O’zbekiston Xalq Harakati

Na shafqat bor, na-da pushaymon

Na shafqat bor, na-da pushaymon
09 Şubat 2018 - 7:00 'da yuklandi va 498 marta o'qildi.

Islom XOLBOY

O'G'UZXONNING QILIChI
(Toshturma. 498 – 496-kameralarda bitilgan doston)

(11-qism)

Yigirma alp izdan yo'l solib,
Bormoqdalar mergan ortidan.
Idrokidan g'azabi g'olib,
Judo bo'lib hush, xayolidan.

Ko'zlarida soqol bosgan chol,
Azroilga o'xshash qiyofa.
Qo'lga tushsa agar u battol,
Qiymalarlar uni bu da'fa.

Yigirmata alpning dilida
Na shafqat bor, na-da pushaymon.
Tizginlari shayton qo'lida,
Quyushqondan chiqqan bir hayvon.

Go'yo Sardor erib bitgan sham,
Turkmanning yo'q hech manfaati.
Qalblaridan o'chganmi shu dam
Firoqiyning pand, nasihati.

Har qandayin zo'r ishtiyoqdan
Baland turar edi-ku millat.
o'zlariga g'azab tashlab band,
Shuurlarin bosdimi illat.

Millat manfaati oldida
Chivincha ham emas bu loshlar.
Uzilsa arzirli joyida,
Vatan uchun ming oltin boshlar.

O'n uch loshni qildilar dafn,
Qon yig'lashib, jonlari achib.
Kelajakni anglab, inchunin,
Bo'lardi-ku ketsalar kechib.

Junaidxon nari qirg'oqda
Ko'z tikmoqda, ko'nglida yuz oh.
Butun turkman turar oyoqda,
O'rmonlarday poylar lashkargoh.

Alplar tuzoq tegirmoniga
quymoq uchun yana boshdan suv,
bormoqdalar sig'may taniga,
tushadilar, ahmoq bo'lib, chuv.

Avazniyoz merganga aynan
Zarur edi mana shu ahvol.
Mergan shunga shaylandi ruhan,
Toptiradi alplarni zavol.

Ular o'ylab teskarisini,
Bo'lardi-ku qaytsalar tezroq.
Mergan bosib o'z tuzog'ini,
Hislariga bo'lardi uloq.

O'zi qazgan o'rada asir,
To'lg'anardi kuyib chalajon.
Chuv tushgani qilgandan ta'sir,
Kemirardi ichini armon.

Nechun tog'lar turganda, bizning
ko'zlarimiz qirlarda hamon.
Nedan tafti tegmaydi kuzning,
Bog'larini bosmoqda xazon.

Qora berib Avazniyoz goh,
Boraverdi ergashtirib, bot.
Har qadamdan tortardi ogoh,
Yigirma sher – shafqatsiz sayyod.

Avazniyoz tobora yaqin
olib asta-asta orani –
charchaganday ko'rsatib o'zin,
qo'llamoqchi bo'ldi chorani.

O'q etgudek masofada u
bir xil tutdi ikki chiziqni.
Botirlarning ichida dodi,
G'ajimoqchi u betiyiqni.

Yana tezlab ketdi u g'addor,
Orqasida iti Ko'ktarlon.
Botirlar ham tizilib qator,
Quva ketdi misoli qoplon.

Kun tikkadan og'gan mahali,
Uzoqlardan ko'rindi qora.
Otlarning ham qurib madori,
Yurishlari qiyin tobora.

Avazniyoz otidan uqib,
Bilib borar edi barini.
Ot og'ziga quyruqni tiqib,
Shimdirardi unga yog'ini.

Yog'ni qonib shimigan tulpor
Arpani eb, suv ichganday mast.
Uchar go'yo ko'kdagi shunqor,
Ko'rinadi barxanlar ham past.

Yana ikki ora qisqarib,
Qoldi o'q etgudek masofa.
Yigirma alp bir qator turib,
O'q uzdilar, endi bu da'fa.

Merganga o'q etib-etmasdan,
Qumga yog'di ko'kdan misli do'l.
Mergan shuni cho'tlagan qasddan,
Bu yo'l kelmas botirlarga qo'l.

Barcha botir miltig'in o'qlab,
O'qtaldilar, qaytadan bir saf.
Tepkini bir bosdilar cho'tlab,
Bu safar ham o'q bo'ldi isrof.

Yo'q, undayin bo'lmadi, chog'i,
Qorabayir depsindi elas.
Merganning naqd quridi bog'i,
Tog'day gavda ag'darildi dast.

Ikki qo'li osildi-da, u,
Ilib qoldi egar qoshiga.
Yigirma sher yoprilib, yohu,
Tish qayrardi mergan loshiga.

Kutmaganda loshga inib jon,
Mardlar tomon uzdi uch-to'rt o'q.
Erga qulab tushdi ikki tan,
O'q uzguncha, yana mergan yo'q.

Kiyik kabi uchardi oti,
Charchoqlardan yo'q edi asar.
Qorabayir G'irko'kning zoti –
Bo'lganda ham bu qanday hunar?!

Bovar etmay o'n sakkiz botir,
Barmog'ini tishlab qotdi lol.
Uyatidan bari bahodir,
Bir-biriga boqdilar bir hol.

Avazniyoz hiylasiga bot
Qoyil bo'lib, ayladilar, tan.
Ichlaridan xuruj etib dod,
Bosh egilib, karaxt bo'ldi tan.

(Davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar