLIQ

«KONTsENTRATsION» LAGERI

“Assalomu alaykum, dorning og'ochi!
Rauf Parfi

2000 yil.22.04. UYa 64/48. QIZILTEPA.

Ertalab soat oltida zonada uyqudan uyg'otildik.

Kiyinib ulgurmasimdan oldimga harbiy serjant keldi.

‒ Siz Begjonovmisiz? ‒ deb so'radi.

‒ Ha, men Begjonovman, tinchlikmi?

‒ Yuring, sizni DPNK[3] chaqiryapti.

Serjant meni DPNK xonasiga emas, izolyatorga boshlab bordi. Hayron bo'ldim.

– DPNK chaqiryapti degan edingiz, nimaga izolyatorga keldik? – degan savolimga serjant:

– DPNK shu erda, izolyatorda, – deb javob qildi.

Izolyator navbatchilari xonasiga kirdik. Koloniya boshlig'i navbatchi yordamchisi meni keltirgan serjantga va xonadagi boshqa xodimlarga tashqariga chiqib turishlarini aytdi. Menga stulni ko'rsatib, “o'tiring” dedi va qo'lidagi qalin “delo”ni ochib, so'zlay boshladi:

– Siz Muhammad Solihning ukasimisiz?

– Ha, ukasiman.

– Tug'ishgan ukasimisiz?

– Tug'ishgan ukasiman.

– Hozir qaerda akangiz? Qaysi davlatda?

– Bilmadim. Balki Evropada, balki Amerika, balki Osiyodadir?

– Men akangizning muxlisi bo'lganman. Ko'pgina she'rlarini yod olganman. Zamonaviy shoirlardan unga tenglashadigan shoirni bilmayman. Afsuski, siyosatga o'tib ketdi…

– O'rtoq mayor, qo'rqmaysizmi birovga “gullab” qo'yishimdan?

– Birinchidan, nimaga qo'rqishim kerak? Nima, davlatga qarshi biron gap aytdimmi yoki Karimovni haqorat qildimmi? Ikkinchidan, men o'zim yoqtirgan shoir haqida gapirishga haqliman, buni hech kim inkor qilishga haqqi yo'q. To'g'risini aytganda, siyosat bobida ham Solih aka Karimovdan ancha yuqori pog'onada turadi, chunki u kishi o'zbek xalqining dardini bunga qaraganda (Karimovni nazarda tutadi) ming marta yaxshi tushunadi. Uchinchidan, sizdan chaqimchi chiqishiga ishonmayman, buni yuzingiz aytib turibdi… Siz, yaxshisi, menga aka to'g'risida ko'proq gapirib bering. Qo'rqmang, men ham chaqimchilik odatidan yiroqman, undaylardan hazar qilaman…

Oraga cho'kkan jimlikni yana mayor buzdi:

– Solih aka bola-chaqasini ham olib ketganmi?

– Ha, oilasi bilan birga ketishgan. O'rtoq mayor, nimaga bu erga chaqirtirdingiz, sababini bilsam bo'ladimi?

– Sizni hozir boshqa zonaga olib borishadi. Sababi menga qorong'i. Boshliq buyuradi, biz faqat uning buyrug'ini bajaramiz. Sababini ham faqat boshliq biladi. Tabiiyki, unga ham yuqoridan buyruq keladi va hokazo.

– Boshqa zonaga ketsam, barakda qolgan buyumlarimni olib kelsam bo'ladimi?

– Hozir aniqlayman. Sizlarda omborxona soat nechada ochiladi? Sakkizdami?

– Ha, ertalabki tekshiruvdan so'ng.

– Hozir… hozir aniqlaymiz, – dedi mayor va ratsiyada kim bilandir mening buyumlarim to'g'risida gaplashdi.

Omborchini topib, Begjonovning sumkasini bu erga olib kel, deb buyruq berdi. Lekin oradan 15-20 daqiqa o'tsa ham mening narsalarimdan darak bo'lavermadi.

Bu orada meni zona tashqarisida turgan zekovozga chiqarishdi. Buyumlarimdan kelavermagach, mashina ortiq kutmadi ‒ yo'lga tushdi…

2000.22.04. UYa 64/46. NAVOIY.

Zekovoz tushlikka yaqin Navoiydagi 46-chi zonaga kirib keldi. Meni to'g'ri olib borib zona izolyatoriga joylashtirishdi.

Izolyatorga kirganimga 10 daqiqa vaqt o'tmay, koloniya boshlig'i huzuriga olib borishdi.

‒ Ichkari kirganingda doklad qil! ‒ deb o'rgatishdi.

Boshliq xonasining eshigini taqillatishgan edi, ichkaridan ruxsat tegdi shekilli, meni xonaga kirgizib, o'zlari eshik orqasida qolishdi.

Katta xona to'rida yoshi men qatori podpolkovnik o'tirar edi. Men doklad qilib ulgurmasimdan, o'zini tanishtirishga tushdi:

– Men shu zonaning boshlig'i bo'laman. Ismi-familiyam Aziz Mardonovich Bozorov. Keling, o'tiring, – deya o'tirishga taklif qildi.

Hol-ahvol so'radi. Qiziltepadagi sharoitlar haqida qiziqdi.

Men unga Qiziltepadagi zona to'g'risidagi taassurotlarimni aytib berdim. Gapim so'ngida nima uchun bu zonaga olib kelishgani sababi bilan qiziqdim.

– Men ham anig'ini bilmayman. Menga Toshkentdan qo'ng'iroq qilishib, sizni Qiziltepadan bu erga olib kelishni buyurishdi. Balki Toshkentga ketarsiz. Balki… Hozircha siz izolyatorda bo'lib turasiz. Anavilarga aytaman, u erda hamma sharoitni yaratib berishadi. Menga boshqa savolingiz yo'qmi?

– Aziz Bozorovich, to'g'risini aytavering, qaerga yuborishmoqchi? Toshkentgaligiga, gapning to'g'risi, ishonmayman. Jasliqqami?

Mardonov bir seskanib tushdi va:

‒ Buni sizga kim aytdi? – deb so'radi.

Men hech kim aytmagani, ichki sezgim bilan payqayotganimni aytdim.

– Men aniq bilmayman, ammo o'sha yoqqa yuborishlari ham mumkin. Buni men aytmadim, siz eshitmadingiz. Qaerda bo'lsangiz ham, sog'-omon bo'ling. Tashqarida turgan harbiy oldimga kirsin, ayting. Mayli, ruxsat sizga, – deb o'rnidan turdi.

Men podpolkovnik Mardonov bilan xayrlashib, dahlizda kutib turgan harbiyga boshliq kutayotganini aytdim.

Harbiy boshliq oldidan chiqqach, izolyatorga ketdik. Izolyatordagi navbatchi mahbus omborxonadan qalin to'shak keltirib, nara[4] ustiga to'shab berdi. Kamerani tozaladi Polini artdi.

U menga ajratilgan “lyuks” kamerani tozalaguncha, men izolyator dahlizida harbiy bilan gurunglashib turar edim.

Tushlik paytida men joylashgan kameraga non, emak va bir krujka qaynoq suv keltirishdi. Izolyatordagi bu “shohona” hayot bor-yo'g'i bir-necha soat davom etdi va 23-aprel soat tungi 01:00 larda meni etapga tortishdi.

KPP[5]ga keltirib, devorga qaratib o'tirg'izib qo'yishdi. Oradan besh-o'n daqiqa o'tib, KPPga yana bir mahbusni olib kelishdi. Bu mahbus eski qadrdonim, guruhdoshim (podel'nik), yozuvchi Mamadali Mahmud edi!

Ustozni oradan sakkiz oy o'tib endi ko'rayotgan edim, shuning uchun bo'lsa kerak, “Ustoz, men ham shu erdaman!” deb baqirgim keladi, ammo qalbimda jo'sh urgan bu hisdan tiyilishga majburman.

Ustozning buyumlarini tintuvdan o'tkazishayotgan payt u ham men tomonga qaradi. Biz bosh irg'ab hol-ahvol so'rashgan bo'ldik.

Mamadali akaning buyumlarini tintuv qilib bo'lib, bizni tashqariga chiqarishdi. Oldin Ustozni zekovozning bir bo'limiga, keyin meni boshqa bo'limiga joylashtirishdi.

Konvoylar ham mashinaga chiqib olgach, yo'lga tushdik. Zonadan bir oz uzoqlashganimizdan so'ng men baland ovozda:

– Assalomu alaykum, Ustoz! Yaxshimisiz?!– deb baqirdim.

– Vaalaykum assalom! Muhammadjon, qalaysiz, o'zingiz yaxshimi?!

Konvoylardan biri:

‒ Ho'v, gaplashmay o'tiringlar! ‒ deb tanbeh berdi.

Mamadali aka konvoyga nimalarnidir gapirdi, tushuntirdi. Shundan so'ng konvoylar bizning gaplashishimizga e'tibor bermay qo'yishdi.

– Muhammadjon, qaysi zonada edingiz?

– Qiziltepada! Kecha olib kelishgan edi.

– Etap qaerga ekanini aytishmadimi?

– Yo'q, aytishmadi. O'zingiz qaerga deb o'ylaysiz?

– Menimcha, Toshkentga! Ishimizni qayta ko'rib chiqmoqchi, shekilli! Siz nima deb o'ylaysiz, Muhammadjon?

– Bilmadim, Ustoz! Vokzalga boraylik-chi, ma'lum bo'lar.

Ustozga bor gapni aytay dedim-u, bu fikrimdan qaytdim.

Yigirma daqiqa, o'n daqiqa bo'lsa ham yaxshi kayfiyatda bo'lgani yaxshi, deb o'ylab aslida qaerga ketayotganimiz haqda churq etmadim.

– Ishonavering, Muhammadjon, Toshkentga ketyapmiz, Toshkentga!

– Aytganingiz kelsin, Ustoz! Aytganingiz kelsin…

Mashina Navoiy shahri temiryo'l vokzaliga kirib keldi. Radiokarnaydan vokzal diktorining o'rischada: “Bud'te ostorojny, po pervomu puti pribyvaet skoryy poezd №… Tashkent – Moskva…” degan e'loni yangradi. So'ngra bu e'lon o'zbekchada ham qaytarildi. “…Toshkent – Moskva…”

Mamadali akaning ovozi jarangladi:

– Muhammadjon! Muhammadjon! Eshitdingizmi, “Toshkent” dedi! Toshkentga ketyapmiz!..

– Ustoz, Toshkent ‒ Moskva deyapti! Poezd Toshkentdan kelyapti! – deb baqirdim men.

Mamadali aka mening gapimni tushundimi-yo'qmi, bilmayman. Lekin shunisi aniqki, poezdga chiqishimiz bilanoq qaerga ketayotganimizni bildi. Chunki biz chiqqan vagon liq to'la, uning ustiga vagondagi barcha mahbuslar dindor va siyosiylar edi.

Biz kelgusida o'zining o'ta dahshatli, insoniylik tushunchasini mutloq inkor etuvchi tuzumi, rejimi bilan dunyoga mashhur bo'lajak «JASLIQ» nomli lagerga ketayotgan edik.

Hali Toshturmadaligimizda harbiylar u zonada o'rnatilgan rejim haqida gapirib, uning nomi bilan mahbuslarni qo'rqitishar edi…

Erta tongda, soat 3:30 larda poezd Jasliq posyolkasida to'xtadi.

Vagondagi hamma mahbusni ikkita zekovozga tiqishdi. Mashina bo'linmalariga (har bo'linma o'n odamga mo'ljallangan) yigirmatadan odam joylashtirdilar.

Nafas olishning imkoni bo'lmay qoldi. Kimlardir hushidan ketgan, kimlardir…

* * *

[1]    Mixail Arzinov – o'sha paytda O'zbekistondagi norasmiy inson huquqlarini himoya qilish tashkilotining faoli.
[2]    Etap – mahbus(lar)ni turmadan zonaga, zonadan turmaga yoki belgilangan manzilgacha harbiy konvoy(lar) nazorati ostida kuzatib borish.
[3]    DPNK – Dejurnyy pomoщnik nachal'nika kolonii (Koloniya boshlig'ining navbatchi yordamchisi.)
[4]    Nara – turma va asosan izolyatorlardagi yig'ma (devorga yig'ib tashqaridan qulflanadigan) karovat.
[5]    KPP – kontrol'no-proverochnyy punkt (Nazorat-tekshiruvdan o'tish joyi).

(davomi bor)

Manba: Bi-Bi-Si O'zbek

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano