O’zbekiston Xalq Harakati

Usmon Haqnazarov ishi: shunday qilib…

Usmon Haqnazarov ishi: shunday qilib…
06 Ekim 2017 - 16:42 'da yuklandi va 6056 marta o'qildi.

USMON HAQNAZAROV IShI: ShUNDAY QILIB…
(Tahlil)

2017 yilning 27 sentyabr' kuni O'zbekiston MXX va IIV xodimlari tomonidan o'tkazilgan tezkor amaliyot natijasida o'g'irlab ketilgan jurnalist Bobomurod Abdullaev ishi bo'yicha voqealarning keyingi rivoji turli xil munozaralarni keltirib chiqardi. Munozaralar markazidagi mavzu esa Bobomurod Abdullaevning Usmon Haqnazarov taxallusi ostida keskin tanqidiy maqolalar e'lon qilgani bilan bog'liq albatta.

Biz bu maqolada jurnalistning noqonuniy hibsga olinishi, uch kun mobaynida uning qaerda saqlanayotgani haqida oilasi va yaqinlariga xabar berilmagani kabi ko'p marotaba yozilgan holatlarga emas, balki Bobomurod Abdullaev (Usmon Haqnazarov) ning shaxsi va faoliyati atrofida bo'layotgan turli xil fikrlar, ayniqsa joriy yilning 3 oktyabr' kuni O'zbekiston Xalq Harakati (O'XH) lideri Muhammad Solihning mazkur ish yuzasidan bergan bayonotidan so'ng boshlanib ketgan tortishuvlar sabab haqiqatni yuzaga chiqaruvchi ba'zi masalalarga oydinlik kiritishga qaror qildik. Shunday qilib…

“Usmon Haqnazarov” ning paydo bo'lishi 

So'ngi bir necha yil mobaynida siyosatshunos Usmon Haqnazarov nomi ostida yozilayotgan maqolalarga nisbatan skeptik yondashuvchilarning soni ortib borgani inkor qilib bo'lmaydigan haqiqatdir. Shu tufayli ham ba'zilar maqolalar muallifi turli kishilardan iborat degan shubhada go'yoki eski va yangi Usmon Haqnazarovning yozish uslubini muhokama qila boshlashdi.

2017 yilning 1 oktyabr' kuni Jinoyat ishlari bo'yicha Yunusobod tuman sudining Bobomurod Abdullaevga nisbatan chiqargan ajrimida uning Usmon Haqnazarov taxallusi ostida 2011 yildan beri O'XH bilan hamkorlik qilganligi haqidagi rasmiy xulosasi esa go'yoki yuqoridagi skeptiklarning gumonlarini tasdiqlagandek bo'ldi. Ajrimda yozilganidek Bobomurod Abdullaevning aynan 2011 yildan boshlab Usmon Haqnazarov taxallusi ostida hamkorlik qilgani rost. Ammo bu uning 2003 yil boshidan beri ayni taxallus ostida Islom Karimov diktaturasiga qarshi rejim jinoyatlarini fosh qiluvchi maqolalar yozganligi haqiqatini inkor qilmaydi.

Gap shundaki, 2011 yilgacha bo'lgan vaqt oralig'ida Bobomurod Abdullaevning faoliyati muxolifatdagi “Erk” partiyasi bilan uzoqdan hamkorlik va ushbu partiyaning lideriga nisbatan ichki bir xayrixohlikka asoslangandi. Shu o'rinda Bobomurod Abdullaevning shaxsiga qisqacha to'xtalib o'tsak.

Bobomurod Abdullaev 1973 yilning aprelida Xorazm viloyatining Qo'shko'pir tumanida tug'ilgan. “Xorazm” futbol jamoasi matbuot kotibi bo'lgan. 1995 yil ToshDUning filologiya fakul'tetini tugatdi, «Stadion» gazetasida sport sharxlovchisi va erkin jurnalist bo'lib ishladi. Bobomurod Abdullaev 2000 yil boshida “Ozod ovoz” mustaqil veb saytiga asos soldi. Britaniyaning urush va tinchlikni yoritish instituti (IWPR)ning Toshkentda muxbiri bo'lib ishladi va ayni vaqtda Internews Network elektron OAV qo'llash nohukumat tashkilotining loyihalarida ishtirok etdi.

1999 yil 16 fevral' portlashlaridan so'ng O'zbekistonda muxolifat va diniy faollariga nisbatan boshlanib ketgan qatag'onlarda jabr ko'rganlar va muxolifatning eski gvardiya deb nomlanuvchi faollari bilan olib borgan muloqotlari natijasidasi Bobomurod Abdullaev I.Karimov rejimi jinoyatlariga doir juda ko'plab materiallarni qo'lga kiritdi. Ayniqsa Islom Karimovning boshqaruv orbitasida bir necha yil faoliyat yuritib keyinchalik hokimiyatdan chetlatilgan bir qancha sobiq mulozimlar tomonidan taqdim qilingan kompramat materiallar Bobomurod Abdullaevning keyinchalik Usmon Haqnazarov taxallusi bilan ilk maqolalarni yozishida muhim ahamiyatga ega bo'ldi.

2001 yili Bobomurod Abdullaev Evropa davlatlaridan biriga safari mobaynida muxolifatdagi “Erk” partiyasi rahbari Muhammad Solih bilan ilk marotaba uchrashgandi. U vaqtda hali endi 28 yoshga to'lgan yosh jurnalistning salohiyatidan ko'pchilikning xabari yo'q edi va shu jumladan muxolifat rahbari ham bu yigitga kelgusi ishlarida omad tilash bilan cheklangandi.

Bobomurod Abdullaevning shaxsi va xaraketrini jurnalist Baxtiyor Shoxnazarov bir jumla bilan shunday ifodalagan: “2004 yil edi chamasi, 3 may kuni Toshkentdagi Interkontinental mehmonxonasida so'z erkinligi kuniga bag'shlangan xalqaro konferentsiya o'tkazildi. O'shanda Bobomurod Abdullaev o'rnidan turib: “Karimov diktator!”, deb hayqirgandi.Davlat xodimlari: “Uni bunday deb atashga haqqingiz yo'q”, deb e'tiroz bildirishsa ham, Bobomurod o'z fikridan qaytmagandi. O'sha paytlar Karimov davlatni salkam 15 yildan beri boshqarayotgan edi.Yana 12 yil “hormay-tolmay” boshqardi…”

Haqiqatgo'y va cho'rtkesar Bobomurod Abdullaev 2002 yildan boshlab Usmon Haqnazarov taxallusi ostida Islom Karimov diktaturasini keskin tanqid qiluvchi maqolalar ustida ish boshladi. Shunday qilib…

Usmon Haqnazarov maqolalarida rejim jinoyatlarining fosh qilinishi 

Olib borilgan tinimsiz izlanishlar va guvohlar bilan o'tkazilgan muloqotlar natijasida Bobomurod Abdullaev 2002 yilning o'zida oltita maqola tayyorlagandi. 2002 yilning dekabr' oyida ushbu maqolalarni e'lon qilish uchun ketma-ket ravishda centrasia.ru va muslimuzbekistan.com internet sahifalariga jo'natdi. Ayni paytda Bobomurodning maqolalari “Birlik” Xalq Harakati va “Erk” demokratik partiyasining rasmiy sahifalarida ham ko'chirib nashr qilindi.

Usmon Haqnazarov taxallusi ostidagi maqolalar tez orada ham mamlakat ichida hamda tashqarisida kuchli bir muhokama to'lqinini yuzaga keltirdi.

2003 yil 2 yanvardan 6 iyungacha bo'lgan qisqa bir muddat ichida Bobomurod Abdullaevning quyidagi 11 ta maqolasi ketma-ket e'lon qilindi:

1.”U.Xaknazarov – Islam Karimov i ego “xozyain”. Vozvraщenie “serogo kardinala” uzbekskoy politiki (02.01.2003)

2.”U.Xaknazarov – O “serom kardinale” uzbekskoy politiki. Prodoljenie temy v polemike s A.Pulatovym (05.01.2003)

3.”U.Xaknazarov – Zakir Almatov (MVD) i Rustam Inoyatov (SNB): dva topora verxovnogo palacha Uzbekistana (07.01.2003)

4.”U.Xaknazarov – 12 let potrebovalos' nekotorym iz nas, chtoby ponyat', kto takoy Islam Karimov (12.01.2003)

5.”U.Xaknazarov – “Kandidaty” v prezidenty Uzbekistana (18.01.2003)

6.”U.Xaknazarov – Uzbekistan nakanune militseyskogo perevorota, ili otvety na voprosy (26.01.2003)

7.”U.Xaknazarov – Skol'ko stoit gosudarstvennoe kreslo v Uzbekistane? (07.02.2003)

8.”U.Xaknazarov – Ideologicheskie maxinatsii karimovskogo rejima (18.02.2003)

9.”U.Xaknazarov – Chernyy spisok prezidenta Uzbekistana (04.03.2003)

10.”U.Xaknazarov – Ob al'ternativnom proekte konstitutsii Uzbekistana (01.04.2003)

11.”U.Xaknazarov – Beregites': chetvertaya volna repressiy v Uzbekistane!, ili pervye otvety na vopros “Chto delat'?” (03.06.2003)

Shubhasiz, bu holat Islom Karimov va atrofidagilarni talvasaga solib qo'ygani aniq. Aynan shu yilning o'zidayoq Usmon Haqnazarov nomi ostida yashiringan muallifni topish uchun qatag'on mashinasi bo'lgan Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) keng ko'lamli faoliyatni boshlab yuborgandi. O'z hayotiga tahdidlar kuchayib borishiga qaramasdan Bobomurod Abdullaev rejimga qarshi kurashda davom etdi, biroq ehtiyot choralarini kuchaytirishga majbur bo'ldi.

2005 yil may oyida sodir bo'lgan Andijon voqealaridan so'ng esa qatag'onning uyushtirilishida I.Karimov hukumati va MXX ning bevosita ishtiroki bilan bog'liq yirik loyiha ustida ish boshladi. Loyihaning birinchi qismi bevosita Andijon qatliomi bilan bog'liq voqealar va bu qonli voqea ortida turgan kuchlarning faoliyati xronologik tarzda bayon qilingan. Ikkinchi qismi esa Islom Karimov shaxsiyati va uning tarjimai holi bilan bog'liq jamoatchilikdan sir tutilgan maxfiy ma'lumotlarni o'z ichiga olardi. Ushbu loyiha 2005 yilning 29-30 iyun' kunlari quyidagi ikkita maqolada e'lon qilindi:

1.”Usman Xaknazarov: Eto bylo v Andijane” (29.06.2005)

2.”Usman Xaknazarov: Karimovskiy klan, unichtojayuщiy Uzbekistan” (30.06.2005)

Ushbu maqolalardan so'ng MXX Usmon Haqnazarov shaxsini aniqlash va uni jismonan yo'q qilishga juda katta kuch safarbar qildi va shu maqsadda muallifning kimligi haqida ma'lumot bergan shaxs uchun 3 million AQSh dollari miqdorida mukofot puli va'da qildi. Ayni paytda Usmon Haqnazarov O'zbekiston maxsus xizmatlaridan tashqari, boshqa davlatlar, jumladan, Rossiya va Isroil maxsus xizmatlarining ham nishoniga aylanib ulgurgandi. Buni Bobomurod Abdullaevning Usmon Haqnazarov taxallusi bilan e'lon qilingan maqolalaridan AQSh diplomatlarining Vikiliks veb sahifasiga sizgan yozishmalarida ham ayrim iqtiboslar keltirilishi bilan izohlash mumkin. Mana shunday sharoitda Bobomurod Abdullaev 2005-2008 yillar orasida jami oltita maqola e'lon qildi va 2008 yilning 29 may kuni e'lon qilingan “Karimovskaya xunta planiruet razjech' v Uzbekistane upravlyaemye mejetnicheskie konflikty” sarlavhali maqolasidan so'ng bir muddat tanaffus olishga qaror qildi. Shunday qilib…

Usmon Haqnazarovning qaytishi

2012 yilning 2 sentyabr' kuni “Vozvraщayas' k teme sionizma v Uzbekistane” nomli navbatdagi maqolasini O'XH veb-sahifasida e'lon qildi. Bobomurod Abdullaev O'zbekistondagi sionizm mavzusini qayta tilga olib o'zining ushbu mavzuga qaytish sabablarini izohlarkan ayni paytda bu uning to'rt yillik tanaffusdan so'ng e'lon qilgan ilk maqolasi ekanligini ta'kidlab o'tgandi. Maqolada Bobomurod Abdullaev 2005 yil 30 iyun' kuni centrasia.ru va muslimuzbekistan.com veb-sahifalarida e'lon qilingan “Karimovskiy klan, unichtojayuщiy Uzbekistan” sarlavhali maqolasida Islom Karimovning «yahudiy kelib chiqishi bilan» bog'liq ma'lumotlarga nisbatan uznews.net sahifasi jurnalistlarining «dalilsiz iddao» deb bergan bayonotlariga nisbatan mazkur mavzu yuzasidan bir qancha faktlarni keltiradi. (Shu o'rinda oldingi va keyingi Usmon Haqnazarov farqli mualliflardir deb gumon qiluvchilarga 2012 yil 2 sentyabrda e'lon qilingan aynan ushbu maqolani o'qib chiqishlarini tavsiya qilgan bo'lardik – Tahririyat).

Karimov rejimi targ'ibotchilari Haqnazarovni “antisemit” sifatida ko'rsatishga harakat qildilar. Holbuki, u Karimovning begunoh musulmonlarni qatl etish, qiynash texnologiyasini mukammalashtirishda yordam bergan sionist mafkurasini tanqid qilgan edi. Bu erda etnik faktor axtarish tirnoq ostidan kir izlash kabi axloqsizlikdir.

Keyinchalik Bobomurod Abdullaev (Usmon Haqnazarov) keltirgan ushbu ma'lumotlar qariyb 11 yillik ruhiy kasalliklar shifoxonasida tutqun bo'lgan marhum prezidentning jiyani Jamshid Karimov tomonidan tasdiqlandi. 2017 yilning fevral' oyida ozod qilingan Jamshid Karimov jurnalist Malohat Eshonqulovaga bergan interv'yusida:

Ha u bizning oilada katta bo'ldi. Gap shundaki, 1936 yildan 1941 yilgacha bobom Abdug'ani Karimov mayda o'g'irlik uchun qamoqda o'tirgan. Shunday ekan qanday qilib 1938 yili bu nusxa paydo bo'lgan bo'lishi mumkin?” – degandi.

2012 yilning so'ngi to'rt oyi mobaynida O'XH rasmiy veb-sahifasida Bobomurod Abdullaevning Usmon Haqnazarov taxallusi bilan jami o'nta maqolasi e'lon qilindi. Ayniqsa 2012 yilning 11 dekabr' kuni o'zbek maxsus xizmatlarining Mozori Sharifda rejalashtirgan harbiy amaliyotini fosh qiluvchi maqola MXX ning obro'siga jiddiy putur etkazgandi.

Ushbu maqolada MXX tarafidan tuzib chiqilgan “Xo'ja” nomli maxfiy amaliyotga mas'ul etib I.Karimov taklifi bilan hozirda umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan MXX raisi sobiq o'rinbosari Shuhrat G'ulomovning tayinlangani haqida so'z boradi.

Usmon Haqnazarov shaxsini aniqlash va ushbu taxallus ortida kim turganini aniqlash borasidagi MXXning barcha urinishlari samara bermagach 2013 yildan boshlab muallifni obro'sizlantirish borasida yangi reja ishlab chiqildi. Ushbu rejaga ko'ra Usmon Haqnazarovga ma'lumot sizdiruvchi kanallarni aniqlash bilan birga tasdiqlanmagan ma'lumotlar sizdirish orqali muallifni obro'sizlantirish ham ko'zda tutilgandi. Shunday qilib…

MXXning Usmon Haqnazarovni obro'sizlantirish rejasi

2013 yildan boshlab Usmon Haqnazarovga nisbatan MXX ovining yangi bosqichi boshlandi. Ishlab chiqilgan rejaga ko'ra MXX tizimidagi maxsus kanallar orqali ba'zi yolg'on ma'lumotlar sizdirilishi va bu yolg'on ma'lumotlarning Usmon Haqnazarovga etib borishini ta'minlash ko'zda tutilgandi. Vaqt o'tishi bilan reja ish bera boshladi va Bobomurodga ma'lumot etkazib turuvchi manbalarga kelgan ko'pgina ma'lumotlarning boshqa bir manbadan tasdiqlash imkoni bo'lmay qolgandi. Shuningdek, bu vaqtga kelib O'XH veb-sahifasining kundalik o'quvchilarining soni ellik mingdan ortgandi va ularning ko'pchiligi aynan Usmon Haqnazarovning muxlislaridan iborat edi.

Shu tariqa qo'shimcha manbalar orqali tasdiqlanmagan bir qancha ma'lumotlar navbatdagi maqolalardan joy oldi. Bundan tashqari, O'XH veb-sahifasida Abdullaev-Haqnazarov maqolalariga talabning keskin ortishi sabab maqolalar hajmini qisqartirgan holda ularning sonini ko'paytirish qarori ham o'zining salbiy ta'sirini ko'rsatdi.

Natijada Usmon Haqnazarov maqolalarida berilgan ma'lumotlarga nisbatan o'quvchilarda ishonchsizlik paydo bo'la boshladi.

Ketma-ket e'lon qilinayotgan qisqa informativ maqolalar bilan bir qatorda vaziyatni o'nglash uchun Bobomurod Abdullaev 2014 yili ma'lumotlarga boy yirik hajmdagi ikkita maqola e'lon qildi.

Ushbu maqolalar Bobomurod Abdullaevning Usmon Haqnazarov sifatidagi salohiyatiga shubhalanuvchilar uchun alohida ahamiyatga ega ekanligi sababli ba'zi nuqtalarga to'xtalib o'tishni joiz deb topdik.

“Usman Xaknazarov: Inoyatov i Sharifxodjaev pristupili k likvidatsii prokarimovskix silovikov” deb nomlanuvchi birinchi maqola 2014 yilning 27 yanvar' kuni e'lon qilingan. Maqolada 2011 yil 14 oktyabr' kuni MXX IXB boshlig'i Hayot Sharifxo'jaevning taqdimotiga binoan 3211-LS sonli buyruqqa asosan ishdan bo'shatilgan sobiq MXX xodimi Yoqubov Quvondiq Yuldashbaevichga nisbatan MXX raisi R.Inoyatov tomonidan uyushtirilgan ta'ziyqlar haqida batafsil hikoya qilinadi.

Maqola e'lon qilinganidan so'ng oradan ikki oy o'tib Quvondiq Yoqubovdan O'XH tahririyati elektron pochtasiga bir xat kelib tushadi va unda sobiq MXX xodimi Usmon Haqnazarov maqolasida keltirilgan faktlarni butunlay inkor qilib quyidagilarni yozadi:

“1. 2011 y. 21 oktyabrda №3211-LS sonli buyruqqa asosan ishdan bo'shatilganim rost, lekin bunga R.Inoyatovning umuman aloqasi yo'q, qaytanga ular meni tushungani va oilaviy ahvolimi tushunganlari men uchun katta yordam bo'ldi bo'lmasa o'sha vaqtdayoq qamalib ketardim. Ishdan bo'shashimga o'zim faqat o'zim aybdorman.

2.Ishga qabul qilinishim. Men internat maktabda tarbiyalanib, keyinchalik oliy harbiy bilim yurtida o'qiganman. Yaqin qarindoshlarim sudlanganligi sababli MXXga qabul qilishmagan. Shunda prezidentimizning “O'zbekiston 21 asr bo'sag'asida, xavfsizlikka tahdid, taraqqiyot kafolatlari va barqarorlik shartlari” asariga asos qilib, “I.Karimov dumshani bu – mening va mening oilam dushmani” nomli shaxsiy ish rejasi ishlab chiqib Prezident devonidan yordam so'raganman. R.Inoyatov shunda menga ishonib imkoniyat bergan va ishga 2092-LS buyruqqa binoan qabul qilgan. Afsus, imkoniyatdan foydalana olmadim, prezidentimizning ishonchlarini oqlolmadim. Bu ish rejasi hech qanaqa o'ldirishga asoslanmagan.

3.Qamalishimga kelsak, unga ham o'zim aybdorman, R.Inoyatovning bunga aloqasi yo'q…

Usmon Haqnazarovning 27 yanvardagi maqolasiga kelsak, kim va nima uchun men haqimda ma'lumot tarqatganidan qat'i nazar, bu Prezidentimiz I.Karimov va MXX raisi R.Inoyatovni omma va butun jahon oldida obro'sizlantirish deb tushunaman.” (iqtibos tugadi)

Quvondiq Yoqubovning yuqoridagi maktubi qanchalik ishonarsiz va bosim ostida yozilgani yaqqol ko'rinib turganligiga qaramasdan ba'zi soxta inson huquqi himoyachilari Usmon Haqnazarovni boshqalar haqida ig'vo tarqatishda ayblab chiqishdi.

Bugun oradan uch yil o'tib Bobomurod Abdullaev MXX erto'lasiga tashlanganidan so'ng 2017 yilning 2 oktyabr' kuni Quvondik Yoqubov o'zining Facebook sahifasida Usmon Haqnazarov maqolasida keltirilgan ma'lumotlarning ayni haqiqat bo'lganligini e'tirof etdi.

Uning yozishicha, maqola chiqqan kunyoq o'zining qamalishida surishtiruvchi bo'lib qatnashgan va dalillarni soxtalashtirgan 239-68-18 raqam egasi, MXX tezkor xodimi uning uyiga bostirib keladi. MXX tezkor xodimi Quvondiqni MXX markaziy apparatiga olib boradi va MXX raisi R.Inoyatov nomini prezident Karimov oldida oqlash uchun unga shart qo'yadi. Shartga binoan Quvondiq Yoqubov prezident Karimovga ko'rsatilishi lozim bo'lgan videoda siyosatshunos Usmon Haqnazarov maqolasi yolgonligi va bu voqealar bo'lmaganligini aytishi lozim edi. Quvondiq Yoqubov bunga ko'nmagach uning qo'l oyog'ini bog'lab dumba kismi bilan betonga bir necha bor tashlab qiynoqa solishadi va natijada Quvondiq Yoqubovda sun'iy nefroptoz (ichki azolarning o'z joyidan siljishi) sodir bo'ladi. Pirovardda Quvondiq Yoqubovning shartga ko'nishdan boshqa chorasi qolmaydi. Bu ham etmaganday ular Quvondiq Yoqubovni BBC O'zbek xizmatiga chiqib Usmon Haqnazarovning barcha yozganlari yolg'on deb aytishga ham buyruq berishadi.

Bobomurod Abdullaevning “Usman Xaknazarov: Karimov zakonchil chistku SNB i GTK ot proxayotovskix «elementov»” sarlavhasi ostidagi yirik hajmli ikkinchi maqolasi 2014 yilning 31 iyul' kuni e'lon qilindi. Mazkur maqolada MXX generallari Hayot va Javdot Sharifxo'jaevlarning xibsga olinishi tafsilotlari bilan birga marhum prezidentning kenja qizi Lola Karimova-Tillaevaning noqonuniy oilaviy biznesi bilan bog'liq juda katta hajmdagi ma'lumotlarni taqdim qiladi. E'tiborli jihati maqolada prezident qizining jinoiy biznesi MXX raisi Rustam Inoyatovga tegishli “Benif LTD” o'zbek-amerika qo'shma korxonasi va yana unga tegishli bo'lgan “Asia Alliance Bank” banki faoliyati bilan tutashib ketgani haqida batafsil ma'lumotlar berilgan.

Bobomurod Abdullaev (Usmon Haqnazarov)ning sha'niga nisbatan turli gap-so'zlar qilishdan oldin barchani yuqorida nomlari keltirilgan maqolalarni yana bir marotaba diqqat bilan o'qib chiqishni tavsiya qilgan bo'lardik.

2015 yanvar' oyidan boshlab Bobomurod Abdullaev navbatdagi tanaffusga chiqdi va asosan ma'lumot to'plash bilan band bo'ldi. Biroq 2016 yilning avgust oyi oxirida sobiq prezident Islom Karimovning o'limi va keyinchalik yangi saylangan prezident Shavkat Mirziyoev boshlagan islohotlar Bobomurod Abdullaevning faoliyatida yangi davrni boshladi. Shunday qilib…

Sarobga aylangan umid va Usmon Haqnazarovning xibsga olinishi

Prezident Mirziyoev boshlagan islohotlar natijasida esa boshlagan erkinlik shabadasi Bobomurod Abdullaevni ham ruhlantirib yuborgan edi. O'tgan bir yillik davr mobaynida Sh.Mirziyoev boshlagan islohotlarning qisman natija bera boshlagani, O'zbekistonda nihoyat hur va erkin bir jamiyat barpo qilish uchun dastlabki qadamlar deb hisoblash mumkin bo'lgan ba'zi alomatning paydo bo'lishi jurnalistning ko'nglida yangi rahbariyatga nisbatan ishonch va umid uchqunlarini paydo qilgandi. Shunga qaramasdan prezident boshlagan ko'pgina tashabbuslarning kuch ishlatar tizimlar, xususan MXX tomonidan sabotaj qilinishi va I.Karimov rejimi unsurlarining eski mavqelarini saqlab qolish maqsadida turli xil shantajlar uyushtirish orqali islohotlarga to'sqinlik qilayotgani yaqqol namoyon bo'la boshladi. Ushbu sharoitda Bobomurod Abdullaev hech ikkilanmasdan prezident Sh.Mirziyoev tarafida o'rin oldi va o'zining fosh qiluvchi maqolalarida MXX tizimi va uning raisi Rustam Inoyatovni nishonga oldi.

Islom Karimov o'limidan so'ng o'tgan bir yil mobaynida Bobomurod Abdullaev (Usmon Haqnazarov) MXX raisi tomonidan prezident Shavkat Mirziyoev tashabbuslariga qarshi yaratilayotgan sun'iy to'siqlar va ushbu tuzilmaning jinoiy faoliyatini fosh qiluvchi o'ttizga yaqin maqola e'lon qildi. Ayni paytda bosh chekist R.Inoyatov ham jon talvasasida Usmon Haqnazarov shaxsini aniqlash uchun MXX tuzilmasining butun resurslarini safarbar qilgandi.

Joriy yilning 27 sentyabr' kuni Bobomurod Abdullaevning MXX tomonidan uyushtirilgan soxta amaliyot natijasida ushlanib xibsga tashlangani haqidagi xabarlar uning Usmon Haqnazarov ekanligidan xabarsiz holda yaqindan taniydigan barchani chuqur qayg'uga soldi. Biroq shuni afsus bilan ta'kidlash lozimki, Muhammad Solihning 2017 yil 3 oktyabrda bergan bayonotidan so'ng turli xil gap-so'zlar va o'zaro o'rinsiz ayblashlar boshlanib ketdi.

Ba'zi faollarning fikriga ko'ra Muhammad Solihning ushbu bayonoti go'yoki Bobomurod Abdullaevni ayblash uchun guvohlik sifatida qabul qilinishi mumkin ekan. Hatto ba'zilar buni o'z safdoshini sotish deb talqin qilishgacha etib borishdi.

Shu o'rinda Muhammad Solihning bayonoti yuzasidan ba'zi izohlarni berib o'tishni istardik:

Birinchidan, 29 sentyabr' kuni Bobomurod Abdullaevning uyida o'tkazilgan tintuv davomida uning shaxsiy komp'yuteri ko'zdan kechirilgan. Komp'yuterni ochish uchun kalit so'zni aniqlash maqsadida MXX xodimlaridan biri shu erning o'zida tergov izolyatoriga qo'ng'iroq qilib buni aniqlagan. Bu haqda Bobomurodning rafiqasi Katya Balxiboeva shu kuniyoq ma'lum qilgandi.

Tintuv so'ngida esa MXX chilar komp'yuter qattiq diskini o'zlari bilan olib ketishgan. Bundan tashqari, MXXning ishlash uslubidan xabardor bo'lgan har qanday odam yaxshi biladiki Bobomurod Abdullaevni o'g'irlikda ayblash kabi uyushtirilgan tomoshani tashkil qilish ortida ularda ilgari qo'lga kiritilgan kuchli dalillar mavjud bo'lganiga shubha yo'q.

Zero Bobomurod bir necha oydir qattiq kuzatuvga olingandi va bu so'ngi bir oy ichida yaqqol sezilib qolgandi. Shuningdek, Bobomurod Abdullaev ishidagi o'ta maxfiylik ham juda ko'p narsaga ishorat qilayotgan edi.

Taxminlar to'g'ri chiqdi va 2017 yilning 1 oktyabr' kuni Jinoyat ishlari bo'yicha Yunusobod tuman sudining Bobomurod Abdullaevga nisbatan Usmon Haqnazarov xulosasi bilan ajrimi chiqargani ma'lum bo'ldi.

Ikkinchidan, yuqoridagi holatdan kelib chiqib  Bobomurod Abdullaevga yordam berish, to'g'rirog'i uning hayotini saqlab qolishning yagona yo'li oshkoralik va uning Usmon Haqnazarov ekanligini jamoatchilikka bildirgan holda xalqaro hamjamiyatning qo'lllab-quvvatloviga erishishdan iboratdir.

Zero biz huquq va oshkoralik ustuvor bo'lgan jamiyat qurishni maqsad qilganmiz, ko'cha qonunlari asosida boshqariladigan jamiyat emas.

Uchinchidan, yillar davomida O'zbekiston Xalq Harakatining juda ko'p fidokor a'zolari qatag'on mashinasi bo'lgan MXX qurboniga aylanishdi. Jamoatchilikka oshkora bo'lmagan tarzda faoliyat yuritgan ko'pgina mard yigitlar MXX o'ljasiga aylanib qolganda ularga yanada og'ir bo'lmasin degan andishada bu haqida e'lon berilmadi. Jumladan, 2016 yilning 22 iyul kuni O'XH veb-sahifasida I.Karimovning qatag'on rejimini ayovsiz tanqid qiluvchi juda ko'plab maqolalar yozgan va Abdulloh Nusrat taxallusi ostida faoliyat olib borgan Akrom Malikov  (1990 yil tug'ilgan)ismli o'zbek xalqining fidokor o'g'loni MXX tomonidan o'g'irlab ketilib zindonga tashlandi.

Akrom Malikov 2015 yilning oxirlaridan 2016 yil iyuligacha bo'lgan qisqa bir muddat ichida oltmishdan ortiq maqola yozgan holda mamlakatimizdagi diktaturaga qarshi keng ko'lamli kurash olib bordi. Ming afsuski, Abdulloh Nusratni asrab qola olmadik. Hozirgacha bu yigitning qaysi zindonda saqlanayotgani noma'lum qolmoqda, biroq shunga qaramasdan bu yigit haqidagi ma'lumotlar qidirilmoqda va uning himoyasi uchun harakatlarni boshlash ustida ish olib borilmoqda.

Shundan kelib chiqib, hozirgi vaziyatda Bobomurod Abdullaevning Usmon Haqnazarov ekanligini oshkor qilmaslik bilan uning hayotini saqlab qolish imkonsizdir.

Masala hayot-mamot masalasidir. Shunday qilib…

So'ngso'z o'rnida

Bobomurod Abdullaev bilan bog'liq ushbu fojeaning yuz berishiga sabab bo'lgan bir qator omillar bilan bir qatorda asosiy bir omil haqida ham so'z yuritishga majburmiz. Bu ham Bobomurod Abdullaevdagi prezident Shavkat Miziyoevga nisbatan bo'lgan juda yuqori ishonch edi.

Aynan mana shu ishonch sabab Bobomurod Abdullaev keyingi oylarda ilgarigi ehtiyotkorlikni biroz bo'shashtirgandi, shu ishonch bois o'zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida va video kanalida oshkora murojaatlar bilan chiqishlar qila boshlagandi.

Muhammad Solihning ta'biri bilan aytganda, Usmon Haqnazarov ham Karimov rejimining murosasiz dushmani sifatida, O'zbekistonning yangi rahbari harakatlariga avval tanqidiy, keyinchalik esa tobora o'sib borgan xayrihohlik ichida bo'ldi.

Ushbu xayrihohlik shu yilning o'rtalariga kelib shu qadar etildi-ki, Haqnazarov Mirziyoevni dushman sabotajini qo'rishda murosasiz posbonga aylangandi. Bugun esa Bobomurod Abdullaev MXX erto'lasida qiynoqlarga tutilmoqda. Umrining so'ngi 14 yilini doimiy xavf-xatar ostida o'tkazib rejimning asablarini ishdan chiqargan va uning ildiziga bolta urgan mard o'zbek o'g'loni bugun hokimiyatni bosib olish yoki O'zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag'darib tashlash maqsadida fitna uyushtirishda ayblanmoqda.

Shu sababli ham prezident Shavkat Mirziyoev Bobomurod Abdullaev ishini o'z nazoratiga olgan holda jurnalistni darhol ozod qilmog'i log'im. Sh.Mirziyoevning keyingi faoliyatiga nisbatan bo'ladigan ishonchning yanada mustahkamlanishi yoki darz ketishi aynan mana shu ishga bog'liqdir.

O'XH tahlil bo'limi

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort