O’zbekiston Xalq Harakati

G'ayb ishlarini Allohdan o'zga hech kim bila olmagay

G'ayb ishlarini Allohdan o'zga hech kim bila olmagay
06 Kasım 2017 - 7:00 'da yuklandi va 1681 marta o'qildi.

Alixonto'ra Sog'uniy

TARIXI MUHAMMADIY — 225
(davomi)

QIRQ TO'QQIZINChI MO'JIZA

Rasulullohning g'aybdan xabar berishlaridur. G'ayb ishlarini Allohdan o'zga hech kim bila olmag'ay. Agar payg'ambarlar, avliyolar g'aybdan so'z aytgan bo'lsalar, albatta ularga Xudo tarafidan bildirilgan bo'lur.

Shuning uchun bularning g'aybdan aytgan so'zlari hech xato chiqmagay. Bu ersa ularning Xudo yuborgan payg'ambar ekanliklariga ochiq dalildur.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'zlaridan keyin keladigan, bo'ladigan yaxshi-yomon ishlardan xabar berganlar.

Hazrati Huzayfa shunday rivoyat qilur:

«Bir kuni Rasululloh xutba o'qib, va'z aytdilar. Qiyomatgacha bo'lib o'tadigan ishlardan gapirdilar. U so'zlarni tutganlar, tutib qoldi, ko'plari unutib qo'ydi. Ummatlari ustiga kelgan fitnalar esa Rasululloh aytganlaridek bo'ldi. Qolganlari ham kelasi kunlarda albatta shunday bo'lg'usidur. Rasululloh aytgan g'ayb xabarlarini hadis olimlari o'z kitoblarida bayon qilibdurlar.

Hazrati Umar, Hazrati Usmon, hazrati Ali uchovlari shahodat topishlarini xabar bergan edilar. Rasululoh aytganlaridek, uchovlari ham shahid bo'ldilar.

— Mendan keyin ko'p zamon o'tmay ummatlarim Eron, Rum xazinalarini taqsim qilg'ay, — dedilar.

Hazrati Umar xalifalik davrida Islom askari bu ikkala mamlakatlarni fath qilib, xazinalarini Rasululloh aytganlaridek taqsim qildilar. U zamonda Fors (Eron) podshohi Kisro, Rum podshosi Qaysar edi.

— Ikkinchi Kisro chiqmagay, Rum qoldig'i bo'lg'ay,— dedilar.

Ul zot aytganlaridek, Eron podsholigi yo'qoldi. Rum podsholigi shu kungacha saqlanadi.

— Usmon o'ldirilsa, fitna qilichi sug'urilgay, uning qoni Qur'on oyati «Fasayakfiykahumullohu» ustiga to'kilgay, — dedilar.

Rasululloh aytganlaridek fitnachilar Hazrat Usmon uylariga bosib kirib, qilich urganlarida, o'qib o'ltirgan Qur'onlari oldilarida edi. Qonlari oyat ustiga to'kildi. Hazrati Usmon o'ldirildi ersa, fitna qilichi sug'urildi. Jamal urushi, Siffin urushlari chiqdi. Sahobalar o'rtasida ko'p qonlar to'kildi. Oxirida hazrati Ali xalifa bo'lib Ko'fada qoldi. Muoviya Shomda podsho bo'lib o'lturdi.

Yana Rasululloh aytgan edilar:

— Mendan keyin o'ttiz yil xalifalik bo'lg'ay.

Hazrati Abu Bakr Siddiq ikki yilu uch oy, hazrati Umar o'n yilu olti oy, hazrati Usmon o'n ikki yil, hazrati Ali to'rt yilu to'qqiz oy, imom Hasan olti oy xalifa bo'ldilar. Bu beshovlarining xalifalik davrlari o'ttiz yil bo'lib, Rasululloh aytganlaridek bo'ldi.

Rasululloh: Mundin keyin tishlagich podsholar andin so'ngra zolim podsholar bo'lg'ay, qonxo'rlar chiqqay: deb o'zlaridan keyin qiyomatgacha chiqadigan fitnalardan xabar berdilar. Fitna boshliqlarining otlarigacha, ularning urug'-aymoqlarigacha aytdilar.

Yana ul zot:

— Menim ummatlarim rohatga berilib, o'limdan qo'rqib jihodni tashlasalar, Islom birligini buzib o'zaro ittifoq bo'lmasalar, boshqalarga em bo'lib, och kishilar oldiga qo'yilgan bir tovoq oshdek bo'lg'aylar. Har qaysilari undan to'yguncha eyishurlar. Qur'on ko'rsatgan yo'llarga qaytmaguncha, menim izimga kelib tushmaguncha bu talon-tarojdan qutulolmay, bu xorlikdan boshlari chiqmagay, — dedilar.

Yana bir rivoyatda:

— Kofirlar ummatlarimni o'rtaga olishib talashgaylar. Och bo'rilar oldiga qo'yilmish qo'ydek bo'lg'aylar, — demishlar.

Anda bir sahoba turib:

— Yo Rasululloh, u zamondagi ummatlaringiz ozliklaridan bu xorlikka qolgaylarmu? — dedi.

Rasululloh aytdilar:

— Andagi ummatlarimning son-sanoqlari ko'pdir, lekin ittifoqlari, ummatlik sifatlari yo'qdur. Alar dunyoni sevguvchi, rohatparast bo'lg'aylar, o'limdan qo'rqib, jihodni tashlagaylar. Shuning uchun ular xorlikka qolg'aylar.

Mana Rasululloh aytmish och bo'rilar ersa, ilmu hunar quroliga ega bo'lmish ovrupolilardir. Osiyo, Afriqo musulmonlari 500 yildan beri bular tirnog'i ostida ezilib kelmoqdadurlar. Sakson-to'qson milyonlik Indoneziya musulmonlarini olti milyonlik Gollandiya 300 yildan beri mustamlaka qilib kelmoqda. Butun Hindiston xalqi yaqindagi ikkinchi jahon urushidan so'ng mustamlakalikdan qutildi. Yana haligacha bu och bo'rilardan qutula olmagan sharqiy, g'arbiy musulmonlar ko'pdir. Lekin ozodlik eshigi ochildi. Butun dunyo xalqiga uyg'onish davri kelib, qutilish kunlari yaqinlashdi. (Asar 50- yillarda yozilganligini eslatamiz — Muharririyat).

Yana Rasululloh:

— Mendan keyin o'ttizga yaqin yolg'onchi payg'ambarlar chiqqay. Bular ichida to'rttasi xotinlardur. Eng so'ngisi Dajjol Laindur, — dedilar.

Rasululloh aytganlaridek, o'zlaridan so'ngra arablardan o'ttizga yaqin kishi payg'ambarlik da'vosini qildi. Ulardan to'rttasi xotinlar edi.

Yana bir kuni sahobalardan bir qanchalari masjidda o'ltirishgan edi, alarga qarab Rasululloh aytdilar:

— Sizlardan eng keyin o'lgan kishi o'tda qolur.

Sahobalarga bu so'zdan qattiq qo'rqinch tushdi. Payg'ambarimiz aytgan o't tamug' o'ti bo'lsa kerak, deb qo'rqinch tushgan edi.

Sahobalardan bir nechalari vafot topib oxiri Abu Hurayra, Samura ibn Jundub, Huzayfa uchovlari yolg'iz qoldilar.

So'ngra Huzayfa ham vafot qilib, Abu Hurayra bilan Samura qoldi. Bu ikkovlari ersa qaysi birimiz keyin o'lar ekanmiz, deb bek qo'rqishar edilar. Shu orada Abu Hurayra o'lib, Samura yolg'iz qoldi. U qo'rqinch bilan bir qancha umr kechirdi.

Bir kuni o'choq oldida o'ltirib olovda isinmoqda edi. Nima bo'ldiyu olovga yiqilib ketdi. Boshqa kishi bo'lmagach, turishga darmoni qolmay shu joyda vafot etdi.

Shunda bildilarkim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning aytgan o'tlari, dunyo o'ti ekandur. Eng keyin o'lgan kishi o'tda qolur deganlari to'g'ri keldi.

Abu Hurayra rivoyat qiladi:

— Sahobalardan bir jamoa odam to'planishib o'ltirib edik, ustimizga Rasululloh keldilar. So'ngra bizga qarab aytdilarkim, shu o'ltirgan kishilardan birisining tishi do'zaxda Uhud tog'idan ulug'roq bo'lur.

Buni anglab to'planganlarning bariga qo'rqinch tushdi. Rasulullohning vafotlaridan keyin arablardan ko'p qabilalar dindan qaytib murtad bo'ldilar. Hazrat Abu Bakr Siddiq xalifa bo'lgandan so'ngra ularga qarshi askar yubordilar. Shu chog'da o'shal jamoatdan ikki kishi bor edik. Qolganlari ersa vafot topmish edilar. Shu askarga qo'shilib ikkovlari ham bordilar. Rasululloh aytgan so'zlaridan ko'ngillarida qattiq qo'rqinch bor edi. Yamoma degan joyga kelganimizda ikki taraf qo'shin bir-biriga yo'liqib, saf tortishib, urush boshlandi. Shu kuni mening yo'ldoshim murtad bo'lib, dushman safiga qo'shilib ketdi va u shu urushda o'ldirildi. Bundan bir necha yil ilgari Rasulullohning bergan xabarlari shu kishiga to'g'ri kelib, alhamdulilloh, men qutulib qoldim.

Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

— Islom hukumati Quraysh qo'lida bo'lg'ay. Agar Qur'onga amal qilib, dinlarini tuta olsalar, bu davlatdan hech ajramagaylar. Rasululloh aytganlaridek, Quraysh xalqi dunyo rohatiga berilib, dinlarini yaxshi tutolmagach, davlatlari boshqa musulmonlarga o'tdi. Ayniqsa, turklar Islom xalifaligiga ega bo'ldilar. Islomning ismi, Qur'onning xatigagina qanoat qilingach, er ustidagi musulmonlar Islom hokimiyatidan butunlay ajradilar.

Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

— Saqif qabilasidan ikki kishi chiqqay: biri yolg'onchi, ikkinchisi qonxo'r. Tarix olimlarining aytishicha, Saqif qabilasidan chiqqan bu ikki kishi Muxtor ibn Ubayd, yana biri Hajjoj zolim edi. Rasulullohning aytgan so'zlariga bu ikkovining qilgan ishlari to'ppa-to'g'ridur.

Ansor sahobalardan hazrati Hanzala Uhud urushida shahodat topdi. Shariat hukmida junub bo'lmasa, shahid bo'lgan kishi yuvilmas edi.

Rasululloh:

— Farishtalar Hanzalani bulut ustiga qo'yib yuvayotganlarini ko'rdim. Nima ishdur, uning holini xotinidan so'ranglar-chi, u bilsa kerak, — dedilar.

Anda aning xotinidan sababini so'ragani kelishdi ersa, xotini:

— Unga g'usl lozim bo'lib, bajarmak uchun o'rnidan yangi turganida Rasulullohning chorloqchisi keldi. G'usl qilgunimcha kechikib qolurman, deb shoshilganicha qilichini olib ketgan edi, — dedi.

Qarasalar, yangi yuvgandek Hanzalaning sochlaridan suv oqib turibdur. Rasululloh Sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek uni farishtalar yuvgani ma'lum bo'ldi, qaytadan yuvishga buyurmadilar.

Rasululloh:

— Oxir zamonda mening olim ummatlarim o'lib-o'lib tugagaylar. Din ilmi erdan ko'tarilg'ay, olimlar o'rinlarida ilmsiz johillar o'ltirgaylar. Avomlar ersa din yo'lini shulardan so'ragaylar. Alarda ilm bo'lmagach, xato javob berib, o'zi yo'ldan ozib, boshqalarni ham yo'ldan ozdirgaylar. Shu bilan oxiri iymon Madinaga qarab qochar, — dedilar.

Mana ko'p yillardan beri bu ish davom etib kelmoqda. Hozirgi kunlarda esa naq shuning ustida turamiz.

Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hazrati imom Hasanni yoshligida erkalatib:

— Bu mening o'g'lim ulug' darajalik sayyiddur. Musulmonlar orasida mendan keyin chiqqan fitnani shu o'g'lim bosgay. Buning himmati bilan ikki musulmon qo'shinni qonlari nohaq to'kilishidan saqlagay, — dedilar.

Rasululloh aytganlaridek, hazrati Ali shahodat topgandan keyin, otalari o'rnida olti oy xalifa bo'lib turdilar. U kunlar hazrati Muoviya Shom viloyatiga amir edi. Imom Hasandan xalifalikni olish uchun ustiga Shomdan qo'shin tortib keldi. Eron askarini olib imom Hasan qarshi chiqdilar. Har ikkala tarafdan bir yuz ellik mingdan askar bor edi. Mana shu chog'da imom Hasan qon to'kishdan saqlanib, xalifalikni o'z ixtiyori bilan Muoviyaga topshirdi.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort