O’zbekiston Xalq Harakati

Holing ne fermer?

Holing ne fermer?
21 Ocak 2018 - 11:00 'da yuklandi va 770 marta o'qildi.

HOLING NE FERMER?
(Birinchi maqola)

O'tgan asrning 30-yillarida kolxozlashtirish ishlari qo'pol ravishda amalga oshirilganligini e'tirof etamiz. Ammo, kolxozlarni fermer xo'ajliklariga aylantirishda, keyinchalik ularni qayta «optimallashtirish»da xatoliklar bo'lmay, hammasi silliqqina bo'ldimi?

O'zaro suhbatlar paytida tajribali kolxo'z raisining kolxo'zlarni fermerga aylantirishdan norozi bo'lib gapirgani esimda. Uning bosh dalili – «kolxo'z odamlarni ish bilan ta'minlab turuvdi! Qo'li tekkanning og'zi tegadi, deganlaridek, kolxo'zchilardan biri to'y qiladimi? Ta'ziya marosimi uyushtiradimi? Ularga kolxo'z pravleniesi yordam berib turgandi. Endi bu fermer deganning har biri o'zini kolxo'z raisiday his qiladi, endi birovni ish bilan ham ta'minlamaydi, yordam ham bermaydi, yayloviga mol kirsa quvib soladi».

Raisning gaplarida jon bor edi. Yana bir oqil kishining bunday fikriniyam e'tiborga molik deyman:

–Kolxo'zlar tarqab ketgach qishloqlarda o'g'irlik ko'payib ketdi. Hatto, onalar ishsiz yurgan o'g'liga rahmi kelganidan o'z eri, bolasining otasi cho'ntagidan pul o'g'irlash haqida maslahat bergan paytlar bo'ldi.

Yaxshiyam Rossiyada ish chiqib qoldi, bo'lmasa qishloqlarda o'g'irlik, g'arlik avj olardi!

Qiziq bir voqeani eshitganman. Bilmadim buni to'qima deb o'ylash ham mumkin. Ammo, menga gapirgan kishi yolg'on gapirmaydigan odam.

Kolxo'z, sovxo'zlarni yo'q qilib, ularning o'rniga fermer xo'jaliklari tashkil qilish bo'yicha Bosh-Qosh bo'lgan rahbar ishdan bo'shab qopti. Hovlisida O'zbekistonda noyob hisoblanmish uzum navlaridan qilingan tokzori bor ekan. Mansabda turgan paytida Toshkent, vodiy viloyatlari hokimlari shu mo''jazgina hovlidagi uzumzorni parvarishlashga eng zo'r mutaxassis jo'natish uchun bir-birlari bilan talashar ekanlar. Hayot shafqatsiz. Mansabdan ketgach barcha talashlar barham topibdi. Bahor issig'i avjiga olayotgan paytda o'tgan xotiralarni eslab sobiq Vazir tokzorini yaxshilab parvarish qildirish yo'lini xalqona echibdi.

«O'g'lim,-debdi sobiq Vazir, kechqurungi ovqat paytida- tokzorga qanaqa noyob uzum navlari ektirganimni bilasan, barglari va novdalari kattarib, uzunlab bukilib qolyapti. Xomtok qilishni bilganimda o'zim eplardim, ham jismoniy mehnat edi. Ammo, bu ishni ustasi qilgani yaxshi. Ertaga mardikor bozorga borib, vodiylik dehqonlardan ikkitasini olib kelsang. Ishini qiladi. Pulini beramiz gap tamom, vassalom».

O'g'il ham otasining gapini ikki qilmasdan erta tongdan mardikor bozorga boribdi va ikkita tajribali bog'bon mardikorni olib kelib, ularga ishni ko'rsatibdi. Bu paytda sobiq Vazir tongdan keyingi uyquda ekan. Dehqonlar ishni ko'lamini chamalab, «kun isib ketmasdan, avval tepadagi barg va novdalarni xomtokini yulamiz, keyin pastdagisini» deyishib tepaga chiqib ketishibdi.

Mardikorlar gapga chechan odamlar bo'lib, tez ishlashar va ko'p gapirishar ham ekan. Ularning g'ala-g'ovur guringidan sobiq Vazir ham uyg'onib ketibdi. Tashqariga chiqib tokzor ostidagi yo'lakchadan hojatxona tomon yuribdi va bexosdan tepadagi mardikorlar uning nomini tilga olayotganliklarini eshitib qolibdi.

– Ahmadjon,-debdi birinchi mardikor ikkinchisiga, uzumlarning navi zo'r ekanmi? Uyning egasi sara bog'bon ekanmi? Lekin shunaqangi navlarni ektirgan odam, uzumni xomtokini uzishni bilmasa-ya?

– Be-e, qo'ysangchi Falonchiev (uy egasi familiyasini aytib)ga o'xshagan muttahamning uyi bo'lsa kerak, viloyatlardan bepul opkeltirgan, uzumini eyishni biladi-yu uni parvarishlashni bilmaydi!

– Bo'lishi mumkin, o'sha muttaham bo'lmaganda, sen bilan biz bir gektarlik uzumzorimizda ishlab, bu yoqlarga kelib qolarmidik!

– Ha, esingda bormi, bir gektarlik, ikki gektarlik bog'larni gapirib «bu Afandining ishi emasmi?»-degandi. Shundan keyin hamma kichik bog'bonlar sinib ketuvdi!

– Gapirma-e, o'sha muttahamning familiyasini eshitsam, jinim qo'ziydi!

Sobiq Vazir hojatga borishniyam esdan chiqarib, yuqoridatoklar bargi ostida ko'rinmaydigan mardikorlarning juda «iliq» haqoratlarini eshitibdi. Uyning egasi oqil odam ekan «mening ishdan ketishimga, mana shunaqa miskinlarning qarg'ishi sabab» deb o'ylabdi va mardikorlarning pastga tushishini kutib, dasturxon hozirlabdi.

Mardikorlar tepadagi ishlarni yakunlab pastga tushsalar ne ko'z bilan ko'rsinlarki, rosa haqoratlarga ko'mgan kishi elkasida oq sochiq ilib, qo'lida obtovani ushlab, dasturxonda nonushta tayyorlab turganmish.

–E,-debdi mardikorlardan biri, – kechirasiz, uyning egasi sizligingizni bilmay gapirib qo'yibmiz.

–Mayli,-debdi, uyning egasi ularning qo'liga suv quyar ekan. O'tgan gaplarni unutamiz, qilgan xatoimni tushundim, uzr, qani dasturxonga marhamat.

Xulosa qilib, bitta hadisni keltiraman.

Rasuli Akram deyarli shunday bir misol keltirganlar buni noqobil rahbarlar va qora xalqqa nisbatan ishlatsa bo'ladi, deb o'ylayman.

Kema tepasi, boshqaruvida turganlar balandda turib pastda, kema eshkagini tortayotganlarga suv bermasalar, pastdagi mehnatkashlar kemani tagini teshib suv oladilar!

Anvar Shukurov

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar