O’zbekiston Xalq Harakati

Behi

Behi
12 Şubat 2018 - 5:00 'da yuklandi va 549 marta o'qildi.

2018 yilning fevral oyida Xorazm diyorining buyuk shoirlaridan Matnazar Abdulhakim tug'ilganiga 70 yil to'ladi.

Olingan norasmiy xabarlarga ko'ra, shu kunlarda O'zbekistonda Matnazar Abdulhakimning 10 jildlik to'la asarlar to'plami nashrga tayyorlanayapti.

Biz ham rahmatli shoirning 70 yillik sanasi munosabati bilan uning 2 jildlik kitobidan she'rlar e'lon qilayapmiz.

Tahririyat

* * *

Matnazar ABDULHAKIM

TANLANGAN ASARLAR
1 – jild

“OYDINLIK” KITOBIDAN

BEHI

Bir juft behi keltirgan eding,
Bir-biridan xushbo'y, muattar.
Men ularni qattiq sog'indim
Va sarg'aydim behidan badtar.

Mana, yana behilar pishdi –
Firoq fasli, hijron mavsumi.
Mevalarning eng bir hazini,
Mevalarning eng bir ma'sumi.

Kezmakdaman behizorlarni,
Bir behi yo'q boshin egmagan.
Za'faron bu mevalar sag'ir,
Hech biriga qo'ling tegmagan.

Sensiz butun dunyo bejizim,
Sensiz butun dunyo behudam.
Hamuqubat, hamdardim bilib,
Hol so'rayman har bir behidan.

Xayolimda boshqa mevalar
Ming bor inkor, ming bor rad bo'ldi.
Dunyoda bor hikmat yakuni
Juft behidan iborat bo'ldi.

Kelmasang-da tonglar otmog'i
Va kunlarning botmog'i mumkin.
Lekin menga tinchlik bermaydi,
Keltirganing juft behi tun-kun.

Aylandi ul biri quyoshim,
Aylandi ul biri oyimga.
Armon bilan boshqa behilar
To'kiladi bir-bir poyimga.

* * *

Labingdagi kulgudan kelsam,
Dilimdagi ohdan kelasan.
Men hamisha tog'dan kelaman,
Sen hamisha bog'dan kelasan.

Bu go'yoki bir nodonlikdir,
Go'yoki bu jo'n bir jaholat.
Lekin mudom taskin beradi
Yuragimga mening bir holat.

Bizga mansub bu ziddiyatning
Qovushmoq bor oxirlarida…
Sen kelgan bog' men kelgan tog'ning
Joylashgan yonbag'irlarida.

* * *

Men so'ngsiz bir azob, muhtasham bir dard,
Qo'rg'oshindek og'ir xayolga o'g'il.
O'ylayman… qorachiqqa poyonsiz nafrat,
Kipriklarga mehr qalqadi, mo'g'ul.

Bobom Shayx Najmiddin Kubro qo'lida
G'ijimlanib qolgan manfur tug'laring.
Chirib-chirib yotar Urganch yo'lida
Qatlimga qayralgan qattol tig'laring.

Men kanda qilmayman tig' chiritmoqni,
Sen urholar solib, eldek esasan.
Bo'ynimga Chingizxon urgan sirtmoqni
Zahiriddin Bobur bo'lib kesasan.

Xayollar goh qipchoq, goh o'g'izimda,
Dil — To'maris meshi. Qonga to'ladi.
Bilmayman qo'ldami yoki bo'g'zimda
Isfahonmi yoxud Damashq po'lati.

Asr-asrlarni sen talay-talay,
Ayqash-uyqashlaysan zulmat-ziyoni.
Dengizga tegmaysan, rahmat, harqalay,
Tashlab ketadirsan ikki daryoni.

Ikki daryo madhi bitilgan she'rlar
Belga yor bog'lagan qiyiqlarimda.
…Men tushlar ko'raman. Manglayim terlar.
Mudhish bir istehzo miyiqlarimda.

 

* * *

Makrni kasb qilib olgan g'addorlar
Ezgu mehringizga solgandi qutqu.
Shundan beri, mana, ikki qal'ada
Yolg'iz bir o'zingiz yashaysiz tutqun.

Vujudingiz yashar bir xonadonda
Achchiq farovonlik ta'mini totib.
Birov uchun — kelin, birov uchun — qo'shni,
Birov uchun esa — qumridek xotin.

Go'shangizda, afsus, g'arazlar to'rda,
Poygakda mum tishlab haq, insof jimdir.
Mehr-muhabbatdan, samimiyatdan
Boshqa hamma narsa to'kin-sochindir.

Siz taraf otlanar bo'lsam, yo'llar berk,
Har qadamim uchun sha'ningizdir boj.
Men tushlar ko'raman — poyingizda taxt,
Men tushlar ko'raman — boshingizda toj.

Men tushlar ko'raman, qolmasin deb el
Adolat atalgan oliy urfsiz,
Zolimlar ichinda kirdikorlarin
Maxfiy va batafsil bilib yuribsiz.

Men tushlar ko'raman, o'qirkansiz hukm,
Har so'zda adolat ko'rsatar tal'at.
Ilhaq uyg'onaman — xasta yuragim
Siz qamalib qolgan boshqa bir qal'a.

Shunday muhtasham bir yolg'izlik bilan
Kunlarim o'tmoqda shikva-nolasiz.
Na u qal'angizdan bo'lasiz xalos,
Na bu qal'angizdan xabar olasiz.

Sizdan boshqa kim ham anglasin meni,
Yuragimga yo'lni boshqa kim bilsin.
Bu majnun qal'aning har qopqasida
Muhabbat atalgan muqaddas tilsim.

Malikam! Etibmi iltijolarim,
Voqiflar bo'libmi bebaho sirdan,
O'zingizni yo'qlab keling… tilsimlar
Jaranglay boshladi hozirdan.

  

* * *

Na Majnun bo'lmoqlik da'vosi dilda,
Na yurakda Farhod bo'lmoqlik bahsi.
Yurgandim, manglayda ajin, sochda  – oq,
Ming xil g'alva bilan chalg'ib, alahsib.

U ham o'zi bilan o'zi ovora,
Yurgandi kuy kuylab, ertak ertaklab.
Bir-birov qoshiga bizni shafqatsiz
Nima uchun kelding etaklab.

Nima gunoh qildi sening oldingda
Yanoqlari bir juft qizil olma qiz…
Mening-chi, mening ne aybim bor edi,
Yalmog'izsan, muhabbat, yalmog'iz…

 

* * *

Sevgilim! Hajringda o'lmadim,
Na-da alqa, na-da ber jazo.
Shundoq ham tashrifing — bir ko'klam,
Shundoq ham tashrifim — bir xazon.

Bugun men ko'p horib kelganman,
Yuragim tashnadir, tashnadir.
Yalinib-yolvorib kelganman.
Ko'zlaring chashmadir, chashmadir.

Musaffo chashmingga, zilol chashmingga
Borlig'im yutoqib hovuch urar.
Bo'g'zimda qo'shiqlar yozar barg,
Bo'g'zimda sukunat qovjirar!

 

* * *

Kun ham botib bo'ldi. Yulduzlar behol.
O'tinaman, bersin, yor, xayrimizni,
Yolg'iz qolsin bir juft majnuntol,
Tugataylik endi bog' sayrimizni.

Chinorlar ohista xazon sochmoqda,
Bitmoqda zaminga za'faron xatlar.
So'zlar o'zlarini olib qochmoqda,
Tilga kirayotir bu sukunatlar.

O'z holiga qolsin yaqin va yiroq,
Har lahza biz uchun bebaho tortiq.
Ko'zlaringga navbat bermay ming chiroq,
Ko'p uzoq porladi… olsin-chi hordiq.

Quloq tutmay kuzning mangu siriga
Tan olmay xazonning g'olib bu faslin.
Ikki asov yurak biri biriga
Ohista-ohista bo'lmoqda taslim.

Baxtimizni quyuq oqshom tasdiqlar,
Bu baxt ko'p soddadir, bu baxt ko'p chigal.
Hijronda tosh qotgan sovuq yostiqlar
Bilsang edi, hozir qanday ko'pchigan…

  

* * *

Qachon sen dodimga etasan,
Bir uchqun baxsh etib ko'zingdan.
Boraman. O'zingdan ketasan.
O'zingni topmayman o'zingdan.

Mo''jizalar bari sensiz — jo'n,
Uvollar bo'ladi faryod ham, oh ham.
Kel, birgina nafas erga qo'n,
Ma'budam, farishtam, iloham.

Nazarga meni bir dam il sen,
Bo'lmay tursin olam bir nafas qafas.
Bir nafas osmonni er qil sen,
Erni osmon etgil bir nafas!

* * *

Yo'lingga ko'z tutib tunim tong bo'ldi,
Yo'lingga ko'z tutib bo'ldi kech kunim.
Poyingga chechaklardan gilam yozolmadim,
Bo'lmasa ham sendan boshqa hech kimim.

O'z vaqtida kelding, xijolat tortma,
Gullab yashnamadi agarchi hech er.
Zolim qish o'z vaqtida ketmadi, xolos,
Bahorim, bu surbet qorlarni kechir.

 

* * *

Kabutardek uchib kelding sen,
Kiyikchadek kelding sen elib.
Va — termulding. Mayin nigohing
Yuragimga sanchildi kelib.

Yanglishmasdan urding o'qingni,
Ortiqcha bir hunar, san'atsiz.
Va — men endi chalajon, behol,
Va — men endi muvozanatsiz.

Bilmaganga solib o'zingni
Kulyapsan la'l… kulyapsan aqiq…
Bizda, axir, xabaring yo'qmi,
Arslon ovi qilingan taqiq.

 

* * *

Sen yonimga tushding tong payti, ey oy,
Sen qoshimga kelding saharda, mohim.
Meni deb erdasan… baland masnading
Bundan-da balandroq bo'lsin, ilohim.

Tilim kalimaga kelmas. Titrayman.
Yonib turgan anduh azobi jonda.
Visol soatlari o'tadi bir-bir,
Yuragim — qo'lingda, boshim — osmonda.

Bilmagandek, holin so'rayverasan
Lablarimda kulgu, ko'zda yoshimning.
Og'riqlari bilan nima ishim bor
Osmon-osmonlarda yurgan boshimning.

Yaxshisi, so'ragil, sarviqomatim,
Yaxshisi, so'ragil, nozik niholim.
Shundoqqina qo'lingda, shundoq kaftingda
Tipirchilab turgan yurakning holin.

Mangu bir diydorga erishmak, axir,
Nasib bo'lmagaydir na sen, na menga…
Qoshimni bir kun tark etganingdan so'ng
Botib-botib ketgay boshim zaminga.

Xavfsinma. Biz ham bir ishqibozlarmiz.
Shundaydir davrning yalpi holati.
Bilmagan ishq deydi… bilganlar esa
Miyig'ida kulib qo'ya qoladi.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort