O’zbekiston Xalq Harakati

Yurak tugul, eridi toshlar

Yurak tugul, eridi toshlar
12 Şubat 2018 - 7:00 'da yuklandi va 494 marta o'qildi.

Islom XOLBOY

O'G'UZXONNING QILIChI
(Toshturma. 498 – 496-kameralarda bitilgan doston)

(13-qism)

Mergan yana aylanib o'tib,
Kutib turdi pistirmada zim.
Qorabayir shamolday elib,
Topmas edi bir nafas to'zim.

Qorabayir quyruq kuchidan
terisiga sig'masdi bir dam.
G'ayrat toshib kelar ichidan,
Yo'llarida Ko'ktarlon hamdam.

Mergan anglab alplar rejasin,
Bor hunarin jamladi shu on.
Bir hamlada qolgan barchasin
etmoq uchun er bilan yakson.

To birlashmay turib yigitlar,
Qilmoq bo'ldi vaqtida gumdon.
Balo oldi olinmasa gar,
Oqibati bo'ladi yomon.

Tun yarmidan og'ganda alplar
o'ta boshladilar oradan.
Mergan do'nglik ortida yotar,
Qurtday boqib tor pistirmadan.

Bir qarorga kelgandi bu choq,
Botirlarning o'ylovi tayin.
Bormoqdalar ular kechuv yoq,
Yaqinlashib yo'l bosgan sayin.

Demak, etti botir va qizlar
uchrashadi kechuvda hukman.
To ungacha olinib boshlar,
Taskin topmoq istardi mergan.

Kutmaganda mergan ochdi o't,
Chinor kabi yiqildi bir alp.
Tayoq solib qoqgandayin tut,
Mergan bo'ldi ularni talab.

Ko'kdan yulduz to'kilgan kabi,
Qora erga belandi boshlar.
Yonmay turib o'chdi-ku shami,
Yurak tugul, eridi toshlar.

Mergan erdan olmaday terib,
Hammasini yig'diyu shu choq.
Gul yuzlarni qoniga qorib,
So'ng ustidan tashladi tuproq.

Nafratlanib qilgan ishidan,
Ho'ngrab-ho'ngrab yig'ladi ilk bor.
Ko'p ish qildi kichik yoshidan,
Qiyoslasa – barchasi bekor.

Qorabayir merganga monand,
Davom etdi yo'lida sustroq.
Mergan o'zin tutib, qildi jahd,
Etmoq kerak manzilga tezroq.

Uning bundan boshqa yo'li yo'q,
Yo o'ladi, yoki g'alaba.
O'z ishidan ancha ko'ngli to'q,
Nuqta qo'yar bu marotaba.

Qamchi urdi otiga achchiq,
Ot tezlashdi qoyaday ko'chib.
Yog'duli tun sutdayin tiniq,
Oy chiqqandi bulutlar qochib.

Borliq uzra otning dupuri,
Qora tunning dami ichida.
Yana qo'zib merganning ori,
Yo'lga tushdi yovning o'chida.

***

Zuhro yulduz ko'rsatmasdan yuz,
Avazniyoz etdi kechuvga.
Changalzordan oraladi tez,
Yoqmoq uchun otini suvga.

Orqasidan Ko'ktarlon irlab,
Kirib ketdi oyoq izidan.
Xas-xashaklar tuyoqni belab,
Yopishardi otning tizidan.

Yumronqoziq kechganday o'ra,
Qorabayir intilardi old.
U so'qmoqqa sig'ardi zo'rg'a,
Suvga qarab talpinardi ot.

Qorabayir yo'lkadan necha
bora o'tgan, taniydi yo'lni.
Daryodan ham urib kechgancha,
Kesgan edi o'ngdan to so'lni.

Avazniyoz egib bo'ynini,
O'tirardi egarda mahkam.
Ko'ktarlon ham qisib dumini,
Orqasidan qolmas bir qadam.

Qorabayir to'qay domidan,
Qirg'og'iga chiqdi daryoning.
Daryo sunar edi komidan,
O'zi edi u ajdarhoning.

Mergan nafas rostlab qirg'oqda,
Dedi Qorabayirga: – To'xta!
Ot qotgandi u aytgan choqda,
Ot boshidan ayirdi no'xta.

Kuymasin deb, suv ichib otni,
Yana unga shimdirdi quyruq.
Ot avaylab bosib qirg'oqni,
Urdi suvga intizor tumshuq.

Otdan qolgan quyruqni mergan
Ko'ktarlonga otdi: – Ma, e! – deb.
Ko'ktarlon ham sapchidi qoplon,
Bir hamlada yamladi ilib.

Avazniyoz meshiga suvni –
To'lg'izguncha kutdi Ko'ktarlon.
Tark etganda mergan qirg'oqni,
It daryoga otildi chaqqon.

Mergan nari qirg'oqqa boqib,
Gulxanlarga soldi bir zum sin.
Lashkar erni yulduzday yoqib,
Davra qurib olar edi tin.

Junaidxon tikib qarorgoh,
Ikki ko'zi qizlarga mahtal.
Sergak edi qushday lashkargoh,
Tong otmagan edi bu mahal.

Ko'zga tashlanmoqlikdan cho'chib,
Chetga oldi o'zini mergan.
Otga qayta suvliqni solib,
Bir pastqamga tortdi daf'atan.

Gulxanlar nur sochar qirg'oqda,
Shu sababdan qarorgoh oydin.
Kecha edi hali bu yoqda,
Hokim edi borliq uzra tun.

Har fursatdan foydalanib tez,
Mergan qildi ishni jo-bajo.
Amr etib ot, itiga boz,
Bir chekkaga ayladi u jo.

O'zi qaytdi ortiga yana,
Borlab yurib o'sha yo'lakdan.
Safar tugar shu erda, mana –
Beshotarni qo'ymas bilakdan.

(Davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar