O’zbekiston Xalq Harakati

O'g'uzxonning qilichi

O'g'uzxonning qilichi
10 Şubat 2018 - 7:00 'da yuklandi va 304 marta o'qildi.

Islom XOLBOY

O'G'UZXONNING QILIChI
(Toshturma. 498 – 496-kameralarda bitilgan doston)

(12-qism)

Avazniyoz otni eldirib,
Kirib ketdi saksovulzorga.
Bahodirlar ko'ksiga urib,
Bosh qo'ydilar o'ylamay dorga.

Qonga to'lib ikki ko'zlari,
Ot soldilar mergan izidan.
Munkib ketar otlar tizlari,
Ter quyilar horg'in yuzidan.

Avazniyoz uchirib otin,
uzoq yurib qoldirdi-da iz,
u aylanib go'yo bir chaqin –
ort tomondan paydo bo'ldi tez.

Ikki barxan o'rtasidan ot
solar chog'da bahodirlar dast,
chovut urdi pistirmadan bot,
mergan sherday quturgandi mast.

Beshta botir er tishlagan choq,
Sarosima tushdi otlarga.
Ayqash-uyqash bosh bilan tuyoq,
Otlar o'zin urar o'tlarga.

Otlar yo'lin yo'qotganida,
Foydalanib qoldi u yana.
Mergan cho'tlab o'q otganida
Jonsiz qolib ketdi besh tana.

Alplar o'zin rostlagancha to,
Avazniyoz yana bo'ldi zim.
O'nta jonga qo'ydi-da nuqta,
Cho'kkan toshday g'oyib bo'ldi jim.

Boshin ushlab qoldi botirlar,
Beli singan ilonday nolon.
Yigirma besh bo'ldi mayitlar,
Uzularkan yana qancha jon!

O'ta makkor chiqqandi dushman,
O'laksaxo'r ul qari tulki.
Botirlar pand edilar yomon,
Bir ovchiga bo'lganda kulki.

Mayitlarni yig'ib bir joyga,
Bitta go'rga etdilar dafn.
Chek qo'ydilar bunday g'avg'oga,
G'am ularga solgandi tizgin.

Ko'zi ochilganda ularning,
Qayiq suvga oqib bo'lgandi.
Foydasi yo'q afsus cheksang ming,
Chaqmoq chaqib, yomg'ir quygandi.

Sakkiz botir – osilib boshi,
Qaytmoqdalar bir turna qator.
Yuzlarini kuydirar yoshi,
Yorug' dunyo ko'zlariga tor.

Quyosh yig'lab botmoqda g'arbga,
To'kilgan qonlarga belanib.
Chidolmasdan qumlar ham zarbga,
To'lg'onarlar jonday elanib.

Saksovullar bukkandir qaddin,
Botirlarga kelganday rahmi.
Bu qayg'uning yo'q edi haddi,
Qo'rquv solar sahroga vahmi.

Botirlarning yuraklari qon,
Junaidxon so'zlarin eslab!
Aytgan edi: “Galdirlar yomon,
har bittasi qirqta shertalab!

Asli nasli Bo'zqurt avlodi,
osonlikcha bermaydilar yon.
Shuurinda O'g'uzxon yodi,
nomus uchun ayamaslar jon.

Or yoninda mol-dunyo qilcha
ko'rinmaydi ular ko'ziga.
Olmaydilar o'lik chivincha,
qarshi chiqsang aytgan so'ziga”.

Endi pushaymondan nima naf,
Junaidning so'zi besamar.
Avval-boshdan bo'lmasdan taraf,
o'ylash kerak edi onqadar!

Qoraqumda turib Junaid,
Sibirdagi elni biladi.
Muallimi sertashvish hayot,
U millatni, elni sevadi.

Sardorlarga solmaslik quloq
Shu kunlarga tushirmadimi?!
Kibru havo, manmanlik chatoq,
Qadrimizni qochirmadimi?!

Sakkiz boshda faqat bitta o'y,
Xatosidan barcha pushaymon.
Endi farqsiz azami yo to'y,
O'zan topmay o'rtanadi jon.

Egasi yo'q otlar irg'anib,
Odimlaydi – sahro bepoyon.
Pishqiradi g'amdan qiynalib,
Tog'day og'ir yukdir pushaymon.

Tunday qora munchoq ko'zlari,
Dona-dona to'kar yoshini.
Yollarida g'amning to'zlari,
Ko'tarolmas erdan boshini.

***

Mehvaridan zamin aylanib,
Borliq kiydi qop-qora chopon.
Alplar shimol, g'arb tomon enib,
Yo'lin davom ettirgan zamon.

To tungacha qaytmasalar gar,
qarorgohda qolgan etti alp,
kutmoqligi lozim edi har –
holatda ham kechuvda turib.

Oyoq yo'li Amudaryodan,
Zohir edi bitta kechuvda.
O'ta olmas bundan har odam,
Kimlar oqib ketmagan suvda.

Unga etguncha ham to'qayzor,
O'tardilar otlar tizilib.
Lahatdan ham so'qmoq edi tor,
Bir ot zo'rg'a sig'ar, ezilib.

Orqasiga qayta olmas ot,
So'qmoqqa bir urgandan so'ng bosh.
Changalzorga kirib qolsa bot,
Sherlar tortar edilar yuvosh.

Amudaryo qirg'og'igacha
uch chaqirim edi masofa.
Bu qirg'oqdan u qirg'oqqacha
yana shuncha edi sahifa.

Bilgan odam yo'lakni borlab,
Olib o'tar edi karvonni.
Ko'plar oqib ketardi zorlab,
Topaman deb suvdan o'zanni.

Amudan sog' kechgan har kishi
yuz tutardi Darg'onotaga.
Kambag'alning o'tganday qishi,
Boqmas edi qaytib daryoga.

Amudaryo qilib masxara,
Oqar edi to'lg'onib borho.
Suvi loyqa bo'lsa ham sara,
Tortaman der domiga yuho.

Qancha botirlarning suyagi
makon tutgan daryo tubidan.
Qon ichmoqlik uning tilagi,
Kesib o'tmang aslo ichidan.

(Davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar