O’zbekiston Xalq Harakati

Murojaat xati

Murojaat xati
16 Aralık 2017 - 19:47 'da yuklandi va 1347 marta o'qildi.

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori
I.B.Abdullaevga
O'zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vaziri
P.Bobojonovga
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Inson xuquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman)
U.N.Muhammadievga

O'zbekiston Respublikasi Jazoni Ijro Etish Bosh Boshqarmasiga qarashli muassasalardagi, hususuan, Qarshi shahar Shayx Ali qo'rg'onidagi 49 – JIEKda sodir etilayotgan qonunbuzarlik holatlari haqida huquq va erkinliklari qo'pol ravishda buzilayotgan mahkumlarning oila a'zolari tomonidan jiddiy mavzudagi

M U R O J A A T      X A T I

O'zbekiston ayni damda mustaqil davlat sifatida barcha sohadagi siyosatida tub burilishlar, ulkan islohotlarni amalga oshirishni boshlamoqda. Shu jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan inson huquqlari va sud huquq yo'nalishida keng ko'lamli yangilanish rejalari belgilab berilmoqda. Hususan, 2017 -yil «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili » deb e'lon qilinishi, odil sudlov va qonun ustivorligi tamoyilllari asosiy maqsad darajasida ta'kidlanishi alohida e'tiborga molik.

Ayni chog'da, joriy yilning 29 -may kuni «Siyosiy boshpana berish » ga oid, shuningdek, Islom Markazi faoliyatini kuchaytirish, «Adolat Saroyi » ni qurish haqidagi O'zbekiston prezidentining Farmoni e'lon qilinishi nafaqat mamlakat aholisini, balki, dunyo hamjamiyatini ham lol qoldirganligiga shubha yo'q.

Shu barobarida Ommaviy Ahborot Vositalarida tanqidiy -tahliliy chiqishlar hech bir istisnosiz yo'lga qo'yilishi O'zbekiston chin ma'noda xuquqiy demokratik davlat maqomi sari intilayotganligini ko'rsatadi.

Biroq, tan olish kerakki, mamlakat rahbarining bunday izchil, oqilona va odilona siyosat yuritishiga ishtiyoqi davqlat boshqaruvidagi ayrim o'rta va quyi bo'g'inlardagi ma'sul mansabdor shaxslarga yo tushunarsiz bo'lmoqda yoki hamon bexabar qolmoqdalar yohud bunday ezgu ishlar ularga malol kelgan ko'rinadi. Aniqrog'i, prezidentimizning bunday sahovatli tashabbusi ularga ko'pam YoQMAYaPTI !!!

Mustaqillik e'lon qilinganidan keyin o'tgan salkam 30 yillik davr mobaynida ona tilimiz bir qancha yangi so'zlar bilan boyidi. Bu bilan tilimiz har jixatdan rivojlanib, takomillashdi demoqchi emasman. Aksincha, avval qanday qadrsiz bo'lgan bo'lsa, davlat tili maqomini olgandan keyin ham qadr – qimmati pasaysa pasayib bordiki, ammo yuksalmadi. Hozirgi kunda ko'cha – ko'yda, jamoat joylarida, transportda, ta'lim dargohlarida, ishlab chiqarish korhonalarida, bozorlarda va boshqa davlat idoralarida davlat tilida muloqot qilish u yoqda tursin, so'kinib gaplashish yoki o'g'rilar tili ( vorovskoy jargon) da gaplashish borgan sari urfga, yanada achinarlisi, milliy qadriyatga aylanib bormoqda. Hozirgi kunda hech kim ment, loxmach, gad, stukach, kozyol, prokurva, shizo, shmon, raskrutka, tochkovka degan so'zlardan ajablanmasa kerak, chunki bular ularning leksikoniga mustahkam o'rnashib bo'lgan. Sababi, bir tomondan ma'naviyatimizga yot bo'lgan bunday so'zlarni erkagu ayol, yoshu qari, vaziru xokim, o'qituvchiyu vrach har damda va har qadamda qo'llayotganligi bo'lsa, ikkinchi tomondan yurtimizda jinoyatchilikni, ayniqsa, ayollar va balog'atga etmagan yoshlar o'rtasida jinoyatchilik ko'lamini borgan sari kengayib borayotganligidir.Lekin,hozir gap bunda emas. Atrofimizdagi ko'rib,eshitib,bilib turgan voqea hodisalarni qandaydir natija, oqibat deb qaraydigan bo'lsa, uning sababini ijtimoiy siyosiy tahlilchilar vaqti – soati kelib o'rganib chiqishadi va holisona hulosalarini berishsa, ajab emas.

Hozir esa gap asosan “tochkovka” haqida.

Demak, diqqat !!! O'zbekistonda bugun : “ Qonundagi tochkovka “ ( Tochkovka v zakone) yohud Qarshidagi qarshiliklar.

“ Tochkovka” mazmun mohiyati jixatidan g'ayriqonuniy, g'ayriinsoniy usul bo'lib, o'tgan yillar davomida faqat ayrim, aytish mumkinki, “ qora ro'yxat”ga kiritilgan mahkumlarga tadbiq etib kelingan. Bulaar asosan, muxolifatdagi siyosiy mahkumlar, inson xuquqlarini himoya qilish nodavlat tashkilotlari vakillari, mustaqil jurnalistlar, shuningdek, diniy e'tiqodi tufayli qamalgan maxkumlar bo'lib, bular orasida juda ko'p miqdorda narkotik savdosi bilan ayblangan jinoyatchilar ham bo'lgan.

“Tochkovka”dagi mahkumga har yili kamida ikki marta sun'iy ravishda ma'muriy jazo qo'llanilib kelinadi. Bu esa o'z o'zidan mahkumni qonunda belgilangan insonparvarlik dalolatnomasi qo'llanilishidan mahrum etadi, unga nisbatan amnistiya, manzil koloniyasi, ATI, MIJShOE(UDO) kabi ezgulik tamoyillari qo'llanilmaydi.

Bu tadbir har yili yilning ma'lum bir qismida amalga oshiriladi.Aynan o'sha kezda O'zbekiston JIEK laridagi mahkumlar o'rtasida “tartibbuzarlik holatlari” soni keskin ko'tarilishi statistikasi ham fikrimiz dalilidar.Bunday usulning yana bir jirkanch tomoni shundaki, davlat organlari ( IIV, prokuratura, sud, bojhona va soliq idoralari, MXX, shuningdek, vazirliklar va xokimiyat) ning nopok va korrumptsiyalashgan vakillari o'zlarining jinoiy qilmishlari fosh qilinishidan xavfsirab, halol va to'g'riso'z jurnalistlarga, nodavlat inson xuquqlari himoyachilariga va shu kabi qonun ustivorligini talab qilib, xaqiqatni yuzaga chiqarmoqchi bo'layotgan adolatparvar insonlarga nisbatan tuxmat va bo'xtondan iborat qalbaki xujjatlar bilan sohtalashtirilgan buyurtma ishi yasashda shunday yo'ldan foydalanishadi. Bunday tuban va maraz ishlar uchun “ariza” yozib beradigan pastkash “echki”lar hozirgi kunda yurtimizda keragidan ham ko'proq topiladi.

Davlat organi vakilining nojo'ya xatti – harakatlariga yoki noqonuniy faoliyatiga to'sqinik qilayotgan yohud uni fosh qilishga uringan “bechora xaqiqatgo'y” ana shunday yo'llar bilan bir amallab hibsga olinsa bo'lgani, uning aybsiz yoki aybdor ekanligi keyinchalik bironta ham tergovchi, prokuror yoki sudni qiziqtirmaydi. Endilikda u “tochkovka” tamg'asi ostida o'ziga belgilangan jazo muddati bir yil bo'ladimi yoki bir yuz bir yil bo'ladimi, farqi yo'q, – “zvonok” o'tiradi. Jazo muddati tugaganidan so'ng uni yana shu usulda “raskrutka” qilib, xuddi yana shu usulda unga qo'shimcha muddat beriladi.

Ayni damda sun'iy ravishda “narusheniya” qo'yish 49 – JIEKda qizg'in pallaga kirgan. Buning uchun “tochkovka” li mahkumlardan majburlab tushuntirish xati yozdirib olishmoqda. Yozishdan bosh tortganlarga esa qo'rqitish, taziyiq qilish yo'li bilan bosim o'tkazilmoqda. Nima bo'lganda ham turkum jamoa kengashi (TJK) nomidan turkum “zavxoz”i va “kultur”i qalbaki qaror chiqarib, qilinmagan ishni qildi deb, yolg'on guvohlikda tushuntirish xati yozib berishmoqda. Dilmurod Said, A'zam Turg'unov, O'ktam Umarov, Subhon Muhamedov, Anvar Ramazonov, Muzaffar Irmatov, Fahriddin Tillaev, Isroil Xoldor, Ruhiddin Fahriddinov, Lutfiddin Muhiddinov, Qutbiddin Noraliev, Abubakir Kenjaev kabi yuzga yaqin mahkum shtabga chaqirilgan va tushuntirish xati talab qilingan. Yozishdan bosh tortgan- larga esa baribir “hayfsan” yoki boshqa ko'rinishdagi jazo qo'llash xaqida xujjat to'plab, rasmiylashtirilgan.

Mahkumni “tochkovka” bilan tamg'alab, keyin unga “narusheniya” qo'yish, so'ngra “raskrutka” qilish ayni chog'da KIMga va NIMA UChUN kerakligi hanuz echimini kutayotgan dolzarb muammo ! To'g'ri, ilgari bu haqda o'ylab ham ko'rilmasdi. Hatto, bunday jirkanch va tuban harakat tepasida KIM turganligi ham hech kimni qiziqtirmasdi.

Bugun vaziyat o'zgardi! O'zgarmoqda !! Bunga ko'p yillar davomida “ aristonlar roba”sida yurgan mahkumlar ham ishonishmoqda. Biroq….. Hech kutilmaganda yana “tochkovka” qilish boshlandi va… endigina o'sib kelayotgan umid uchqunlari yana sarobga aylandi.

Bir qancha mahkumlar xodimlarning noqonuniy talabini bajarishdan bosh tortgan va prokuror bilan uchrashuvni talab qilgan. Ammo xodimlar bu noma'lum «tepa»ning buyrug'i ekanligini ro'kach qilib, prokuror bilan uchrashishni rad etganlar.

Bizning diyorimizda ham hozir XX1 asr, 37- yillar emas. Davlatimiz ham mana 25 yildirki mustaqil, kimlargadir qaram xam emas. Boshqaruv ham o'z qo'limizda, qandaydir Beriya yoki Gdlyanlar izmida emas. Shunday ekan, repressiya mashinasini yurgazayotgan ana o'sha “Buyruqchi tepa” KIM yoki QAER ?! Bu savolga javob yo'q, hozircha.

65 yoshli jurnalist A'zam Turg'unov ana shunday uydirma buyurtma ayblov bilan 2008 yil 12 iyulda qamalib, jazo muddatini o'tab chiqdi.

55 yoshli jurnalist Dilmurod Said ham xuddi shunday usulda qamoqqa olinib, 2009 yil 22 fevralidan beri 12,5 yillik qamoq jazosini o'tab kelmoqda. Bularni ozodlikka chiqishiga yana o'sha “tochkovka” tamg'a to'sqinlik qilmoqda. Shu o'rinda kichik bir izoh:

1. Dilmurod Saidov(Dilmurod Said) 1962 y.t. Taniqli maqolanavs, “Advokat press” gazetasi va O'zbekiston Inson Huquqlarini Ximoya Qilish “Ezgulik” jamiyati muhbiri.

2. A'zam Turg'unov 1952 yilda tug'ilgan, taniqli muxolifatchi, “ERK” partiyasi Markaziy Kengashi a'zosi, “ MAZLUM” IHHQ tashkiloti rahbari.

O'zbekistondagi mavjud JIEM larda buyurtma (uydirma) ayblovlar bilan qamoqqa olingan ana shunday yuzdan ortiq siyosiy mahkumlar hali hamon noqonuniy jazo muddatini o'tab kelmoqdalar. Bularning zindonband etilishidagi yagona aybi halolligi, to'g'riso'zligi, haqiqatgo'yligi, adolatparvarligi,iymon e'tiqodi bo'lsa, sababi bundaylarning ozodlikka chiqishidan hozirgi kunda jamiyatimizda gurkirab ildiz otayotgan korruptsiya juda qattiq havotirda ekanligidir.

Ayniqsa, O'zbekiston prezidentining korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risidagi farmonidan keyin aynan mana shunday halol va to'g'riso'z insonlarga muxtojlik sezildi. Ammo, aynan korrumptsiyalashgan rahbarlarning hali hanuz davlat boshqaruv idoralarida o'tirganligi “tochkovka” va “buyurtma jinoyat ishlari” kabi iflos usullarni saqlanib qolishiga omil bo'lib qolmoqda.

Mahkumlar huquqini kamsitish odatiy holga aylangan, ularga nisbatan so'kinib gapirish, haqorat qilish esa deyarli «oliy moda» hisoblanadi. Masalan, ishga chiquvchi mahkumlarga yakshanba va bayram kunlari uchun ish haqi to'lanmaydi. Ishlab chiqarish korhonasi zararli korhonalar toifasidan bo'lsada, qonunda ko'rsatilganidek qo'shimcha vitaminli va sut mahsulotlari berilmaydi. Ichimlik suvi tanqis, 2 -3 kunda bir marta kishi boshiga 1- 1,5l suv beriladi. Oziq ovqat, kiyim kechak ta'minoti ham ishlab chiqilgan qonun normalari talabiga mutloqo javob bermaydi. Mahkumlar yashash sahni va yotoq joylarida ahvol bundan yaxshi emas.

Masalaning yanada achinarli tomoni shundaki, “tochkovka”dagi mahkumlarning aksariyati muhtaram prezidentimiz eslatib o'tganidek, Vatanimizga, jamiyatimizga,xalqimizga hali ko'p foyda keltirishi mumkin bo'lgan oliy ma'lumotli, malakali mutahassislardir. Bular o'zlarining yuksak bilimi, namunali ahloq odobi, salohiyati bilan nafaqat oilasi yoki mahallasida, balki tuman va viloyat miqyosida hurmatli Prezidentimiz boshlab bergan ulkan islohotlarga o'zlarining munosib hissasini qo'shishi mumkin edi.

Shuningdek, mahkumlar tomonidan yozilgan shikoyat arizalari qonunga xilof ravishda tsenzura qilinadi,3- 4 oylab ushlab turiladi yoki shunchaki,yo'qotib yuboriladi. Hususan, mahkum Turg'unov A'zamning 2016 yil avgust oyida O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi va Bosh prokurori nomiga nazorat tartibida yozgan shikoyat arizasi, hamda Qorakalpog'iston prokurori E.T.Kaipbergenov nomiga yozilgan ochiq xati, shuningdek, 2017 yil 3 oktyabr kuni Bosh prokuror nomiga nazorat tartibida yozgan navbatdagi shikoyat arizasi shu vaqtga qadar tegishliligi bo'yicha yuborilmagan.

Mavjud muammolarni bir varaq qog'ozda yoki bir og'iz so'z bilan bayon etish imkoniyati yo'q.Yuqoridagi e'tiroflar tegishli ma'sullar tomonidan joyiga chiqib sinchkovlik bilan o'rganilsa, har tomonlama tekshirib chiqilsa, holisona huquqiy baho berilsa, eng avvalo, O'zbekiston prezidentining Inson xuquqlari va manfaatlari hamda ADOLAT va qonun ustivorligi borasidagi ta'kidlariga to'liq mos keladi.

Yuqorida ko'rsatib o'tilgan ana shu holatlarni tekshirish va amaliy chora ko'rish uchun O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, IIV, Ombudsman, OAV vakillari, chet elda va O'zbekistonda faoliyat yuritayotgan IHHQ tashkilotlari ishtirokida nufuzli komissiya tuzilsa, yanayam maqsadga muvofiq bo'lar edi.

Ushbu murojaatimizga alohida imzo qo'ymadik, sababi o'zingizga ma'lum. Chunki, bizning hamda yuqorida nomlari ko'rsatilgan va ko'rsatilmagan mahkumlarning xavfsizligi uchun hozirgi kunda O'zbekistonda ishonchli va qonuniy kafolat mavjud emas.

O'zbekistonning barcha jazoni ijro etish muassasalarida nohaq jazo muddatini o'tayotgan mahkumlarning oila a'zolari nomidan.

O'XH tahririyatiga kelgan maktub

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort