O’zbekiston Xalq Harakati

Usmon Haqnazarov: Inoyatovchilar Mirziyoev tashabbuslariga qarshi sabotajdan shantaj qilishga o'tishdi

Usmon Haqnazarov: Inoyatovchilar Mirziyoev tashabbuslariga qarshi sabotajdan shantaj qilishga o'tishdi
11 Eylül 2017 - 23:29 'da yuklandi va 3823 marta o'qildi.

Shu yilning sentyabr oyi boshida “O'zbekiston Havo Yo'llari” milliy aviakompaniya faoliyati bilan bog'liq, bir qarashda e'tiborga loyiq bo'lmagan ikki hodisa yuz berdi.

4 sentyabr kuni o'zbek aviakompaniyasiga tegishli bo'lgan va HY534 reysi bilan Bangkokdan Toshkentga uchgan “Boing-767-400” samolyoti, texnik nosozliklar tufayli Bangkok aeroportiga qaytishga majbur bo'lgan. 8 sentyabr kuni xuddi shunday “texnik nosozliklar”,  endi HY766 reysi bilan Olmotadan Toshkentga uchgan “O'zbekiston havo yo'llari”ga tegishli A320 samolyotida ham aniqlangan.

Ikkala holatda ham samolyotlarda hech qanday texnik nosozliklar bo'lmagan: hodisalar sun'iy ravishda O'zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov va “O'zbekiston Havo Yo'llari” Milliy aviakompaniyasining o'rta bo'limlarida ishlashda davom etayotgan uning qo'l ostidagilari buyrug'i bilan tashkil qilingan.

Fitnachilarning asosiy maqsadlari, milliy aviakompaniyani horijiy mamlakatlar oldida obro'sizlantirish va avgust oyi oxirida Inoyatovning odami bo'lgan Valeriy Tyanni o'zbek havo yo'llari rahbarligi lavozimidan olgan prezident Shavkat Mirziyoevga qarshi bilvosita shantaj uyushtirish bo'lgan. Shunday qilib…

Inoyatovning arznomasi va ishorasi

V.Tyan o'z lavozimidan bo'shatilgan kuni, o'zbek maxsus xizmatlari raisi Prezident Mirziyoevga “bunday shafqatsiz qaror qabul qilmaslik” iltimosi bilan qo'ng'iroq qilgan. Inoyatov suhbat davomida, “O'zbekiston Havo Yo'llari” uning shaxsiy biznesi ekanligi va milliy aviakompaniyaga katta sarmoya kiritganligi haqida ochiq gapirgan.

“Kompaniyaning barcha moddiy-texnik ta'minoti, aviayoqilg'idan boshlab samolyotlar ehtiyot qismlarigacha bizning firmalarimiz qo'lida. Mening chekistlarim kompaniyadagi qat'iy intizomni nazorat qilishadi, shu sababdan bizning samolyotlarimiz va uchuvchilarimiz hech qachon mijozlarga pand berishmagan. Agarda siz Tyanni ishdan olsangiz “Havo yo'llari”dagi yaxshi yo'lga qo'yilgan tizim ishdan chiqadi”, degan Inoyatov Mirziyoevga, Tyanni bo'shatish fikridan  qaytarish niyatida.

Ammo Shavkat Mirziyoev o'z qarorini o'zgartirmadi. Shundan so'ng Inoyatov: “Agarda bundan keyin “Havo Yo'llari” samolyotlari buzilishni yoki portlashni boshlasa, u holda javobi yangi kadrlardan so'raladi”, degan.

Va ushbu suhbatdan bir xafta o'tib, o'zbek havo yo'llarining Bangkok va Olmaotadagi samolyotlarida “nosozliklar” aniqlandi.

Bizning fikrimizga ko'ra, O'zbekistondagi o'zining eng daromadli biznesi – “O'zbekiston Havo Yo'llari” kompaniyasi uchun kuyib-pishayotgan, o'zbek maxsus xizmatlari raisining shantaj qilishga urunishi edi.

Takidlash joizki, o'zbek havo yo'llariga Arslon Ro'zmetov o'rniga 2002 yilda “kontora” odami bo'lgan Valeriy Tyan rahbar qilib tayinlangach, Rustam Inoyatov va uning qo'li ostidagi “tadbirkorlar” aviakompaniya daromadiga yopishib olishdi. Ular, kompaniyaning xo'jalik faoliyatiga tegishli barcha tenderlarni monopollashtirib olishdi: xizmat ko'rsatish, yoqilg'i, ehtiyot qismlar etkazib berish va hokazolar.

Rustam Inoyatov, Valeriy Tyan va boshqa “kontorachi”larning ochko'zligi natijasida o'zbek havo yo'llari horijiy samolyotlarning O'zbekiston aeroportlarida qo'nishi, uchishi va turish joyi uchun  naqd pul bilan to'lovni amalga oshirishni yo'lga qo'ydi, bunday holat jahonning boshqa hech bir mamlakatida avval ham bo'lmagan, hozir ham yo'q.

Shu tariqa, o'zbek aeroportlarida samolyotlarining bir kun turishi uchun horijiy aviakompaniyalar 2000 dollar miqdorida naqd pul to'lashga majbur edilar. Bundan tashqari, ular yoqilg'ini ham o'zbek havo yo'llaridan naqd valyuta (dollar yoki evro) evaziga sotib olishlari lozim edi.

Bu shartlar shaxsiy samolyotlar uchun ayniqsa chidab bo'lmaydigan darajada edi. Ular o'zbek aeroportiga qo'ngach majburiy tarzda, arzonroq turish joyi uchun Qozog'istonning Chimkent shahri aeroportiga uchib ketishar edi. So'ngra qaytib ketish kuni yana Toshkent aeroportiga uchib kelishardi.

Har safar O'zbekiston Ruspublikasiga kelganda “kontora” tarafdan naqd to'lov qilishga majburlangan O'zbek-rus oligarxi Alisher Usmonovning shaxsiy samolyoti uchuvchilari ham shunday yo'l tutishar edi.

Barcha naqd tushumlar o'zbek maxsus xizmatlari raisining o'g'li, Sharif Inoyatovning cho'ntagiga ketar edi. “O'zbekiston Havo Yo'llari” kassasiga esa Inoyatovning turli firmalaridan, davlat kursi bo'yicha o'zbek so'mida mablag'lar o'tkaziladi.

Inoyatovchilarning “O'zbek Havo Yo'llari” tizimidagi daromadining asosiy manbalaridan biri mahsulotlarini o'zbek aeroportlari orqali noqonuniy (bojxona to'lovlarini amalga oshirmasdan) yo'l bilan olib kirish va olib chiqish bo'lgan. Shu yo'l bilan Inoyatovning biznes-imperiyasi har yili yuzlab million dollar pulb topgan.

“Qoldiqlar” bilan qanoatlangan, o'zbek havo yo'llarining sobiq rahbari Valeriy Tyan ham kam pul topmagan. O'zbek aeroportlari hududida joylashgan avtomobil turish joylari, xizmat ko'rsatish punktlaridan tushgan barcha daromadlar Tyanning shaxsiy cho'ntagiga tushgan. O'zbek aeroportlari hududidagi do'kon va kafelardan tushadigan ijara to'lovlari ham naqd pul ko'rinishida Tyanning shaxsiy cho'ntagiga tushgan.

Tyanning tashabbusi bilan “O'zbekiston Havo Yo'llari”da uchuvchi, syuardessa va o'zbek havo yo'llari tuzilmasiga olinadigan boshqa xodimlarni ishga olish bo'yicha korruptsion va ahloqsiz usullar tashkil qilingan edi. Shu tariqa, styuardessalarni ishga olishda, pul yoki tanasi bilan to'lovni amalga oshira oladigan nomzodlarga imtiyozlar berila boshladi.

Valeriy Tyan “O'zbekiston Havo Yo'llarini” koreys mahsulotlarini O'zbekistonga olib kirish va o'zbek mahsulotlarini Janubiy Koreyaga olib chiqish bo'yicha noqonuniy kanalga aylantirib oldi. Bu erda gap faqatgina havo orqali yuk tashish haqida ketmayapti. Biz avvalo O'zbekistondan Janubiy Koreyaga Tyanning tadbirkorlari tarafidan juda katta miqdorda naqd horijiy valyutaning olib chiqib ketilishini nazarda tutayapmiz.

Shaxsan Valeriy Tyanning tashabbusi bilan, “O'zbekiston Havo Yo'llari”ning mahalliy va xalqaro yo'nalishlariga uchuvchi va styuardessalarni ishga olishda imtiyozlar o'zbek millatiga mansub bo'lmagan nomzodlarga berilar edi. Shu sababdan o'zbek millatiga mansub bo'lgan ko'plab yuqori malakali uchuvchi va styuardessalar qozoq va rus havo yo'llariga ishlashga ketishga majbur bo'lishardi.

Rustam Inoyatov oilasi tomonidan 15 yil davomida o'g'irlanib kelishi natijasida, daromad keltiruvchi davlat kompaniyasi, mamlakat uchun korruptsiya, axloqsizlik va zarar o'choqlaridan biriga aylandi.

Shunga qaramay, “O'zbekiston Havo Yo'llari”dagi o'zining oilaviy biznes-pozitsiyalari uchun sabotaj va hatto shantaj yo'li bilan kurashayotgan o'zbek maxsus xizmatlari raisi bundan uyalmaydi ham.

Sabotaj va shantaj yo'li bilan Rustam Inoyatov faqatgina o'zbek havo yo'llari uchun emas, balki boshqa sohalarda ham kurash olib bormoqda… Shunday qilib…

Ramatov va Bobojonovlarga nisbatan Inoyatov tahdidlari

Shu yilning avgust oyi oxirida O'zbekiston Bosh vazirining birinchi o'rinbosari Ochil Ramatov Toshkentda hashamatli uylar qurish uchun bir necha gektar erni Qoraqalpoq kompaniyalaridan biriga berish haqidagi qarorni imzolagan edi.

Ikki kundan so'ng uning xonasiga Rustam Inoyatovning yoqimtoyi va yugurdak tadbirkori Saken Po'latov shaxsan keladi. U Ramatovga, erlarni “qishloq kompaniyasi va noma'lum tadbirkor”ga bergani uchun g'azablanadi. “Toshkentda faqatgina “Golden House”(Saken Po'latovning kompaniyasi – U.H.) va “Murad Buildings” (Rustam Inoyatovning jiyanining kompaniyasi – U.H.) qurishi kerak. Siz esa poytaxni qurishni Nukuslik qanaqadir noma'lum tadbirkorlarga berayapsiz!”, deya xafa bo'lgan S.Po'latov Ochilboy Ramatov xonasida.

S.Po'latovning tarbiyasiz gaplaridan jahli chiqgan Bosh vazir o'rinbosari, Inoyatovning milliarderini haydab yuborgan va unga qurilish biznesidan chiqib ketishni tavsiya qilgan.

Shu kunning o'zida Saken Po'latov O.Ramatov bilan bo'lib o'tgan suhbat natijalari haqida Rustam Inoyatovga xabar bergan. G'azablangan o'zbek maxsus xizmatlarining rahbari darrov Ramatovga qo'ng'iroq qilgan va uning “dog'”larini fosh qilish bilan tahdid qilgan.

“San nima? Quturib ketdingmi? Agarda Sakenga bo'ysunmasang, men o'zim shaxsan sening pulli ishlarining fosh qilish bilan shug'ullanaman!”, degan O'zbekiston MXX raisi O.Ramatovga. Shundan so'ng Bosh vazir o'rinbosari Inoyatovning yugurdagi Saken Po'latov bilan yana yumshoq muomala qilishni boshlagan.

Sentyabr oyining boshida Rustam Inoyatov yana bir o'zining odami va yoqimtoyi, sobiq MXXchi, O'zbekiston Ichki ishlar vazirligida kadrlar bo'limi boshlig'i lavozimida ishlaydigan – Alisher Shoyimovni himoya qildi. Ichki ishlar vaziri lavozimiga, bungacha Xorazm viloyati hokimi sifatida ishlagan Po'lat Bobojonov tayinlangandan so'ng, “kontora” rahbari o'z odamlarining vazirlikni “chekist” elementlaridan tozalash natijasida ishdan olinishidan xavotirlana boshladi.

“Sizlarda kadrlar bo'limi boshlig'i lavozimida mening shogirdim Alisher Shoyimov ishlaydi. Men sizning u bilan birgalikda ishlashingizni, uni bo'shatmasligingizni istayman”, degan R.Inoyatov Ichki ishlar vaziriga.

Po'lat Bobojonov o'zbek maxsus xizmatlari rahbariga hech narsa haqida so'z bermagan. U faqatgina, hammasi Alisher Shoyimovning ishlashiga bog'liqligini aytgan, hamda Inoyatov va uning odamlari ko'rsatgan yo'ldan yurish niyati yo'qligini bildirib qo'ygan.

Shundan so'ng “kontora” Rustam Inoyatovning buyrug'i bilan, shu yilning 5 sentyabr kuni Toshkent shahri markazida “Spark” avtomobili o'g'risiga qarata o't ochish”ni tashkil qilishdi. Yangi Ichki ishlar vazirini obro'sizlantirish maqsadida “kontora”chi militsionerlar Alisher Shoyimov boshchiligida barcha postlar va putrul xizmati avtomobillariga “faqat kuch ishlatish va avtomobil kuzoviga o't ochish yo'li bilan o'g'rilarini qo'lga olish” haqida buyruq berishgan.

Ushbk o'g'irlikning “kontora”lik tashkilotchilari, xorazmliklar, shu jumladan Po'lat Bobojonov haqida salbiy fikr uyg'otish uchun  bu ishga bir Xorazmlikni ham jalb qilishdi.

Ushbu hodisa tashkilotchilarining asosiy maqsadi, yangi O'zbekiston Ichki ishlar vazirini ogohlantirish va shantaj qilish, hamda umuman ichki ishlar organlari ishini obro'sizlantirish bo'lgan. Shunday qilib…

So'ngso'z o'rnida

Biz, MXX raisi Rustam Inoyatovning o'z biznesi, yugurdak tadbirkorlari va turli davlat tuzilmalaridagi kadrlari atrofida parvona bo'layotgani haqida bir necha misollarni keltirdik. Sobotaj, shantaj va tahdid yo'li bilan u nafaqat o'z pozitsiyalarini saqlab qolmoqchi, balki prezidentning yangi kadrlarini ham o'ziga bo'ysundirmoqchi.

Shuningdek, yangi o'zbek hukumati a'zolarining u yoki bu harakatlari haqida bir zumda xabar berayotgan Inoyatovchi xabarchilarning operativ ravishda ishlayotganlari, e'tiborga loyiq.

Bu, hukumatning turli pog'onalarida hali ham “kontora”ning xabarchilar tarmog'i yaxshi ishlayotganidan darak beradi, garchi hukumatning yuqori qatlamlari Inoyatovchilardan deyarli tozalanib bo'lindi.

Usmon HAQNAZAROV,
siyosatshunos
11.09.2017

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar