O’zbekiston Xalq Harakati

Alisher Navoiy qit'alari

Alisher Navoiy qit'alari
10 Şubat 2018 - 6:00 'da yuklandi va 411 marta o'qildi.

Alisher Navoiy qit'alari o'ta go'zal. Ma'noga to'la. O'qib qalb huzur qiladi, goho ko'zlar yoshlanadi…

“Qit'a” so'zi parcha, bo'lak degan ma'noga ega. Faqatgina juft misralari qofiyalangan va aruzning muayyan vaznida bitilgan, axloqiy-ta'limiy she'rlar qit'alardir.

Quyida Navoiy hazratlarining qit'alarini nasriy bayoni bilan taqdim etmoqdamiz.

Umid qilamizki, mutolaa onlari zavqli kechajak, inshaOlloh.

tahririyat

* * *

2-qism

Fano maqomig'a etkan solik vasfidakim, moldin anga ziyon yo'qturu johdin nuqson

Soliki ozodani ko'rsang g'aniy, qilg'ay debon
Mol aning man'i suluki qilmag'il inkor anga.

Kema tiyri mol aro bo'lmish muqayyad demagil,
Ko'rki, oncha mol o'lurmu moni'i raftor anga.

Mazmuni:
Fano maqomiga etgan solikning sifati. Moldan uning uchun ziyon yo'q, boylikdan esa nuqson

Bir pokiza solikni ko'rsang, u boy bo'lsa, mol dunyoga berilibdi deb uning yo'lini inkor qilma.
Kema qora mol ichida yo'q bo'lib ketadi dema, qara, shuncha yuk uning suzishi uchun monelik qilyaptimi?

* * *

O'zlukdin qutulmoq suubatida va ananiyyat tarki shiddatida

Ey ko'ngul, tan taxtasin bu qa'ri yo'q girdobdin
Istasang sohilg'a chekmak, bilki, bu oson emas,

Piru iste'dodu tavfiq o'lmasa bo'lmas bu ish,
Kimdururkim, bag'ri bu hasratdin aning qon emas.

Mazmuni:
O'zlikdan qutulish azobi va borlikni tark qilish shiddati haqida

Ey ko'ngil, tan taxtasini bu tubi yo'q girdobdan sohilga olib chiqishni istasang, bu oson emas.
Agar kishining bag'ri bu hasrat ila qon emas ekan, bir yo'l ko'rsatuvchi pir, iste'dod, tavfiq bo'lmasa, bu ish bo'lmas.

* * *

Aqlning barcha tariqida maoshni dushvor bilmagu junung'a qaror bermak

Vajhi maosh uchun kishikim desa fikr etay,
Qismat rizosidin anga begonaliq kerak.

Kunji qanoat archi erur saltanat valek
Eldin tama'ni uzgali mardonaliq kerak.

Kim ishq asiri o'lsaki, mumkin emas visol
Dardu balog'a hamdamu hamxonaliq kerak.

Lazzoti nafs tarki samari ofiyat berur,
Lek ul shajarni ekkali farzonaliq kerak.

Tajrid nuridin kishi ko'z yorutay desa,
Ahbob hajri sham'ig'a parvonaliq kerak.

Gar anjumanni desa muridu muti' etay,
Ko'p nuktavu fasonada afsonaliq kerak.

Botin harimida tilasa maxzani huzur,
Zohir uyi asosig'a vayronaliq kerak.

Zohir yuzidin ar tilasa toju izzu joh,
Dardu balo muhitig'a durdonaliq kerak.

Desang xalos o'lay borisidin Navoiydek,
Bexudlug'u may ichmagu devonaliq kerak.

Mazmuni:
Aqlning barcha yo'lida tiriklikni dushvor bilmak va jununga qaror bermak haqida

Inson tiriklik uchun fikr etay desa, qismatga rizo bo'lmasligi kerak.

Qanoatning o'zi bir saltanat, ammo eldan ta'ma qilmaslik uchun mardonalik zarur.

Agar kim ishqqa asir bo'lsa, visol mumkin emas, u dardu baloga hamdamu hamxona bo'lishi shart.

Nafs lazzatini tark qilishning mevasi ofiyatdir – omonlikdir, lekin bu mevani beradigan daraxtni ekish uchun fidoyilik kerak.

Tajrid – yolg'izlik – Olloh bilan qolish nuri ila ko'zni yoritaman degan inson do'stlar ayrilig'ining shamiga parvona bo'lishi lozim.

Agar kishi ko'pchilikni istasa, boshqalarni murid qilay, mute' qilay desa, juda ko'p bilim va sehr borasida sehrgarlik kerak bo'ladi.

Kimki, botin ichidan huzur xazinasini istasa, zohir uyini vayronu ustiga qurishi lozim.

Agar inson zohir yuzidan toj, izzat va davlat tilasa, dardu balo ichida durdona bo'lishi kerak.

Agar bularning hammasidan Navoiy kabi xalos bo'lay desang, hushingni yo'qotishing, may ichishing va jinni bo'lishing kerak.

* * *

Qanoat naqshining ifshosiyu naqshbandiya tariqining adosi

Qanoat tariqig'a kir, ey ko'ngul
Ki, xatm o'lg'ay oyini izzat sanga.

Desang shoh o'lay eru ko'k basdurur,
Bu bir taxtu ul chatri rif'at sanga.

Fano shu'lasida yoshur jismni,
Kerak bo'lsa zarbaft xil'at sanga.

Etar lola butkan qoya qullasi,
Murod o'lsa gulgun hashmat sanga.

Erur bas arig' nuktavu qon yoshing,
Duru la'ldin zebu ziynat sanga.

Desang xilvatim anjuman bo'lmasun,
Kerak anjuman ichra xilvat sanga.

Vatan ichra sokin bo'lub soyir o'l,
Safardin agar bo'lsa mehnat sanga.

Nazarni qadamdin yiroq solmag'il,
Bu yo'l azmi gar bo'lsa rag'bat sanga.

Damingdin yiroq tutmag'il hushni
Ki, yuzlanmagay har dam ofat sanga.

Bu to'rt ish bila rub'i maskun aro,
Chalinmoq ne tong ko'si davlat sanga.

Bu ohang ila bo'lg'asen naqshband,
Navoiy, agar etsa navbat sanga.

Mazmuni:
Qanoat naqshining fosh bo'lishi va naqshbandiya yo'lini ado qilish haqida

Qanoat yo'liga kir, ey ko'ngil, shunda sen izzat maqomini xatm qilgan bo'lasan.

Agar shoh bo'lay desang, er va ko'k etarli – biri senga taxt, biri esa yuksak chodirdir.

Fano nuri ichra jismingni yashir, agar senga zarbof to'n kerak bo'lsa.

Muroding gulgun hashamat bo'lsa, qoya minorasida bitgan lola sen uchun etarlidir.

Agar dur va la'ldan ziynat istasang, pokiza sir va qonli yoshing shunday ziynatdir.

Xilvatim anjuman bo'lmasin desang, senga anjuman ichida xilvat kerak.

Agar safar mashaqqati zarur bo'lsa, Vatanda sokin bo'lsang ham sayr etguvchi bo'l.

Agar bu muborak yo'lga kirish uchun rag'bating – xohishing bo'lsa, qadamingni nazardan yiroqqa qo'yma.

Agar bir nafas ham hushingni yo'qotmasang, senga ofat yuzlanmaydi.

Agar sen bu to'rt ishni to'rt maskan aro qilsang, davlat nog'oralari sen uchun chalinsa, ne ajab!

Navoiy, agar senga navbat kelsa, bu ohang bilan naqshband bo'lasan.

Qisqacha sharh:
Ushbu qit'ada Navoiy naqshbandiya tariqatining shartlarini sanagan. U naqshbandiya yo'lida qanoat birlamchi ekanini aytgan. Navoiy qit'ada to'rt holatga diqqat qaratgan:

1) anjumanda xilvatga erishmoq (xilvat dar anjuman) – jamiyat ichra yurib Olloh zikrida bo'lish;

2) o'z makoningda bo'lib safar mashaqqatini bilish (safar dar Vatan) – bu olamning o'zini bir safar – sayrgoh deb tushunish. Bu olamdan, albatta, o'tib ketish naqdligini yodda saqlash;

3) hamisha ko'zni oyoqqa qadab yurish (nazar bar qadam) – ko'z orqali turli gunohlarga yo'l qo'ymaslik uchun hamisha yurayotgan yo'lga qarash;

4) har nafasdan ogoh bo'lish (hush dar dam) – har nafasda Ollohning ikki marta zikr etmoq: olingan va chiqarilgan nafasda.

* * *

Tavakkul sifatiyu betavakkullar mazammati

Tavakkulni ulkim qo'yub, xotirig'a
Tushar shoh ollinda qulluq havosi,

Nasibi aning bir ayoq osh erur bas,
Agar ganji Qorun erur muddaosi.

Biravkim, bo'lur bir ayoq osh uchun qul,
Yuziga keraktur qazonning qarosi.

Mazmuni:
Tavakkulning sifati va betavakkullarning ayblanishi

Kim tavakkulni unutsa, xayolida shohga qulluq qilish bo'ladi. Shunday bo'lgandan keyin, u garchi Qorun ganjini muddao etsa ham, bir tovoqqina oshga erishadi, xolos.

Agar kimki, shu bir tovoq osh uchun qul bo'lsa, uning yuziga qozonning qorasini surish kerak.

* * *

Mahluq mulozamatidin tanfiru g'ayri haq mulozamatidin tahzir

Kimki mahluq xizmatig'a kamar
Chust etar, yaxshiroq ushalsa beli.

Qo'l qovushturg'ucha bu avlodur
Ki aning chiqsa egni, sinsa eli.

Chun xushomad demakni boshlasa kosh
Kim, tutulsa dami, kesilsa tili.

Mazmuni:
Maxluqqa mulozamat qilishdan nafratlanish va Haqdan bo'lakka egilishdan hazar qilish haqida

Agar kimki maxluq xizmatiga kamar bog'lasa, beli singani yaxshiroq. O'sha maxluqning oldida turib qo'l qovushturgandan kra bo'yni chiqib, qo'li sinsa yana ham yaxshi.

Agar o'sha maxluqqa xushomad qilishni boshlasa, nafasi qaytib, tili kesilsa, qani edi!

* * *

So'zga quloq solmoqu og'iz ochmamoq, gavharni terib, o'z gavharin sochmamoq

Quloqda asra garonmoya so'zniyu fikr et
Ki, dursiz o'lsa, ne bo'lg'usidur sadaf holi.

So'zungni dag'i ko'ngul ichra asrag'ilkim, hayf
Kim, uyla durjni guhardin etkasen xoliy.

Bu durju ikki sadafni to'la dur etkanga,
Zihe uluvvi guhar, balki gavhari oliy.

Mazmuni:
So'zga quloq solib og'iz ochmaslik, gavhar terib, o'z gavharini sochmaslik haqida

Qulog'ingda qimmatbaho so'zni asra va fikr et: agar dur bo'lmasa, sadaf qanday holga tushadi?

So'zingni yana ko'ngil ichida saqla, agar shunday qilmasang, qutindan gavharlarni sochganingdek hayf bo'ladi.

Bu durju – ko'ngilni va ikki sadafni – quloqni durga to'la qilgan odamga ofarin! Balki unga yanada oliyroq gavharlar nasib etsin!

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort