O’zbekiston Xalq Harakati

Rasulullohning axloqlari

Rasulullohning axloqlari
25 Kasım 2017 - 7:00 'da yuklandi va 1433 marta o'qildi.

Alixonto'ra Sog'uniy

TARIXI MUHAMMADIY — 239

(davomi)

RASULULLOHNING AXLOQLARI

Payg'ambarimizning axloqlari haqida onamiz Oishadan sahobalar so'radilar. Anda ul muhtarama:

— Xulqlari Qur'ondir (ya'ni, Qur'on ko'rsatgan yaxshi axloqlarning hammasi Rasulullohda bor edi),— dedilar.

Alloh taolo Rasulullohni axloqlarini o'zi maqtab Qur'onda shu oyatni keltirdi: «va innaka laala xuluqin azimin», ya'ni: «Sening xulqing ko'p yaxshi, nihoyat ulug'dir».

Qisqasi shulki, Xudo yaratgan insonlardagi yaxshi sifatlarni kamoli bilan Rasulullohga ato qilmish edi. Ilmda, sabrda, sahovat, shijoat, adolatda kamoliga etgan edilar. Shu sifatlardan birortasiga kishi ega bo'lar ekan, uning nomi chiqib olamga mashhur bo'lmishdur.

Shundoqki, saxovatda Xotamning, adolatda Nushiravonning nomlari ko'tarildi. Bulardan birisi adolatga, ikkinchisi saxovatga ega bo'lmish edilar. Ammo Rasululloh Xudo yaratgan oliy sifatlarning barchasiga ega edilar. Chunki, Alloh taolo bu zotni butun olamga payg'ambar qildi. Shundoq ulug' xizmatni bajarish uchun bu zotni komil qilib yaratdi.

«Va allamaka ma lam takun ta'lam. Va kana fazlullohi alayka azima», ya'ni: «Bilmagan narsalarni Alloh senga bildirdi. Xudoning fazl karami senga nihoyat ulug'dir».

Bu oyatning mazmuniga qaralsa, Qur'onga iymon keltirgan har bir odam Payg'ambarimizning daraja va martabalari Xudo oldida qandoq ulug' ekaniga yaxshi tushunadi.

Allohning bandalariga bergan ne'matlari ichida eng ulug'i aqldur. Bu ulug' ne'matni Xudo yaratganicha Rasulullohga berib, shu aql ne'mati orqalik butun fazli kamolga ega bo'lib, ikki dunyo davlatiga ummatlarini erishtirmakka yo'l ko'rsatdilar.

Xohi diniy, xohi dunyoviy har bir ishda kishilarning o'zlariga qarab, aqliga yarasha muomala qilar edilar. Alloh taolo xalqni ichki va tashqi sifatlarini qoldirmay Rasulullohga bildirgan edi. Shunga ko'ra ularga tarbiyat berar edilar, chunki bandalarning Xudo dargohiga loyiq bo'lishlari uchun shaytoniy sifatlardan ularni pok qilib, hayvoniy sifatlarini isloh qilish lozimdur.

Bu illatlarning tabibi, birinchi, payg'ambardur. Xudo tarafidan keltirgan ruhoniy dorilari bilan insonlarning ichki-tashqi kufr, nifoq dardlariga davo qila oladilar. Payg'ambarlardan so'ngra avliyolar, haqiqiy olimlar bu xizmatni bajaradilar.

Butun insonlarning hayot kechirishlarida ham zohiriy, ham botiniy, axloqlarini tuzatish uchun Xudo tarafidan Rasululloh yuborilmish edilar. Shu uchun Alloh taolo xalqning ichki-tashqi yomon sifatlaridan Rasulullohni xabardor qilmish edi. Shunga ko'ra har kimning dardiga qarab davoladilar.

Muso alayhissalomga Alloh taolo zohiriy ilmini bergan edi. Ummatlarining qilgan ishlari shariat zohiriga kelsa, shunga qanoat qilar edilar. Alloh taolo Xizr alayhissalomga botin ilmini ato qilib, shunga amal qilishga buyurgan edi.

Bizning Payg'ambarimizga Alloh taolo har ikkovini ham berdi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xalqning zohiriga va botiniga qarab, muomala qilar edilar. Rasululloh muomalasi qo'pol bo'lgan a'robiylar bilan suhbatlashsalar, ularga ko'rsatgan yaxshi axloq, yaxshi so'zlar ta'siridan alar shu majlis o'tmay turib, ko'ngillari iymonga moyil bo'lar edi.

Tavrot olimlaridan Vahb ibn Munabbah aytdi:

— O'tgan payg'ambarlarga Xudo tarafidan berilgan kitoblardan etmish bittasini o'qib tushirdim. Rasulullohning sifatlarini shularning hammasida ko'rdim. Xudo tomonidan Rasulullohga berilmish aql oldida boshqalarning aqllari daryodan bir tomchi suv misoli, deb yozilganini o'qidim.

Allohning odati shuldurki, qaysi bandasiga aqlni ko'proq berar ekan, shunga yarasha qolgan yaxshi fe'l-xuylarni ham unga ko'proq beradi. Kishi xulqining kengligi ham, uning aqlining kengligiga yarasha bo'ladi.

Shuning uchun Rasulullohning oldida biror kishini maqtasalar, uning aqli qandoq ekan, deb so'rar edilar. Endi Rasulullohning aqllari qandoq kamoliga etgan bo'lsa, u zotda bo'lgan boshqa sifatlari ham shundoq kamolga etgan edi.

— Kishining iymoni sabr bilan kamolga etadi. Jasadga bosh qanday zarur bo'lsa, iymonga sabr shunday zarurdir, — dedilar.

Rasulullohga payg'ambarlik kelgandan so'ngra o'n uch yil Makkada turdilar. Bu muddat ichida Makka mushriklari, Quraysh kofirlari Rasulullohga ko'rsatmagan kulfatlari, qilmagan jabr-jafolari qolmadi. Shularning bariga sabr qildilar.

Haqiqatda ham o'tgan payg'ambarlardan hech qaysilari o'z qavmlaridan Rasulullohdek qattiq aziyatlar ko'rmagan edilar. Ayniqsa, himoyatchi amakilari Abu Tolib, g'amguzor yori mehribonlari onamiz Hadicha ikkovlarining vafotlaridan keyin eru ko'k titragudek, yuraklar ezilgudek, ko'zlar qon yig'lagudek aziyatlar ko'rib, sabr-sabot bilan barini o'tkazdilar.

Bularning har birini o'rni bilan yuqorida bayon qilib o'tdik. O'quvchilarga ma'lumdirkim, Uhud tog'ida bo'lgan urushda ersa kofirlar muborak boshlarini yorib, tishlarini sindirdilar. Butun tanlarida tig' tegmagan, jarohat bo'lmagan joylari qolmagan edi. Hazrati Ali va Hazrati Fotima yig'lab turib bosh ko'zlaridan qonlarini yuvdilar. Oqqan qonlarini erga tushirmay, o'zlari artib turdilar:

— Agar bir qatra qonim erga tushsa, osmondan azob tushib, hammani halok qilur, — dedilar.

Bu ishga sahobalar chidayolmay:

— Yo Rasulalloh, duo qiling er ustida kofirlar qolmay qurisinlar, — dedilar ersa, Rasululloh:

— Men xalqqa Xudodan la'nat yog'dirishga kelmadim, — deb, alar haqlariga shunday duo qildilar:

— Ey bor Xudoyo, bularni to'g'ri yo'lga hidoyat qilib, gunohlarini kechirgil. Bular bilmaydilar, bu ishni bilmaslikdan qiladilar.

Rasululloh o'zlariga tegishlik narsalarda, ya'ni o'z haqlari bo'lib, o'zlarini ranjitib, aziyat bergan kishilarning xatolarini afv etib, gunohlarini kechar edilar, ammo Xudo amrini buzib, shariat hukmini xor tutgan kishilarga qattiq g'azablari kelur edi.

Handaq urushida mushriklar hujum qilib, namoz o'tashga fursat bermadilar. Rasulullohning namozlari shu kuni qazo bo'ldi. Shunda g'azablari kelib: «Bular bizni namozdan qoldirdi. Alloh ularning qorinlarini, qabrlarini o'tga to'lg'azsin», deb qarg'adilar. Bu g'azablari ersa o'zlari uchun emas, balki Xudo uchun edi. Ammo boshlari yorilib, tishlarining sinishi o'z haqlari bo'lgani uchun uni afv qildilar.

Shuni ham bilmoq kerakkim, har bir insonning etmish uchta yaxshi qilig'i bo'lib, bularga qarshi yana shuncha yomon qilig'i ham bordur.

Farishta, aql, din — bu uch narsa insonni doim yaxshilik tomoniga tortadilar. Nafs, shayton, kufr — bular esa doim uni yomonlikka boshlaydi. Mo'min odam doim shu ikki tortishuv orasida turganlikdan Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam buni «ulug' jihod» deb atadilar.

Qachonki mo'min banda bu jihod maydonida g'alaba qozonib, etmish uch yomon fe'llarini o'zidan chiqarib tashlab, ulardan ko'nglini xoli qilsa, ular o'rniga etmish uch yaxshi xislatlarni o'rnata olsa, u odamning iymoni komil bo'la oladi. Inson shul maqomga etdi ersa, avliyolikning birinchi darajasiga qadam qo'ygan bo'ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam halimliklari shu sifatning eng oliy darajasiga etgan edi.

Shundoqki, Rasululloh Zayd ibn Sa'nah degan madinalik yahudiyga xurmo bermoqchi bo'lib undan pul oldilar. Bir necha kunga muhlat bergan edi. Va'dasi to'lmay turib yahudiy xurmo so'rab keldi. Rasulullohning yoqalaridan ushlab:

— Ey Muhammad, haqimni shu choqqacha nega bermaysan? Hoshimiylar muomalasi yaxshi emas deb eshitgan edim, to'g'ri ekandur, — dedi:

Hazrati Abu Bakr Siddiq boshliq barcha ulug' sahobalar shu erda edilar. Hazrati Umarning g'azablari kelib:

— Ey Xudo dushmani, sizlar bilan o'rtamizdagi ahdnomaning buzilishidan qo'rqmasam edi, boshingni hozir kesib tashlar edim, — deb qilichiga qo'l sundi.

Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kulimsirab:

— Ey Umar, bu ikkovimizga aytish uchun mundin yaxshiroq so'z bor edi. Meni yaxshi muomala qilib berishga va uni yaxshi gapirib olishga buyurgil. Va'damizga uch-to'rt kun bor edi. Endi, ey Umar, muning haqqini sen berib tugatgil. Uni qo'rqitganing uchun yigirma so' oshiqcha xurmo qo'shib ber, — deb buyurdilar.

Bu so'zni eshitgach, yahudiy hayron bo'lib:

— Ey Muhammad, Tavrot, Injilda oxirzamon payg'ambari sifatlarini o'qib edim, ularning hammasi senga to'g'ri kelgan edi. Sinalmagan yolg'iz shu ish qolmish edikim, kitobda deyilmishdur: «O'zi uchun g'azabi kelmagay». Endi buni ham sinab ko'rdim. Sening oxirzamon payg'ambari ekanligingda hech qanday shubha qolmadi, — deb shu vaqtda darhol iymon keltirdi.

Yana Anas ibn Molik rivoyat qilib aytdi:

Bir kuni Rasululloh bilan birga borayotib edik. Bir a'robiy ketimizdan kelib, Rasulullohning yoqalaridan tutib qattiq tortdi. Uning silkib tortganidan bo'yinlaridagi rido chetlari botib, izlari tushdi. So'ngra ul a'robiy:

— Ey Muhammad! Ikki tuya yuki menga don bergil, uni o'z molingdan yoki otangdan qolgan moldan so'ramayman. Zakot, sadaqaga yig'ilgan xudoning molidan so'rayman, — dedi.

Rasululloh unga kulib:

— To'g'ri aytursan, mendagi mollar hammasi Xudoning molidur. Men Xudoning quli erurman, biroq sen qilgandek men ham sening yoqangdan tutib, silkib qasosimni olurman, — dedilar ersa, A'robiy aytdi:

— Men bilurman, sen bunday ish qilmagaysan, yomonlik qilgan kishilarga yaxshilik qilgaysan.

So'ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga bir tuya xurmo, yana bir tuya arpa berishga buyurdilar.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort