O’zbekiston Xalq Harakati

«Hammaga rahmat etkazish uchun seni yubordik»

«Hammaga rahmat etkazish uchun seni yubordik»
26 Kasım 2017 - 11:30 'da yuklandi va 1243 marta o'qildi.

Alixonto'ra Sog'uniy

TARIXI MUHAMMADIY — 240

(davomi)

RASULULLOHNING AXLOQLARI-2

Onamiz Hazrati Oisha raziyallohu anho aytadurlar:

Rasululloh o'zlariga etgan zulm uchun hech kimdan qasos olmadilar. Balki hammani afv qilib, gunohlaridan kechar edilar. O'z oilalariga, boshqa hech bir odamga til, qo'llari tegmay dunyodan o'tdilar. Kishilar bilan qilgan muomalalari, ularga qilgan yaxshi odatlari hammaga yoqimlik edi. Rasululloh bilan suhbatlashgan kishilar:

«Rasululloh hech kimni bizdan ortiq yaxshi ko'rmasalar kerak», deb o'ylashar edi».

Sahiyliklari to'g'risida hazrati Jobir shunday aytadur:

«Rasulullohdan kim bir narsa so'rasa «yo'q» deganini eshitmas edik. Ayniqsa, Ramazon kunlarida boshqa kunlardan ko'proq Jabroil alayhissalom bilan ko'rishar edilar. Ana shu chog'da Rasulullohning saxovatlari, shamol esganda barchaga barobar tekkanidek, hammaga bir tekis etib turar edi.

Bir a'robiy kelib:

— Yo Rasulalloh, bir tuyaga muhtoj bo'lib qoldim. Shuni sizdan so'rab keldim, — dedi.

Shu kuni unga bergudek hech narsalari yo'q edi. Shunday bo'lsa ham, yo'q demasdan:

— Menim ustimdan o'zingga yaragudek bir tuya sotib ol. Bahosini men to'layman, — dedilar.

Anda Hazrati Umar:

— Yo Rasulalloh, qo'lda yo'q narsa bo'lsa, qarz qilib birovga berishga Xudo buyurmagandur, — dedi.

Rasulullohga bu so'z yoqmadi.

Anda ansorlardan biri:

— Yo Rasulalloh, Xudo yo'lida ayamay sarf qilabering, Arsh egasi ulug' Alloh hech qachon sizni unutmaydi, — dedi.

Muning so'zini anglab, suyunganlaridan kulib:

— Alloh meni shunday qilishga buyurgandur, — dedilar.

Rasululloh collallohu alayhi vasallamning Toif, Hunayn g'azotlarida tushgan hisobsiz o'lja mollarni taqsim qilishlari, qonlariga tashna bo'lgan dushman askarlariga ko'rsatgan mehribonchiliklari saxovat va muruvvat bobida qandog' ulug' darajada ekanliklariga ochiq dalildur. Bularning har birini o'z o'rnida yozib o'tganmiz.

Ammo Rasulullohning shijoat-bahodirliklari bo'lsa, hammaga ma'lum edi. Bu ulug' sifatni ham Alloh taolo kamoli bilan Payg'ambarimizga bermish edi. Xudo yo'lida bo'lgan urushlarda o'zlaridan uch-to'rt barobar ortiq dushman qarshisida tog'dek tebranmay turar edilar. O'zlari bosh bo'lib chiqqan urushlarning hech qaysisida bir qadam ham orqaga chekinmadilar. Har qanday katta bahodir bo'lsa ham urush maydonida olg'a intilish, orqaga chekinish bo'lmasga chora yo'qdur, yolg'iz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hech bir urushda orqaga qaytmadilar. Yo urush o'rnini saqlab turdilar, yoki oldinga qarab qadam qo'ydilar.

Hazrati Ali aytur:

— Urush maydoni qizishib, bahodirlar hayqirishib, qo'rqoqlar yuragi bo'g'ziga tiqilib kelgan qo'rqinchlik chog'larda hammamiz Rasulullohga qarab qolur edik. Oldimizga tushib, dushmanga eng yaqin turar edilar. Biz Rasulullohni pana qilib urushar edik.

Yana Rasululloh bek hayoli edilar. Hayo iymonning yo'ldoshi, iymon daraxtining eng ulug' shoxi erur. Abu Sa'id Hudriy rivoyat qilur:

«Pardasidan chiqmagan qizning hayosidan ham Rasulullohning hayosi kuchli edi. Ko'p so'zlarni kishilar yuziga aytmasdan uyalib gapirmasdilar. Agar birorta kishi noto'g'ri ish qilgan bo'lsa, darhol uni yuziga solib, otini aytmas edilar. Balki falon qavm, yo ba'zi kishilar nega shunday qiladilar, degan so'z bilan ul ishning to'g'ri emasligini bildirardilar».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nihoyat xushqiliq, istaralari issiq, qarasang kulimsirab turgan, so'zlari silliq, kishiga yoqimlik, ochiq yuzlik, keng ko'ngillik, chin so'zlik edilar. Barchaga birday ochiq yuz, shirin so'z edilar. Lekin sinalmagan kishilar bilan o'ltirish-turishda ziyraklik yo'lini tutar edilar.

Sahobalar va suhbatdoshlari holidan doim xabardor bo'lib, betoblarini so'rab, ko'rinmaganlarini yo'qlab, muhtojlariga yordam berar edilar. Agar kishi Rasululloh bilan ko'rishmoqchi bo'lib qo'llarini ushlasa, undan ilgari qo'l tortmas edilar. Hojat uchun kelgan odam o'zi ketmaguncha uni tashlab ketib qolmas edilar. Chaqirgan joyga borardilar. Ozmi-ko'pmi hadya bersa olardilar. So'ngra ularga ham qaytarardilar. Birovni ayblash yoki birovni maqtash Rasulullohga odat emas edi.

Sahobalar bilan aralashib, ulfatlashib, ularga tegishib, yosh bolalarni suyib, quchoqlariga olib o'ltirardilar. Qul, cho'ri, boy, kambag'al, — kim bo'lsin chaqirsa, uyiga borardilar. Shahar chetlarida, uzoq mahallalarda betob yotgan kishilardan borib, hol so'rar edilar. Majlislarda oyoq uzatib o'ltirganlarini hech kim ko'rmagan edi. Yo'liqqan odamlarga ilgari salom berib, qo'l olib ko'rishar edilar. O'zlari kelganda boshqa kishilarning o'rnidan turib ta'zim qilishlarini yoqtirmas edilar. Lekin sahobalar bir-birlarini hurmatlashib o'rinlaridan turishganlarini yaxshi ko'rar edilar. Ustlariga kirgan kishini hurmatlab, uning tagiga biror narsa solib, qistab o'ltirgizardilar.

Ko'ngillari yumshoq, rahmdil, hammaning iymon keltirishiga mushtoq, katta-kichik barchaga shafqatli, mo'minlarga mehribon edilar.

Bir kuni Rasululloh oldilariga bir a'robiy kelib sadaqa so'radi. Uning so'raganidan ortiqroq berib:

— Endi rozi bo'ldingmi? — dedilar.

— Yo'q, men degandek yaxshilik qilolmading, — dedi.

Muni eshitib, sahobalarning achchig'i chiqib, uni urmoqchi bo'ldilar. Rasululloh ularni bosib, a'robiyga yana bir qancha narsa qo'shib berib:

— Endi qanday? — dedilar.

Anda a'robiy:

— Sizga, xonadonlaringizga rahmat aytib, ko'p tashakkur qilurman, — dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so'zlardin quvonib:

— Shu so'zlaringni sahobalarim oldida aytgil. Kechagi aytgan so'zing xafaligi ular ko'nglidan ko'tarilsin, — dedilar.

Ul ham qabul qilib, ertalab Rasululloh oldilariga keldi, hamma sahobalar u erga yig'ilgan edilar. Bular oldilarida ham o'zining rozi bo'lganini bildirib, tashakkur qildi.

So'ngra Rasululloh marhamat qildilar:

— Agar bu a'robiy shu noroziligicha ketib, shu ahvol bilan o'lsa yoki o'ldirilsa, do'zaxga ketar edi. Uni ayaganimdan bu ishni qildim.

Shuning uchun Alloh taolo Qur'onda «Vama arsalnaka illa Rahmatallilalamin», ya'ni, «Hammaga rahmat etkazish uchun seni yubordik», deb Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni sifatladi.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort