O’zbekiston Xalq Harakati

“Men bilan shu kecha kim birga bo'lur?”

“Men bilan shu kecha kim birga bo'lur?”
26 Ekim 2017 - 7:00 'da yuklandi va 1652 marta o'qildi.

Alixonto'ra Sog'uniy

TARIXI MUHAMMADIY — 218
(davomi)

QIRQ IKKINChI MO'JIZA

Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga:

— Bu kecha iymon uchun er ustidagi har turlik jinlardan elchilar kelur. Alar bilan suhbat qilgayman. Men bilan shu kecha kim birga bo'lur? — dedilar.

Anda Ibn Mas'ud:

— Men borurman, yo Rasulalloh, — deb o'rnidan turdi.

So'ngra har ikkovlari Makka shahrining yuqori yog'iga qarab ketdilar. Bir erga kelgach, Rasululloh aylantirib chiziq qilib, Ibn Ma'sudga:

— Bu chiziq ichida o'lturgin. Mundan tashqari chiqa ko'rma. Allohni ko'nglingda yod qilgil, hech bir narsadin qo'rquvchi bo'lma. Turli suratdagi jinlar ko'zingga ko'ringaylar. Alarga gapirma. Chiziq ichiga kirolmagaylar. Agar bu chiziq tashqarisiga chiqar ersang, qiyomatgacha seni topolmagaymiz, — dedilar.

So'ngra Rasululloh alar majlisiga bordilar ersa, to'rt yoqdan turli suratdagi jin elchilari kelishgali turdi. Bular ichida arslon suratlik, burgut suratliklari ham bor edi. Shunday qilib er-ko'k bularga to'ldi.

Ibn Mas'ud ko'rib, hayron qolib o'ltirdi. Lekin hech birovlari chiziqqa yaqinlashmas edilar. Rasulullohni o'rab o'ltirishib, ilgari iymon keltirganlari ersa, Qur'on o'qib, shariat o'rganishur edi.

Yangidan kelishganlari bo'lsalar iymon aytib dinga kirishur edi. Shundoq qilib, tong otguncha Rasululloh bilan o'ltirib ular suhbat o'tkazdilar. Majlis tugar chog'ida:

— Yo, Rasulalloh, Qur'ondan tilovat qilib bersangiz, bizlar ham o'z og'zingizdan Xudo so'zini eshitsak,— dedilar.

Anda Rasululloh ularga «Ar-rahmon» surasini o'qib berdilar. Bu surada o'ttiz joyda «Fabiayyi alai rabbikuma tukazziban» kelur. Bu oyatning ma'nosi: «Alloh sizlarga bergan ne'matlarining qaysi birini yolg'on deb ayta olasiz?» Bu ersa insu jinga qarata Allohning aytgan so'zidur. Rasululloh shu oyatni har o'qiganlarida jinlar:

— Hech birini yolg'on deya olmaymiz, yo Rabb, — deyishib, javob berib turdilar. Bu so'zlari Rasulullohga ko'p xush keldi. Tilovat tamom bo'lgach, elchi jinlar Rasulullohdan sovg'a so'radilar.

Anda Rasululloh:

— Menim ummatlarimning qiyomatgacha egan go'shtlarining suyaklari ilgarigidek go'shtlik bo'lib sizlarga taom bo'lsin va alarning mingan otlarining tezaklari ersa sizlarning otinglarga em bo'lsin. Mana shu narsani sizlarga tuhfa qildim, — dedilar.

Go'shtini eb qoldirgan bizning suyaklarimiz va otlarimizning tezaklari jin birodarlarimizga tuhfa bo'ldi. Shuning uchun shariatda bu narsalar bilan kishi o'zini tozalab, istinjo qilishi durust emasdur. Rasululloh bundan qaytardilar. So'ngra Rasululloh qaytib kelganlarida bu voqeani sahobalarga gapirdilar.

Anda sahobalar:

— Bizga ham o'qib bering shu surani, yo Rasulalloh,— deyishdi.

Bularga ham tilovat qilib Ar-rahmon surasini tamom o'qidilar. Sura tamom bo'lguncha sahobalar sukutda bo'lishib o'ltirdilar.

Anda Rasululloh:

— So'z maromini sizlardan jin birodarlaringiz yaxshiroq bilur ekan. Ular har bir «Fabiayyi alai rabbikuma tukazziban»ni o'qiganimda javob qaytarib turishdi, — deb marhamat qildilar.

Shuning uchun bu sura o'qilsa, har bir «Fabiayyi alai rabbikuma tukazziban» deganda jinlardek javob aytib turmoq eshituvchilarga sunnat bo'ldi.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort