O’zbekiston Xalq Harakati

Muammolarimizga mentalitet sababmi?

Muammolarimizga mentalitet sababmi?
19 Eylül 2017 - 12:05 'da yuklandi va 1410 marta o'qildi.

Mamlakatimizda o'zgarishlar boshlangandan so'ng matbuotda «nima qilsak mamlakatimiz yuksaladi» mazmunidagi ko'plab maqolalar chop etildi, etilmoqda.

Bularning ba'zisini o'qib kulgingiz keladi, ayrimlarini o'qib yig'laysiz. Aksar maqolalarda muammoning bosh sababi sifatida bizning mentalitetimiz ko'rsatiladi!

Nima emish, yanada tezroq rivojlanishimizga to'sqinlik qilayotgan narsa mentalitetimiz emish.

To'g'ri, 70 yillik sovet tuzumi, xudosizlik mafkurasida yashadik va bu o'zbek xalqining mafkurasiga muayyan darajada ta'sir o'tkazdi.

Ammo bu o'tmish tuzum jahondagi ilk tamaddunlarning biri, zamonaviy bilimlar tamal toshini qo'yib bergan, G'arbga ham, Sharqqa ham ustozlik qilgan millatni tubdan o'zgartira olmaydi!

Mamlakat rivojida yoki rivojlanmasligida mentalitet, tabiiy resurslar yoxud geografik joylashuv asosiy o'rin egallamaydi. Bular ikkilamchi omillar. Buni bizga tarix ko'rsatdi.

Aksar “ziyolilarimiz” yaxshi ko'radigan sabab – mentalitetni olaylik. Agar mamlakatda odamlarning mehnatiga yarasha adolatli ish haqi to'lanmasa, albatta, korruptsiya, byurokratiya urchiydi. Qaysi mamlakat, qanday madaniyat, qanday din bo'lishidan qat'i nazar.

Chunki asrimiz – iste'mol asri. Odamlar iste'mol qilishi kerak, buning uchun pul kerak. Adolat uchun haq so'raladi. Ozgina qo'shimcha daromad olish ilinjida qog'ozbozlik, poraxo'rlik kelib chiqadi.

Mentalitetimizdagi muammo nazariyasi shunchaki muztog'ning cho'qqisi, xolos.

Buni isbotlash uchun misol keltiraman. Shimoliy va Janubiy Koreya, Berlin devori qulashidan oldingi Sharqiy va G'arbiy Germaniya.

Bo'linib ketgunchayam ikki Koreyaning tarixi, madaniyati, mentaliteti bir xil edi. Hozirgi kunda Janubiy Koreya eng rivojlangan va eng boy mamlakatlar qatoriga kiradi. Shimoldagi holatni esa o'zingiz bilasiz.

Oradagi bunday katta farq o'zidan o'zi paydo bo'lib qolmadi. Ikkinchi jahon urishiga qadar umuman farq yo'q edi. Lekin shundan so'ng shimol va janub ikki yo'lni tanladi.

Resurslar omilini olib qaraylik. Masalan, resurslarga Rossiyadek boy mamlakat bo'lmasa kerak, ammo uning iqtisodiyoti hamon stagnatsiyada.

O'zbekiston ham tabiiy resurslarga boy. Ammo bu omil Rossiyani ham, O'zbekistonni ham eng rivojlangan davlatlar safiga kirita olmadi.

Singapur va Yaponiyada esa hech qanday tabiiy resurslar yo'q. Shunga qaramay, ular iqtisodiyoti eng rivojlangan mamlakatlar qatorida turadi. Singapur hatto ichimlik suvni Malayziyadan import qiladi.

Xullas, aytmoqchi bo'layotganim, mentalitet ham, tabiiy resurslar, hudud – bular barchasi rivojlanishda ikkilamchi masala. Mamlakat rivojida esa eng asosiy yo'nalishni siyosiy institutlar belgilaydi.

Yuqorida tilga olingan mamlakatlar taraqqiyoti omillari orasidagi eng muhim farq ham aynan siyosiy institutlarga borib taqaladi.

Har bir jamiyat davlat tomonidan belgilangan iqtisodiy va siyosiy tizimda yashaydi. Iqtisodiy tizim jamiyatda rag'batlar yaratadi: ilm olishga, investitsiyalar jalb qilishga, innovatsiyalar joriy qilishga va h.k.

Iqtisodiy institutlarni yaratishda, qonun-qoidalarini belgilashda esa asosiy rolni siyosiy institutlar o'ynaydi.

Masalan, jamiyat siyosatchilarning qaror qabul qilishiga o'z ta'sirini o'tkaza oladimi-yo'qmi, siyosatchilar mansabini suiiste'mol qilib, jamiyatning emas, o'z manfaatini yuqori qo'yib boyiydimi, buni siyosiy institutlar belgilab beradi.

Adolatli institutlar jamiyat, odamlarni rag'batlantirishga ta'sir o'tkazadi va mamlakatning yuksalishi yoki inqirozga yo'l tutishi aynan ularga bog'liq.

Xususan, shijoatli va talantli yoshlarning maqsadlarini ro'yobga chiqarish uchun shunday adolatli siyosiy institutlar kerak.

Stiv Jobs yoki shunga o'xshash insonlar misolida ko'raylik. Ularga sifatli ta'lim tizimi zaruriy ko'nikmalarni berdi, o'z qobiliyatini ko'rsatishga imkoniyat yaratdi.

Iqtisodiy institutlar esa ularga o'z kompaniyalari faoliyatini hech qanday to'sqinliksiz yo'lga qo'yishga yo'l ochib berdi. Xuddi shu institutlar ularga ishning dastlabki bosqichida moliyaviy ko'mak ko'rsatdi.

Bu tadbirkorlar boshidanoq orzulari ushalishiga amin bo'lgan: ular davlatga ishongan, huquqlari himoya qilinishiga ishonchi komil edi. Asosiy omil mana shu. Adolat bor joyda yuksalish bo'ladi.

Singapur bosh vaziri o'zining «Uchinchi dunyodan birinchi dunyoga» nomli kitobida bunday deydi: “Bizda hech qanday resurslar yo'q edi. Bizda faqatgina mehnatsevar xalq va adolatli bo'lishga qaror qilgan hukumat bor edi”.

Singapur esa bir avlod almashinuvi davomida qoloq davlatdan dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridan biriga aylandi.

Bugun matbuotda ko'plab chop etilayotgan shu mazmundagi maqola mualliflari, xalqimning mentalitetini yomonlamang.

Sizlar aytayotgan muammolarning hammasi simptomlar, xolos. Dardni esa ko'rmayapsizlar. Kasalni yo'q qilsak, simptomlar ham o'z-o'zidan yo'q bo'lib ketadi!

Burhoniddin Musaev
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 3-kurs talabasi

Manba: Eltuz.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar