O’zbekiston Xalq Harakati

Qirq botirdan yo'q endi darak

Qirq botirdan yo'q endi darak
13 Şubat 2018 - 7:00 'da yuklandi va 640 marta o'qildi.

Islom XOLBOY

O'G'UZXONNING QILIChI
(Toshturma. 498 – 496-kameralarda bitilgan doston)

(14-qism)

Chiqishga yuz qadam etmasdan,
bir tomonga olib o'zini,
buta ostin joy tutdi mergan –
aytmoq uchun so'nggi so'zini.

Tongdan darak berardi Zuhro,
Samo uzra bir tilla nishon.
To'qay bilan osmonlar aro –
tutashmoqda edi nurafshon.

Quyosh tikka kelgan mahal ham
yorishmasdi changalzor ichi.
u erlardan qaraganda kam
ko'rinardi quyoshning toji.

Bo'rilarga kon edi bu joy,
Qurt-qumursqa, qushlar ham serob.
O'zing eplay olmasang hol voy,
Aziz joning bo'ladi xarob.

Bu to'qayzor – bo'rilar koni,
Shoqollarga yo'q bunda orom.
Kimga aziz ko'rinsa joni,
Bu erlarda topolmaydi kom.

Avazniyoz shularni o'ylab,
To tushgacha kutdi o'ljani.
Quyosh qiyomiga etib tob,
Yana tahlil etdi rejani.

Xato qildim deya u xunob,
Boshi qotdi uning bir muddat.
Shubhasiga topmadi javob,
O'z-o'ziga soldi maslahat:

“Nari qirg'oqda Junaidxon
nima qilib turibdi? ‒ dedi. ‒
Qizlar kelsa, u allaqachon
qushday uchib ketgan bo'lardi!

Qurvon Sardor shu erda, demak,
matlabiga bo'ladi imkon.
To'g'ri mudom topadi ko'mak”.
Fikridan tin oldi mard mergan.

Ammo quyosh og'gan mahal ham,
Otliqlardan bo'lmadi darak.
Shuurini bir nuqtaga jam
etib mergan bosh qildi sarak.

Erni ochib, xaslar ostidan
cho'l bag'riga bosdi u quloq.
Xabar topmay tuyoq sasidan,
O'z-o'ziga dedi: – Ish chatoq!

Quyosh daryo ustidan og'ib –
g'arbga yonbosh bo'lgan mahalda,
goh osmonga, goh erga boqib,
cho'tlar edi vaqtni xayolda.

Ot bilan it nima bo'ldi, deb
Yon-veriga boqar har zamon.
Tinmay o'ylar ich-etini eb,
Aldandim, deb, qiynalib yomon.

Qayta-qayta erning qa'riga
quloq bosmoqlikdan erinmas.
Er aks bermas edi zoriga,
Eshitilar keraksiz ming sas.

Kutaverib bo'lgandan bezor,
Mergan oxir ketmoq istadi.
Qo'zib ichidagi nomus, or,
Adashding, deb o'zin qistadi.

To'qay ichi qora zimiston,
Kun botishga qoldi bir bahya.
Pusib yotmoq emasdi oson,
Ko'tarmasdi bu yukni tuya.

U qo'rqardi aldanishdan, bas,
Xato bo'lsa nahotki cho'ti.
Shunda keldi uzoqlardan sas,
Yondi mergan ko'zining o'ti.

Qulog'ini bosib erga boz,
Gupurlardan topdi u taskin.
Hujum uchun shaylanib u tez,
Rostlandi-da, sapchidi keskin.

Biroq sanog'idan norizo,
Taxmin qildi yana qaytadan.
Oshgan edi hisobi toza,
Otlar soni ko'p yigirmadan.

Nima bo'lsa bo'ldi endi, deb
Turdi barisiga qo'l siltab.
Turna qator bir-bir uzanib,
Otlar keldi tuyog'i chaqnab.

Etti otliq orqasidan ham
Kelar edi o'n uch ot yaydoq.
Odam kabi otlar boshi xam,
Egasi yo'q ustida biroq.

Hayallamay mergan miltiqdan
bir degancha uzdi beshta o'q.
Kiprik qoqmay yorug' dunyodan
beshta botir barham edi, yo'q!

Qolgan ikki mardning ham mergan
tuynuk ochdi peshonasidan.
Demak, etti paymona to'lgan,
O'chdi umr koshonasidan.

Sherni ko'rgan g'izollarday tob,
Qotgan edi otlarning qoni.
Mergan tezda ko'rguzib shitob,
Ayirdi shart tar etti jonni.

Otlarga so'ng qilib po'pisa,
Qistaladi daryoga tomon.
Yigirma ot qo'rquvdan pusa,
Yo'rg'aladi titrab bezabon.

Kutmaganda, quloqqa yana
turli tovush keldi dupurib.
Yigirma ot g'amdan mastona,
Kelar edi toshib, gupurib.

Qirqta bo'ldi otlarning soni,
Qirq botirdan yo'q endi darak.
Etti qizning achishib joni,
Boqardilar merganga hurkak.

Mergan so'zsiz qizlarni boshlab,
Odimladi qirq ot izidan.
Qizlar qo'rqib, qo'lini tishlab,
Mador qochgan edi tizidan.

Avazniyoz Qorabayirning
etib kelganida yoniga –
qirqta otning quloqlari ding,
yig'ilgandi gir atrofiga.

Qorabayir, Go'ro'g'li yanglig',
Jamlagandi otlardan dasta.
Qirqta otni yaralagan tig'
qizlarni ham qilgandi xasta.

Mergan o'zin olardi hotam –
tog'ni talqon qilganday sipo.
Qizlar mizlab, tutarlar motam,
Yuraklarin kemirib jafo.

Mergan orqasiga qizlarni
qaytarmoqni istamadi, yo'q.
O'zgartirgan edi rejani,
Yaralagan uni qanday o'q?!

O'zidan ham sir tutar makkor,
Nima u sir? Ollohga ayon!
So'ngra qanday kechdi bu shikor,
Kuch etgancha etamiz bayon.

Tarlon g'olib askarday, masrur,
Elkasida six-sixdir yoli.
U otlarni o'ralaydi gir,
Go'yo Qizilqumning shamoli.

Mergan etti otni ajratib,
Ayilini tortdi mustahkam.
Har bir qizni biriga ortib,
O'rnashtirdi egarga mahkam.

O'zi mindi Qorabayirga,
Bir xezlanib turgan joyidan.
Ot boshini burdi daryoga,
Suv bo'yladi otni qornidan.

Mergan tayinladi so'ng bir-bir:
– Yuring, ‒ deya, ‒ ortimdan, qizlar.
Daryo emas, tubida qabr,
qo'rqmasangiz, yo'l topasizlar!

Mergan aytganiday har bir qiz
orqasidan bo'ldilar qator.
Amudaryo chayqalardi muz,
Qirg'oqlari xitoyi devor.

Merganning ham qizi bor edi,
Etti qizning ichinda – malak.
Endi o'n ettiga etgandi,
Yuzi anor, sochi jamalak.

Hamma qizlar qatori ota
bee'tibor edi qiziga.
Ota bo'lib aqal bir marta
qaramadi qizin yuziga.

Mergan hozir emasdi padar,
O'g'lon edi eliga tug'li.
Eli uchun joiz bo'lsa gar
kechar edi bo'lsa ming o'g'li.

(Davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort