O’zbekiston Xalq Harakati

Muhammad Solih: Mirziyoevda tarixga mustabid rejimni isloh qilgan siyosatchi sifatida kirish uchun imkoniyati bor

Muhammad Solih: Mirziyoevda tarixga mustabid rejimni isloh qilgan siyosatchi sifatida kirish uchun imkoniyati bor
05 Şubat 2018 - 17:12 'da yuklandi va 1860 marta o'qildi.

MUHAMMAD SOLIH: MIRZIYoEVDA TARIXGA MUSTABID REJIMNI ISLOH QILGAN SIYoSATChI SIFATIDA KIRISh UChUN IMKONIYaTI BOR

Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov iste'fosi ortidan o'zbekistonliklarda bu tizimda ijobiy o'zgarishlar boshlanishiga umid uyg'ondi. Bu iste'fodan keyin o'zbek muxolifati vakillari qanday o'zgarishlar kutmoqdalar? Maxsus xizmatlarida, umumiyat-la, ijtimoiy hayotda qanday islohotlar o'tkazilishi kerak? “TurkistonTV” ana shu savollar bilan muxolifatdagi O'zbekiston Xalq Harakati lideri Muhammad Solihga murojaat qildi.

“Turkiston TV”: Muhammad Solih janoblari, O'zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov iste'fosi haqidagi xabar Siz uchun yangilik bo'ldimi? Ayrim ma'lumotlarga ko'ra, iste'fo haqida Inoyatovning o'zi prezidentga murojaat qilgan. Boshqa ma'lumotlarga ko'ra esa mamlakat rahbariyati undan lavozimni bo'shatib qo'yishni “so'ragan”. Bu borada Sizda qanaqa ma'lumot bor?

Muhammad Solih: Mendagi ma'lumotlarga ko'ra, Inoyatov o'tgan yiliyoq iste'foga ketmoqchi bo'lgan, ammo Shavkat Mirziyoev uni qo'yib yubormagan. Chunki, birinchidan, Mirziyoev lider o'laroq hali etarli darajada mashru'lik zirhiga ega emasdi. Ya'ni Inoyatov iste'fosidan keyin ochiq to'qnashuv yuzaga kelgudek bo'lsa, MXX va uning rahbari tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo'lgan muhtamal provokatsiyalarga qarshi etarli darajadagi nufuzga ega emasdi.

Lekin baribir Mirziyoev MXX erto'lalarida qiynoq ostida o'ldirilgan yuzlab begunohning qoniga boshdan-oyoq botgan “Karimovning Oyboltasi”dan ertami-kechmi to'la xalos bo'lishga majbur edi.

Ikkinchidan, Inoyatovning orqasida turganlarni zaiflatish, uning davlat idoralari va MXX ichidagi odamlaridan qutilish lozim edi. O'tgan yil davomida davlat idoralarida shu yo'nalishda “tozalash ishlari” olib borildi.

Bir hafta avval esa Mirziyoev o'n bir viloyatda bu “kontora” rahbariga sodiq bo'lgan MXX boshqarmalari boshliqlarini ishdan olib, bu jabhada hal qiluvchi zarbani berdi.

Shu “tozalash”ni amalga oshirib bo'lganidan keyingina u Inoyatovdan iste'fo arizasini “qabul qildi”.

Mamlakat ichida ham, xorijda ham pozitsiyasini mustahkamlab olgan Mirziyoev, endilikda “kuchli” deb bilingan bu figurani o'ziga nisbatan hayrixohroq bo'lgan boshqa bir figura bilan almashtirdi.

Mirziyoev Inoyatovni ishdan olgan zahoti, u o'zi va oilasi daxlsizligi ta'minlanishida dastak istab, darhol Moskvaga uchdi. Bizdagi ma'lumotlarga ko'ra, Inoyatovni Putin qabul qilmagan, u FSB (Rossiya Federal xavfsizlik xizmati – tahr.) boshlig'i Bortnikov bilan uchrashgan. KGBning sodiq askar-chekisti uchun daxlsizlik masalasi bo'yicha ham, aftidan, Toshkent bilan shu Bortnikov “muzokara” olib borgan. Va nihoyat, Mirziyoev senatorlik maqomini taqdim etish orqali Inoyatovga bu daxlsizlikni berishga majbur bo'lgan.

“Turkiston TV”: Huquq faollari Rustam Inoyatovni uning etakchiligidagi tuzilma uzoq yillar davomida muxolifatchilar va o'zgacha fikrlovchilarni hibsga olish, o'g'irlash va qiynoqqa solishlar doxil siyosiy repressiyalarni amalga oshirganlikda ayblab keladilar. Ayrim o'zbekistonliklar Inoyatov o'z qilmishlari uchun sud oldida javob berishi kerakligini aytmoqdalar, boshqalari esa, uning yoshi o'tib qolganini hisobga olgan holda, Inoyatovni “yuridik qalqon” ostida qoldirsa bo'laveradi, degan fikrdalar. Bu borada Sizning fikringiz qanday?

M. Solih: O'tgan yili Rustam Inoyatov nomini “Magnitskiy ro'yxati”ga kiritish bo'yicha muayyan urinishlar bo'lgandi, ammo G'arbdagi ayrim doiralar Karimov rejimida almashuv bo'layotgani uchun, ya'ni O'zbekistondagi o'tish davrini hisobga olib, bu qadamdan tiyilganga o'xshaydilar.

Endi bu shaxs davlatimizni tamsil etmaydi, endi uning nomi “Magnitskiy ro'yxati”ga kiritilsa, adolatli ish bo'lardi.

Bu tadbir general Rustam Inoyatov boshchiligidagi Uyushgan Jinoyatchilar To'dasi (UTD) chigilini yozish uchun ilk qadam bo'lardi.

Inoyatov boshchiligidagi bu Jinoiy To'da u MXXga rahbarlik qilgan 23 yil mobaynida O'zbekistonda siyosiy, moliyaviy va kuch ishlatar tuzilmalar sohasida o'zining “mini-imperiya”sini qurib ulgurdi.

Bu “imperiya”ni butkul parchalash uchun, birinchidan, davlat rahbarlaridan siyosiy iroda talab etiladi.

Ular MXX qalqoni ortiga gizlanib, davlat va halqqa ulkan moddiy zarar etkazgan bu kabi yirik jinoiy guruh borligini ochiq e'tirof etishlari kerak.

Bu Jinoiy Guruh o'zbek diktatori Karimov ko'zi o'ngida o'z pozitsiyasini mustahkamlash uchun uzoq yillar davomida “xalq dushmanlari”ni o'ylab topdi hamda o'zgacha fikrlovchilar va dindorlarni o'ldirib, qiynoqqa solib, siyosiy jinoyatlarni amalga oshirdi.

“Turkiston TV”: Solih janoblari, Mirziyoevga yo'llagan yaqindagi videomurojaatingizda Siz davlat rahbaridan qamoqdagi jurnalistlar va dindorlarga adolatli munosabatda bo'lishni hamda ularning ozod etilishiga ko'maklashishni so'ragansiz. Sizningcha, O'zbekiston kuch ishlatar tuzilmalarida, xususan, MXXda yana qanday islohotlar o'tkazish zarur?

M. Solih: Prezidentning o'rnida bo'lganimda MXXning bugungi tarkibini to'la tarqatib yuborib, jahon standartlariga yaqinlashtirilgan mutlaqo yangi bir tashkilot tuzgan bo'lardim.

“Maxsus xizmat” degani maxsus xizmat bo'lishi kerak, o'z xalqi ustida zindonbonlik bilan emas, balki istixborat (razvedka) va aksilistixborat (kontrrazvedka) bilan shug'ullanishi lozim.

Bu tizim siyosiylashmagan bo'lishi kerak, u biror-bir siyosiy partiya yoki siyosiy liderning shirkati yoki uyushmasi emas, balki davlatning tashkiloti bo'lishi lozim.

“Turkiston TV”: MXXning yangi rahbari Ixtiyor Abdullaev haqida fikringiz qanday? U kishi MXXda prezident Mirziyoev yaqinda ta'kidlagan restrukturizatsiyani o'tkaza olarmikin, keng ko'lamli islohotlarni amalga oshira olarmikin?

M. Solih: MXXning yangi rahbarining shaxsi haqida ma'lumotim juda oz. O'zbekistondagi tanishlardan so'rasam, unga “halol”, “odil” va hatto “pulga sotilmaydigan” odam deya juda ijobiy baho berishdi. InshaAlloh, shundaydir. Hammasini vaqt ko'rsatadi. Siyosiy mahbus-jurnalistlar Bobomurod Abdullaev, Akrom Malikov va Hayotxon Nasriddinov hamda MXX talabiga ko'ra qamoqqa tashlangan minglab mahkumlarga nisbatan MXXning yangi rahbarining munosabati uning uchun ilk lakmus qog'ozi bo'ladi, ilk mahaktosh buladi. Agar Ixtiyor Abdullaev bu imtihondan muvaffaqiyat bilan o'tsa, xalq ko'zida yuqori lavozimli rahbar uchun juda zarur bo'lgan mashruiyatni qo'lga kiritgan bo'ladi. InshaAlloh, u bu sinovdan muvaffaqiyatli o'tar.

“Turkiston TV”: Jamiyatshunoslar fikricha, jamiyat bir tekisda rivojlanishi uchun davlatga o'z tashkilotlaridan tashqari konstruktiv muxolifat hamda uyg'oq fuqarolik jamiyati ham zarur. Sizningcha, Shavkat Mirziyoev mamlakatda muxolif qarashdagi hamda inson haqlarini himoya qiluvchi kishilar bo'lishiga tayyormi? O'zbek rasmiylar tomonidan xususan Siz bilan qandaydir muloqot qilishga urinishlar bo'ldimi?

M. Solih: Rivojlangan davlatlarning barchasida siyosiy muxolifat siyosiy hayotning zarur komponenti bo'lib hisoblanadi. Agar O'zbekiston prezidenti haqiqatan ham o'z mamlakatini rivojlangan va zamonaviy mamlakat o'laroq ko'rmoqchi bo'lsa, u o'z xalqiga albatta so'z erkinligini beradi, matbuot hamda siyosiy tanlov erkinligini beradi. Shundan kelib chiqib, u muxolifatni – O'zbekistonda shu paytgacha kuzatilganidek – o'ziga dushman deb ko'rmaydi. U muxolifatni demokratik davlat qurilishida sherik, o'z xalqiga xizmat yo'lida esa hamkor sifatida qabul qiladi.

Siyosiy rejimni isloh qilish yo'lida turgan asosiy to'siq sahnadan uzoqlashtirilgan bugungi kunda prezident Mirziyoevda siyosiy muxolifatni legallashtirmaslik uchun, adolatsiz sudlangan muxolif qarashdagi siyosiy arboblarni oqlamaslik uchun bahona qolmadi, deb aytsak bo'ladi.

Mirziyoev uchun tarixga shunchaki navbatdagi prezident bo'lib emas, balki mustabid rejimni isloh qilgan bir siyosatchi sifatida kirish, bir milliy lider bo'lib qolish imkoniyati bor bugun.

Bu ishni amalga oshirish uchun ulkan siyosiy iroda va jasorat talab etiladi. Umid qilamanki, Mirziyoev bu tarixiy vazifaning uddasidan chiqadi.

“Turkiston TV”: Suhbat uchun tashakkur, Solih janoblari.

TurkistonTV
2018

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort