O’zbekiston Xalq Harakati

Rasulullohning mo'jizalari

Rasulullohning mo'jizalari
03 Kasım 2017 - 7:00 'da yuklandi va 1697 marta o'qildi.

Alixonto'ra Sog'uniy

TARIXI MUHAMMADIY — 223
(davomi)

QIRQ ETTINChI MO'JIZA

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kimning haqida nima degan bo'lsalar, qanday duo qilsalar, xuddi shunday bo'lur edi. Muhojir sahobalarning kattalaridan Abdurahmon ibn Avf bir xizmat bajarib kelganida, Rasululloh uning haqida «Ishlaring barakalik bo'lsin», deb duo qildilar. So'ngra nima ish qildi ersa, undan baraka chiqaverdi. Bu kishi aytdi:

— Shunday bo'ldikim, agar erdin bir tosh olur bo'lsam, ostidan oltin chiqqay.

Abdurahmon ibn Avf vafot bo'lgach, meros qolgan oltinlarini oilasi kuraklab bo'lib oldilar. Nikohida to'rt xotini bor edi. Meros molning sakkizidan birini shariat bo'yincha bular bo'lib olg'aylar. Har biriga yuz ming tilladan meros tegdi. Boshqalarga qancha tekkanligi ersa shundan ma'lumdir.

O'lish oldida, ellik ming tilla faqir-miskin va etimlarga vasiyat qildi. Tirikligida qilgan xayr-ehsonlari ersa hisobsiz edi. Bir kun ichida o'ttizlab-qirqlab qul ozod qilgan chog'lari ham bor edi.

Etti ming tuyalik bir karvonni butunlay ustiga ortilgan oziq-ovqati, turli mollari bilan sadaqa qilib faqir-miskinlarga tarqatganligi mashhur hadislarda yozilmishdur.

Islom yangidan boshlanishida har tomondan etishmasliklari ko'p edi. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boy kishilarni sadaqa qilmoqqa qattiq tashviq qildilar ersa, sahobalardan Abdurahmon ibn Avf to'rt yuz tanga sadaqa keltirib:

— Yo Rasulalloh, sakkiz yuz tanga sarmoyam bor edi, to'rt yuzini oilam uchun qoldirdim, — dedi.

Anda Rasululloh:

— Keltirganingga va qoldirganingga Alloh barakot bersin, — dedilar.

Mana shu kundan boshlab u kishini baraka bosib, mol-dunyosi ko'paygani turdi.

Yana sahobalardan Abu Qatoda degan kishi bir xizmatni bajarib kelganida undan rozi bo'lib:

— Yuzingni Alloh barakotlik qilsun, — deb duo qildilar.

Bu kishi ersa etmish yoshga kirganida ham, soch-soqollaridan bir tola tuki oqarmadi. Yuz-ko'zlari o'n besh yashar boladek ko'rinur edi.

Yana Nabig'a degan shoir kelib, arablar odatlaricha Rasulullohni maqtab, Islom dinini sifatlab, uzun she'r o'qidi. Uning ko'nglini ko'tarib:

— Ovozing o'zgarmasin, tishlaring tushmasin, — dedilar.

Bu shoirning yoshi yuzga etdi ersa ham bir dona tishi tushmagan edi.

Abdulloh ibni Ja'far, bu kishi ersa Hazrati Alining akasi Ja'far ibn Abu Tolibning o'g'lidur. Buning haqqiga ham savdo ishlaring barakali bo'lg'ay, deb duo qildilar. Shundan keyin bu kishi qaysi bozorga borsa, o'ttiz-qirq ming tanga foyda topmasdin chiqmas erdi.

Yana sahobalardan G'arqad degan kishining tuyasi qochib, hech bir hiyla bilan uni ushlayolmadilar. Rasulullohga kelib aytdi ersa, duo qildilar. Xiyol o'tmay qattiq shamol tuyani haydab keltirdi. Ani ushlab egasiga topshirdilar.

Yana bir kuni Hazrati Alini g'azot uchun safar qilishga buyurdilar. Kun sovuq bo'lib, kiygudek choponlari yo'q edi.

— Issiq-sovuq senga o'tmasin, — deb duo qildilar.

Shu duodan so'ng Hazrati Aliga qish va yozning farqi yo'q edi.

Rasulullohning qizlari Fotima huzurlariga ochlikdan shikoyat qilib keldi.

Anda Rasululloh:

— Alloh seni och qo'ymasin, — dedilar.

Shundan beri esin-emasin ochlikni bilmadi.

Tufayl ibn Amr ulug' bir qabila raisi edi. Iymon keltirib qaytar chog'ida qavmiga hujjat bo'lgudek Rasulullohdan bir nishona berishlarini so'radi. Duo qildilar ersa, manglayiga bir nur paydo bo'ldi.

Anda:

— Yo Rasulalloh, dushmanlarim Muhammad oldiga borib yuzi o'zgarib kelmishdur demasinlar, — deyishi bilan u nur qamchisi uchiga tushdi. Qorong'u kechani yoritur edi.

Hijratning sakkizinchi yili atrofdagi podsholarni Islom diniga da'vat qilib noma yozdilar. Eron podshosi Xisrav Parviz Rasululloh nomalarini o'qib ko'rmasdan, yirtib tashladi. Rasulullohning muborak nomlari nomada ilgari yozilgani uchun g'azabi kelib, shu adabsizlikni qildi.

Rasululloh uni anglab, uning ham davlati yirtilsin, deb duo qildilar. Hazrati Umar xalifalik davrlarida butun Eron fath qilinib, Rasululloh aytganlaridek bo'ldi. Ammo Rum podshosi Qaysar Hirakl o'zi iymon keltirmagan bo'lsa ham, Rasulullohning nomalarini hurmatlab oltin qutichaga solib xazinada saqladi. Rasulullohga ko'p hadyalar berib nomalariga javob yozib, elchilarni yaxshi kutib qaytardi.

Rasululloh aytganlaridek, shu kungacha G'arbiy Rum, ya'ni Italiyada ularning hukumati saqlanib qoldi.

Yana Quraysh raislaridan Hakam ibn Abu al-Os iymon keltirmasidan ilgari, Rasululloh so'zlasalar og'iz-burnini qing'ir-qiyshiq qilib boshqalarga ko'rsatib, Payg'ambarimizni masxara qilib o'ltirar edi. Bir kuni uning shu adabsizlik ishiga ko'zlari tushib qolib:

— Shundog' bo'lib qolsin, — deyishlari bilanoq, yuz-ko'zlari qing'ir-qiyshiq bo'lib tortishgani turdi.

Keyingi kunlarda iymon keltirgan bo'lsa ham o'lgunicha bu illatdan qutila olmadi. Chunki boshqalarga ibrat bo'lishi uchun shunday bo'lishi lozim edi. Yana ibn Ra'iy degan kishining chap qo'li bilan taom eb turganini ko'rib:

— Hoy kishi, o'ng qo'ling bilan egil, — dedilar.

— Bu qo'lim bilan eyolmayman, — deb Rasululloh so'zlarini og'ir oldi.

— Yolg'on bo'lsa, shunday bo'lg'ay! — dedilar.

Ul ersa bu so'zni yolg'on aytmish edi, so'ngra umri bo'yi qo'li og'ziga etmadi. Yana Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir bo'luk askarni g'azot uchun bir qabila ustiga yubordilar. Omir ibn Azbat degan kishini askar boshlig'i qilmish edilar. Bular ichida Muhlim ibn Jusoma degan bir kishi eskidan qolgan dushmanligi uchun Rasululloh qo'ygan askar boshlig'ini kechasi uyquda yotganida o'ldirib qochdi.

Rasululloh buni anglab qattiq qayg'urib, o'ldirguvchini qarg'adilar ersa, etti kunga etmay u ham o'ldi. Qabrga qo'ysalar, go'r qabul qilmadi. Necha qayta qo'ydilar, tashqari chiqarib tashlayverdi. Buni Rasululloh anglab:

— Undan yomonlarni ham go'r qabul qilur erdi. Sizlarga ibrat uchun Alloh buni ko'rsatdi, — dedilar-da, so'ngra uni bir chuqurga tashlab, ustiga tosh uyib qo'ydilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bir odam otini sotib edi, so'ngra sotganim yo'q, deb so'zidan tondi.

— Rasululloh bu otni sotib oldilar, — deb sahobalardan hazrati Huzayma guvohlik berdi. Lekin o'zi ko'rmagan edi.

Anda Rasululloh:

— Ey Huzayma, ko'rmagan ishga qandoq guvohlik berursan? — dedilar.

— Arsh ustidan keltirgan har bir so'zingizga ishonurmiz. Endi er ustida aytgan so'zingizga nechun ishonmaymiz? — dedi Huzayma.

Bu so'zi ersa Allohga xush kelib uning guvohligini ikki guvoh o'rniga oldilar. Shunday bo'lsa ham, ul otni olmay, egasiga qaytarib berdilar:

— So'zi yolg'on bo'lsa, undan barakot topmas, — dedilar.

Ertalab qarasalar, ot oyog'ini erga qo'yolmay cho'loq bo'lib qolmish edi. Rasululloh aytganlaridek, yolg'onning shumligidan o'ziga ham ot asqotmadi.

Payg'ambarlik davri yigirma uch yil ichida shunga o'xshash ishlar hisobsiz ko'pdir. Bular ham Rasulullohning mo'jizalaridan sanalg'usidir. Sallallohu alayhi vasallam.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort