O’zbekiston Xalq Harakati

Tarixi Muhammadiy. Xotima

Tarixi Muhammadiy. Xotima
11 Aralık 2017 - 7:00 'da yuklandi va 1546 marta o'qildi.

Alixonto'ra Sog'uniy

TARIXI MUHAMMADIY — 246
(davomi)

TUGANChI
(xotima)

Endi Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ummatlari uchun shuncha qilg'on og'ir xizmatlari, islom dini yo'lida tortgan cheksiz azoblari, mashaqqatlarining ajr-savoblarini u zotga Alloh taolo O'zi ato qilsin.

Bu kitobda yozilgan Rasulullohning sifatlarini o'qiganlar, har bir o'rinda aytgan so'zlarini anglab, qilg'on ishlaridan musulmonlar ulgu olib, amal qilsalar, Allohning ulug' rahmatiga loyiq bo'lib, uning diydoriga musharraf bo'lg'aylar, inshaalloh.

Ushbu so'zlarini to'plab,kitob yozguvchi bu gunohkor bandani ham eskarib duoda yod qilguvchilar bo'lsa, ularniham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiyomat kuni shafoat vaqtida yod qilg'aylar.

Ey Rabbim, mundoq ulug' ne'matni — habibing Rasululloh Hazrati Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning tarix va tavsiflarini yozishni mendek g'arib qulingga nasib qilding. Men endi bu ulug' davlat shukrini qandoq ado qila olgayman? Uning dargohida shu tilim birla nima deb shukr aytishimni bila olmayman.

Bayt:

Bu ulug' ne'matni shukrin men kabi ojiz quli,
Qancha aytsa bo'ldirolmasdur aning mingdin biri.

Imom Buxoriy rivoyat qilur, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayturlar: «Ilonodamni ko'rganida o'z iniga qarab qochganidek, iymon ham Madinaga qochadi».

Rasululloh oxirzamon alomatlari bayonida bu so'zni demishlardur. Alarning aytganlari shu kunlarda boshimizga kelib, ko'zimiz bilan uni ko'rib turibmiz.

Ulug' avliyolardan imom Sha'roniy aytadur: «Tarix hijrat bir mingdan o'tdi ersa, ajoyib zamonlar bo'lg'ay. Ko'z ko'rmagan, quloq eshitmagan, ko'ngilga kelmagan ishlarni ko'rgaylar. Ilm oshib, hunar ko'payib, tabiat sirlari yuzaga chiqqay. Lekin din tashlanganlikdan iymon, insof, adolat er ustidan ko'tarilgay.

Rasululloh aytganlaridek, shu kunlarda butun er usti kofirlarga to'ldi. Yarim milliarddan ko'p musulmon atalgan kishilar ichida Islom homiyi bo'lg'udek biror podsho yoki biror hukumat hech erda yo'qdur. Dinsizlik ofati butun olamni qoplamishdur. Din ilmi xalq ko'nglidan burundanoq ko'tarilmish edi.

Yaqin ming uch yuz yil islomiyatda o'tgan Buxoro, Samarqand, Farg'ona, butkul Turkiston bolalari shu kunlarda musulmonchilikdan «Bismillah»ni ham bilmay qoldilar. Og'izda bo'lsa ham iymon kalimasini o'qishdan ajradilar. Er ustiga tarqalmoqda bo'lgan dinsiz kommunistik hokimiyatiga birinchi qadamdayoq vatanlari, dinlari, o'zlari qurbon bo'ldi.

Sharqiy Turkistonni Xitoy bosqinchilari bosib olib, erlik musulmonlarni insonlik huquqlaridan butunlay ajratdilar. Shu kunlarda esa shu yalmog'izlarga bosqin bo'lib, alarni eb-yutib, singdirish darajasiga olib kelib qo'ydilar. Qur'onning xati, Islomning nomigina qoladi, degan Rasulullohning so'zlaricha shu kungacha uzilmay kelayotgan Islomning quruq nomi ham endi unutilishga yaqinlashdi. Mana shunday og'ir bir davrda men bu qutlug' kitobni yozishga kirishdim.

Tarix hijratning 1380 yili 26 ramazon oyida «Kohota» mahallasida bu kitobni oqqako'chirdim. Muning ustida jon hovuchlab yurib, qo'rqinchlik bilan ko'p yillar o'tkazdim.

Allohning yordami, Rasulullohning sharofatlari bo'lib, oxiri shu tilagimga etdim.

Kishilar:

— Endi zamona ishlari shunday bo'lsa, sening bu kitobingni kimlar o'qib, kim bunga qiziqadi? Buning bozori qachonlardan beri kasod bo'lib, do'konlari buzilmish edi. Bu so'z gavhariga endi kim haridorchilik qiladi? — desalar, alarga javob ushbu hadisi sharifdur:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

— Islom dini dastlabda g'ariblik bilan boshlandi, eng keyin yana g'ariblikka qaytadi. Shu g'ariblikka tushgan dinlarini tashlamay kutgan o'sha zamondagi g'arib mo'minlar menim qanday yaxshi ummatlarimdur! Din g'arib bo'lib, shariati tashlangan kunlarda kim mening sunnatimga qattiq yopishib, olov changallagandek qiynalsa ham undan ajramay dunyodan o'tsa, Alloh taolo unday mo'minga yuz shahidning savobini ato qiladir, — deb marhamat qildilar».

Yana Rasululloh aytdilar:

— Menim bir toifa ummatim bordurkim, qiyomat bo'lguncha ham haq yo'ldan adashmaydilar.

Mana bu hadislar «Sahih Buxoriy»da va boshqa hadis kitoblarida ham bordur. Shu mazmunda kelgan yana boshqa hadislar ham ko'pdur. Hadislarning mazmunlaricha, Hazrati Iso alayhissalom osmondan tushib, Dajjolni o'ldirganlaridan so'ngra yana qirq yil umr ko'rgaylar. O'sha zamonda butun dunyo xalqi Islom diniga kirgay. Iso alayhissalom Qur'on hukmini butun er yuziga yurgizgaylar. Bu zot vafot topgandan so'ngra yana olamni kufr qorong'ilig'i bosgay. Ana shu chog'da ham Baytullohni musulmonlar tavof qilishar ekan.

Hadislardan ma'lum bo'lurkim, din har qancha zaiflashib er ustida Islom hukumati qolmasa ham, lekin haqiqatdan adashmaydirgan bir toifa ummatlari qiyomatgacha er ustidan uzilmas ekanlar. Endi men ham o'zimni haq yo'ldan adashmaydigan shu mo'minlar qatoriga qo'shdim. Shuning uchun men bu kitobimni Rasulullohning shu toifa ummatlariga atab yozdim. Mening bu kitobimni, inshaalloh, shular o'qib, foydalanib, bahra oladilar, deb Allohdan umid qildim.

Ey mehribon Rabbim! Sen rozi bo'lg'udek, Payg'ambaring yaxshi ko'rgudek haq yo'lda jonbozlik qilmoqchi edim. Taqdirga to'g'ri kelmagach, u tilagim qo'lga kelmadi. Bu haqda qilgan bandachilik gunohlarim uchun o'zingdan afv o'tinadurman.

Ey ulug' tangrim! Endi ersa yoshim etmish uchdan o'tdi, yoshligim g'aflat bila qo'ldanketdi, sening dargohingga borar chog'im yaqinlashdi. Habibing Muhammadningshafoatidan, O'zingning cheksiz rahmatingdan boshqa mening panohim yo'qdur.

Ey Rabbim, mening farzandlarimni va mendan tarqalgan nasllarimni haq yo'ldan adashtirmagil. Bu kitobni o'qib, bunga amal qilgan mo'minlarni Havzi Kavsar suvidan qondirib, Rasululloh shafoatlarini alarga nasib qilgil.

Ma'lumdurkim, shu kungi davrda dinsizlik ofati butun dunyoga tarqaldi. Muning eng qattiq zarbasi biz erlik xalq — O'zbekiston va Sharqiy Turkiston musulmonlari ustlariga tushdi. Baxti qochgan bechora xalqimiz haqiqiy islomiyatdan ko'p yil ilgariyoq ajragan edilar. Shuning natijasidurki, oxiri vatanlaridan, dinlaridan, butun insoniy huquqlaridan ham ajradilar. Lekin yuzaki islomiyat O'zbekiston va Sharqiy Turkiston musulmonlari ichida shu kunlargacha ham ko'rilmoqda edi. Endi bundan ham ajralish navbati etib keldi.

 Dunyo bo'yicha turklik beshigi hisoblangan ikki Turkiston vatanimizni yutib, singdirish uchun kommunistik hokimiyati ostida Sharqdan qora yalmog'izlar, G'arbdan sariq yalmog'izlar o'z erklaricha eyishga kirishdilar. Milliy, diniy rasm-odatlarimizni, ayniqsa, diniy ishlarimizni tub ildizidan quritdilar. Vatanim meni haydasa ham, o'zimga suyuklikdur. Millatim meni xo'rlasa ham o'zimga qadrlikdur. Bular uchun har yaxshilikni qilmoqchi edim, qilolmadim. Oz bo'lsayam qilmay qarab turolmadim va kelajakdagi qahramon millat bolalariga, balki butun Turkiston musulmonlariga o'zimdan yodgorlik qoldirmoqchi bo'lib ona tilda Chig'atoy turkiysi bilan bu kitobni yozdim. Savodlik, savodsiz, turk tillik har qanday kishilarga ham tushunarlik bo'lsun deb arabiy, forsiy so'zlarni ko'p aralashtirmadim. Bundin maqsad Islom dinini xalqqa tushuntirish, Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomni ummatlariga tanutish edi.

Shuning uchun ham Alloh taolo har elning o'zidan payg'ambar chiqarib o'z tili bilan kitob tushirgan edi.

Alloh taolo Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomni butun dunyo xalqi, insu jinga payg'ambar qilib yubordi. Aning dinini dunyo xalqiga tarqatish xizmatini har el, har erning o'zidan chiqqan ulamolarig'a topshirdi.

Shunday bo'lgach, har millatning o'zidan etishgan olimlari Alloh amrini, Qur'on hukminishularning o'z tillarida ochiq-oydin qilib aytib turishlari, albatta, lozimdur. O'qiganda yokio'qitib eshitganda kishilar tushungudek qilib o'z tillarida kitoblar yozib qoldirishlarizarurdir. Shu sababdan men bu kitobni boshqa til qo'shmay so'zlarini soddalashtiribyozdim. O'qigan va eshitganlar yaxshi tushunib tursalar, maqsadimiz shuldur.

Bu kitobni yozganimda ushbu asarlardan foydalandim: «Zodu ma'od», «Siyratul Halabiyya», «Siyratun nabiy», «Shifoi Sharif», «Nurul yaqin». Shularni ko'z oldimda tutdim, ayniqsa, «Siyratul Halabiyya»ning ma'lumoti kengroq bo'lgach, unga ko'proq qaradim. Me'roj voqeasini «Sahih Buxoriy»dan ko'tardim.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tarixlari, yozilmish kitoblarning mo'tabarlari shulardur. Ushbu asarlarning mualliflarini Alloh rahmat qilsin. Rasulullohning sifatlari, tarjimai hollari, balki kundalik qilgan ishlarini bizlarga etkazgan zotlar sahobalardur. Alloh ulardan rozi bo'lsin, ulug' ajrlar ato qilsin. Menim yana vasiyatim shuldurkim, o'z avlod-nasllarimdan har bir oilada bu kitobdan bir nusxa saqlanishi, albatta, zarurdir. Agar kelgusi zamonlarda imkoniyat topilar ekan, besh-o'n minglab bostirib, har ikki Turkiston xalqiga, asli vatan egalariga tarqatishni ularga topshirdim. Menim bu topshirig'imni vaqti kelganda bajarish o'z avlodim ustiga yuklangan muqaddas bir ulug' vazifadur.

Agar musulmonlar shu kitobda yozilmish so'zlarni amalga oshirsalar, Rasululloh so'zlaricha, dunyo xorligidan, oxirat azobidan qutulishlari shubhasizdur. Hech bo'lmaganda Payg'ambarimiz aytgan qiyomatgacha haq yo'ldan adashmaydigan, najot topgan bir toifa ummatlaridan bo'ladilar va ham islom dinining asosiga tushunib, dinsizlik balosidan o'zlarini, avlod-nasllarini qutqara oladilar. Chunki, bu balodan qutulish uchun din tarixini bilishdan o'zga chora yo'qdur. Din tarixini bilishga, Rasulullohning tarjimai hollaridan xabardor bo'lishga bizning kitobimiz kafildur.

Xohi avlodlarim, xohi boshqa vatandosh din qarindoshlarimiz bo'larlar, ibrat ko'zini ochib, aql ko'zgusini qo'liga olib, har yili bu kitobni bir yo'l boshdan-oyoq o'qib tushirishni o'zlariga vazifa qilsinlar. Inshaalloh, kitob xatm bo'lgan chog'da qilgan duolari Xudo dargohida maqbuldur. Aning uchunkim, 360 jangchi — Badr g'oziylarining muborak ism-shariflari bu kitobda yozilmishdur. Shuning uchun o'qiguvchilarning duolari ijobat bo'lib, ofat va balolardan omonda bo'lg'aylar. Shu haqda aytilmish alarning xosiyatlari mo'tabar, ulug' hadis kitoblarda yozilmish, va'dalari tajriba qilinmishdur.

Ey fazli karamlik, rahmon, rahim sifatlik, mehribon Rabbim! Bu kitobda nomlari yozilgan yaxshi bandalarning haqqi-hurmati, men g'arib qulingni yolg'onchi qilmagil, o'qiguvchilarni ofat va balolardan asrab, iymonlarini salomat saqlab, oxiratlarini obod qilgil. Mendan keyin avlod-nasllarim haq yo'ldan adashib, Rasululloh oldida xijolatga qo'ymagil. Bularning dinlarini, dunyolarini, oxiratlarini o'zingga omonat topshirdim.

Bu kitobimni yomon ko'zdan, yomon qo'llardan saqlab, qiyomatgacha bundan foydalanishni Muhammad ummatiga nasib qilgil.

Ey bor Xudoyo, Muhammad ummatini rahmat qil, ularni balodan qutqargil. Abadiy-azaliy ilming sig'dirganicha Rasulullohga va uning ahli baytlariga, ashoblariga bizdan salavot va salomlarimizni etkurgil. Omin.

Hijriy 1380-yil Ramazon oyining 26-kunida Toshkent shahri, «Kohota» mahallasida bu kitobni oqqa ko'chirdim.

(tugadi)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort