O’zbekiston Xalq Harakati

Surat Ikromov: O'zA agentligi tomonidan yozilgan xabar ochiq tuhmat va buyurtma

Surat Ikromov: O'zA agentligi tomonidan yozilgan xabar ochiq tuhmat va buyurtma
28 Kasım 2017 - 10:27 'da yuklandi va 970 marta o'qildi.

Bi-Bi-Si radiosining xabar berishicha, Huquqbon Surat Ikromov O'zA agentligi tomonidan yozilgan Gulbozor mahallasida “ekstremist” ushlandi degan xabar ochiq tuhmat va buyurtma ekanligini aytmoqda. Bi-bi-si O'zbek xizmati olib borgan kichik tadqiqot davomida axborot agentligi tomonidan chiqarilgan xabardagi faktlarni tasdiqlovchi biror guvoh yoki mas'ulni topolmadi.

24 noyabr kuni “Shayxontohurda ekstremist ayol qo'lga olindi”, deb nomlangan maqolada “Gulbozor” mahallasidagi jome masjidida U. Uzoqova tomonidan “Hizbut tahrir” tashkiloti varaqalari tarqatilgani haqida gap boradi.

Varaqalarning qaysi masjid va qachon tarqatilgani borasida muallif hech narsa yozmagan.

Bi-bi-si maqola muallifi O'zAning respublika axborot tahririyati bo'lim mudiri Norgul Abduraimova bilan bog'landi. Undan xabarda keltirilgan faktlar naqadar tekshirilgani va hodisa qaysi masjidda, qachon bo'lgani haqida savol berdi.

“Batafsil organlarga murojaat qilib so'rang, o'rtoq. Men bilgan narsamni yozganman. Yozib ham aybdor bo'lasan odamlarga. Albatta, tekshirilgan. GUVDga murojaat qiling topib berishadi. Men sizga hisobot berishga majburmasman, o'rtoq”, deydi Norgul Abduraimova.

Bi-bi-si O'zA jurnalistidan mahkama qarorisiz bir ayolni ekstremist deyishga nima asos bo'lgani borasida so'raganda Norgul Abduraimova “Sizning savolingizga javob berishga majburmasman. Man o'sha profilaktikaga borib, bir aylanib anaqa qilganman o'shetlarda. Manga mashinaqa ma'lumotlarni taqdim qilishgan”, deb javob berdi.

O'zA mas'ullaridan birining Bi-bi-siga aytishicha, bu kabi maqolalarni Toshkent shahar IIBB har payshanba kuni o'tkazadigan brifinglarida beradi.

“Biz ulardan qo'shimcha ma'lumot so'rasak, yo'q deyishadi. Hammasi tekshirilgan, deyishgani uchun ularni odatda teshirib o'tirishga hojat bo'lmaydi”, deydi u.

Maqolani O'zbekiston Musulmonlar diniy idorasining muslim,uz sayti “Gulbozordagi masjidda “varaqa” tarqatgan ayol qo'lga olindi”, degan sarlavha bilan ko'chirib bosdi.

Diniy idoraning matbuot kotibiman deb tanishtirgan Komiljon ismli xodim maqola O'zAdan ko'chirib bosilgani uchun varaqa qaysi masjidda va qachon tarqatilgani borasida ma'lumoti yo'qligini bildirdi.

Masjidlar bilan ishlash bo'limidan Muzaffar ham varaqalar qaerda tarqatilganidan xabari yo'qligini aytdi.

“Toshkent shahrida emas bu. Respublikaning boshqa erida bo'lishi mumkin. Boshqa davlatda”, deydi u.

Bi-bi-si Shoyxontohur tuman “Gulbozor” mahalla fuqarolar yig'ini bilan bog'lanib bu hodisa qachon bo'lgani haqida so'radi. Go'shakni ko'targan Dilorom opa ismli mahalla mutasaddisi bu mahallada yaqin o'rtada varaqa tarqatilmaganini bildirdi.

“Bu tochno bizning mahallada bo'lmagan. Gulobodda bo'lsa kerak. Bizda tarqatilsa xabarimiz bo'lardi. Mahallada bitta “Hoja Axror Valiy” jome masjidi bor. Tarqatilsa biz bilgan bo'lardik”, deydi “Gulbozor” mahalla fuqarolar yig'ini mas'uli.

Biz “Hoja Axror Valiy” masjidi bilan bog'landik. Go'shakni ko'targan kishi o'zini masjid qorovuli ekanligini aytdi.

Qorovulning aytishicha, masjidda bunaqa holat yaqin o'rtada bo'lmagan.

Bi-bi-si xabarning bosh manbasi bo'lgan Toshkent shahar IIBBga bog'lanishga harakat qildi. Biroq xodim Bi-bi-sidan ekanligimizni eshitishi bilan go'shakni qo'yib qo'ydi.

“Maqola boshdan oyoq tuhmat va buyurtma”

Maqolada 13 noyabr kuni Toshkent shahar IIBB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishi boshqarmasi tomonidan hibsga olingan Umida Uzoqova haqida gap boradi. Shayxontohur tumani Gulobod mahallasida doimiy propiskada turgan 29 yoshli Umida Gulbozor mahallasida erkaklar namoz o'qishga yig'ilganda “Hizbut tahrir” varaqalarini konvertga solib kelib tarqatgani aytiladi.

Ushbu hodisani yaqindan o'rganayotgan hamda Umida bilan birga hibsda qolayotgan 6 kishining yaqinlariga huquqiy maslahatlar berayotgan huquq faoli Surat Ikromov ushbu maqola buyurtma ekanligini aytadi.

“Bu axborot mutloqo buyurtma maqola deb hisoblayman. Umida Uzoqovaning varaqa tarqatgan bo'lishi mumkin emas. Uzoqova 13 noyabrda ichki ishlar organi xodimlari tomonidan olib ketilgan. Bu erda 22 da deb gapirilyapti. Ikkinchidan men uning yaqin qarindoshlari bilan gaplashdim. Ular aytayaptiki, Umida Uzoqova kasalvand ekan, doim isitmasi chiqib yurarkan”, deydi Surat Ikromov.

Huquq faolining ta'kidlashicha, militsiya dindorlarni noqonuniy ushlab, noqonuniy sudlar qilib 15 sutkaga qamagan.

“Endi bu narsa oshkora bo'lib Prezident apparati va Prezidentgacha etib kelganidan keyin tekshira boshlagan. Qarashsaki, ahvoli chatoq, suvdan quruq chiqish maqsadida maqolani uyushtirishgan”.

Surat Ikromovning aytishicha, kuch tizimlari o'z ish o'rnini saqlab qolish, mukofot olish va yuqori lavozimlarga ko'tarilish uchun bu kabi jinoyatlarni uyushtiradi.

“Jinoiy ishlarni ochib ularni qiynoq orqali bo'yniga qo'yish yoki kaltaklab, urib, qiynab oppoq qog'ozning tagiga qo'l qo'ydirishadi. Bunday qarasangiz aslida ularning o'zi jinoyatchi. Militsiyalarni bugun 50 foizga qisqartirsa jinoyatlar ikki barobarga emas, uch barobarga qisqarib ketadi. Jinoyatni qidirish bularning noni. Hukumat qattiq turib bularni qisqartirmasa bu to'xtamaydi”, deydi u.

Huquq faoli bu kabi jinoyatlarni uyushtirayotgani uchun huquq tartibot organi xodimlarini jinoiy javobgarlikka tortish kerak deydi.

“Bularni shu narsani qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortish kerak. O'zbekiston Jinoyat kodeksida modda bor, 230 chi modda. Uyushtirganlar 5 yilgacha jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak. Maqolani yozgan jurnalistni yolg'on, dezinformaqiya tarqatgani uchun jinoiy javobgarlikka tortish kerak”.

Huquqbon Surat Ikromov Umida Uzoqova va yana 6 dindor ishida Toshkent shahar IIBB Terrorimz va ekstremizmga qarshi kurashishi boshqarmasini birinchi bo'lib javobgarlikka tortish kerakligini urg'uladi.

O'zbekiston mustaqil inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi chiqargan xabarda aytilishicha, Toshkent shahri va viloyatida 20 yoshdan 60 yoshgacha bo'lgan 79 nafar ayol va erkak dindorlar qo'lga olingan.

Ularning aksariyati 8 soatlik savol-javobdan so'ng qo'yib yuborilgan. 7 kishi hamon hibsxonada qolmoqda.

Toshkent shahar IIBB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan 29 yoshli Umida Uzoqova, uning onasi 51 yoshli Nasiba Uzoqova, 25 yashar Muhammadamin Abdurahmonov hamda Umidaning turmush o'rtog'i Nodirlar 13 noyabr kuni ushlangan.

Oradan 3 kun o'tib 16 noyabrda 35 yoshli Oyatulla Usmonov, 32 yoshli Muhammad Rashidov va 23 yashar Nasrullo A'zamovlar ushlab ketilgan. Yaqinlari ularning hamon hibsda saqlanayotganini va qiynoqlarga tutilayotganini aytmoqda.

Yaqinlarining ta'kidlashicha, Toshkent militsiyasi ulardan 2009 yil qidiruvga berilgan Go'zal To'xtaxo'jaevaning joyini ma'lum qilishni talab qilmoqda.

Uning hibsda saqlanayotgan turmush o'rtog'i Muhammad Rashidovning epilepsiya (tutqanoq) hamda yurak porogi (nuqsoni) xastaliklari bilan og'rishi aytiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoev O'zbekistonda qora ro'yxatda turgan 17 ming dindordan 16 mingtasi undan chiqarilganini aytgandi.

Prezident ro'yxatdan chiqarilgan dindorlarni jamiyatga qo'shish, ularni ish bilan ta'minlashga chaqirgandi.

Toshkent militsiyasi tomonidan qo'lga olingan dindorlar ham bir oz muddat ro'yxatdan chiqarilgan bo'lgan.

O'XH xabarlar bo'limi

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar